Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 122917 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 B


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:29:41

Ustiga qiyshiq qilib yashil chiziq tortilgan majburiyat qogozlari bir xil emas edi. Ularning ba’zi birlari ruscha yozuvda, ba’zilari esa lotincha harflarda bosilgandi. Hatto, arabcha yozuvda yoxud yaponcha ieroglifdagilari ham bor edi. Nikolay Kruchina ularning ba’zilariga shaxsan o‘zi ismlar, familiyalar va partbilet nomerlarini yozib qo‘ydi. Bularni yozar ekan, u tez-tez qalin daftariga qarab olardi. Uning hamma sahifasi nomerlangan, ip o‘tkazilib, surg‘ich muhr bilan muhrlangan edi, sarlavhasi esa «qat’iyan maxfiy»ligini ko‘rsatadigan har xil yashil, qizil, binafsharang muhrlar urilaverilib, o‘qib bo‘lmaydigan holga kelgandi. Holbuki, KGBning xufiyasi — polkovnikning fikrlari baland parvoz etmoqda edi.

«Gap soliq bobidagi qonunchiligi yumshoqroq bo‘lgan biror kapitalistik mamlakatda, masalan, Shvetsiyada axborot-vositachilik faoliyatining hamma turlari bilan shug‘ullanuvchi hissadorlik jamiyati tuzish haqida bormoqda (treyding, brokeraj, vositachilik, vakolatxonaga o‘xshash).

Hissadorlar — ishonchli shaxslar. Boshlang‘ich bosqichda bo‘lg‘usi hissadorlarning ro‘yxatlari aniqlanadi. Hissadorlik jamiyatlari o‘rnashishi taxmin qilinayotgan banklarda hissadorlar nomiga hisob ochiladi va ularga tegishli miqdorda pul qo‘yiladi. So‘ngra Sovet Ittifoqi hududida darhol qo‘shma korxona tuziladi. Hissadorlik jamiyati daromadining katta qismi (boshqarmaning qarori bilan) dividend sifatida hissadorlarga to‘lanishi mumkin. Yuqorida qayd qilinganidek, hissadorlar sovet tashkiloti — muassis (KPSS) ishongan shaxs. Shunday qilib, dividendlardan keyingi foydalanish yo‘llari sovet tomonidan belgilanadi. Ayni chog’da bu shuni anglatadiki, partiyadan boshqa hech qaysi tashkilot yoki xususiy shaxs bu mablag‘lardan foydalanish ustidan hech qanday nazorat o‘rnatolmaydilar...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:30:35

Boshqacha aytganda, Veselovskiy xalqaro hissadorlik jamiyatining butun bir tarmog‘ini barpo etishni taklif etmoqda edi. Ular «do‘st» firmalarning o‘rnini egallashi kerak. Keyingi paytlarda bu firmalar o‘z-o‘zidan kamayib ketyapti, ularga ishonch qolmayapti. Veselovskiy partapparatchilar yashirin iqtisodiyotning murakkab masalalarini darrov uqib olmasalar kerak, deb o‘ylagan ko‘rinadi. U o‘z asarlarini Kruchinaga yo‘llar ekan, unga kichkina bir maktubchani ilova qilishni ham lozim topibdi. «N. Ye. (Nikolay Yefimovich)! Sizga ishonib, 1 nusxada. Agar dastur amalga oshirilsa, uni faqat KGB bilan amalga oshirish kerak». Nima balo, shuncha olamshumul qallobliklarni ro‘yobga chiqargan Kruchina bu ishlarini aziz-avliyolarning hamkorligida qilganmidi? Aytish kerakki, tajribali polkovnik bir narsani taxmin qilaman desa hamma asosga ega edi: KPSS butun jahon miqyosida o‘ziga xos jahon inqilobi deb atasa arziydigan bunaqa o‘yinlarni boshlar ekan, bu o‘yinlarga KGBning qudratli raqiblari Amerika Markaziy razvedka boshqarmasi va Isroilning «Mossad»ini ham jalb qilishiga shubha yo‘q edi. Ammo polkovnik Veselovskiy o‘zi bilishi kerak bo‘lgan narsanigina bilar, qolganlari to‘g‘risida esa faqat taxmin qilar edi.

Umumiy gaplardan aniq ishga ko‘char ekan Veselovskiy «Seabeko-grupp» degan shveytsar-kanada firmasi bilan va Afg‘oniston Faxriylari uyushmasi bilan birgalikda ko‘p qirrali hissadorlik kompaniyasi tuzishni taklif qildi. Mamlakatning turli mintaqalarida bu kompaniya tarkibida banklar tizimi, aviakompaniya, xalqaro savdo uyi, xususiylashtirish jamg‘armasi, Xolding kompaniyalari tarmog‘i bo‘ladi. Bu loyihaning muddatini polkovnik 50 yil deb belgiladi. Tabiiyki, daromadning katta qismi KPSSga atalgan edi. Yangi partiya iqtisodiyotining «padari buzrukvori» o‘zining aynigan va badkirdor nazariy g’oyalaridan amaliy harakatga ko‘char ekan, keksa razvedkachining hissiyotlari bu gal ham uni aldamadi... Uch palubali hashamatli «Ledi Gislen» kemasi Bagam orollarining biri yaqinida oq to‘shi bilan moviy dengiz sathini yorib borar ekan, uning radistlari Robert Maksvell nomiga jo‘natilgan radiogramma qabul qildilar. Robert Maksvell ingliz milliarderi bo‘lib, juda ko‘p gazetalar, nashriyotlar va axborot markazlarining xo‘jayini edi. Ko‘p narsalar qatori shinam kema ham uniki edi.

Sirasini aytganda, radiogramma kelgan bo‘lsa, kelipti-da, buning biror-bir e’tiborga sazovor joyi yo‘q. Maksvell yoki «kapitan Bob» (uni yaqin do‘stlari va raqobatchi gazetalar shunday deb atashadi) maxfiy telegrammalar orqali dunyoning yarmi bilan muloqotda bo‘ladi. Ko‘p shifrlarning kalitini yoddan biladi. Bu galgi radiogramma juda qisqa edi: «Uchinchi reja bo‘yicha transfertni ta’minlang». Imzo yo‘q. Imzoning Maksvellga hojati ham yo‘q edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:31:22

Maksvell Slovakiyadagi qashshoq yahudiy qishlog‘idan chiqqan bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi yillarida ingliz razvedkasida xizmat qildi. Kapitan darajasiga ko‘tarildi. Urush tugagandan keyin «kapitan Bob» bir necha muddat Buyuk Britaniyada «Forin ofis»da xizmat qildi. O’sha yillarda G’arbning razvedkachi va diplomatik xizmatlari o‘rtoq Stalinning olamshumul xayoliy rejalari tafsilotlariga juda qiziqib qolishgandi. Bu rejaning ba’zi bir tomonlari temir parda orqali o‘tib, G’arbga ham yetib borgandi.

Iosif Vissarionovich o‘ziga bino qo‘ygan, dollarga qarshi zarba tayyorlamoqda edi. U imkoni boricha ko‘proq oltin to‘plab, unga juda katta miqdorda G’arb valyutasini sotib olmoqchi va uni dushman ustiga tashlamoqchi edi. Bu esa dollarning qadrini butunlay tushirib yuborar va G’arb iqtisodiyotini xarob qilardi. SSSRdagi tovarga bo‘lgan ehtiyoj bu rejani amalga oshirishga imkon bermasdi, albatta. O’rtoq Stalin bu rejalarining biror joyida xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lar va bu xato yo uning rejalarini chippakka chiqarar, yoxud mutlaqo noma’lum xomxayolga aylantirib qo‘yardi. Shunga qaramay, G’arb ancha tashvishga tushib qolgandi. Kapitan Bob ayni shu yo‘nalishda ishlar, xalqlar dohiysining moliyaviy rejalari haqida ko‘proq axborot to‘plashga harakat qilardi. Dunyodagi eng ayyor razvedka bo‘lmish ingliz razvedkasi bu borada qanday yutuqlarga erishganini aytib berish qiyin-u, lekin Robert Maksvell o‘z faoliyatining avj nuqtasida kutilmaganda iste’foga chiqdi va bor-yo‘g‘i 13 ming funt-sterlingga «Pergamon press» nashriyotini sotib oldi. KPSS Markazqo‘mi xalqaro bo‘limining mudiri o‘rtoq Falinning KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi o‘rtoq Gorbachyov nomiga yozgan axborotnomasida aytilganidek, bu nashriyot «do‘st» firmalar ro‘yxatida turar va Sovet Ittifoqidan 500 ming dollar undirib olishga da’vogarlik qilardi. 1961 yilga kelib, Maksvell xarid kilgan nashriyot 10,6 million dollarga baholana boshladi, 80-yillarda esa «kapitan Bob» juda katta nashriyot-axborot imperiyasining xo‘jayini bo‘lib qoldi. Besh qit’aning hammasida uning qarorgohlari bor edi. Rasman bu imperiya «Maksvell kommunikeyshen korporeyshn» deb atalar va u qo‘lini cho‘zsa, hatto Moskvaga ham bemalol yetardi. Moskvadagilar esa Maksvellni erkalatib, «London obkomining Birinchi kotibi» deb atashardi. SSSRda Maksvell iloji yo‘qday ko‘ringan bir ishni ro‘yobga chiqardi. Mustabid bir mamlakatda yahudiylarning Isroil va AQShga muntazam muhojir bo‘lib ketishlari yo‘lga qo‘yildi. Yana buning ustiga, Sovet Ittifoqi deb atalgan ulkan qamoqxonadan chiqib ketishga ko‘p vaqt mobaynida faqat yahudiylargina haqli edilar. (Yahudiylarning SSSRdan muhojirlikka ketish tarixi hali yozilmagan. U ko‘pgina sirli sahifalarga ega. Biror sho‘rlik yahudiy sartaroshga SSSRdan chiqib ketishga ruxsat bermay, 20 yillab ushlab turishlari mumkin edi. Chunki u bir vaqtlar armiyada mirza bo‘lib ishlagan va harbiy xizmatdagilarga kunlik ovqat normasini kamaytirish haqidagi maxfiy hujjatni ko‘rib qolgan ekan. Holbuki, 70-yillarning boshlarida, Amerikaga Isroil vizasi bilan bir guruh raketachi-injenerlar jo‘nab ketishgan. Ularning yarmi yahudiy emas edi. Amerikaliklar dengiz aviatsiyasiga ishonib, yaqin va o‘rta radiusda harakat qiluvchi taktik raketalar ishlab chiqarishda ancha orqada qolishgan edi. Uch yil ichida ular bu sohada SSSRdan o‘tib ketishdi. Holbuki, ular avvaldan hech qanaqa tekshirish va tadqiqotlar o‘tkazmagan edi. Quddus shahrida Maksvellni dafn etish marosimida Isroil hukumatining rasmiy vakili marhumning xizmatlarini sanar ekan, shunday dedi: «Robert Maksvell Isroilning xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘p ishlar qildi». Faqat Isroilning emas!)

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:32:07

Bu hodisa Brejnev va boshqa sovet rahbarlarining asarlarini Maksvell ixtiyoridagi nashriyotlarda bosib chiqarila boshlanishiga to‘g‘ri keldi. Xuddi shu kezlarda G’arb banklari SSSRga qarz berishni ham jonlantirib yubordi. Ammo bu qarzlar SSSRda G’arbga chiqib ketayotgan zukkolar evaziga to‘lanayotgan haq edi, xolos. Partiya rahbarlari «asarlari»ning nashr etilishi esa juda g‘alati va ibratli bir ish bo‘lgan edi. Bu asarlar mamlakat ichkarisida qanaqa «zo‘r» tarqalganini aytmay qo‘ya qolaylik — har yili ularning million-million nusxalari hisobdan chiqarilib, makulaturaga topshirilardi. Biroq nima sababdandir hech kim, hech qachon bu «asarlar» G’arbda bozor sharoitida qanday tarqalishini surishtirib ko‘rgani ham yo‘q. Holbuki, ular G’arbda ham tuzukroq sotilgan emas. Ammo kitoblarning G’arbda chop etilishi bizning rahbarlarimizga «xorijiy valyutani qaerdan olgansizlar?» — degan savolga o‘nlab yillar mobaynida: «G’arbda bosilgan kitoblar uchun», - deb bir xil javob berishga imkon tug‘dirgan.

Bu ish quyidagicha amalga oshirilardi: Kreml Maksvellga qog‘oz va matbaa xarajatlari uchun jahon bozori baholarida haq to‘lar, kitoblar esa yo Moskvada, yo GDRda, yoxud Chexoslovakiyada valyutasiz hisob bo‘yicha bosilardi. Valyuta nomenklaturaning bank hisoblarida qolib ketar, uning 15 foizi esa Maksvell hisobiga o‘tardi. Nima uchun degan savol tug‘iladi. G’arbga pul o‘tkazishga imkon beradigan rasmiy kanalga niqob bo‘lib turgani uchun. Bu kanaddan milliard-milliardlab pul o‘tgan. «Kapitan Bob»ni muttahamlik uchun javobgarlikka tortilmasin, deb soxta hujjatlar rasmiylashtirib qo‘yilardi. Bu hujjatlarga ko‘ra yer yuzidagi jamiki mamlakatlardagi sovet elchixonalari kitoblarning hamma nusxasini valyutaga sotib olgan bo‘lardi. Kitoblar chindan ham elchixonalarga yetkazib berilardi. Elchixonalarning chordoqlari va yordamchi binolari bu kitoblarga to‘lib ketgandi. Elchixonalardagilar sochlarini yulardi-yu, ammo bir ish qilish qo‘llaridan kelmasdi. Ularga bu kitoblarni tarqatish topshirilgandi. Bu haddan tashqari og‘ir vazifa edi. Hayot isbot qildiki, bu — mutlaqo amalga oshirib bo‘lmaydigan ish ekan. Sayyoramiz xalqlarining hamma tillarida qayta-qayta nashr etilgan marksizm klassiklarining asarlarini aytmay qo‘ya qolaylik. N. S. Xrushchyovning «Tanlangan nutqlari» kitobidan Gorbachyovning «Yangicha tafakkur» kitobining nashrigacha hamma hujjatlar ko‘tarib qaralsa, g‘aroyib bir manzara hosil bo‘ladi: bu yillarda xorijiy kitobxon faqat magazinma-magazin yugurib yurib, ana shu «zo‘r» asarlarni xarid qilish bilan band bo‘lgan. Xarid qilganu shu zahotiyoq u kitoblarning yangi nusxalari chop etilishini talab qilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:32:39

Maksvellning ko‘p qirrali faoliyati, albatta, bunaqa ikir-chikirlardangina iborat emasdi. O’zining G’arb banklari bilan aloqalaridan hamda bu banklardan ancha-munchasining aktsiyalariga egaligidan foydalanib, «kapitan Bob» vaqt-vaqti bilan dunyodagi birinchi «rivojlangan sotsializm» mamlakatning nomenklaturasiga «transfert operatsiyalari» yordamida valyuta ishlashga yordam berib turgan.

Bu operatsiyalarning mohiyati shundan iborat bo‘lganki, G’arbga naqd sovet pulidan juda katta miqdori dollarga sotilgan. Pul bosadigan stanok nomenklatura qo‘lida bo‘lib, naqd sovet puli masalasida hech qanday qiyinchilik tug‘ilgan emas. Pulni keragicha bosaverish mumkin edi.

Istagan sovet kishisi bolaligidan biladiki, bizning pulimiz puch pul, u faqat mamlakat ichkarisidagi muomalaga yaraydi. Bu — qullar uchungina shunaqa. Nomenklatura darajasida oladigan bo‘lsa, uning mag‘zi to‘q. Shu darajada to‘qki, hatto, dollar ham uning oldida ip esholmaydi. Qog‘oz pullarda: «SSSRning butun mulki pulning qadrini ta’minlashda garovdir», - degan yozuv bor. Mamlakat ichkarisida bu yozuvning mutlaqo hech qanaqa ahamiyati yo‘q, ammo G’arb banklari uchun uning salmog‘i katta. SSSRning mulki degani nima? Bu — quruqlikning oltidan bir qismini tashkil qiladigan yer maydoni, o‘rmonlar, yer osti boyliklari, ko‘p millionli mehnatkash aholi. Bu — istagan bir g‘isht... Juda katta miqdordagi pullarga evaz talab qilar ekan, G’arb banklari hamisha bizning «mulk»imizdan shu miqdorga yarasha biron narsa undirib olish imkoniga ega bo‘lishgan. Bu nomenklaturaning quturib ketishiga yo‘l qo‘ymasdi, chunki transfert bo‘ladigan bo‘lsa, yaxshi zamonlarda bir so‘m uchun 10—15 sent to‘lashardi. Holbuki, bunaqa ishlarga G’arbning hamma mamlakatlarida ko‘navermas edilar. Xuddi shunday ishlarida Maksvellning shaxsiy aloqalari qo‘l kelardi. U dunyoning juda ko‘p ishbilarmonlari, siyosat dunyosining arboblari bilan qil o‘tmas darajada yaqin edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:33:35

Shunday qilib, o‘rtoq Stalinning rejasi amalga oshdi, amalga oshdi-yu, faqat teskarisiga. Pullarni hech kim hech qaerga ko‘chirgani yo‘q. Sovet pullari SSSR Davlat bankida turganicha turaverdi, faqat egalarining hisoblari o‘zgardi, xolos. Allaqaylarda — Ovrupo banklari qa’rida nomenklaturaning shaxsiy hisobiga dollarlar oqib turardi. Sovet banklarida esa juda katta miqdordagi pul to‘planib bormoqda edi. Bu pul ortiq SSSRniki emasdi. Istagan paytda portlash sodir bo‘lishi, sovet puli rasman konvertatsiya qilinmasligi vajidan 1000 foiz inflyatsiya yuz berishi mumkin edi. Dollar esa faqat G’arb iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qilardi. Sovet nomenklaturasining bunaqa behuda ishlarini G’arbda biladigan Robert Maksvellga o‘xshagan odamlar oz. Lekin ular SSSRdagi naqd pulning hammasini tag-tugi bilan sotib olish yo‘llarini o‘ylay boshladilar. Shunday qilinsa, bu — kommunistik tuzumning so‘zsiz taslim bo‘lishi bilan barobar edi. Bunday ahvoldan qutulishning birdan-bir yo‘li Uchinchi jahon urushini boshlab yuborish bo‘lardi, xolos. G’arbdagilar Kreml sardorlarining ancha-muncha mas’uliyatsizliklaridan va qarib munkillab qolganlaridan yaxshi xabardor edilar, shuning uchun naqd pul olib-sotishdagi quturishlar oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb tashvish chekishardi. Axir, bir gal yemga ishlatiladigan g‘alla yetmay qolgani haqida xabar qilishganda, Brejnev o‘ylab ham o‘tirmay: «Urush boshlaymiz-u, g‘allani G’arbdan tortib olamiz», deb javob bergandi-ku! To‘g‘ri, bu hazil edi. Ammo bu hazilda KPSS rahbariyatining shirin tushlariga kirib turadigan ardoqli orzulariga shama bor edi. Hech qanday jamoat fikriga ega bo‘lmagan va hamma narsa jinoyatkorona tashkilot tomonidan nazorat qilinadigan mamlakat bilan muloqotga kirishsang, har holda, ehtiyot bo‘lganing yaxshi-da! Hammasidan tashqari, bunaqa operatsiyani boshlashdan avval so‘m bilan dollarning kursini shunday bir nisbatga keltirish kerakki, juda kam dollar xarjlab, juda ko‘p miqdorda so‘m xarid qilish mumkin bo‘lsin.

So‘nggi vaqtlarda Maksvell shosha-pisha valyuta sotib ola boshlagan edi. U katga miqdorda qarzga ham botdi — qarzi ikki milliard dollarga yetdi. Mutlaqo kutilmaganda u o‘zining to‘ng‘ichi «Pergamon press»ni ham 446 million funt-sterlingga sotib yubordi. Bu pullar qayoqqa ketdi? Aftidan, bir zamonlar ingliz razvedkasining iste’fodagi kapitaniga KPSSning «do‘stona» firmalari ro‘yxatida turgan shu nashriyotni xarid qilishga 13 ming funt-sterling berib turgan odamga sarflangan bo‘lsa kerak. «Uchlar rejasi»ning mo‘ljaliga ko‘ra, eski veksellar bo‘yicha uzil-kesil hisob qiladigan vaqtlar yaqinlashib kelmoqda edi... (Maksvell Gorbachyov bilan juda iliq munosabatlarga ega edi. So‘nggi Bosh kotib uncha-muncha narsani andisha qilib o‘tirmasdi. U juda ko‘p firmalarga, jumladan, «Ikegami Susinki» firmasiga o‘z suratidan reklamada foydalanishga ruxsat bergandi. Albatta, bepul emas. Maksvellga tegishli «Bi-Bi-Si» yangiliklar telekanali esa bir kuni: «Bizning dasturimizning direktori SSSR prezidentidir, — degan gapni aytib yubordi. Babelning yaxshi ko‘rgan gapi bo‘lardi: «Hech kim bilmaydi — qaerda Benya tamom bo‘ladi-yu, qaerda politsiya boshlanadi?»)

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:35:07

«Mutlaqo maxfiy. Shifr ZYUDI.
Hozirgina birinchi manzildan, bevosita rus bankasidan 100 milliarddan ortiqroq sovet pulini sotib olish haqida taklif oldik. 100 so‘mi 6,62 amerika dollaridan.
Sizda bu pulni oladigan aniq xaridor bormi? Bo‘lsa, keyingi ishlarni batafsil muhokama qilish mumkin».

«Sherigingizga ishonsa bo‘ladimi, yo‘qmi degan vajdan xaridor xavotir olyapti. Manfaatlar doirasidan Interpol ham xabardor bo‘lib qolishi mumkin, shekilli. Oldi-berdi yo‘sinini o‘zgartirib bo‘lmasmikin?»

«Bizning sherigimiz rus Davlat bankining bevosita vakilidir. U hamma ishni Syurixda turib shaxsan kuzatadi va nazorat qiladi. Ko‘zda tutilgan tartib-qoidalardan chekinish juda qiyin, buning oqibatida har xil muammolar chiqishi mumkin...»

«Vakillar Interpolning nazorati ostida bo‘lsa kerak», — degan xavotirlaringiz asossiz. Ular tomonidan taklif qilinayotgan juda katta miqdordagi pul, tegishli suratda rasmiylashtirilgan hujjatlar va sizga ma’lum dividendlar Davlat banki, Moliya vazirligi va SSSR hukumatining roziligisiz olinishi mumkin emas».

SSSR Moliya vaziri KPSS Markazqo‘mining a’zosi Valentin Pavlov edi.
Davlat bankining boshqaruvchisi — KPSS Markazqo‘mi a’zoligiga nomzod Leonid Gerashchenko.
Bosh vazir — KPSS Markazqo‘mi Siyosiy byurosining a’zosi Nikolay Rijkov.
Davlat boshlig‘i KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi Mixail Gorbachyov.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:36:12

«Sizning ma’lumotlaringizni shubha ostiga olmagan holda bevosita Moskvaga o‘z odamlarimizdan birini yo‘llashni istar edik. Bunday takliflar bizning moliyaviy xonadonimiz boshiga kulfatlar yog‘dirishi mumkin bo‘lgan tizimlardan emas, balki chindan ham mamlakat hukumatidan chiqayotganiga ishonch hosil qilishimiz kerak...»

Yuqori doiralarda ana shunday g‘aroyib voqealar tobora qanot yozib borayotgan ekan va «Ledi Goslen» radiostantsiyasi ovchilarning burg‘usi kabi butun dunyodagi moliyaviy ko‘ppaklarni Sovet Ittifoqini burda-burda qilib tashlashga undayotgan, ammo fursat yetib kelganiga to‘la ishonqiramay taraddudlanibroq turgan bir fursatda KPSS evakuatsiya bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda davom etardi. Negaki, u hamon, har galgidek, tashkilotchi va ilhomchi edi.

Leninning «Talangan buyumlarni tala!» degan klassik shiori allaqachon «Talangan odamni tala!» shioriga aylanib bo‘lgan edi.

«Maxfiy. Bajarilishi shart.                         
23.08.1990
...Qozog‘iston Kompartiyasi Markazqo‘mi, KPSS Moskva va shahar qo‘mitasi va KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasi birgalikda uchta tijorat bankning muassislari (Olma-otada «Kompartbank», Moskvada «Glavmoststroybank» va Leningradda «Rossiya» tijorat banki) bo‘lishdi... Turli darajadagi partiya tashkilotlari depozit mablag‘larini tijorat bankda joylashtira boshladilar. Ammo partiyaning markaziy organlari darajasida bu muhim ishda muayyan sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 23:56:01

Muayyan sustkashlik shu bilan izohlanar ediki, har tomondan raqobatchilar chiqib, ishlashga xalaqit bera boshlashdi. Turli-tuman jamoatchilik guruhlari va xususiy odamlar, korxonalar, kooperativlar, banklar ocha boshladilar va hatto, xorij bilan mustaqil aloqalar o‘rnatishga kirishdilar. Endilikda KPSS bor-yo‘g‘i mamlakatdagi jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanardi, xolos. U, hatto, rasman ro‘yxatdan ham o‘tmagandi. Binobarin, endilikda u hech narsaga aralashmasligi kerak edi. Shunday bo‘lsa-da, uning sadoqatli jangovar otryadi bo‘lmish KGB jonajon partiyasini xafa qildirib qo‘ymadi. Holbuki, KGB jamoat tashkiloti emas, qudratli davlat idorasi edi. Tadbirkorlarni qamash boshlandi. Bu shu qadar avj oldi-ki, undan yangi qirg‘inning hidi kela boshladi. «Shepelixa» kooperativining ishi, Alfred Shopenbergning ishi, Korobochkinning ishi, Magadandagi «Spark» qo‘shma korxonasining ishi, tintuvlar, musodaralar, KGB pullariga tashkil qilingan reketchi bandalarni tadbirkorlarga qarshi solish, poraxo‘rlikning yangi to‘lqini — bularning bari siyosiy qirg‘inni eslatsa-da, aslida raqobatchilarni gumdon qilishdan o‘zga narsa emas edi. Nihoyat, KGB partiyaning rasmiy reketchisi bo‘lib olib, o‘zining munosib qiyofasini topdi. Ammo bu rol KGBni ortiq qanoatlantira olmasdi. Har qanday reketchi ham qalbining bir puchmog‘ida tadbirkor bo‘lishni, katta savdogarlarga xos salmoq va salobat bilan ish yuritishni istaydi, kooperatorlarning yuragini vahimaga to‘ldirib, uyma-uy izg‘ib yurish uning ham joniga tegadi.

KGBning Birinchi Bosh boshqarmasi polkovnik Veselovskiyga o‘xshagan mutaxassislarga to‘la bo‘lganidan KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasini g‘oyalar bilan oziqlantirib turish bilan cheklanib qolmoqchi emas edi. Bu boshqarma jahon miqyosida yashirin ishlarda orttirgan boy tajribasini o‘zi mustaqil ravishda hayotga tatbiq qilib ko‘rishni istardi. Birinchi Bosh boshqarma ANT kontsernini tuzadi, uning direktori qilib o‘z ofitseri Ryashentsevni tayinlaydi. Buni tuzishdan maqsad o‘zining maxfiy omborlaridagi qurolni mustaqil sotib, yigirma milliard dollar ishlab olish edi. Ammo KPSS o‘zining jonajon jangovar otryadini juda yaxshi biladi, uning layoqati nimalarga qobil ekanidan ham yaxshi xabardor. Axir, 70 yildan ortiqroq muddat davomida ular birgalikda har xil sinfiy janglarda va o‘zaro ixtiloflarda bekorga jon chekib kurashishganmi? KGBning 6-boshqarmasi Novorossiyskda Birinchi boshqarmaning tanklarini ushlab qoladi. Ular qalbaki hujjatlar bilan qishloq xo‘jalik asbob-uskunalari sifatida xorijdagi allaqanday abjir dallolga jo‘natilayotgan ekan. Juda katta g‘alva ko‘gariladi. Ma’lum bo‘ladiki, Birinchi Bosh boshqarma o‘zining ishlariga allaqancha katta odamlarni, shu jumladan, Bosh ministr Rijkovni ham jalb qilib ulguribdi. Boshqarmalararo hayot-mamot jangi boshlanadi. KGB ning 6-boshqarmasi sudanlik bir ig‘vogarni bo‘shatib ham yubordi. Bu odam Birinchi Bosh boshqarma odamlariga 140 ming dollar pora berishi, bu ish Budapeshtda amalga oshirilishi kerak ekan. Ammo Birinchi Bosh boshqarmadagilar ham anoyi emas edilar. Sudanlikni KGBning ayg‘oqchisi, deb fosh qilishdi, ishni Oliy Sovetga olib chiqishdi va unga juda g‘aroyib tus berishdi — ma’lum bo‘ladiki, hammasiga kooperatorlar aybdor ekan. Axir ANT kooperativ edi-da! Ammo bu ishning pachavasi chiqdi, chunki KPSS havaskorlikni yoqtirmas edi. Hamma narsani partiya intizomi talablariga mos ravishda kelishib olish kerak. Masalan, leningradlik o‘rtoqlarga o‘xshab. Ularga ham oson tutib bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 23:56:44

«27.09.1990. KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasiga. Mutlaqo maxfiy.

1990 yil 27 iyun kuni SSSR Davlat bankida 328-raqam ostida 31 million so‘m ustav jamg‘armasiga ega bo‘lgan «Rossiya» tijorat banki ro‘yxatga olindi. KPSS Markazqo‘mi bilan kelishilganiga ko‘ra, bankning asosiy muassisi KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasining Ishlar boshqarmasi bo‘ldi. Hammuassislarning juda yuksak intellektual, professional ishlab-chiqarish va moliyaviy imkoniyatlarini inobatga olib aytish mumkinki, bu bankka qo‘yilgan mablag‘lar yuqori darajada ma’naviy va moddiy daromad beradi. Litsenziya olgandan keyin bank xorijiy valyutada kredit-hisob va boshqa operatsiyalarni bajarishi mumkin bo‘ladi.

Ustav jamg‘armasidagi hissasiga muvofiq uning muassislariga berilishi kerak bo‘lgan daromadning asosiy qismi partiya kassasiga tushadi. Shu bilan birga mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi va siyosiy vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan «Rossiya» bankining depozitiga partiyaning zaxira jamg‘armasidan uch yil muddatga yiliga 3-4 foizlik daromad bilan 500 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘ini o‘tkazib turishni mumkin deb hisoblayman. Bu markaz partiya organlarining tadbirlariga moliyaviy mablag‘ ajratish uchun barqaror poydevor yaratishga imkon beradi.

KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasining Kotibi: B. Gidaspov».

Qayd etilgan