Ko‘p yillar mobaynida «do‘stona» firmalar nomenklaturani tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlari bilan arzon baholarda ta’minlab kelardi. Hatto, suvni ham maxsus idishlarda jo‘natishardi, chunki nomenklatura mutlaqo haqli ravishda vatanimizning zaharlangan suvidan iste’mol qilishni istamasdi. Tovarlar, albatta, G’arbning qarichi bilan o‘lchaganda ikkinchi navli edi, ammo sovet mezoni bilan o‘lchansa, benihoya yuksak edi. Tabiiyki, ular xalqning tushiga ham kirmagan. Faqat Avstriyadan keltirilgan allanimabalo ayollar etigining bir jufti maxsus taqsimlagichda 18 so‘mdan sotilayotgani to‘g‘risida ovozalar yurardi. Endilikda esa bozorga trillion so‘mlik sarmoya bilan kirib borayotgan, o‘zining hissadorlik jamiyatlarini, savdo firmalarini, banklarini tashkil qilayotgan partiyani «do‘stona» firmalar qanoatlantira olmay qoldilar. Paydo bo‘lgan yangi imkoniyatlar shu’lasida kechagi valine’matlar ayanchli va juda nochor ko‘rinib qoldi. Boshqa qarzlarni ularga to‘lamay qo‘ya qolishdi. Oddiy odamlar tilida buyumni olib, pulini to‘lamay ketgan odamni «firibgar» deyishadi. Odatda bunaqa hollar yirik janjallarga sabab bo‘ladi, hatto, otishmalar, portlatishlar, o‘t qo‘yishlar yuz beradi. Bu janjallarda odamlar nobud bo‘ladi, bolalar o‘g‘irlanadi. Firibgarlik to‘lqinlari poraxo‘rlik va boshboshdoqlik to‘lqinlari bilan qo‘shilib, butun mamlakatni to‘fonday bosa boshladi. Partiya mamnun bo‘lishi mumkin edi. O’n yillar mobaynida KPSS o‘zi o‘rnak bo‘lib, xalqini shu ruhda tarbiyaladi. Hali bironta mamlakat bunaqa past darajadagi ma’naviyat bilan bozor munosabatlariga qadam qo‘ymagan edi. KPSS Markazqo‘midan eng so‘nggi kooperativ do‘konigacha shu ahvolda edi. Shunday bo‘lgandan keyin «do‘stona» firmalar uncha o‘kinmasalar ham bo‘ladi — tarix g‘iddiraklari tagida yanchilish ularning qismatida bor ekan. Yolg‘iz Valentin Falingina goh Kruchinadan, goh Pavlovdan pul so‘rab, ularni eslatib turdi (buni u beminnat qilgan deb ishonamiz).