Bir oz keyinroq ChKda fafologlar va qalbaki pul yasovchilar bo‘limi paydo bo‘lgandan so‘ng garovga olinganlarga hech qanaqa taklif bilan murojaat qilmay qo‘ydilar - endi ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri otib tashlashar, kerakli hujjatlarni esa juda o‘xshatib mustaqil yasab, o‘zlari rasmiylashtirar edilar. Juda katta miqdorda soxta bank daftarlari, veksellar, qarz haqidagi tilxatlar, oldi-sotdi hujjatlari rasmiylashtirildi. Ular 1912 yilgacha har xil sanalarga ega bo‘lib, ancha-muncha mashhur odamlar nomidan yasalgan edi. Bu odamlarning bir qismi o‘z ajali bilan o‘lib ketgan, yana bir qismi esa mahv etilgandi. Bunday odamlar ko‘pincha nafaqat oilasi bilan yo‘q qilinardi, agar qo‘lga tushib qolishsa, yaqin xodimlari ham otib tashlanardi.
Bularning barini, tuzum barbod bo‘lib, mamlakatdan qochishga to‘g‘ri kelib qolganda amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Ammo bolsheviklar o‘zlarining 74 yillik hukmdorlik davrlarida hech qachon ertangi kunlari uchun bexavotir yashamadilar. Shu paytga qadar o‘zlarini uloqtirib tashlamaganlari uchun ularning o‘zi ham ko‘p hayron qolganlar. Shu sababdan reja doimiy ravishda yangilanib, tuzatilib borilgan va u, hatto, bizning kunlarimizgacha ham yetib kelgan. Ammo afsuski, tuzum qulamadi. «Biz Rossiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bevosita tarzda onasini, otasini, akasini, qizini, o‘g‘lini yoki umuman, bironta yaqin odamini o‘ldirmagan bitta ham xonadon yo‘q, - deb taajjub bilan yozadi Buxarin. — Shunday bo‘lsa ham Feliks juda xotirjam tarzda deyarli hech qanday soqchilarsiz (hatto, ba’zan kechalari) Moskva ko‘chalarida piyoda yuradi. Biz unga bunaqa oliftagarchilikni taqiqlaydigan bo‘lsak, u ijirg‘anib kuladi-da: «Nima? Chog‘lari kelmaydi itvachchalarning», - deb javob beradi. Ha, unish gapi to‘g‘ri: jur’atlari yetmaydi... Ko‘p qiziq mamlakat-da!» Va bu mamlakatda chindan-da ko‘p g‘alati voqealar sodir bo‘lgan. Xorijdan Moskvaga quyidagi mazmunda maxfiy ma’lumotlar kelgan: «Kroyz va Funa (Bern) bankidagi hisob shifrini yechishga muvaffaq bo‘lindi. V - lotincha, S - lotincha, uch yuz qirq sakkiz o‘n besh to‘qson olti nol-nol o‘n yetti, zet — lotincha, T. Joriy hisobdagi bir million 800 ming shveytsariya franki Nikodim Panteleevich Parfenovniki. U «Kavkaz va Merkuriy» jamiyatining hissadori. Hisobning devizini aniqlashning iloji bo‘lmadi. Kerd». Dzerjinskiy Shveytsariyaga bejiz bormagan edi. Parvusning urinishlari ham behuda emasdi. Banklar nafaqat qon yuqi saqlanib qolgan tillalarni qabul qilgan, balki o‘zlarining mijozlariga ChKni gij-gijlatishdan ham toymagan. Negaki, yuqoridagiga o‘xshash xufiya xatni faqat bank xodimigina yuborishi mumkin. Maxfiy maktubga quyidagi ma’lumotnoma biriktirib qo‘yilgan: «Nikodim Panteleevich Parfenov ko‘prik quruvchi injener, zavod egasi, Volga-Kaspiy daryo kemachiligi uyushmalarining hissadori. Hozirgi paytda Kievda oqlar qo‘li ostida».
Hechqisi yo‘q. Kutamiz. Hech qayoqqa ketolmaysan, azizim. Devizingni ham, pulni olish uchun zarur bo‘lgan boshqa narsalarni ham o‘zing aytib berasan. Kerak bo‘lib qolsa, xorijdan ham seni topib olamiz.