Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 122914 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 41 B


Musannif Adham  15 Iyul 2011, 20:27:04

«Bu kengashda, - deb ko‘rsatma beradi Vladimir Ilich, — qimmatbaho buyumlarni tortib olish haqida, ayniqsa, eng boy monastirlar, ibodatxonalar va cherkovlarning boyliklarini musodara qilish haqida maxfiy qaror qabul qilish kerak. Qarorda bu ishni shafqatsiz qat’iyat bilan, hech narsani yuz-xotir qilmay, juda qisqa vaqt ichida o‘tkazish zarurligi ta’kidlansin. Shuning uchun biz reaktsion burjuaziya va reaktsion ruhoniylar vakillarini qancha ko‘proq miqdorda otib tashlashga muvaffaq bo‘lsak, shuncha yaxshi. Ayni hozirgi paytda bularning ta’zirlarini shunday bermoq kerakki, toki ular keyingi o‘nlab yillar mobaynida qarshilik ko‘rsatishni xayollariga ham keltirmasinlar. 19.III.1922.
Xalq Komissarlari Soveti Raisi V. Ulyanov (Lenin)».

Insoniyat tarixida hech qachon, hatto, qadimgi zolim podsholar zamonida ham bironta davlat boshlig‘i bunga o‘xshash hujjat ostiga imzosini qo‘yishga jur’at qilmagan edi. O’z tuzumidagi jinoyatlarga ko‘p hollarda shaxsan o‘zi fatvo bergan Leninning qat’iyati Stalinning ham, Gitlerning ham havasini keltirgan edi. Stalin Leninning qat’iyati haqida hamisha qoyil qolib gapirardi, bu bilan u go‘yo o‘zining qat’iyatsizligini ta’kidlamoqchiday bo‘lardi. Stalinning o‘zi ko‘p hujjatlarga imzo chekishdan hadiksirar, hatto, harbiy zaruriyat majbur qilganida ham Leningrad ko‘priklari va Moskva korxonalarini portlatish haqidagi buyruqni imzolamagan edi.

O’ziga tobelarning jinoyatlari uchun mas’uliyatni bo‘yniga olgan dohiyning qatiyati ularni qoyil qoldirmasligi va unga hurmat tuyg‘ularini tug‘dirmasligi mumkin emasdi, chunki safdoshlar jinoyatni qilib qo‘yib, uning gunohini buyruq berganga ag‘darishi turgan gap. Mazkur masalada esa hamma mamnun edi: Trotskiy tevaragida uyushganlar mamlakatdan qochib qolishni o‘ylashar ekan, bu tadbir tufayli o‘zlarining g‘arbiy banklardagi joriy hisoblarida yotgan million-million mablag‘larini yanada orttirishga chog‘landilar, Stalinning tevaragiga uyushayotgan va borgan sari ko‘payib borayotganlar esa mamlakatda qolib, zabt etilgan Rossiyada rohat-farog‘atda hayot kechirib, uni bo‘lg‘usi kirdikorlari uchun bir zaminga aylantirish payida edilar. Ular bu mamlakatda qaroqchilik mafkurasini davlat diniga, Leninning o‘zini esa yangi dinning muqaddas sanamiga aylantirmoqchi edilar. Yangi din esa hamisha eskisini mahv etishni taqozo qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:44:23

Cherkovlar, Lenin buyurganidek, «shafqatsiz qat’iyat» bilan «juda qisqa muddat» ichida talon-toroj qilindi. 40 mingta ruhoniy, rohib va dyakonlar otildi, bundan tashqari, cherkov jamoalariga kiruvchi yana yuz ming xudojo‘y otib tashlandi. Sof daromad oltin hisobida ikki yarim milliard so‘mni tashkil qildi (qayta qurish va oshkoralik davridagi yuragi po‘killagan tarixchilarning o‘ta kamtarona hisob-kitoblariga ko‘ra). G’arb mutaxassislarining fikricha, bu raqamni uch baravar ko‘paytirish kerak. Har holda ibodatxonalar va monastirlarning soni juda ko‘p va ularning har biri kamida 300 yillik tarixga ega edi. Eslash mumkinki, ARA 137 million dollar sarflab, 20 milliondan ortiq odamning qornini to‘yg‘azdi va o‘limdan saqlab qoldi. Sovet statistikasining ko‘rsatishi bo‘yicha, 1922—1923 yillarda xorijdan 1 million so‘mlik g‘alla xarid qilingan (asosan urug‘lik uchun). Chorva va qishloq xo‘jalik asbob-uskunalariga kelsak, ular, umuman, xarid qilingani yo‘q. Bu behisob boylik qayoqqa ketdi? Axir, va’da qilinganday, shu boyliklarning o‘zinigina teppa-teng bo‘lib berilganda, hatto Rossiyadek xonavayron mamlakat ham juda qisqa fursatlarda Quvaytga o‘xshagan boy va gullab-yashnagan bir davlatga aylanardi. Ammo, tabiiyki, bunday bo‘lgani yo‘q, chunki ko‘zlangan maqsad butunlay teskari edi.

Bolshevik rahbarlar orasida eng rasvosi va eng qo‘rqog‘i bo‘lgan, shuning uchun ham inqilob dohiysining abjirligiga hammadan ko‘ra ko‘proq madhu sano o‘qib qoyil qolgan Buxarin o‘sha qahramonona kunlarni zavq-shavq bilan eslaydi: «... biz cherkovni ship-shiydam qilib shildik, uning «muqaddas qadriyatlari»ga o‘zimizning olamshumul targ‘ibotimizni qarshi qo‘ydik, bu boyliklardan ochlarga hemiri ham ajratganimiz yo‘q: pravoslav poplar yordamida GPU qoshida o‘zimizning «cherkovimiz»ni barpo etdik. Biz Filaretning donishxonasidagi bo‘tqani mening ko‘nglimga yaqin «kommunizm alifbosi» bilan, ilohiyot qonunini siyosiy savod bilan almashtirdik, shogird bolalarning bo‘yinlaridagi butlarini olib tashladik, ikonalar o‘rniga «dohiy»larning suratini ildik, avom dehqon uchun kommunistcha rasm-rusmlar bilan Ilichning maqbarasini ochmoqchimiz. Xo‘b ahmoqona mamlakat-da!»

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:49:08

1922 yilning mayida patriarx Tixon Muqaddas Sinodning hamma a’zolari bilan birga qamoqqa olindi, 32 mitropolit va arxiepiskop otib tashlandi. Ammo rasman «otildi» degan bilan, aslida vahshiylarcha qiynab o‘ldirildi. Kiev mitropoliti Vladimir tanasi momataloq qilinib, bichilgan, keyin otilgan va qip-yalang‘och holda chohga uloqtirilgan. Patriarx qazo qilgan taqdirda uning o‘rnini egallashi kerak bo‘lgan Petrograd mitropoliti Veniamin qahraton sovuqda ustidan suv quyib yaxlatilgan, keyin cho‘ktirib yuborilgan. Bir vaqtlar o‘z ixtiyori bilan podsho yonidan surgunga ketgan Tobolsk yepiskopi Germogen tiriklay kema chambaragiga bog‘lab qo‘yilgan. Chambarak aylanib uning tanasini laxtak-laxtak qilgan. O’tmishda Yaponiyada xristian dinini targ‘ib qilib dong qozongan Perm arxiepiskopi Andronik tiriklay yerga ko‘milgan. Chernigov arxiepiskopi Vasiliy butga tortilib, yoqib yuborilgan.

«Ayni hozirgi paytda bularning ta’zirini shunday bermoq kerakki, toki ular keyingi o‘nlab yillar mobaynida qarshilik ko‘rsatishni xayollariga ham keltirmasinlar. Lenin».

«Tillaning bahosi keskin pasayib ketishi tufayli jahon birjalarida vasvas boshlandi. Mutaxassislarning fikricha, buning asosiy sababi — jahon bozoriga Rossiyadan ko‘p tilla kelayotganida. Hozirgi paytda bu sho‘rlik mamlakatda hukmronlik qilayotgan bolsheviklar partiyasini bemalol «sariqiblis partiyasi» deb atasa bo‘ladi», — deb yozgan edi ingliz gazetasi «Gardian». 1923 yilning martida «Taym» gazetasi uning gaplarini quvvatlaydi: «So‘l sotsialistlar tomonidan Londonning tadbirkorlar mahallasida joylashgan ikkita olti qavatlik uyning har birini kim oshdi bahosida olti million funt-sterlingdan sotib olingani va to‘rt million funt-sterlingga Karl Marks dafn qilingan joyga uning hashamdor haykali o‘rnatilishi shundan dalolat beradiki, bolsheviklar Moskvada go‘yo ochlarga yordam uchun cherkovdan musodara qilgan pulni nimaga sarf qilishni yaxshi bilishadi. Mahv etilgan Rossiya nechog‘li boy mamlakat bo‘lganini biz endigina anglay boshladik».

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:49:48

O’rta Osiyo mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng, Ovrupo o‘ttiz yillik urushdan keyin, Fransiya o‘n yil davom etgan o‘latdan keyin va hatto, ularning barini qo‘shib olganda ham xarobligi jihatidan Rossiya Leninning salkam yetti yillik hukmronligi oqibatida tushib qolgan holatiga qiyoslab ham bo‘lmasdi. Rus jamiyatining ma’rifatli a’zolarining ko‘pchiligi g‘oyib bo‘ldi — ular yo qirildi, yo dahshat ichida mamlakatdan qochdi. Terror, harbiy harakatlar va ochlik vajidan issiq joyidan begona bo‘lgan millionlab odamlar mamlakatning har tomoniga tarqalib ketdi. Inqilobdan avvalgi bir hovuch proletariat butunlay yo‘q qilindi. O’z xo‘jaligini Ovrupo andozalari darajasida yuritgan eng ilg‘or dehqonlar yo o‘ldirildi, yo noma’lum tomonlarga qochib ketdi. Iqtisodiyot izdan chiqdi. Bir vaqtlar dunyodagi eng qudratli daryo floti halok bo‘ldi. Rossiyaning iftixori — uning temir yo‘llari vayron bo‘ldi, vagonlar amalda yo‘q qilib bitirilgan edi. Xarob bo‘lgan cherkovlar kultepalar uzra halok bo‘lgan sivilizatsiyaga qo‘yilgan haykalday qaqqayib turardi.

Rossiya o‘liklarning suyaklari bilan qoplangan bepoyon dalaga aylandi - uning na ohi, na faryodi qolgan edi. Hammayoqda horg‘inlik, hammayoq oyoq osti qilingan, hammayoq ezib-yanchilgan, eng muhimi - hamma narsa o‘g‘irlangan va talab ketilgan. Podsholarning ag‘dar-to‘ntar qilingan maqbaralaridan tiriklar va o‘liklarning ag‘darilgan kissalarigacha. Hamma asrlarning «jahon inqilobi» degan nom ostidagi eng ulug‘ muttahamgarchilik amalda xotimasiga yetib qolgandi. Biror-bir raqam yo‘qki, bu tadbirni pulga chaqib, narxini aytib bera olsin. Rossiya deb atalgan bepoyon va ulug‘ mamlakatning jamiki milliy boyligi «PARTIYA OLTINI» deb atalgan bitta bahaybat yombiga jo qilindi. Lekin bu bilan hali ish bitgani yo‘q edi. Oldinda yanada dahshatliroq kelajak qora bulut bo‘lib ko‘lanka tashlab turardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:50:11

1922 yilning dekabrida kutilmaganda juda noxush bir voqea ro‘y berdi: Shveytsariya banki Leninning vakili Rotshteynga u mansub bo‘lgan firmaning (u esa bolsheviklar partiyasining vakili edi) sarmoya pullari uchta alohida hisobga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Shaxsiy hisobdagi pullar shundayligicha qolibdi. Qariya Parvus yana bir bor Leninning adabini berib qo‘yibdi. Bu bilan u har qanday ishda, ayniqsa moliyaviy ishlarda chalamullalik ketmaydi demoqchi bo‘libdi-da. Bu zarbadan Lenin yiqildi.

U o‘ziga kelar-kelmas, vrachlar va qarindosh-urug‘larining noroziligiga qaramay, o‘zini Kremlga olib borishlarini talab qiladi. Bu yerga kelib amin bo‘ladiki, bejiz xavotir bo‘lmagan ekan. Uning kabinetini rosa tintishibdi. Seyfni ochishibdi, undan «o‘ta maxfiy» hujjatlarni olishibdi, shu jumladan, bank qog‘ozlari, chek daftarlari va turli-tuman pasportlarni ham olishibdi. Sadoqatli Gorbunov ham g‘oyib bo‘libdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:50:48

Gorkida ulug‘ knyaz Sergey Aleksandrovichning sobiq qasri tevaragida baynalmilalchi jangchilar tunu kun soqchilik qilishadi. 1923 yilning izg‘irinli qahraton tunlaridan birida ular dahshatli uvlashni eshitdilar. Bu ovoz go‘yo uyning tagidan kelayotganday tuyulardi. Tun yarmidan og‘ib qolgan, osmonda to‘lin oy nur sochib turibdi. Miltiqlarning qulfini shaqir-shuqur qilib soqchilar ovoz kelayotgan joyga yaqinlasha boshladi. Ularning nazarida bo‘rilar xuruj qilganday edi. Ammo kelib qarashsa, bo‘ri ko‘rinmaydi. Birinchi qavatdagi oynavand ravonda yumshoq o‘rindiqda Lenin o‘tiribdi. Ustida telogreyka, oyog‘ida piyma etik. U horigan yuzini oyga tutib, cho‘zib-cho‘zib uvillamoqda edi. Yovuz ruh fazodagi birodarlariga iltijo qilib, uni ham o‘zlari bilan erkinlikka olib ketishlarini o‘tinmoqda edi. Lenin qilar ishini qilib bo‘lgan edi...

1924 yil yanvarining qahraton sovug‘ida ishchilar belkurak va misranglar bilan muvaqqat maqbara uchun poydevor kavlamoqda edilar. Bexosdan misrang kanalizatsiya quvurini teshib yubordi. Ammo sovuq shu qadar zo‘r ediki, teshik bir zumda muzlab qoldi. Uni payqashmadi.

Iliq bahor kunlari kelishi bilanoq quvur yorildi va maqbarani najosat bosdi. Uy qamog‘ida toliqib o‘tirgan patriarx Tixon bu xabarni eshitib, g‘ussa bilan dedi: «Gunohiga yarasha jazosi!»

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:51:30

IKKINCHI QISM.

ISTILO.

Lenindan qolgan merosni ko‘zdan o‘tkazar ekan, Iosif Vissarionovich Stalinning norozi bo‘lishi uchun hamma asoslar mavjud edi. Birinchidan, u o‘zini hammadan ko‘proq qaroqchi urgan odamday his qildi. Rost-da, axir u - Markazqo‘m a’zosi, Lenin tuzgan birinchi hukumatning a’zosi, fuqarolar urushi jabhalarida sarsonu sargardon yurib, har daqiqada o‘qqa uchish, nayza zarbiga duch kelish, tilka-pora bo‘lish xavfi ostida eng og‘ir yumushlarni bajarib kelsa-yu, uni tunab ketishsa?...

Buni qarang — u tizzasidan qon kechib, ichterlamalar sassig‘ini yutib, ayni choqda yangi hukumat vakillarining aql bovar qilmaydigan fitnayu nayranglari botqog‘ida timirskilanib yurib, mamlakatning turli burchaklaridan Moskvaga vagon-vagon tillalar, eshelon-eshelon g‘alla (g‘alla deganlari esa vaqti-vaqti bilan tilladan ham qimmat edi) jo‘natib turgan bo‘lsa-yu, ko‘zini shamg‘alat qilib, bularning barini o‘g‘irlab ketishgan, xorijga o‘tkazib yuborishgan, shaxsiy hisoblarga, faol hissadorlik jamiyatlari hisobiga, o‘ng kelganda qo‘lga kiritilgan banklar hisobiga yozdirib qo‘yilgan bo‘lsa... Stalin bularning hammasidan butunlay bexabar edi deb-ku bo‘lmas. Xabardor edi, albatta. Ammo ishning haqiqiy ko‘lamini bilmas edi. Shuningdek, o‘z ulushi (qonuniy ulushi) bu darajada oz bo‘ladi deb o‘ylamagan edi. Uni Kremldagi yog‘liq joyidan va Kominterndan surib, Millatlar Xalq Komissari lavozimiga o‘tqazib qo‘yishgan va xo‘jako‘rsinga tuzilgan Rabkringa (Ishchi-dehqon nazorati) rais qilib qo‘yishgan edi. Shuning uchun Stalin bolsheviklar tomonidan zabt etilgan Rossiyada nimalar bo‘layotganini dabdurustdan anglab yetmadi. Aytgancha, u paytlarda o‘zicha hammasidan voqifman, hamma narsani fahmlab, bilib turibman deb o‘ylardi. Har bir kun uning uchun mutlaqo kutilmagan biror voqea olib kelar va ularni ko‘rib Stalin sodir bo‘layotgan hodisalarning fahmiga yetish chindan-da juda qiyinligiga, balki umuman mumkin emasligiga ishonch hosil qilardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:51:45

Fuqarolar urushi tamom bo‘ldi. Millionlab ko‘zlar unsiz bir savol bilan Leninga qadaldi: kelishib olinganiga ko‘ra «talangan» mablag‘ qachon bo‘lib beriladi? Lenin chaqqon harakatlar bilan kissasini ag‘darib ko‘rsatdi — mana, kissada hemiri ham yo‘q, la’nati burjuylar bor pulni bir tiyinigacha qoldirmay o‘zlari bilan olib qochib ketishdi. Hatto devorlardagi mixlargacha sug‘urib olib ketishdi, kema-kema tuzlarni gum qilishdi. Boshqa gapiradigan gapga hojat ham qolgani yo‘q. Ko‘plar tevarakka alang-jalang qarab, bu gapga ishondi. Ko‘plar bunda biror-bir olamshumul firibgarlik yo‘qmikin deb o‘ylab gumonsiradi. Stalin ishondi, chunki xazina oydagi chuqur kabi bo‘m-bo‘sh ekanini bilardi. Pullar xazinada emas. Xo‘sh, qaerda bo‘lmasa? Bu savol uning o‘zini ham qiziqtirardi. Ammo bundan ham ortiqroq uni boshqa bir masala tashvishlantirar edi - xo‘sh, endi bu yog‘iga nima qilish kerak? Ma’lum bo‘ldiki, bu masalada hech kimning, jumladan, Leninning ham biror-bir aniq rejasi bo‘lmagan ekan. Bundan ham taajjublanarli joyi shundaki, bu to‘g‘rida hech kim jiddiy o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Reja bajarildi, endi g‘oyib bo‘lish, erib ketish kerak, laqablarni o‘zgartirib, Atlantika yoki Tinch okeani to‘lqinlarining sadolari ostida tinchgina aysh-ishrat qilib yashayverish kerak. Bu — o‘marishga usta chapdastlarning mo‘ljali edi. Bunaqalar o‘ttiz kishicha. Xo‘sh, boshqalarchi? Ular nima qilsin?

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:52:14

Nafasni rostlab o‘ylab olish uchun NEPni e’lon qilishdi. Shundan keyin Lenin kutilmaganda «xalqaro proletariat dohiysi» degan sifatini tark etdi-yu, ulug‘ davlatchilik vasvasasiga yo‘liqib, imperiyaparast bo‘ldi-qoddi - endi u jahon inqilobi haqida emas, Rossiya imperiyasini 1914 yildagi hududlarda tiklashni orzu qila boshladi. Avvaliga bunga ishonishmadi — nutqlarining matnini maxfiy ravishda psixiatriya ekspertizasiga jo‘natishdi - biror kor-hol bo‘lib qolmadimikin? U yerdan javob keldi — ha, ahvol chatoq: hayajoni haddan ziyod, gaplarida tuturiq yo‘q, jumlalar chala, ziddiyati ko‘p, muntazam ma’no yetishmaydi. Ammo ma’no bor edi. Buni Stalin darhol ilg‘ab oldi. Jahon inqilobidan hech narsa chiqmadi, shundoq bo‘lgach, Ilich bashorat qilganiday, «biz halok bo‘lamiz». Halok bo‘lmaslik uchun esa haddan tashqari qudratli bir davlat qurish kerak (Leninning nazariyasiga ko‘ra bu davlat allaqachon o‘lib ketishi lozim edi) va ayni ana shu qudratli davlatni qurol qilib olib, jahon inqilobini amalga oshirish kerak. Aytishga oson! Bularning bariga pulni qaerdan topasan? Axir, Vladimir Ilich, siz hamtovoqlaringiz bilan birga shunday badavlat mamlakatning hamma milliy boyligini tubsiz kissalaringizga joylab bo‘libsizlar-ku! Axir, sizning NEPingiz mamlakatni rasvo qilyaptiku! Bu mamlakat jahon inqilobining deposi edi, NEP tufayli u bepoyon bir xashaki bozorga aylanib qoldi-ku! Axir, sizning «eski bolsheviklar»dan tashkil topgan, maqtalgan gvardiyangiz dabdabayu hashamga berilib, ortiq hech narsa bilan qiziqmay qo‘ydi-ku! Qiziqsa ham, faqat kapitalistik mamlakatlardagi ko‘chmas mulku aktsiyalarning narx-navosiga qiziqadi, xolos, ko‘rsalar ham faqat o‘zlari uchun o‘zgalarning nomiga yozib berilgan xorijiy pasportlarni ko‘radi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:52:34

Sekin-asta hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlar ekan, Stalin hayrat bilan ko‘rdiki, bu ishda unga xalaqit beradigan odamning o‘zi yo‘q. Hech kim kelajak haqida jiddiy o‘ylayotgani yo‘q, hamma hozirgi kunidan rozi edi. Faqatgina nomi GPU deb o‘zgartirilgan ChK ishlar edi, ammo u ham allanechuk yalqovlik bilan ishlar, bir kunda otgan odami nari borsa, ikki yuz kishiga zo‘rg‘a yetardi. Chekistlar ham o‘zlarini aldangan deb hisoblardilar. Ular qo‘llarida tutuni chiqib turgan mauzerlar bilan besh yil davomida hamma boyliklarni markazga tashishdi, bu o‘ljadan o‘zlariga ham teng ulush tegishiga umid bog‘lashdi. Qani o‘sha behisob boyliklar? Umidlar umidligicha qolib ketaverdi. Stalin bu ahvoldan juda yaxshi foydalandi. U maxfiy politsiya ustidan nazoratni egallab olar ekan, hokimiyatning ijroiya organi uchun bundan puxtaroq biron narsa o‘ylab topishning iloji yo‘qligini yaxshi tushunardi. Lenin mehr bilan «bolsheviklar» deb atagan odamlar aynab rasvosi chiqib ketdi. Ko‘z ochib yumguncha-ya — bor-yo‘g‘i olti yil ichida shunday bo‘ldi!

Lenin bularning hech qaysisini ko‘rgan ham, anglagan ham emas deb bo‘lmaydi. Juda yaxshi tushunar edi. Ammo muxoliflarining ishtahalarini tiyib yurardi. Inson baxti — pulda emas. Nima qayoqqa g‘oyib bo‘lganini partiya biladi. Ming‘ir-ming‘irlarning ko‘payib borayotgani shu sababdanki, odamlarni kam ota boshladilar. Otuvni kengroq qo‘llash kerak o’rtoqlar! SSSRni barpo etish g‘oyasiga mubtalo bo‘lgan Lenin bo‘lg‘usi «ishchi va dehqonlar» davlatining huquqiy asoslari haqida ko‘p o‘ylaydi. Otuvlar qancha keng qo‘llansa, bo‘lg‘usi davlat shuncha qudratli bo‘lishiga Lenin astoydil ishonadi.

Qayd etilgan