Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154948 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 41 B


Musannif Adham  01 May 2011, 01:16:03

Parvusning uslubiyoti juda aniq edi: mamlakatdagi inqilob - poytaxtda inqilob degani. Poytaxtda boshlansa, aks-sado beradi. Parvus «sho‘ro»larni tashkil qiladi va o‘zi Peterburg sho‘rosining raisi lavozimini egallaydi. Uning moliyaviy manifestini ko‘rsangiz! Urushga qarshi yo‘naltirilgan va mag‘lubiyat kayfiyatlarini targ‘ib qiluvchi xitoblarini aytmaysizmi! 2-Tinch okean eskadrasining ochiq dengizga chiqish yo‘lini to‘sib qo‘ygan «Burgut» kemasining halokati-chi?! 1905 yil 9 yanvardagi xalq namoyishining uyushtirilishi-chi?! O’shanda Parvusning jangarilari Aleksandr bog‘idagi daraxtlarga chiqib olib, u yerdan Qishki saroyni himoya qilib turgan soldatlarga o‘q uzishgan va shu bilan mashhur Qonli yakshanbani boshlab berishgandi. Banklarni bosish-chi?! Kronshtadt, Sevastopol, Sveaborgni ayting! «Potyomkin» va «Ochakov» kemalari-chi? Hammasi juda ajoyib tarzda amalga oshirilgan edi. Faqat bir narsa chatoq bo‘lgan-di. Ular darhol ommaviy qirg‘inni boshlab yubormadilar va oxir-oqibatda hamma ishni boy berdilar. Lenin garchi hech qaysi voqeada shaxsan ishtirok etmagan bo‘lsa-da, hamma narsani diqqat bilan kuzatib, xatolarni belgilab bordi. Va yana bir karra amin bo‘ldiki, Rossiyada isyon qilsa bo‘ladi, tartibsizliklar, ur-yiqitlar, ish tashlashlar uyushtirish mumkin, ammo ko‘ngillarida o‘ylab qo‘ygan tuzumni hech qachon qura olmaydilar. Yo‘q, Rossiya bunga yaramaydi. G’arbiy Ovrupodan boshlamoq kerak.

Qamoqqa olingan va badarg‘a qilingan Parvus Sibirga olib ketilayotganida soqchilar qo‘lidan qochib... Turkiyada paydo bo‘lib qoldi. Bu yerda u Yosh turklar hukumatining iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib olgandi. Bu mansabda bir necha million ishlab olgach, xalqaro banklar va kartellarning jahonga mashhur namoyandalari bilan aloqalar o‘rnatgan Parvus o‘zining asosiy rejasini — Rossiyani xarob qilishni bir lahza ham esdan chiqargani yo‘q. Esidan chiqargani yo‘g‘-u, lekin qaynab-toshgan iqtisodiy faoliyatdan ham chalg‘imadi. Uning moliyaviy dahosi, Trotskiyning o‘ta o‘rinli iborasi bilan aytsak, rus emanini qulatayotgan boltadan turk sarviga quvvat baxsh etuvchi bog‘bon belkuragiga aylandi. Parvus vayron bo‘layotgan Usmonli imperiyasini iqtisodiy halokatdan saqlab qolgandi. Albatta, bu ishlarni qilar ekan, Parvus o‘zini aslo unutgani yo‘q. Lenin va unga sodiq bir guruh tarafdorlari muhojirlikda zo‘r-bazo‘r umrguzaronlik qilayotgan bir sharoitda Parvus banklar ochdi va savdo korxonalariga asos soddi. U juda katta pul mablag‘lari bilan ish yuritardi. Lenin goh «ekspropriatsiya qilingan» pullarga yashardi (Kamo bilan Kobani qamab qo‘yganlariga qadar), goh onasi yuborgan pullarga tirikchilik qilardi (onasi hayotligida), goh do‘stlarining xayri ionasiga (hammaning joniga tegib ketmaguncha), goh qo‘li ochiq, ko‘ngilchan Shveytsariya sotsialistlarining homiyligida kun o‘tkazardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:16:55

Ammo Parvus uni hech qachon esidan chiqarmagan, chunki o‘z rejalarini Lenindan ko‘ra tuzukroq uddalab bajaradigan odam yo‘qligini tushunar edi.

Saraevoda yangragan o‘q ovozi Parvus uchun jangovar chaqiriqday bo‘ldi. U bir lahzada Turkiya Germaniya tomonida turib urushga qo‘shilsa, bu Rossiya uchun nima bilan tugashini chamalab, hisoblab chiqdi.

U ehtirosli notiq harorati bilan qat'iy harakat qiluvchi, lekin uncha olisni ko‘rolmaydigan Anvar poshshoga va uning «yosh turklari»ga Turkiya faqat Germaniya tomonida turib urushmog‘i kerakligini uqtira boshladi. Faqat shundagina Turkiyada ulug‘ imperiya qaytadan tiklanadi, shunday qilgandagina Turkiya o‘z tarixining so‘nggi yigirma yili mobaynida boshidan kechirgan behisob mag‘lubiyatlar va taslimlar, qo‘pol tahqirlar va kamsitishlar dog‘ini yuvib tashlay oladi. U qahva ichib, sigara chekib o‘tirib Germaniyaning Turkiyadagi elchisi fon Vangengeym bilan suhbatlashadi va olis Konstantinopoldan Germaniyaga telegramma jo‘natdi. Uning oqibatida O’rta dengizdagi kemalarini Shimoliy dengizga jo‘natishni rejalashtirgan admiral Sushon «Geben» linkorini orqaga qaytarib, Dardanell bo‘g‘oziga jo‘natadi. Parvus maxfiy shayinlarni harakatga keltiradi, natijada Turkiyaga g‘alla, temir, dastgohlar va o‘q-dorilar kela boshlaydi, yuklarning bir qismi esa yo‘l-yo‘lakay Bulg‘oriyaga tushiriladi. Parvus aslo amalga oshirib bo‘lmaydigan ishni bajardi — asrlar mobaynida bir-biriga ashaddiy dushman bo‘lib kelgan ikki mamlakat — Bulg‘oriya bilan Turkiya har qanday panslavizm va panislomizm goyalarini yemirib, Rossiyaga qarshi urushga qo‘shildi. Parvusning qalin do‘sti, Turkiyaning harbiy ministri va harbiy hukumatining boshlig‘i Anvar poshsho bekorga mo‘ylovini kayzernikiga o‘xshatib qo‘yib oldi, deysizmi? U, hatto, Kominternga a’zo bo‘lib kirdi va 1922 yilda Tojikistonda qonli janglardan birida shahid ketdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:17:44

Ammo bu hali holva edi. Rossiyaga janubdan qilinadigan hujumni ta’minlagan Parvus hech kutilmaganda brilliant tugmalari va tilla uzuklarining jilvasi bilan qashshoq rus muhojirlari ko‘zini qamashtirib, «sotsial-demokratlar» orasida paydo bo‘ldi.

Uning «Demokratiya uchun! Chorizmga qarshi!» degan mashhur risolasi allaqachon shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Negaki, anchadan beri sukut saqlab kelgan Parvus partiyaviy publitsistika maydonida yana ko‘rinishga jur’at qilib, «sotsialistik» harakatning navbatdagi vazifalarini mutlaqo yangicha sharhlagan edi. Bu yangicha sharh sobiq partiyadosh o‘rtoqlarining ko‘pchiligini dahshatdan lol qoldirdi. Yangi «nazariya»ning mohiyati quyidagicha edi: urushning aybdorlari kim ekani haqida masala qo‘yish kerak emas, «kim birinchi hujum qilganini» ham axtarib o‘tirishga hojat yuq. Bu ahamiyatsiz narsa. Jahon imperializmi o‘nlab yillar mobaynida qirg‘inbarotlarini tayyorlab kelgan. Shunday bo‘lgach, kimdir hujum boshlashi kerak edi-da! Hech kimga keragi yo‘q sabablarni izlab vaqt ketkazib o‘tiradigan payt emas, sotsialistik yo‘sinda fikrlashga o‘rganmoq lozim. Ya’ni biz — jahon proletariati urushdan qanday foydalanmog‘imiz va kimning tomonida urushmog‘imiz kerakligini aniqlab olishimiz shart. Hammaga ma’lumki, dunyodagi eng qudratli sotsial-demokratiya Germaniya sotsial-demokratiyasidir. Agar Germaniyada sotsializm tor-mor etilsa, uni hamma joyda mag‘lub qilajaklar. Jahon sotsializmining g‘alababiga olib boradigan yo‘l — Germaniyaning  harbiy xatti-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Rus chorizmi Antanta tomonida turib urush qilayotgani bizga sotsializmning haqiqiy dushmani kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Shunday qilib, butun dunyo ishchilari rus chorizmiga qarshi urushmoqlari kerak. Jahon proletariatining vazifasi — Rossiyani tor-mor keltirib, uning ichida inqilob kilishdir. Agar Rossiya mayda bo‘laklarga bo‘lib yuborilmasa va demokratlashtirilmasa, u butun dunyoga tahdid qiladi. Modomiki, Moskva imperializmiga qarshi kurashning asosiy qiyinchiligi Germaniya zimmasiga tushayotgan ekan, bundan «Germaniyaning g‘alabasi - sotsializm g‘alabasidir!» degan birdan-bir xulosa chiqarish uncha qiyin emas.

Lenin aytganidek, «O’ta bema’ni, lekin dialektik nuqtai nazardan qaralsa...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:18:49

Ha, Lenin qanday munosabatda bo‘lishidan qati nazar, Parvus «nazariyasi» o‘zi oddinga surgan «taslimchilik» g‘oyasining juda chiroyli va bejirim nusxasi ekanini tan olmasligi mumkin emasdi.

Parvusga xos bo‘lgan keng ko‘lamdorlik Leninda yetishmas edi, chunki Lenin iqtisodchi emas edi. Parvus esa apil-tapil gapdan amaliy ishga ko‘chadi-yu, Berlinga borib, Rossiyada «ashaddiy so‘l ekstremistlarni hokimiyat tepasiga keltirish yo‘li bilan» Rossiyani yo‘q qilish rejasini bayon qiladi. Reja harbiylarniki singari juda aniq edi. Birinchi navbatda podshoni taxtdan ag‘darish kerak. Chorizmga qarshi kurash olib borilyapti, ammo pulning kuchi bilan ertadan boshlaboq bu kurashga butun dunyodagi sotsialistik matbuotnigina emas, balki barcha liberal matbuotni ham jalb qilsa bo‘ladi. Shunday qilinsa, o‘z-o‘zidan Rossiyadagi turfa xil liberal muxolifat ham voqealar girdobiga jalb etiladi.

Juda sodda yo‘l: Podsho — urushning aybdori, millionlab qurbonlar, harbiy muvaffaqiyatsizliklar sababchisi. Malika - nemis, binobarin, josus. Bir oz jo‘n mulohaza, albatta. Ammo Rossiyaga o‘taveradi. Taxt vorisi bedavo dardga chalingan, binobarin, sulolaning kuni bitib qolgan. Davlat dumasi deyarli boshdan-oyoq burjua vakillaridan tarkib topgan — ular bunaqa qarmoqni osongina liqillatib yutib yuboradi. Podsho taxtdan ag‘darilishi bilanoq Rossiya laxtak-laxtak bo‘lib bo‘linib ketadi. Keyin u hech qachon o‘nglanmaydi. Negaki, baliq quruqlikda yashayolmaganidek, imperiya ham demokratiya sharoitida umr kechirolmaydi. Toifalararo, millatlararo, urug‘lararo nizolar haddan tashqari keskin. Eng muhimi esa - iqtisodiyot qil ustida turipti. Ish tashlashlar yo‘li bilan uni uzil-kesil izdan chiqarish mumkin. Ikkinchi bosqichda harakat qilish ancha oson ko‘chadi. «Yer - dehqonlarga!» degan jo‘ngina xitob shunga olib keladi-ki, dehqonlar pomeshchiklardan yerni zo‘rlik bilan tortib ola boshlaydilar, soldatlar esa ofitserlarini otib tashlab, yer taqsimotidan quruq qolmaslik uchun xandaqlarni tashlab qochishadi. Armiya falaj bo‘ladi, sanoat majaqlanadi, qishloq xo‘jaligi boshboshdoqlikka uchraydi. Ana shunday sharoitda hokimiyatni so‘l ekstremistlar egallab oladilar. Germaniya bilan sulh tuzadilar va yangi qonunlar chiqarib, imperiyaning vayron bo‘lishini kuchaytiradilar. Shunday qilishar ekan, tabiiyki, ular german qurolining yordamiga tayanadilar, shunda turli-tuman kutilmagan kasofatlardan xalos bo‘ladilar. Hozir bu kasofatlarning hammasini nazarda tutib bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:19:23

Albatta, nemislarga rejaning faqat ularga taalluqli qismigina ko‘rsatilgan edi. Nemislar hamma gapdan xabardor bo‘lishlari shart emas edi. Ammo Parvus aytgan taxminlarning o‘zidanoq odam entikib ketardi. Klauzevits va Ulug‘ Fridrix tarbiyasini ko‘rib voyaga yetgan katta Moltke va kichik Moltkelarning strategiyasi, Ovrupodagi urushni ikki oyda (Fransiyaga - 30 kun, Rossiyaga - 30 kun) tugatishni taklif qilgan. A. Shliffenning soatu daqiqalargacha hisob-kitob qilib chiqilgan ajoyib rejasi, «Parvardigor, Angliyani jazola!» degan xitob zamirida yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bolalagan dunyodagi eng yaxshi harbiy kemalar, beqiyos aniqlik bilan ishlaydigan shtablaru armiyaning temir intizomi - bularning bari bir sarob bo‘lib chiqdi. G’arbiy va Sharqiy frontlardagi qirg‘inbarot, Angliya amalga oshirayotgan dengiz qamalining tobora siqib kelayotgan sirtmog‘i, zaxiralarning shitob bilan qurib borayotgani, bugun-erta Qo‘shma Shtatlarning urushga qo‘shiluvdan hadiksirash nemislarga ularning istiqboli naqadar mudhish ekanini ro‘yirost namoyish qildi. Albatta, prusslarga xos tarzda kalta o‘ylaydigan nemislar Parvus rejalarini bor ko‘lami bilan ko‘ra olganlari yo‘q, lekin ular bu rejalarda o‘zlarining fikru zikrini hammadan ortiq band etib yotgan narsani - o‘zlarining eng dahshatli va eng qudratli dushmanlarini urushdan va Antantadan chiqarish imkonini ko‘rdilar. Buning ustiga bu rejani allaqanday o‘tkinchi bir muttaham emas, balki o‘zlari yaxshi biladigan Parvus taklif qilyapti. U Birinchi Rus inqilobining otasi hisoblanadi, ish tashlashlar, ko‘cha namoyishlari, qonli tartibsizliklarni uyushtirishda unga teng keladigani yo‘q. Nemislar yaxshi eslaydilar — u arzimagan haq evaziga mashhur Obuxov ish tashlashini uyushtirgan edi. Shu ish tashlash oqibatida rus linkorlari uchun yangi zambaraklar ishlab chiqaruvchi yangi texnologik liniyani uzoq muddatga safdan chiqarishga muvaffaq bo‘lingan edi. Shuning uchun ular Parvusning rejasiga jon-jahdlari bilan yopishib olishdi-da, uning bahosini so‘rashdi. 50 million, — deb javob berdi allaqachon hammasini hisob-kitob qilib qo‘ygan Parvus. Albatta, u bu pulning kamida yarmini o‘z hamyoniga urishni ham o‘ylab qo‘ygandi. Savdolashishning o‘rni yo‘q edi. 50 million oltin marka degani nima o‘zi? Bitta chala bitgan lin-korning puli! G’alati-ya! (Sevastopolda portlatilgan «Imperatritsa Mariya» kemasining o‘zigina 1919 yilgacha bo‘lgan sarf-xarajatlarning hammasini bemalol qoplaydi).

Nemislarni boshqa narsa tashvishlantirar edi - Rossiya taxti bo‘shab qoladigan bo‘lsa, unga Parvusning o‘zi da’vogarlik qilmasmikan? Savollar, albatta, benihoya xushmuomalalik bilan berilgan edi, ammo savol beruvchilarning ko‘zida nemislarga xos antisemitizmning sovuq nurlari jilolanib turardi. Rossiyadagi jamoatchilik har qancha inqiloblashgan bo‘lmasin, mamlakatdagi oliy mansabni, yumshoq qilib aytganda, «pravoslav e’tiqodida bo‘lmagan» odam egallashini uncha xushlamasa kerak. O, Parvus bu mayda gaplardan yuqori turardi. Birinchidan, u rus jamoatchiligi haqida o‘z fikriga ega edi, ikkinchidan esa, rejaning nemislar bilmaydigan qismida mamlakatdagi har qanday jamoatchilik fikrini shitob bilan qatiy ravishda mahv etish nazarda tutilgan edi. Uchinchidan esa, Parvus sira ham Rossiyaga qaytmoqchi emas, agar butun xalq yig‘lab-siqtab uni Boris Godunov kabi taxtga chiqishga undasa ham, u rus taxtini egallash niyatida emas edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:19:57

Bu yillar mobaynida u haddan ziyod boyib ketdi - uning Berlinda uyi, Berlinda xos hovlisi, Stokgolmda xos hovlisi, Shveytsariya Alpida chorbog'i, to‘rtta xususiy banki, yana oltita bankda hissador tarzidagi ishtiroki, Kopengagenda import-eksport idorasi, temir yo‘l va kema qatnovi jamiyatlarida ancha-muncha aktsiyalari bor edi. U shunaqa martabaga erishgan ediki, taxtda o‘tirib, bir mamlakatni bosh-qarishdek zahmatli ishni zimmasiga olishni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Bu ish uchun uning boshqa bir nomzodi bor edi - ko‘p yillar davomida uni nazaridan qochirmay kuzatib kelardi. Ularning bir zamonlardagi hamkorligi allaqachon o‘tmishda qolib ketgan, ular ko‘pdan beri uchrashmas edilar. Ammo Parvus yakkayu yagona, o‘ziga xos tarzda betakror bu «sotsialist»ni bar lahza ham unutgani yo‘q. Negaki, u hukmdor bo‘lish, butun jahonning xo‘jayini bo‘lish dardiga chalingan, xijolatu andisha degan narsalardan butunlay xoli, o‘z maqsadiga erishish yo‘lida eng mudhish vositalarni qo‘llashdan ham toymaydigan, har qanday eng jirkanch niyatlarini ham safsata oqimiga ko‘mib yuboradigan, bemalol yolg‘onu chala yolg‘onlarni qalashtirib tashlaydigan bir odam edi. O’sha kezlarda uning vulqonday qaynab-toshgan g‘ayrati behuda narsalarga sarf bo‘lmoqda edi — u gazetalar sahifalarida mayda-chuyda g‘iybatlarga o‘ralashib qolgan, o‘zining Ovrupo uchun mutlaqo qadrsiz ekanini anglab va asosiy zarbani qaerda berish kerak ekanini bila olmay g‘azab o‘tida qovrilib yotardi. Ammo u har qanday vaziyatga moslashib ketadigan, tuturiqsiz va qattiqqo‘l, aql bovar qilmaydigan darajada ishchan va eng qonxo‘r ablahlarni atrofiga to‘play oladigan mo‘‘jizaviy qudratga ega edi. Buning ustiga hukmdor bo‘lish dardiga yo‘liqqan bo‘lib, sof osiyocha mustabidlik qiliqlari bor edi. Shu sifatlariga ko‘ra bu odam, Parvusning fikricha, Rossiyada va faqat Rossiyadagina harakat qilish uchun eng munosib nomzod edi. Butun jahon ko‘lamida ish yuritish uchun u ancha ojiz-lik qilardi, ammo «jahon proletariatining dohiysi» bo‘lish unga juda xush yoqar ekan, mayli, bo‘la qolsin - Parvus bunga e’tiroz bildirmaydi. Eng muhimi - ishni bajarsa bo‘lgani.

Lenindan boshqa yana kim ham Parvusning ajoyib niyatlari qadriga yetishi mumkin edi? Rossiyani mangu halokatga uchratish uchun va butun insoniyatni jahannam labiga olib borib qo‘yish uchun kurrai zaminga kim tomonidan yuborilgani noma’lum bo‘lgan bu ikki ulug‘ va mudhish daho Leninning Syurixdagi faqirona uyida - torgina oshxonada do‘ng peshonalarini bir-biriga urib olay deb ro‘parama-ro‘para o‘tirishibdi. Ular dunyoga uch yil farq bilan kelishgan (1867 va 1870 yilda), lekin dunyodan bir yilda — 1924 yilda ketishdi. Bunisi ham g‘aroyib va mudhish...

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:20:24

Ammo Lenin Parvusning niyatini boshqa har qanday odamdan ko‘ra yaxshiroq anglagan bo‘lsa-da, bu niyatni amalga oshirishda shaxsan ishtirok etish haqidagi taklifdan boshi osmonga yetgani yo‘q. Axir Rossiya nima bo‘lipti! Rossiya — najosat! Rossiyadan boshlamaslik kerak. Axir hech kim Marks aytgan sotsializmni Rossiyada qurish vazifasini qo‘yayotgani yo‘qku?! Rossiya butun ishni jahon miqyosida uyushtirish uchun mablag‘ beradi, deysizmi? Bo‘lmagan gap! Rossiya qashshoq, bo‘ynigacha qarzga botib yotibdi! Qarzdor bo‘lsa, birov sizni Rossiyaning qarzlarini to‘lashga majbur qilarmidi? Qashshoqligi masalasiga kelsak... Rossiyadagi hamma cho‘ntaklarni ag‘darsa, ozmuncha mablag‘ chiqmasa kerak. Nemislar-chi? Nemislar nima qilib berardi? Meni ularning puliga muhtoj deb o‘ylaysizmi? Men bu pullarni nemislarsiz ham topaman. Hatto, undan ham ko‘proq topishim mumkin. Men bu pullar vositasida nemislarni rejaga daxldor qilib qo‘yardim, chunki nemislarsiz ish chiqarib bo‘lmaydi. Armiyani xarob qilsak, o‘zimiz nima bilan qolamiz? Armiya kerak, lekin rus armiyasi emas. Aks holda, bizni bo‘ron supurib tashlaydi. Tushunyapsizmi? Nemislarning panohi ostida biz bu ishimizni qilamizu yana ularning panohida jo‘nab qolamiz. Keyin-chi? Keyinmi? Rossiyada qo‘lga kiritgan pulimizga butun Ovruponi sotib olamiz. Ana sizga jahon inqilobi! Agar jiddiy aytsak, hamma ishni ikkita juda oddiy xitob bilan amalga oshirish mumkin: tinchlik va yer!

Leninda chindan ham strategik ko‘lam yetishmas edi. Buni Parvus to‘g‘ri tushunardi. O’z bid’atlari, o‘z qoidalari va bema’ni g‘oyalari Leninni iskanjadek qisib olgan edi, lekin tan berish kerakki, u juda yaxshi taktik edi. Shuning uchun Parvusning niyatini uning o‘zidan ham chuqurroq angladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:21:10

Sileziya vokzalidagi uchrashuv xursandlik bilan, lekin ortiqcha ehtiroslarsiz o‘tdi. Xushmuomalalik bilan shlyapalar boshdan sal ko‘tarildi, qo‘llar qattiq qisildi, nemis tilida kalta-kalta jumlalar aytiddi. Faqat ko‘zlar chaqnagan edi — rejalar o‘ng keldi va amalga osha boshladi. Hozircha - ishqilib ko‘z tegmasin - hamma ishlar silliq ketyapti. Berlindagi Unterder Linden degan ikki tomoniga qator arg‘uvonlar ekilgan keng markaziy ko‘chada joylashgan, XIX asrning oxirlarida imperiyaga xos viqor bilan qurilgan, 1914 yildan beri huvillab yotgan sobiq rus elchixonasining binosi yana jonlanib qoldi. Bu 1918 yilning 20 aprelida sodir bo‘ldi (bo‘lg‘usi fyurer Gitlerning tug‘ilgan kunida. O’sha kunni Gitler G’arbiy front xandaqlarida nishonlamoqda edi).

Kimsasiz bahaybat imoratda sobiq elchining derazalariga og‘ir pardalar osilgan, «modern» uslubida jihozlangan xonasida ish qaynab ketdi. Marmar kuldonlar ustida sigaralar tutab yotar, sakson chinnisidan yasalgan chashkalarda kofe hovuri chiqib turar, Bogemiya billuridan bino bo‘lgan qadahlardagi maylar qizil-zangori jilolar tarqatib tovlanardi. Parvus ishda har qancha talabchan va qattiqqo‘l bo‘lmasin, Oktyabr to‘ntarishidan beri o‘tgan olti oy mobaynida Moliya Xalq Komissarligi va Xalq banki tomonidan qilingan haddan ziyod katta va mashaqqatli ishni ko‘rib qoyil qolmay turolmadi. Uyum-uyum vedomostlar, qator-qator raqamlar, inventar ro‘yxatlari, qarz haqidagi sertifikatlar va yana boshqa o‘nlab hujjatlar — hammasi tartiblangan va hisoblab yakun qilingan. 1897 yilda (oltin tangalar zarb qilina boshlangan yili) Davlat xazinasi o‘n besh so‘mlik oltin tangalardan hammasi bo‘lib 178 million 500 ming so‘m miqdorda 11 million 900 ming dona chiqargan. 1918 yilning 10 aprel kunigacha hammasi bo‘lib 142 million 500 ming so‘mlik 9 million 500 ming dona oltin tanga qo‘lga kiritilgan va daromad tarzida rasmiylashtirilgan.

7 so‘m 50 tiyinlik tilla tangalardan hammasi bo‘lib 126 million 217 ming 500 so‘mlik 16 million 829 ming dona chiqarilgan. 1918 yil 10 aprelga qadar shundan hammasi bo‘lib 111 million 375 ming so‘mlik 14 million 850 ming dona tanga qo‘lga kiritilgan va hujjatlarda rasmiylashtirilgan.

5 so‘mlik oltin tangalar hammasi bo‘lib 26 million 860 ming so‘mlik miqdorda 5 million 372 ming dona zarb qilingan. 1918 yil 10 apreliga qadar shundan 10 million 500 ming so‘mlik 2 million 100 ming dona tanga qo‘lga kiritilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:25:22

1898 yil... 1899 yil... Yillar lip-lip o‘tadi, ular bilan birga million-million tilla tangalar o‘tadi -  tilla tangalar emas, butun boshli ummonga aylanib ketgan oltin daryolar. Besh, o‘n, yigirma, ellik va yuz franklik fransuz tilla pullari, qirolicha Viktoriya, qirol Eduard VII va Georg V ning tasviri, zarb qilingan oltin gineylar va soverenlar. Qog‘oz funtlar, franklar, markalar, Shimoliy Amerika dollarlari. Qimmatli qog‘ozlar, zayomlar, obligatsiyalar tarzida chiqarilgan qog‘ozlar... Ajnabiy davlatlarning rus banklarida saqlanuvchi oltin pullari haqidagi ma’lumotlar, ajnabiy qarzlar yuzasidan garovga qo‘yilgan rus oltinlari. Otilganlarning qo‘lidan sirib olingan tilla uzuklar, talaba qizlarning quloqlaridan yulib olingan tilla isirg‘alar, dehqon kulbalaridagi ikonalar ortidan topilgan tilla bilaguzuklar. Kumush tangalar, quyma kumushlar, qimmatbaho ma’danlardan ishlangan buyumlar, kumush va bronzadan ishlangan noyob san’at buyumlari (minglab so‘mlarda). Muzeylardagi, xususiy uylardagi, davlat omborlaridagi boyliklar hozircha rasmiylashtirilgani yo‘q. Vaqt bo‘lmadi. Ammo yaqin o‘rtada hammasi ro‘yxat qilinib, rasmiylashtiriladi.

Hammasi bo‘lib 1913 yil kursi bo‘yicha 2,5 milliard so‘mlik tilla pul. Undan shaxsiy hisoblarga, «umumiy ish» uchun, nemislarga moddama-modda:

a) ajratilgan moliyaviy mablag‘lar; b) harbiy yordam ko‘rsatish uchun; v) armiyaga sarflanadigan xarajatlar; g) to‘xtatib qo‘yilgan nemis depozitlari; d) musodara qilingan tovarlar; e) buzilgan shartnomalar, nemislarga qarshi ur-yiqitlar va boshqa sabablar tufayli shaxsiy odamlarga va mulkka yetkazilgan zararlar.

Jami: Germaniya banklariga, Shveytsariya banklariga, Skandinaviya banklariga, boshqa banklarga... transport xarajatlari; ijrochilarning g‘arazlari tufayli ko‘rilgan zararlar foizi... Jami... Shaxsiy hisoblariga... Shifrlar... Kalitlar... Nemis sanoatining aktsiyalarida va betaraf mamlakatlar sanoatining aktsiyalarida... Jami...

...Parvus qalin lablarini qimtib, g‘amzali ko‘zlarini ustun-ustun raqamlarga yugurtiradi va qovog‘ini osadi. Kam!

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 May 2011, 01:27:03

...Vaqt yetarli emas edi. Bu, albatta, hali hammasi emas. Mana mo‘yna, g‘alla, yog‘och, ruda, rangli ma’danlar bo‘yicha ma’lumotlar. Nemislarning hamma da’volari qondirilgandan keyin biz shulardan boshlamoqchi edik... Ha, biz tushunamiz, hozir bularning barini nemislar o‘zlari bilan olishlari mumkin. Ammo, mana, Leninning o‘z qo‘li bilan yozgan maktubi. Bu maktubni u nemis hamkasblarining qulog‘iga yetkazishni so‘ragan: «... urush yo‘li bilan bizdan hech narsa ololmaysizlar, hammasini yoqib yuboramiz!» Lenin Lenin-da! Har bir qilig‘ida g‘alamislik bor. Albatta, bunga hayron qolmasa ham bo‘ladi, ammo maktubning so‘ngida uning butun mohiyati aks etgan: «Nemislarga xom ashyo bera olamiz».

Janjalning hojati yo‘q. Boadab odamlar kabi murosaga kelaylik. Ha, endi, ozlikka oz... Yana besh baravar ko‘proq bo‘lishi kerak. Kam deganda. Bunday bo‘layotganining sababi bor: ekspropriatsiya hovliqmalik bilan, chuqur o‘ylanmasdan amalga oshirilyapti. Juda ko‘p mablag‘ ijrochilarning qo‘lida qolib ketyapti. Qattiqqo‘lroq bo‘lish kerak, qat’iy nazorat o‘rnatmoq lozim. Haqiqiy nazorat bo‘lsin, VChKning tuzilgani juda yaxshi bo‘ldi, ammo unda haddan tashqari o‘g‘ri ko‘p. Tushunarli, albatta, sizda fursat kam edi, ammo bu yog‘ida qancha qolganini ham hech kim ayta olmaydi. Yana qat’iyroq va shafqatsizroq harakat qilinglar!

Aql o‘rgatar ekan, Parvus o‘n xonali sonlarni haddan tashqari osonlik bilan chaqib tashlab, hujjatlarni o‘rganishda davom etdi. Kutilmaganda ulug‘ moliyachining ko‘ksidan bir xitob ko‘tarildi — bu g‘azabmidi, norozilikmidi, o‘ylagan yomon narsasi chiqib qolganidan ranjishmidi -ajratib olish qiyin edi. Kamomad!

Qayd etilgan