Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154953 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 B


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:22:05

Yuqorida zikr etilganidek, KPSS qarigan chog‘ida Rossiya Kompartiyasi degan g‘ayriqonuniy bola ko‘rdi. Bola bo‘lgandan keyin, albatta, uning xarajati ham bo‘ladi. Ayniqsa, bola Rossiya Kompartiyasidek nimjon va ochofat tug‘ilgan bo‘lsa...

RKP Ishlar boshqarmasining mudiri Igor Golovkov makkora onasining ish uslubini darrov o‘zlashtirib oldi va 1991 yilning fevral oyidayoq «RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mining ishlab chiqarish — xo‘jalik faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar to‘g‘risida» degan maxfiy doklad tayyorladi. «RSFSR banklari to‘g‘risidagi» Qonun jamoat tashkilotlariga banklar ta’sis qilishni taqiqlab qo‘ygandi. Golovkov shu Qonunni ushlab olib, hamkasb do‘stlariga nasihat qiladi: «... Muassislar izlamoq kerak. RSFSR Kompartiyasining korxonalari va tashkilotlari shunday muassis bo‘lmog‘i mumkin».

Shunday deyilgandan keyin boshlandi-ketdi...

«So‘nggi paytlarda joylarda partiya qo‘mitalari byudjetning daromad qismini to‘ldiradigan katta xo‘jalik shartnomalari tuza boshladilar: ular imoratlarni, transport vositalarini va boshqa partiya mulkini ijaraga bera boshladilar. Partiya qo‘mitalarining o‘zi tomonidan yoxud boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ta’sis qilingan o‘z-o‘zini ta’minlovchi bir qator tashkilotlar ro‘yxatga olindi. Leningradning Primore rayonida o‘z-o‘zini ta’minlovchi ijtimoiy markaz tashkil qilindi. U raykom binosida joylashgan. Markaz rayon aholisining manfaatlari yo‘lida ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazadi va o‘z faoliyati natijasida ko‘rgan foydasining bir qismini KPSS va Rossiya Kompartiyasi rayon qo‘mitalari hisobiga o‘tkazadi... EHM, bir marta ishlatiladigan tibbiyot ignalari, telemahsulotlar, qurilish materiallari va boshqa buyumlarni birgalikda ishlab chiqarish haqida, shuningdek, tashqi savdo faoliyatini, turizmni, mehmonxonalar qurilishini rivojlantirish borasida ham anchagina, shu jumladan, xorijiy firmalardan takliflar bor. Bu sohada paydo bo‘layotgan hamma tashkiliy-texnik va iqtisodiy masalalarni hal qilish uchun Markazqo‘mning Ishlar boshqarmasi qoshida o‘z-o‘zini ta’minlash asosida byuro ta’sis etishni zarur deb hisoblaymiz. Bu byuro markaziy tijorat birjasi sifatida faoliyat ko‘rsata oladigan bo‘lishi lozim...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:23:46

Navqiron va gullab-yashnayotgan Rossiya Kommunistik partiyasi tez orada bolalay boshladi. Dastavval u jamiyatga o‘zining to‘ng‘ichi — Jirinovskiyning Liberal-demokratik partiyasini tuhfa etdi. Yangi partiyaning tug‘ilish guvohnomasida shunday yozilgan:

«RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mining Ishlar bo‘limi ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyat haqidagi qoidalar asosida harakat qilib, bir tomondan, Markazqo‘m Ishlar boshqarmasining boshlig‘i o‘rtoq Golovkov siymosida, ikkinchi tomondan, «Zavidiya» firmasining prezidenti Andrey Fyodorovich Zavidiya siymosida (bundan keyin u «firma» deb ataladi) quyidagilar haqida bitim tuzdilar:

Boshqarma «firma» ixtiyoriga vaqtincha bo‘sh bo‘lgan mablag‘dan 3 (uch) million so‘m o‘tkazadi (foizsiz qarz)».

Bu bitimning siyohlari qurib bitmasdan Jirinovskiyning partiyasi dunyoga keldi. Jirinovskiy bir zumdayoq o‘zini Rossiya prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatdi, vitse-prezidentlikka esa bitimda «firma» deb atalmish Andrey Fyodorovich Zavidiyani tanladi.

Shunga o‘xshash Rossiya Milliy vatanparvarlik ishchi-partiyasi ham tuzildi: RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi bir tomondan boshqarma boshlig‘i M. I. Golovkov siymosida va ikkinchi tomondan, Davlat eksperimental ilmiy-texnik ishlab chiqarish markazi «Kartel» (u Bosh direktor A. Yu. Vankovich siymosida nizomnoma asosida harakat qiladi) quyidagi masalalarda mazkur bitimni tuzishadi:

«Boshqarma markaz ixtiyoriga vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘idan 3 (uch) million so‘m o‘tkazadi. Bu pul qaydnomada bayon qilingan maqsadlarga sarf qilinadi... Mazkur bitim 2-sonli maxfiy qaydnomaga rioya qilinganidagina amalga kiradi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:24:44

Rossiya Kompartiyasi millatchilik va fashistik ruhdagi guruhlarning tug‘ilishiga yo‘l ochib berdi, lekin shunga qaramay, «kommunistik partiya» degan nomi qolaverdi. Bu partiya ham nomenklatura qonun-qoidalariga to‘la amal qilardi, ya’ni hamma narsadan ko‘proq o‘z rahbariyatining shaxsiy farovonligi to‘g‘risida tashvish chekardi. Bu paytga kelganda butun mamlakat talon tizimining asoratida qolgan edi — xuddi urush yillaridagi kabi mahsulotlarning hamma turlari talon bilan beriladigan bo‘lgandi. Rossiya Kommunistik partiyasi hozircha o‘zining keksa onasi KPSSning maxsus taqsimlagichlaridan yem yeb yurib, zo‘r berib nomenklatura chegaralarini kengaytirar va o‘zining maxsus taqsimlagichlar tizimini barpo qilardi.

«RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mining Ishlar Boshqarmasi bir tomondan, boshqarma boshlig’i — qoidalar asosida ish olib boruvchi Igor Mixaylovich Golovkov (bundan buyon «Boshqarma» deb ataladi) siymosida va Kuntsevo rayon sovetining «Nur» savdo-sanoat birlashmasi quyidagi masalalarda mazkur bitimni tuzdilar:

...Boshqarma Birlashmaga 500 ming so‘m miqdorida foizsiz qarz beradi. Birlashma bu mablag‘ini savdo va maishiy xizmat idoralarini, shu jumladan, RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mi apparati va Boshqarma xodimlariga xizmat ko‘rsatadigan magazinlarni ta’mirlashga sarflaydi. Birlashma RSFSR Kompartiyasi Markazqo‘mi apparati xodimlariga uch yil mobaynida har haftada oziq-ovqat mahsulotlari bilan, shu jumladan, «Mongrifles» qo‘shma korxonasining mahsulotlari bilan ta’minlash borasida, shuningdek, uch oy mobaynida bir marta sanoat mahsulotlari bilan ta’minlash borasida xizmat ko‘rsatishni zimmasiga oladi...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:25:22

Yangi tug‘ilgan farzandi tez ulg‘ayib borayotganini mamnuniyat bilan kuzatar ekan, KPSS o‘zining o‘gay farzandlarini, ya’ni Sharqiy Ovrupodagi kompartiyalarni ham unutgani yo‘q. Bu kompartiyalar hokimiyatdan va molu mulkdan mahrum bo‘lgach, yangi sotsialistik va sotsial-demokratik liboslarga o‘ranib olib, butunlay savdo-sotiq ishlariga berilib ketdilar. Ular ham G’arbda maxfiy ravishda o‘zlarining qo‘shma korxonalarini tuza boshladilar. Shuning uchun KPSSdan o‘zaro manfaatdorlik asosida dollar olib, korxonalarga sarflashga tayyor edilar.

Tajriba bilan o‘rtoqlashish uchun Varshavaga Kruchinaning muovinini jo‘natishdi. Pospelov esa shunaqa safardan qaytib kelib, hisobotida yozdi: «Ba’zi bir mamlakatlardagi mavjud qonunlar partiyaning o‘z korxonalari bo‘lishiga yo‘l qo‘yadi. Bu qonundan yaxshi foydalanishmoqda. Shu bilan birga rasman partiya bilan bog‘liq bo‘lmagan tizimlarni barpo etishga ham katta e’tibor berilmoqda. Shu maqsadda partiya mablag‘iga xususiy firmalar tuzishdan foydalanilmoqda. Ular o‘zaro ishonch asosida tuziladi, bu ishda chet el sarmoyasi ham jalb qilinadi. Bu borada ko‘proq hissadorlik jamiyati, jamg‘arma, mas’uliyati cheklangan jamiyat kabi tashkiliy shakllardan foydalaniladi. Bunday shakllar siyosiy mulohazalar asosida mulkni o‘zlashtirib olish imkoniyatlarini ancha cheklaydi».

Sharqiy Ovrupo kompartiyalari ham makkorlikda o‘zlarining Moskvadagi xo‘jalaridan qolishmas edilar, ammo ular qo‘shni kapitalistik mamlakatlardagi turli-tuman mayda firmalar bilan ko‘pdan beri izga tushib qolgan an’anaviy aloqalarga ega edilar. Bu aloqalarning esa foydasi katta bo‘lishi mumkin edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:26:10

Nikolay Kruchina bir zumda «Ishlab chiqarish xo‘jalik faoliyati masalalarida Markaziy va Sharqiy Ovrupo mamlakatlarining so‘l partiyalari bilan KPSSning hamkorligi to‘g‘risida» degan hujjatni tayyorladi.

Uning ketidan darhol KPSS Markazqo‘mi Kotibiyatining qarori chiqdi.

«KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasiga belgilangan tartibda Markaziy va Sharqiy Ovrupo mamlakatlarining so‘l partiyalari bilan hamkorlikda xorijda qo‘shma xo‘jalik qurilmalari barpo etishda ishtirok qilishga ruxsat berilsin. Bunda e’tiborga olinsinki, Sovet tomonidan muassis sifatida KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi tasarrufidagi yuridik shaxs bo‘lgan korxonalar ishtirok etadi... Sotsial-demokratik ishchi partiyasi rahbariyatiga Polshada qo‘shma Sovet — Polsha firmasi ochishga rozilik berilsin. Bu firma savdo-sotiq va vositachilik ishlari bilan, shu jumladan, chegaraga yaqin joylardagi savdo-sotiq, xorijiy turizmni rivojlantirish, maslahatlar berish, marketing sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi... KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasining xorijdagi xo‘jalik faoliyatidagi, shu jumladan, qo‘shma korxonalar tuzishdagi ishtiroki moliyaviy jihatdan qardosh partiyalarning firmalari orqali so‘mga xarid qilingan tovarlarni sotish hisobiga ta’minlansin.

Polsha respublikasi sotsial-demokratiyasi ixtiyoriga 1991 yilda yordam tariqasida KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasining sanatoriylari va dam olish uylariga 30 ta yo‘llanma ajratilsin. Unga bu yo‘llanmalarni o‘z a’zolari o‘rtasida yoki G’arbdagi turistik firmalarning vakolatxonalari orqali erkin tijorat asosida tarqatish huquqi berilsin...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:26:51

Ma’lumki, turizm sohasi dunyodagi eng daromadli biznesdir. Shuning uchun KPSS o‘z tasarrufidagi son-sanoqsiz mehmonxonalar, otellar, dam olish uylari, kempinglar va mamlakatning eng yaxshi dam olish mintaqalarida joylashgan sanatoriylarni balansdagi qiymatlari narxida, ya’ni asliga qaraganda 10 baravar arzonroq narxda turli-tuman qalbaki hissadorlik jamiyatlariga oshirib yubordi. Bu jarayon partiya tasarrufidagi mehmonxonalar sanoatining bayroqdori — KPSS Markazqo‘mining «Oktyabrskaya» degan ulug‘vor mehmonxonasidan boshlandi. Buning uchun 1991 yil 17 aprel kuni KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi bilan «Kenguru» degan Amerika firmasi (aslida AQSh Kompartiyasi tomonidan tuzilgan qalbaki firma) «Arbat» degan qo‘shma korxona ta’sis etdilar. KPSS Markazqo‘mi nomidan «Oktyabrskaya» mehmonxonasi majmui muassis bo‘ldi, holbuki bu majmua huquqiy shaxs emasdi. Bu operatsiyani mas’ul shaxs Kruchinaning muovini V. Leshchinskiy amalga oshiradi. Ish jarayonida mehmonxona majmuining bahosi balans qimmatiga ko‘ra 3 million 450 ming 419 so‘m deb belgilandi va shu bahoda «Arbat» qo‘shma korxonasiga topshirildi. Holbuki, foydali maydoni 5700 kvadrat metr bo‘lgan majmuaning haqiqiy bahosi 25 million dollar edi.

Bundan bir bahya pastroq darajada ish yuritgan KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasining tolmas Ishlar boshqaruvchisi (ayni choqda, u — Belgiya biznesmeni) Arkadiy Krutixin Kruchinadan farmon tarzidagi hujjatlarni olishi bilanoq darhol Leningradda cheklangan mas’uliyatli «Reys-merej Limited» xususiy kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Unga «Rosbri Interneshenel» va «Atcherli Interneshenel» firmalari kirdi. Oradan o‘n kun o‘tar-o‘tmas yangi jamiyatning uchinchi a’zosi bo‘lib KPSS viloyat qo‘mitasining Ishlar boshqarmasi qo‘shildi. U hissadorlik badali sifatida o‘z mehmonxonalaridan birini — Tavriya ko‘chasidagi muhtasham «Merkuriy» mehmonxonasini berdi. Uch oydan keyin — 1991 yilning iyulida Leningrad viloyat qo‘mitasi «Reysmerej Limited» tarkibiga o‘zining ikkinchi mehmonxonasi «Smolnenskaya»ni ham qo‘shishga qaror qildi, shuningdek, uning yoniga viloyat qo‘mitasining garajini va Toshoroldagi rezidentsiyani qo‘shib berdi. Imoratlar, inshootlar, aslaha-anjom va boshqa buyumlarning umumiy balans qimmati 13,5 million so‘m bo‘ldi. Haqiqiy bahosi esa bundan 10 baravar yuqori bo‘lib, dollarda o‘lchanardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:29:41

Bir bahya yuqorida ishlar bundan ham avjida edi. KPSS Markaziy Qo‘mitasining Xalqaro bo‘limi Bosh Vazir Pavlovga va Tashqi ishlar ministri Bessmertnixga Angola Tashqi ishlar vaziri Van-Dunem bilan muzokaralarda bu mintaqada sovetlar ta’sirini mustahkamlashga qaratilgan ba’zi bir xatti-harakatlar qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Maxfiy tavsiyalarning mazmuni quyidagicha edi: Angola va qo‘shni Mozambikda hokimiyat tepasiga kommunistlar kelgandan keyin har ikkala mamlakat ham qo‘shnilariga va ichki muxolifatga qarshi uzluksiz urush olib bordi. Ular qurol-aslahani SSSRdan olishdi va qurol evaziga biri 9 milliard, ikkinchisi 3,7 milliard dollar qarz bo‘lib qoldi. Ammo vaqt-soati kelib, bu qarzni uzishlaridan hech qanaqa umid yo‘q. Bu mamlakatlarning ikkalasida ham mustamlakachilik zamonlarida portugaliyaliklar derazalaridan Atlantik va Hind okeanlarining manzaralari ko‘rinib turadigan juda muhtasham mehmonxonalar qurishgan. Hokimiyat vakillariga qarz evaziga ana shu mehmonxonalarni talab qilib olish va ularni kommunistik partiyaning mulkiga qo‘shish haqida ko‘rsatma berildi.

KPSS Markazqo‘mining Xalqaro bo‘limi va KPSS Markazqo‘mining Ishlar boshqarmasi tarixdagi eng qudratli jinoyatkorlar tashkiloti edi. Ular hamma narsa bilan: milliard-milliard dollarlik ishlardan tortib eng oddiy, eng xashaki qotillikkacha shug‘ullanganlar. Ular qalbaki pullar, pasportlar, muhrlar, chek daftarchalari, sertifikatlar yasashgan, xorijdagi terrorchi va jinoyatchi tashkilotlarning boshini qovushtirib turgan, dunyodagi hamma mafiyalar bilan aloqa o‘rnatgan, bundan foydalanib, mamlakatlar o‘rtasida urushlar chiqargan, xalqlar orasida nizolar tug‘dirgan. Agar vaqt-soati kelib tarixchilarga bu kommunistik tashkilotlarning arxivlariga yo‘l ochilib qolsa, ular tomonidan Eski maydonda sodir etilgan jinoyatlarni jahon ahliga yetkazish uchun kamida 500 yil vaqt kerak bo‘ladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 00:37:32

O’zlarining jasoratli rejalarini amalga oshirish uchun KPSS Markazqo‘mining Moskva viloyat qo‘mitasi va Ishlar boshqarmasi na KGB, na Davlat razvedka boshqarmasi kuchlariga tayangan. Bu borada shunaqa narsalar mavjud edi-ki, ularni, hatto, KGB ham mutlaqo bilmasdi. Ishlar boshqarmasi ixtiyorida maxsus operativ guruh bo‘lib, uning rasmiy nomi ham yo‘q edi. Hozircha u «Zet» maxsus bo‘linmasi» deb atalardi. Bu guruh KGBga qaraganda bir necha baravar ko‘proq huquq va vakolatga ega edi. Uni o‘z vaqtida Lenin ChKga va apparatga qarshi kurashish uchun tuzgandi. Stalin uni mustahkamladi va shu bo‘linmani o‘z shaxsiy hokimiyatining quroliga aylantirdi. Ayni shu maxsus guruh istagan nomenklaturachi kabinetiga bostirib kirishga haqli edi va uning burnini qisqichlar bilan qisib, qilgan jinoyatlarini chin yurakdan tan olishini talab qila olardi. Hatto, xavfsizlik vazirlari ham istalgan vaqtda qo‘llariga kishan urib hovliga sudrab chiqish va u yerda otilib ketish xavfidan xoli emas edilar. Ularning bunday gumonsirashlari bejiz bo‘lmaganligini tarix isbot qildi. Hozir bu «Zet» maxsus bo‘linmasi» nisbatan tinch ish bilan mashg‘ul — mamlakatdan xorijga oltin zaxiralarini tashimoqda. Bu ishni KGBdagi laqmalarga sira-sira ishonib bo‘lmasdi.

Ammo KGB ham bekor o‘tirgani yo‘q. To‘g‘ri, sodir bo‘layotgan voqealarning hammasiga Kryuchkov o‘ta salbiy munosabatda edi. U sobiq xo‘jayini va valine’mati Yuriy Andropov ijod zahmatlarini torta-torta, «xalq dushmani» degan eskirib siyqasi chiqib ketgan ibora o‘rniga yangisini o‘ylab topganini yaxshi eslaydi. Yangi yorliq shunday ediki, uni farrosh xotindan tortib marshalgacha istagan odamga yopishtirish mumkin bo‘laverardi. U «G’arb ta’sirining agenti» deb atalardi. Bir oz cho‘zilibroq ketgan. Shuning uchun o‘ylab ko‘rib «g‘arb» degan so‘zni olib tashlashga va jo‘ngina «ta’sir agenti» yoxud «TA» deb qoldirishga ahd qilishdi. Shu qisqartma so‘zni hisob varaqalariga va jinoiy ishlarning ustiga yozib qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Juda zo‘r chiqdi. Ta’sir agenti. Ta’sir agentining xotini TAX, ta’sir agentining oila a’zolari TAOA, ta’sir agentining bolalari TAB, ta’sir agentlarini qo‘llovchilar TAQ bo‘ladi. (Esingizdami — Leninda ham bu ibora bor edi —«qo‘llovchilar, qo‘llashga qobil bo‘lganlar otib tashlansin!» Lenindan andoza olib yashang — xato qilmaysiz.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:09:17

Marhum Andropov shunaqa choralar bilan bosib kelayotgan dollarga qarshi kurashmoqchi edi, lekin ulgurmadi. Kryuchkov esa butun mamlakat bahaybat «ta’sir agenti»ga aylanib qolganini ko‘rib, bir oz kechikib bo‘lsa-da, bu novatorona atamani odamlarning ongiga singdirishga urindi. Ammo uning urinishini, hatto, qo‘li ostidagi xizmatchilari ham qo‘llamadi. Lubyankaning o‘zida «ta’sir agentlari» Nyu-York birjasidagiga qaraganda ham ko‘proq urug‘lab ketgandi. KGBning hamma oliy va o‘rta rutbali rahbariyati allaqachonlardan beri sovet so‘miga ijirg‘anib qarashardi — ular maoshni valyutada olishardi. Buni aytmayoq qo‘yaqolaylik. KGBning butun boshli bo‘limlari bozor munosabatlariga shunchaki kirib borishmadi, balki raqobatchilarini ezib-yanchib, jon-jahdlari bilan yorib kirishdi. Ular o‘z xatti-harakatlari loaqal zohiran qonuniy ko‘rinishga ega bo‘lishi kerakligini ham xayollariga keltirgani yo‘q.

Kooperativ, kichik korxona yoki bo‘lmasa, xudo ko‘rsatmasin, biron qo‘shma korxona tashkil qilishga uringan, lekin biron yirikroq partiya tashkilotida suyanadigani bo‘lmaganlarning ahvoli voy edi — darhol ta’qib ostiga olinar, korxonalari yopib qo‘yilar, qamoqqa tashlanar, xonavayron qilinar, mulklari musodara etilar, talanar, ba’zi bir mulk egalarining ustiga reketchilar qo‘yib yuborilar yoki 1918 yildagiday, inqilobiy shijoat bilan shilinar edi. Hatto, Rossiya Bosh vaziri muovini Filshin 140 milliard rus so‘mini aholi uchun tovarlarga almashtirib, qonuniy «transfert» operatsiyasini amalga oshirmoqchi bo‘lganida, KGB katta janjal ko‘tarib, bu ishning beliga tepdi. Bu borada bitim tuzish uchun Rossiya hukumatiga Kolin Gibbins degan inglizni ro‘para qildilar. O’z vatanida bu odam sovet josusi sifatida yaxshi ma’lum edi. Uni eng yangi harbiy texnologiya sirlarini SSSRga bermoqchi bo‘lgan vaqtida to‘rt marta qamoqqa olishgandi. Janjalning oldini olib bo‘lmadi. Bosh vazir muovini Filshin iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Pishib turgan ishning pachavasi chiqdi. Xususiy tadbirkor Artyom Atalyants ham xuddi shunday ishga qo‘l urganida, adi-badi aytishib o‘tirmasdan uni turmaga tiqishdi. 1986 yildan 1991 yilgacha 172 ming tadbirkor qamaldi — bularning bari KPSS uchun raqobatchi sifatida xatarli edi. Ularning ko‘pchiligi hozirga qadar (ya’ni 1994 yilgacha — tarjimon) turmada.

Qayd etilgan


Musannif Adham  21 Sentyabr 2012, 01:11:50

KGBda allaqachon «iqtisodiyotni himoya qilish» bo‘yicha butun boshli yangi boshqarma tuzilgan edi. Bu boshqarmada «Yangi iqtisodiy qurilmalar» bo‘limi bo‘lib, unga general Aleksandr Sterligov rahbarlik qilardi. Bo‘lim bir zamonlar NEPning oyog‘iga bolta urilgan chog‘larda GPU amal qilgan eski usullar asosida ish olib borib, partiya ta’siridan chiqib biror-bir ish qilmoqchi bo‘lgan har qanday tadbirkorning ta’zirini berdi. Ayniqsa, dadillik bilan ish yuritgan birinchi sovet millioneri Artyom Tarasov tevaragida juda katta janjal qo‘zg‘aldi.

Kommunistlik vaqtida bir gal Tarasov 90 ming so‘m miqdorida oylik partiya badali to‘labdi. Demak, Tarasovning bir oylik daromadi 270 ming so‘m bo‘lgan. Sovet zamonida hali hech kim bunaqa daromad ko‘rmagandi. Tarasov SSSR xalq deputati sifatida deputatlik daxlsizligiga ega edi, shunga qaramay, KGB quturgan bo‘rini ovlaganday uning payiga tushdi. KGB uning idoralariga bostirib kirdi, xufiya va oshkora tintuvlar o‘tkazdi, hisob raqamlarini to‘xtatib qo‘ydi, tovarlarini musodara qiddi, bitishgan ishlarini yo‘qqa chiqardi. Natijada, «SSSR Prezidentining nomus va sharafini tahqirlagani uchun» Artyom Tarasovga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi — Tarasov qaysidir intervyusida Gorbachyovni 200 million dollarga Kuril orollaridan birini sotib yubormoqchi bo‘lganlikda ayblagan ekan. Bu Gorbachyovga qilingan tuhmatmidi yoxud davlat sirini fosh qilishmidi — bu masala yechilmay, noma’lumligicha qolaverdi, lekin Artyom Tarasovni tala-tala qilishga SSSR Prokuraturasi ham aralashdi. SSSR Bosh Prokurori Trubininning shaxsan o‘zi Tarasovni deputatlik daxlsizligidan mahrum etib, qamoqqa olishni talab qildi.

Qayd etilgan