Partiya Konstitutsiyaning 6-moddasidan juda vaqtida voz kechdi. Ammo mamlakatda «demokratiya tomir yoyib ketgani»ga qaramay, KPSSdan boshqa hali bironta ham siyosiy partiya yo‘q edi. Partiya apparati hamon katta kuchga ega edi, u hamon KGB bilan armiyani boshqarar, milliy boyliklarga xo‘jayinlik qilar, aloqa vositalari va ommaviy axborot vositalari hamon uning nazoratida edi. Mamlakatda bironta siyosiy guruhning ana shu qudratli kuchga qarama-qarshi turishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Mamlakatda hali KPSSning xo‘jalik yoki moliyaviy faoliyatini bir qolipga soladigan bironta qonun bekor qilingani yo‘q edi. Bu esa KPSSga o‘z raqiblarini osonlik bilan yo‘ldan olib tashlashga va bozorga partiyaviy bayroqlarini hilpiratib, tantanavor kirib borishga imkon berdi. Konstitutsiyaning 6-moddasi bekor qilingan kunning o‘zida Eski maydondagi teletayplar quyidagi maxfiy shifrogrammani jo‘natdilar:
«13. 02. 1990. KPSS Markazqo‘mi fevral (1990) plenumining yakunlari bilan bog‘liq ravishda partiya faoliyatining ba’zi bir huquqiy jihatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida.
KPSS Markazqo‘mi plenumi SSSRda ko‘p partiyali tuzumga o‘tish mumkinligini e’tirof etgandan keyin, aftidan, yaqin kunlarda yangi partiyalarni tuzish boshlanadiganga o‘xshaydi. KPSS Markazqo’mining hamma huquqlarni belgilashga taalluqli qarorlarini inventarizatsiya qilish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Huquqiy masalalarni bir qolipga solishda muayyan kemtiklarni to‘ldirish zaruriyati tug‘ilib qolsa, yangi qonunlar chiqarishni taklif qilish huquqiga egaligimizdan foydalanish kerak yoki tegishli takliflarni SSSR Ministrlar Sovetiga kiritmoq lozim... Partiyadan uning mulkini olib qo‘yish haqidagi talablar kuchayishi mumkinligini ham nazardan soqit qilish mumkin emas. Bu mulk, birinchi navbatda, partiya qo‘mitalariga, KPSSning boshqa tashkilotlari va muassasalariga berib turiladigan imoratlari, nashriyotlar, bosmaxonalar, dam olish uylari, sanatoriylar va ijtimoiy sohaning boshqa ob’ektlari, transport vositalari va hokazolar bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan shoshilinch sur’atda bir qator tadbirlar o‘tkazib, KPSSning yuqorida zikr qilingan mulkka egalik qilish huquqini mustahkamlash zarur... KPSS Markazqo‘mi, ittifoqdosh respublikalar kompartiyalari Markazqo‘mi va qator boshqa partiya qo‘mitalari ixtiyorida maxsus aloqa vositalari (jumladan, shifroaloqa, VCh, hukumat aloqasi liniyalari) mavjud. Kechiktirmagan holda ulardan foydalanish asoslari va tartiblari masalasini ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi... Bundan tashqari, partiya faoliyatini axborot bilan ta’minlab turish muammolari, partiya sirlarini saqlash, KPSS rahbarlarini (oliy davlat mansablarini egallab turmaganlarni), KPSS imoratlarini, ittifoqchi respublikalar kompartiyalari Markazqo‘mlari, boshqa partiya muassasalari binolarini qo‘riqlash masalalarini ko‘rib chiqish zarur deb hisoblaymiz. Shuni e’tiborga olish lozimki, yangi sharoitda bu ishlarga SSSR KGB organlarini jalb qilish maqsadga muvofiq emasdir».