Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154725 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 41 B


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:48:15

Delegatlar yurtlariga chuqur hayajon ichida xursand bo‘lib tarqalishdi. Moskvada mezbonlar xasislik qilishgani yo‘q — konferensiya a’zolarining har biri kissasida ancha-muncha mablag‘ bilan uyiga qaytdi. Bu mablag‘ o‘z mamlakatida «bolshevistik tashkilotlar»ni barpo etish va jahon inqilobini amalga oshirish uchun kifoya qilardi. O’sha kezlarda aytilganidek, «hamma burjuylarni dog‘da qoldirib, jahonni inqilob alangasiga chulg‘aymiz!»

Albatta, hamma narsa ham silliq kechavermaydi. Fin chegarachilari mashhur Otto Kuusinenni ushlab olishdi. U Moskvadan berilgan brilliantlarni yashirincha Finlyandiyaga olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Bu javohirlarning ba’zi birlari xalqaro ro‘yxatlarga kiritilgan bo‘lib, ularning egalari yaxshi ma’lum edi. Janjal ko‘tarildi. Bu janjalning shov-shuvi Moskvagacha yetib bormagan bo‘lsa-da, dunyoda ancha-muncha aks-sado berdi. Oradan ko‘p o‘tmay fin ishchilar harakatining sharmandasi chiqqan dohiysi Fin qo‘ltig‘i muzliklari orqali politsiyadan qochishga va Moskvada umrbod yashab qolishga majbur bo‘ldi. Bu yerda Lenin minnatdorlik yuzasidan uni Komintern Ijroqo‘mi kotibligiga saylab qo‘ydi. Stalin esa uni, hatto, Finlyandiyaga prezident qilishni rejalashtirgan.

Shunga o‘xshash g‘alvalar ba’zi bir boshqa mamlakatlarning delegatlari boshiga ham tushdi, ammo buning uncha ahamiyati bo‘lmadi. Negaki, Moskva hech qanaqa da’volarni tan olmadi va ularga quloq solmadi. Aksincha, Moskva bir narsadan g‘oyatda mamnun edi — hamma joyda bolshevistik partiyalar o‘rmondagi sassiq alafdek potirlab o‘sa boshladi. Urush davridagi muhtojliklar bunga yaxshi zamin tayyorlab bergandi. Faqat bir narsa tashvishga solardi — Vengriyadan boshqa hech qaerda hech kim faol harakat qilishni xayoliga ham keltirmayapti.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:48:39

To‘g‘ri, Vengriyada ham bolsheviklarning faolligi uzoq davom etgani yo‘q — Bela Kun Moskvaga qochib jon saqlashga majbur bo‘ldi, ammo shunday bo‘lsa-da, vengr oltinining bir qismini o‘marib, xorijga jo‘natishga muvaffaq bo‘lindi. To‘g‘ri, bu borada vengerlar o‘z yo‘llaridan borishdi. Lenin o‘sha vaqtdayoq keragidan ortiqroq darajada abjir bo‘lgan bu vengerga jinday shubha bilan qaray boshlagan edi, ammo Bela Kun Vengriyada zo‘r hafsala bilan boshlagan qirg‘inni ko‘rib, dohiyning ko‘ngli ancha taskin topgandi. Afsuski, Bela Kun boshlagan ishini oxiriga yetkaza olmadi. Vaqt yetishmadi bunga. Taskin yana shuning uchun kerak ediki, nemis o‘rtoqlar ham o‘zlariga xos proletar inqilobi bilan rosa pand berib qo‘yishdi. Axir, ularga hamma narsa ipidan-ignasigacha tushuntirib berilgan edi. Yo‘q, bo‘lmadi.

Monarxiya qulagandan keyin hokimiyat tepasiga kelgan quyonyurak sotsial-demokratlar Germaniyada lenincha usullarni qo‘llashga jur’at qilmadilar. Bu ham yetmaganday, Kayzerning Gollandiyaga qochishiga yo‘l qo‘yib berishdi. Bundan tashqari ular kommunistlar isyonini qurolli kuch bilan bostirib, sovetlarning Germaniyadagi muxtor vakili Radekni mamlakatdan chiqarib yuborishdi. Holbuki, Radek Berlinga «nemis inqilobini chuqurlashtirish uchun» yuborilgan edi. Moskva bilan diplomatik munosabatlar uzilib qoldi. Bu orada Leninning odamlari - K. Libknext va R. Lyuksemburg o‘ldirildi, bir qator banklardagi mablag‘lar xatlab qo‘yildi. Bu mablag‘larni Parvusning maslahati bilan Germaniya banklariga qo‘yib, xo‘p bemaza ish qilingan ekan-da! Bunaqa bo‘lib ketishi kimning ham xayoliga kelibdi deysiz?

Fig‘oni falakka yetgan Lenin har galgidek kechagi do‘stlarini ayamay so‘kishga tushdi: «Germaniyadagi butunjahonga namuna qilib ko‘rsatsa arziydigan marksistik ishchi partiyasining rahbarligini bir guruh ashaddiy razillar, kapitalist ablahlarga sotilgan bir to‘da ifloslar, monarxiya va aksilinqilobiy burjuaziyaga xizmat qiluvchi ishchilardan chiqqan jallodlar egallab olgan ekan». Germaniyada hokimiyat tepasiga «burjua» partiyalari qaytib kelgandan keyingina, ular bilan munosabatlar qayta tiklandi. Lenin juda ham kekchi edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:49:01

1920 yilning iyulida avval Petrogradda, keyin Moskvada Kominternning II Kongressi ochildi. Birinchi Kongressda Kominternning rahbariyati saylanib, unga Zinovevni rahnamo qilib belgilashgan, keyin esa to‘yib yeb-ichib, miriqib maishat qilib, kissalarini tilla va brilliantga to‘ldirib tarqalishgan edi. Ikkinchi Kongressda esa jiddiy gaplar boshlandi. Endi sharoit ham boshqacha edi. Ko‘ngillilar armiyasini o‘z holiga tashlab ketgan Don va Kuban kazaklari Oqlar harakatining yemirilishini boshlab bergan edilar. Bu harakatning «Yagona va bo‘linmas Rossiya» uchun degan shiori jon taslim qilayotgan imperiyaning ko‘p millatli aholisiga uncha ma’qul bo‘lmadi. Denikin bilan birga harakat qilishga rozi bo‘lgan polyaklar o‘zlarining mustaqilliklarini tan olishni talab qildilar. Finlar ham Petrograd ustiga birga yurish qilish haqidagi muzokaralarda shu shartni qo‘yishdi. «Biz Rossiyani chakana qilmoqchi emasmiz», — deb javob berishardi bunga Oq harakatning sardorlari. Ular o‘zlarining muqaddas vatanparvarlik aqidalaridan voz kechgandan ko‘ra muqarrar mag‘lubiyatni afzal ko‘rishgandi.

Rossiyani boshqalar bozorga solishgandi va bunda ancha omadlari chopgandi. Oq harakatning yemirilishi butunjahon miqyosida inqilobiy to‘ntarishlarni amalga oshirishga umid tug‘dirgandi. Shuning uchun II Kongressning diqqat markazida faoliyat dasturi, strategiya, taktika va Kominternni tashkil qilish masalalari turdi. II Kongress bu masalalarning hammasi bo‘yicha bevosita Lenin rahbarligida ishlab chiqilgan qarorlar qabul qildi. Shu qarorlar Komintern dasturi va jamiki faoliyati uchun asos bo‘ldi. Kongressni ochar ekan, Lenin o‘zining sevimli shiorini e’lon qildi: «Bizning ishimiz — butunjahon proletariati inqilobining ishidir, butunjahon miqyosidagi Sovet respublikasini barpo etish ishidir» (uzoq davom etgan qarsaklar, orkestr «Baynalmilal»ni chaladi).

Leninning fikrlarini Komintern raisi Zinovev davom ettirdi. U bir necha majlisda delegatlarga aql o‘rgatib, butunjahonda hukmronlikni osongina qo‘lga kiritish uchun ishni qanday tashkil qilish kerakligini uqtirdi. «Biz uchun kurashning hal qiluvchi vositasi qurolli qo‘zg‘olondir, buning uchun esa inqilobiy kuchlarni harbiy izlarda uyushtirish talab qilinadi, binobarin, markazlashgan partiya kerak».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:49:52

Qo‘yilgan vazifaga muvofiq Kongress Kominternning ustavini qabul qildi. Bu ustav bo‘yicha Komintern yagona xalqaro kommunistik partiya deb qaralardi, turli mamlakatlarda uning milliy «seksiyalari» bor edi. Natijada tabiiy-ki, Kominternning harbiy bo‘limi tuzildi. U o‘z vazifasini quyidagicha belgilagan edi: «Tarixiy inqilobiy jarayon taqozosiga ko‘ra, qulay sharoit vujudga kelganda ishchilar sinfi hujumga o‘tishga majbur bo‘ladi... Ishchilar sinfining quroli bo‘lmish Qizil Armiya bo‘lg‘usi frontning istagan jabhasida o‘z zimmasidagi hujumkorlik vazifasini bajara oladigan qilib tayyorlanmog‘i kerak... Bu front hududlari esa yaqin o‘rtalarda jamiki Eski Dunyo qit’asining hududlaridan o‘tadi». Ishtahalar ana shunaqa karnay edi.

Kommunistik baynalmilalning asosiy vazifalari to‘g‘risida Kongress tomonidan qabul qilingan qarorda shunday deyilgan: «Burjuaziyani zo‘rlik bilan ag‘darib tashlashgina, uning molu mulkini musodara etishgina, burjua davlat idorasining hammasini pastdan yuqorigacha vayron etishgina, parlament hokimiyatini, sud tizimini, harbiy qurilmalarni, ma’muriy, munitsipial va boshqa mahkamalarni parchalab tashlashgina proletar g‘alabasi tantanasini ta’minlaydi». Uning muvaffaqiyati uchun xalqaro kommunistik partiya «proletariatcha temir sentralizm» va «harbiy intizom» asosida qurilmog‘i kerak.

Bundan tashqari Kongress butun dunyoning barcha mehnatkashlariga qarata «imperializmni o‘ldirish»ga chaqirib xitobnoma qabul qildi. O’ta ezmalik bilan yozilgan bu xitobnoma ashaddiy jangari ruhda edi. Ammo bunga o‘xshash xalqaro harbiy-terroristik tashkilotning samarali ish olib borishi uchun marksizmdan, tiyiqsiz zavqu shavqdan, g‘ayriinsoniy shafqatsizlikdan, har xil nizomnomalaru dasturlardan, qaroru xitoblardan tashqari juda katta miqdorda pul ham zarur edi. Xo‘sh, ularni qaerdan olish kerak? Albatta, bo‘lg‘usi butunjahon proletar imperiyasining poytaxtidan olinadi-da! Hozir Kongress bo‘layotgan shahardan, ya’ni Moskvadan olinmasa, qaerdan olinadi? Shuning uchun «Rossiya Kommunistik partiyasiga murojaat qilib, Komintern Ijroiya qo‘mitasining ishi bilan bog‘liq moddiy sarf-xarajatlarning‘ asosiy og‘irligini vaqtincha (?) o‘z zimmasiga olib turishni iltimos qilishga qaror qilinadi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:50:35

Talab olingan pulni sarflash oson bo‘ladi. Darhol bu iltimosga ikkita javob keldi: biri Lenindan, ikkinchisi Zinovevdan.

Lenin o‘ziga xos bo‘lmagan nazokat bilan yozibdi:

«Rossiya Kommunistik partiyasi, albatta, Ijroiya Qo‘mitaning bu taklifini inobatga olishni o‘zi uchun sharaf deb hisoblaydi». Zinovev ham uning gaplarini takrorlaydi: «Rossiya Kommunistik partiyasi ixtiyorida bor narsalarning bari bilan qardosh partiyalarga yordam berishni o‘zi uchun buyuk sharaf deb hisoblaydi»( Xuddi shu kunlarda hamma frontlarda Qizil Armiya qarshi hujum olib bormoqda edi. Endi qimmatbaho buyumlar va pullarni tortib olishning yangicha usullari qo‘llana boshladi. «Qizillar» biror shaharni ishg’ol qilganlarida, shaharning katta-kichikligiga qarab, undan xiroj olar edilar. Masalan, Kievdan oltin hisobida 400 million so‘m, Odessadan 500 million so‘m, Xarkovdan esa negadir atigi 100 million so‘m talab qilingan. Xirojni istagan tilla tangalar, zargarlik buyumlari, yombi, duru javohirlar, ba’zan rasmlar bilan to‘lash mumkin edi. Odatda 2—3 kun muddat belgilanardi. Agar xiroj muddatida to‘lanmasa, hukumat har besh aholidan biri otib tashlanishini e’lon qilgan. Bir necha miqdor xiroj to‘langan, keyin yalpi tintuvlar boshlangan. Bunda ishchilar uchun hech qanday istisno berilgan emas. Ko‘pgina ishchilar shahar tevaraklarida o‘z xususiy uylarida istiqomat qilishardi. Ularning uylarini avval ag‘dar-to‘ntar qilib, keyin ko‘pincha o‘t qo‘yib yuborishgan. Ommaviy qatllar shafqatsiz tarzda davom etgan. Kievda bir kunda sobiq ofitserlardan 2000 kishini ro‘yxatdan o‘tkazish bahonasida shahar teatriga yig’ib, otib tashlaydilar. Petrogradda uch oy mobaynida (iyul, avgust, sentyabr) 5000 odam otilgan. Kronshtadtda kutilmaganda 20 ta vrachni «ishchilar orasida haddan ziyod mashhur bo‘lganliklari» uchun otib tashlaydilar. Yekaterinoslavda ish tashlamoqchi bo‘lgani uchun 100 ta temir yo‘lchi otiladi. Ivanovo-Voznesenkda RVK hamma aholini otuv bilan qo‘rqitib, tikuv mashinalarini (?) topshirishni buyuradi. Arxangelskda «qizillar» kelishi bilanoq, general Myullerning qo‘lida xizmat qilgan 800 ofitser otib tashlanadi. Bu yerga Janubda asir olingan ofitserlar va kazaklarni olib kela boshlaydilar. Ular Xolmogorda shoshilinch ravishda tashkil qilingan birinchi o‘lim lagerida bitta ham qoldirmay otib tashlanadi. Mashhur Kedrov 1200 ofitser ortilgan ikki barjani cho‘ktirishga shaxsan rahbarlik qiladi. Moskvada manqa kasalligi tarqaladi. Aniqlangan hamma kasallarni joyida otib tashlashadi. Ular bilan birga terlamaga chalingan bemorlar ham otiladi. ChKning maxfiy buyrug‘iga ko‘ra, zaxm bilan ogrigan bemorlarni ham aniqlab, yo‘q qilib yuboradilar. Bo‘lg‘usi imperiyaning poytaxti har xil illatlardan xoli bo‘lmog‘i kerak-da!).

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:51:07

Moskvadan juda katta miqdorda mablag‘ olgan «qardosh» partiyalarning vakillari zudlik bilan ishga kirishadilar. Chinakam va qalbaki firmalar hamda hissadorlik jamiyatlari tuziladi, ko‘chmas mulklar xarid qilinadi, davlat arboblari sotib olinadi, ish tashlashlar uyushtiriladi va hatto sabotajlar tashkil qilinadi. Urush tufayli holdan toygan Ovruponi turli-tuman kommunistik gazetalar va jurnallar quyunday bosadi. Ular Ovrupo sivilizatsiyasining halokati muqarrar ekanini karomat qiladilar va yo‘l-yo‘lakay fashizm, natsizmga o‘xshash xilma-xil oqimlarni tug‘diradilar. Kominternning harbiy bo‘limi ham qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi, u butun Ovrupo bo‘ylab «proletariatning jangovar otryadlari»ni tuzadi. Shundaylardan biri Rotfrontkamfbund bo‘lib, Chilining bo‘lajak prezidenti Alende shu otryadda o‘z faoliyatini boshlagan. Ularga harbiy kiyimlar tikishgan, qurol-yarog‘ xarid qilishgan. Zarur bo‘lib qolganda esa, qurolni istagan sovet elchixonasidan yoxud savdo vakolatxonasidan bepul olsa ham bo‘laverar edi. Xullas, «umumovrupo proletar» inqilobi pishib qolmoqda edi. Ammo bu har qancha tantanavor ko‘rinmasin, Ovruponi qonli fuqarolar urushi maydoniga aylantirish avvaldan bir muhim tadbirni taqozo etar edi: Rossiyadan talab olingan oltinlarni xavf-xatarsizroq joyga jo‘natish tadorigini ko‘rish zarur edi. Shveytsariya bilan Shvetsiya to‘g‘ri kelmaydi. «Ablahlar va sotqinlar» etagida bo‘lgan Germaniyaku aslo munosib emas. Ayniqsa, Shveytsariya. U yerda banklarning seyflaridagi mablag‘ni Alp tog‘laridagi xufiya omborlarga ko‘chirish rejasi puxta o‘ylab pishitib qo‘yilgan. Bu omborlarni, hatto, «butun jahon ChKsi» ham yuz yil qidirganda topolmaydi. Shuning uchun pullarni hamma qoidalarga rioya qilgan holda Qo‘shma Shtatlar banklariga ko‘chira boshlashga qaror qilindi. Amerika olisda edi, yaqin o‘rtada u yerda inqilob qilish Leninning rejalariga kirmagandi. Bundan tashqari Shveytsariyaning to‘nkaga o‘xshagan gung bankirlaridan ko‘ra, Amerikaning yetakchi moliyachilari bilan muloqotda bo‘lish maroqliroq edi.

Biroq chatoq joyi shunda ediki, Amerika qonunlariga ko‘ra, AQSh banklariga yirik miqdordagi mablag‘larni joylash uchun Amerika firmalari bilan keng miqyosda savdo munosabatlariga ega bo‘lish talab qilinardi va bu munosabatlar hukumat tomonidan ma’qullanishi shart edi. Shveytsariya banklaridan farq qilaroq, Amerika banklari hech qachon shunchaki oddiy ombor bo‘lgan emas, balki hamisha oltinni milliy iqtisod qon tomirlariga haydab beradigan yurak hisoblangan. U paytlarda hali na Xalqaro Valyuta jamg‘armasi, na iqtisodiy ittifoqlar, na xalqaro banklar tizimi bo‘lgan. Hozirgi davrdan farq qilaroq, Shveytsariya banklari hali jahon iqtisodiyotiga jalb qilinmagandi, negaki hali «jahon iqtisodiyoti» degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Shuning‘ uchun Shveytsariya banklari, qo‘pol qilib aytganda, oddiy sudxo‘rlik bilan va boylik yig‘ish bilan band edi. Imperializmning hali kuni bitganicha yo‘q, u endigina tug‘ilib kelmoqda edi. Uning ayni chaqaloq chinqirig‘ini Lenin jon taslim qilish oldidagi ingrash deb qabul qildi va bundan ilhomlanib, shodu xurramlik bilan imperializmga go‘r qaziy boshladi. Ammo oxir-oqibatda, bu go‘rga bema’ni «ta’limoti» bilan o‘zi tushishiga to‘g‘ri keldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 19:51:51

Amerika esa hamisha Amerika bo‘lib qolgan. U XIX asrdagi Ovruponi tushungan emas, Rossiyaniku aytmay ham qo‘ya qolaylik. O’zining 50 asrlik rivojida insoniyat tarixi ko‘rmagan, eshitmagan va bilmagan qonli tuzumni, insonga nafrat bilan sug‘orilgan tartiblarni Amerika qayoqdan ham tushunsin?! Rossiyada qanday hodisa ro‘y berganini 1917 yildayoq anglab yetgan Amerika elchisi Frensis davlat departamentiga noma ustiga noma jo‘natib, bu ishlarga aralashishga va «xalqaro gangsterlarning bu qonli zulmini» uloqtirib tashlashga chaqirdi. Ammo uning chaqiriqlari behuda ketdi. Prezident Vilson: «Rossiyaning ichki ishlariga aralashmaymiz», — deb oyoq tirab turib oldi. 1918 yilning sentyabr oyida Moskvadagi Amerika konsuli D. Pul begunoh odamlarning ommaviy qatl qilinishiga qarshi rasmiy norozilik bildirdi. Bir necha betaraf mamlakatlarning vakillari bu norozilikni quvvatlab chiqdilar. Lenin Chicherin orqali ularga javob berib, bu noroziliklar «Rossiyaning ichki ishlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tarzda aralashishdan o‘zga narsa emas», deb xitob qiddi va yo‘l-yo‘lakay «burjuaziya» ba’zi bir mamlakatlarda «mehnatkash ommaga» qarshi uyushtirayotgan terrorni g‘azab bilan fosh qildi. 1918 yilning oktyabrida Lenin Prezident Vilsonga telegramma jo‘natib, «xalqlar ittifoqining asosiga hamma mamlakatlarda kapitalistlarning sarmoyalarini musodara qilishni qo‘ymoq kerak», deb taklif qiladi.

Ammo har bir nutqqa, hujjatga, maktubga qarshi butunlay teskari mazmundagi nutqi, hujjati, maktubi bo‘lmasa, Lenin otini boshqa qo‘yardi. Bu uning dohiyona nozik fikrlashidan emas, balki tobora zo‘rayib borayotgan ruhiy xastaligidan dalolat berardi. Mana, yetmish besh yildirki, tarixchilar bir-birlarini Lenindan olingan matn parchalari bilan to‘qmoqdek savalab, bu parchalarning qay biri «jahon proletariati dohiysining dohiyona niyatlarini» yaxshiroq aks ettirishini aniqlashga behuda urinib yotishibdi.

Bu bema’ni notadan keyin oradan ko‘p o‘tmay Vilsonga xushomadgo‘ylik qilib, tinchlikparvar va do‘stlik ruhi bilan to‘la maktub yuborildi. Notada Vilsonni ishontirib aytiladiki, «Sizning tinchlik dasturingizning ko‘p moddalari rus ishchilari va dehqonlarining ancha teran va keng dasturiga kiradi», «qizil terror» deb atalmish hodisa chet ellarda juda mubolag‘ali tarzda ta’riflanayapti va to‘g‘ri tushunilmayapti, bu «qizil terror» ittifoqchilarning rus hududiga bostirib kirishining bevosita natijasi va oqibatidir» va «kurash bilan istilo davom etadigan bo‘lsa», «g‘azabga to‘lgan omma rus burjuaziyasini to‘la-to‘kis qirib tashlashi mumkin». Notada ta’kidlanadiki, «Rossiya ishchilari va dehqonlari o‘zlarining baxtiyor bo‘lishlaridan va o‘zga millatlarga xavf tug‘dirmaydigan xalqaro birodarlikdan boshqa hech narsani bilmaydilar». Prezident Vilson Marmar dengizidagi Prinkipo orolida tinchlik konferentsiyasi o‘tkazishni mo‘l qo‘ygandi. U bolsheviklarning qanaqa maxluqlar ekanini bilmas edi, shuning uchun ularni oqlar bilan bir stol tegrasiga o‘tqazib, «biron bitimga kelishar-ku», degan xayol bilan o‘zaro muzokaraga kirishtirmoqchi edi. Albatta, bundan hech narsa chiqmadi. Shunda Prezident Rossiyada nimalar bo‘layotgani to‘g‘risida «birinchi manba»dan ma’lumot olishga qaror qilib, Moskvaga Parijdan davlat departamenti xodimi Uilyam Bullitni jo‘natdi. Unga «bolsheviklarning dohiylari bilan bevosita aloqaga kirishish va shu asosda Rossiyadagi siyosiy va iqtisodiy ahvol haqida davlat departamentiga doklad tayyorlash» topshirildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:00:16

1919 yilning mart oyida Bullit Moskvaga keldi va bu yerda bir hafta bo‘ldi. U rosa konyak ichdi, «juda ajoyib rus shokoladini» gazak qildi. Shokolad unga shunchalik yoqib qoldiki, undan bir necha kilogrammini ikkita suxsur teriga qo‘shib Amerikaga ham olib ketdi. Buning orasida u Lenin, Chicherin va Litvinovlar bilan uchrashib, «davomli va yoqimli suhbatlar» qurdi. Bullit ularni «juda ziyoli va madaniy odamlar ekan», degan xulosaga keldi. Shuning uchun ham, davlat departamentiga yozgan dokladida, shokoladga qo‘shib aytilgan ertaklarga chippa-chin ishonib, «kommunistik partiya siyosiy va axloqiy jihatdan juda sog‘lom», deya takrorladi. Petrograd va Moskvada to‘la tartib hukm surmoqda. Hech qanaqa terror yo‘q. Ochlik haqida gapirishning o‘zi kulgili! (Albatta-da!) Ta’lim bobida katta muvaffaqiyatlarga erishilgan. Davlat kotibi Lansing es-hushli odam edi - u bu bema’ni aljirashni darhol arxivga, Bullitning o‘zini esa iste’foga jo‘natdi.

Xuddi shu kezlarda, ya’ni Bullit Lenin bilan birga «Martini» ichib, uning cho‘pchaklarini tinglab o‘tirgani-da, tomdan tarasha tushganday, allaqanday L.Martens degan odam paydo bo‘lib qoddi. 1898 yildan beri partiya a’zosi bo‘lgan bu odam Lenin tevaragidagi a’yonlar ichida eng shubhalilaridan biri edi. Qo‘shma Shtatlar bilan RSFSR o‘rtasida hech qanday diplomatik munosabatlar yo‘qligiga qaramay, Martens o‘zini «RSFSRning AQShdagi vakili» deb e’lon qiladi. U uy sotib oladi, unda o‘zining byurosini ochadi va davlat departamentiga uzundan-uzoq maktub yo‘llaydi. Maktubda Rossiyadagi ahvol tushuntirilgan va o‘zining vazifalari haqida ma’lumot berilgandi. U maktubida «sovet hokimiyati aholining hamma tabaqalari tomonidan nazorat qilinadigan va ular orasida mas’uliyatli hukumat ekani, bu aholi foydali mehnat bilan shug‘ullanishni istashi», «Rossiya aholisining 90 foizi hamma siyosiy va fuqarolik huquqlariga ega bo‘lgan holda jamiyatni boshqarishda bevosita ishtirok etishi» ta’kidlangan. Shundan so‘ng Martens maktubi xulosasida o‘zining AQShda qanday maqsadda paydo bo‘lib qolganini oshkora aytadi: «Xarid qilingan narsalarga to‘lov uchun Rossiya hukumati Amerika banklariga darhol oltin hisobida 200 million dollar pul qo‘yishga tayyor».

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:00:37

200 million dollar! Qo‘shma Shtatlarning federal qonunini buzmaslik va uning bank tizimida o‘rnashib olishi uchun ilk bor qo‘yiladigan mablag‘ — qonunga ko‘ra 5 million dollar miqdordagi omonat «yirik ajnabiy» hisoblanadi. Bu yerda esa oz emas, ko‘p emas - 200 million! (dollarning hozirgi kursi bo‘yicha taxminan 4 milliard!) taklif qilinmoqda. Davlat departamentida bunga ishonishmadi, anchagacha sukut saqlashdi, keyin bayonot e’lon qilishdi. Unda AQSh hukumati «Sovet hukumati» deb atalmish hukumatni tan olmasligi ta’kidlangan va o‘zini «bolshevistik hukumatning» vakili deb atayotgan odamlar bilan muomalada «g‘oyat ehtiyot bo‘lish» tavsiya etilgan edi.

Boshqacha qilib aytganda, nima qilsalaring qilaverlaring, birodarlar, ammo shundan ogoh bo‘lib qo‘yingki, Moskvadan kelgan bu korchalonlar uchchiga chiqqan firibgar bo‘lishi mumkin. Shunisi ham borki, AQSh hukumati Rossiyaning vakili sifatida hamon rus elchisi B. Baxmetevni tan olishda davom etadi. Uni esa bu lavozimga Muvaqqat hukumat tayinlagan edi.

Ammo Leninning xonaki vakili uncha-munchaga cho‘chiydiganlardan emas edi. Kelib chiqishiga ko‘ra ham, tobeligiga ko‘ra ham nemis bo‘lgan Lyudvig Karl Martens bunaqa ishlarda pixini yorgan edi. Inqilobdan oldinoq rus zavodlarida tartibsizliklar uyushtirmoqchi bo‘lgani uchun uni ikki marta qamoqqa olishib, Germaniyaga jo‘natib yuborishgan edi. U paytda josus deb gumonsirashgandi. Rossiyaga Lenin bilan birga 1917 yilning aprelida qaytib keldi, lekin o‘zining hamyurtlari bilan aloqasini uzmadi. 1919 yilda nemis sotsialistlarining «sotqinligi» ayon bo‘lib qolganda qiziq ustida qamoqqa olindi va otilib ketishiga sal qoldi. Leninning ko‘rsatmasi bilan «mutlaqo ishonchli o‘rtoq» sifatida qamoqdan ozod qilindi. O’zining yashirin holatda ekaniga qaramasdan Martens Amerika banklari va firmalari bilan keng ko‘lamda muzokaralar olib boradi va ularga taxminan 8 milliard dollar pul qo‘yib, buyurtmalar beradi. Moskva shoshirmoqda edi. 1919 yilning 27 mayida Martens Litvinovning imzosi bilan telegramma oladi. Litvinov Angliyadagi xuddi shunday operatsiyaga rahbarlik qilayotgan edi. «So‘nggi yil mobaynida bizning butun tashqi siyosatimizda Amerika bilan yaqinlashish ishtiyoqi qizil ip bo‘lib o‘tadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:01:27

Har gal o‘ng kelganida biz Amerika bilan muloqotga kirishmoqchi ekanimizni ko‘rsatish imkonini boy berganimiz yo‘q... Biz amerikaliklarni boshqa ajnabiylardan afzal ko‘rib, ularga har xil iqtisodiy kontsessiyalar berishga tayyormiz».

Rejaga ko‘ra, Ovrupoga bostirib kirish oldidan Amerikaning ko‘nglini ovlashga qattiq harakat qilinmoqda edi. Ammo pul va kontsessiyalar bilan Qo‘shma Shtatlarning xayrixohligini qozonishga urinish chog‘ida o‘zlarining manfaatlarini aslo unutganlari yo‘q.

Garchi Martens o‘lib-tirilib, «sovet hukumatining benihoya tinchlikparvar hukumat ekaniga va AQShning ichki ishlariga mutlaqo aralashishni istamasligiga» Amerika hukumatini ishontirmoqchi bo‘lsa-da, «sovet vakolatxonasi» binosida tintuv o‘tkazgan politsiya u yerda mazmuni oshkora g‘alamislik bilan sug‘orilgan dasta-dasta varaqalar topdi. «Amerika ishchilariga! - deb xitob qilardi varaqalar. -Ishchilarning imperializmga qarshi kurashi — fuqarolar urushidir. Bu urush oshkora tarzda hokimiyat uchun qurolli kurash tusini oladi. Kommunistik Baynalmilal - bunaqa fuqarolar urushi va jahon inqilobining Bosh shtabidir. Amerika ishchilari! Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri sizlarga murojaat qilmoqdamiz, chunki sizlarning vazifalaringiz jahon inqilobi uchun eng muhim vazifa hisoblanadi. Butun dunyodagi eng kuchli va eng vahshiy imperializm bo‘lmish Amerika imperializmini xalqaro ishchilar tomonidan ag‘darib tashlanishi jahon inqilobining hal qiluvchi bosqichi bo‘ladi. Bu sizning va shu bilan birga bizning ham vazifamizdir!»

Martensni AQShdan chiqarib yuborishdi. Tintuv vaqtida «Komintern» ayg‘oqchilarining ro‘yxati topilgan edi. Shu ro‘yxat asosida Amerika politsiyasi 249 kishini qamoqqa oldi va ularni «nomatlub ajnabiylar» sifatida AQShdan chiqarib yubordi. Ularning hammasini kemaga o‘tqazib, Rossiyaga jo‘natishdi. Martens hech qachon diplomatik daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgan emas edi, ammo yashirin holatda ekaniga qaramay, «shunday daxlsizlikka egaman» deb o‘zini-o‘zi ishontirgan edi. Ehtimol, shundan bo‘lsa kerak, «Komintern» ayg‘oqchilarining ro‘yxatini yengiltaklik bilan vakolatxonada saqlagan. Tintuv vaqtida yana ko‘pdan-ko‘p moliyaviy hujjatlar ham topilganki, ular Moskvaning «vakili» Ovrupo va Amerika banklari o‘rtasidagi vositachidan o‘zga kimsa emasligini fosh etgan.

Qayd etilgan