Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 60608 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:08:26

Tabiatan jizzakiroq bo‘lgan Mirhosil Rahmatulloh bilan bu xususda yana bir necha karra bahs yuritdi. Mirhosilning gaplari ba’zan shakkoklik sari yetaklasa ham Rahmatulloh unga haqiqatni sabr bilan uqtirmoqchi bo‘laverdi. Ustozi shayx Ismoil unga shunday ta’lim bergan: «Iymondan qaytganlarga yoki kofirlarga duch kelsang, sabrli bo‘l, Haq-taoloning yo‘lini sabr bilan tushuntir. Shoyad, bugun bo‘lmasa ertaga Olloh ular qalbidagi qulfni ochsa...»
Ollohning zikri bilan band bo‘lib o‘tirgan Rahmatulloh xayolini Mirhosilning ovozi buzdi:

«Men endi xuddi bir somon parchasi...
Lokin zo‘r dengizning cheksiz qo‘ynida,
Jimgina boradir kirsiz qo‘ynimda,
Erkin ko‘paklarning allaqanchasi...»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:08:41

Rahmatulloh tasbeh donalaridan ko‘zini olib Mirhosilga qaradi. Uning qimir etmay yotganini ko‘rib «o‘zicha gapiryapti», deb o‘yladi-da, yana tasbeh donalariga tikildi. Shu onda Mirhosil yana tilga kirdi:

Qipg‘izil qon bo‘lib
Kunlar botadir...
Yomon hidga to‘lib
Tonglar otadir...
Og‘ir kunlar tushdi mening boshimga...


Mirhosil qaddini ko‘tarib, chordona qurib o‘tirdi-da, aybdor odamday boshini egdi.
— She’r tug‘ilib qoldimi, shoir birodar? — dedi Rahmatulloh hilmlik ila.
— Ustozning she’rlarini esladim. Hozir qayda ekanlar, qaysi sassiq barakda yotibdi ekanlar?

«Erkin boshqalardir, qamalgan menman...»
Hayvon qatorida sanalgan menman...»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:08:49

— Shunday odamga jabr qilishdi-ya! — Mirhosil alam bilan bosh chayqadi. — O’z hamkasblari qo‘llariga kishan urib berishdi-ya! Taqsir, erta-indin ustoz qamoqdan chiqib kelsalar, ularning vijdonlari azob chekmasmikin?
— Vijdonlari deysizmi? — Rahmatulloh ajablandi. — Munofiqda vijdon bo‘ladi, deb sizga kim aytdi?
— Ular do‘zaximilar?
— Buni qiyomatda yolg‘iz Ollohning o‘zigina belgilaydi. Biz ojiz bandalarmiz. Kim do‘zaxga, kim jannatga noil bo‘lmog‘i bizga qorong‘i.
— Shunaqa deysiz-u, ko‘rinib turgan aniq narsani tan olgingiz kelmaydi. Odam go‘shtini yeyish harommi? Harom! Harom yeganlar do‘zaxga tushadimi? Tushadi. Tuhmat, g‘iybat odam go‘shti yeyish bilan barobarmi? Barobar... Do‘zaxdan boshqa yerga tushmaydi u mal’unlar. Ammo men ham ularning ketidan do‘zaxga tushishni istardim. Ularning kuyib, jizg‘anak bo‘lib, azoblar chekishlarini ko‘rish uchun ham do‘zaxda bo‘lishni istardim.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:08:56

— Astag‘firulloh! — Rahmatulloh shunday deb tasbeh o‘girganicha pichirladi: «Va ma-a allamnohu-sh-she’rra va ma-a yanbag‘yi lahu...» (Ma’nosi: Biz unga muhammadga she’r o‘rgatmadik va shoirlik uning uchun durust emasdir...Yosin surasi, 69-oyat)
Rahmatulloh shoirlarning fe’l-atvorini bilmagani uchun shu paytgacha bu oyatning mohiyatini durust anglamas edi. To‘g‘ri, ustozi bu xususda ham ta’lim bergan. Rahmatulloh u zotning aytganlarini yaxshi eslaydi. Hozir ham tasbeh o‘gira turib, yodga oldi: «Muhammad alayhissalom modomiki, Olloh-taolo tomonidan yuborilgan payg‘ambar ekanlar, demak, faqat va faqat rost so‘zlamoqliklari shartdir. Nazm esa o‘z ehtirosi, mubolag‘asi bilan rostgo‘ylikni ko‘tara olmaydur. «She’rning eng shirini yolg‘onidir», deb shoirlarning o‘zlari ham e’tirof eturlarkim, o‘z ummatlariga bir umr amal qilinadurg‘on din arkonlarini o‘rgatuvchi, xususan, g‘ayb olami, oxirat diyori haqida xabar beradurg‘on payg‘ambarning shoir bo‘lishi chindan ham durust emasdur...»
Rahmutulloh Mirhosilga ko‘z qiri bilan boqadi. «Bu bandaning ko‘kragida olov bor. Yondiradi, kuydiradi... Buki yurt qayg‘usida bunchalar yonsa, ustozi qanchalar yonar ekan?» deb o‘ylaydi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:09:06

Mirhosil gaplari Rahmatullohga yoqmaganini fahmladi. Ko‘z qiri tashlab qo‘yganini ham sezdi. «Taqsirga ma’qul gap aytish mushkul. Uni aytsang, makruh deydi, buni aytsang, shayton vasvasasi, deydi. Pichirlab duo o‘qiyverar, o‘qiyverar... Durust, Ollohni zikr etmoq — muslim uchun farz. Ammo jihod degan tushuncha ham bor-ku?! Nechun eslamaydi buni?» deb xayoldan kechiradi. Tunov kuni Komissar shunday deganida Rahmatulloh unga qattiq tikildi-yu, indamadi. So‘ng xoli qolib, Mirhosil buni takrorlaganda, «Jihodga qanday ko‘tarilasiz? Chor-atrof g‘ayri din bo‘lsa, farosat egalari oz, kallakesar-muttahamlar ko‘p bo‘lsa, yana munofiqlar...» dedi.
Mirhosil sezib yuribdi: Rahmatulloh Komissarni yoqtirmaydi. Shundan bo‘lsa kerak, uning takliflariga bepisand qaraydi. Qochishdan qo‘rqadimi yo Komissarga ishonmaydimi? Barakda uni hech kim ismi bilan chaqirmaydi. Hamma «Komissar» deydi. Mirhosil uning chindan komissar bo‘lgan-bo‘lmaganini bilmaydi. Ammo katta papka qo‘ltiqlab izvoshlarda, so‘ng avtomobilda kerilib o‘tirganini ko‘rgan. Bu taqsir-ku, ma’lum — bolsheviklarni hazm qila olmaydi. Qizil komandir-chi? U nimaga ishonmayapti? Rahmatullohning o‘ng tomonida g‘ujanak bo‘lib yotgan sochu qoshlari sap-sariq bu odamni «Qizil komandir» deyishlari notanish kishiga g‘alati, hatto kesatiq kabi tuyuladi. Aslida esa u chindan ham qizil komandir bo‘lgan. Frunze taqdim etgan qilichini o‘ynatib, xo‘p davr surgan. Haqiqat deb qilich chopganida, rahmat eshitardi, haqiqat gapni aytib qo‘yib, o‘zini bu yerda ko‘rdi. Kecha yomg‘ir ostida mahbuslar yugurtirilganda yana bir haq gap aytdi, o‘zi kabi qilich chopgan, o‘zi kabi qizil komandir bo‘lgan, biroq, tilini tiya olgani uchun mahbus kiyimini kiymagan sobiq quroldoshi birgina musht bilan ko‘zi atrofini ko‘kartirdi. Bu ko‘k ketar, ammo qoringa tushgan tepkilar asorati ketmas ko‘rinadi. Kechadan beri og‘riq kuchaysa kuchaydiki, kamaymadi. Og‘riq zabtiga olganida beixtiyor ingrab qo‘yadi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:09:26

Hozir ham ingradi. Rahmatulloh tasbeh donasidan ko‘zini olib, Qizil komandirga qaradi. Kaftini uning peshonasiga qo‘ydi.
— Isitmasi bormi? — deb so‘radi Mirhosil.
Rahmatulloh «Ha», deb bosh irg‘adi. Qizil komandir ko‘zlarini ochib, qaddini sal ko‘tardi.
— Komissar qani? — dedi zaif ovozda.
— Chaqirib ketishdi, — dedi Mirhosil.
— Uning taklifini o‘yladim, — dedi Qizil komandir. — To‘g‘ri aytadi: qochish kerak. Qutulib ketolmasmiz balki, ammo o‘lganda ham isyon qilib o‘lish kerak. Bunday yashash mumkin emas. Boshqalarga saboq bo‘lsin. Taqsir, boshqa yo‘l yo‘q.
Kechagi kunga qadar qochish haqida so‘z ketsa, Qizil komandir qat’iy rad etayotgan edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:09:33

«Biz anglashilmovchilik tufayli bu yerlarga kelib qoldik. O’rtoq Stalin bu noma’qulchiliklarni shundayligicha qo‘yib qo‘ymaydi. Men dohiyga xat yozdim. Hademay uyimizga ketamiz», deb ishontirmoqchi bo‘lardi. (Maktublari Boshliq xonasida umrini yashab bo‘lganini u nodon banda qaydan bilsin?) Kecha yomg‘irda bo‘kib, maydonning atalasini chiqarib yugurishganidan so‘ng Boshliq xonasiga haqiqat izlab kirdi. Kirishda dadil edi, dam o‘tmay chap ko‘zi xiralashgan, tepki azobidan bukchaygan holda chiqdi. Hozir uxlab yotgandir, deb o‘ylashgan edi. Yo‘q, uyg‘oq ekan. Uyqusiz tun uni dohiydan marhamat kutish befoyda ekaniga ishontiribdi. Dilida isyon ruhini uyg‘otibdi. Kimga, nimaga qarshi isyon qiladi? Nimaga erishadi? Bir marta isyon qilib-ku, ko‘radiganini ko‘rib yotibdi.
— Taqsir, gapirsangiz-chi... — dedi Qizil komandir.
Rahmatulloh tasbeh donalaridan ko‘zlarini olmagan holda:
— Men sizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga ojizman. To‘g‘ri yo‘lni Yaratganning o‘zi ko‘rsatadi. Bu yerdan-ku qochib qutularsiz, keyin-chi? — dedi. So‘ng pichirlab qo‘shib qo‘ydi: — Innaa lilahi va innaa ilayhi roji’un...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:09:40

— Siz... o‘zingiz bilasiz... xohlasangiz, o‘tiravering,— Qizil komandir shunday deb Mirhosilga qaradi: — Bular hech qachon biz bilan birga bo‘lishmagan.
— Komandir, — dedi Mirhosil keskin ohangda,— o‘ylabroq gapiring.
— Ranjimang, birodar, bu kishi to‘g‘ri gapni aytdilar, — dedi Rahmatulloh xotirjamlik bilan. — Biz faqat Ollohdan yuz o‘girmaganlar bilan birga bo‘lamiz.
— Ha... birga bo‘lasiz... — Qizil komandir shunday deb ingradi. Bu ingrash tan og‘rig‘i azobidanmi edi yoinki ruh azobidanmi edi, hamsuhbatlar farqlay olishmadi. Bir-ikki nafas o‘tmay, Qizil komandir yana tilga kirdi: — Olloh «sabr qilgin», degan — sabr qildik. Olloh «boylikka berilma, kibrga berilma», dedi. Ammo boylar quloq solmadilar. Sabrlilar azobda yuraverdi. Ollohga bo‘yinsunmaganlar rohatda yayrayverdi. Shumi haqiqat? «Olloh», «Olloh» deysiz... Ollohingiz sizdan yuz o‘girgan, shunga aqlingiz yetmayaptimi?
Rahmatulloh pichirlab istig‘for aytdi, ammo Qizil komandirga javob qaytarmadi, bahsga kirishmadi. Mana shu odati mahbus birodarlarining yuragini yorib yuboray derdi. Qizil komandir ham, Komissar ham, ba’zan Mirhosil ham uni bahsga tortishga urinib ko‘rardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:09:49

Biroq, Rahmatulloh ular boshlamoqchi bo‘lgan yo‘lga yaqinlashmas edi. Bir kuni Komissar: «Siz nima uchun bahsdan qochasiz, bizning haqiqatimiz oldida siz ojizsiz», deganida uning xayoliga dastlab «Ya ibni Adama! Ila kam tajolisu-solihiyna va la takunu minhum faiza jalastahum va lam takun minhum famato tuflihu?» degan kalima keldi. Ammo bu muborak so‘zlarga Komissarning fahmi yetmasligini eslab, fikrini lo‘nda bayon qila qolgan edi: «Sizning qalbingizga shayton in qurib joylashib olgan. Siz avval qalbingizni poklang, so‘ng haqiqat xususida men bilan so‘zlashing».
Komissar kirib joyiga cho‘zildi. U har safar navbatdagi «so‘roq»dan qaytgach, shunday qiladi. Ayniqsa, xo‘jayin aroq bilan siylagan damda, hididan payqab qolishmasin, deb boshini ham choyshabga o‘rab oladi. Rahmatulloh buni fahmlagan, uning qadam olishi bejo ekanini sezgan. Shu bois uning gaplari, takliflarini e’tiborsiz qoldirardi. Komissar boshini choyshabga o‘rab olgan bo‘lsa-da, Rahmatullohning o‘tkir nigohini his qildi. U shart choyshabni yulqib, qaddini ko‘tardi — yanglishmagan edi, Rahmatulloh unga qattiq tikilib turardi.
— Nimaga menga bunday qaraysiz? — dedi Komissar titroq ovozda. — Gapiring, maqsadingizni yashirmang, ayting!

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:09:58

Rahmatulloh undan nigohini olib qochmadi. Komissar bundan battar talvasaga tushdi.
— Qaramang menga, — dedi bu safar yalinish ohangida.
Soqchi kirib, Rahmatullohni chaqirmaganida oxiri nima bo‘lishini aytish mushkul edi. Har holda Komissarning bu nigohga chiday olmasdan talvasa olovida qovrilib, oqibat portlashi haqiqatga yaqin edi.
Rahmatulloh o‘rnidan turayotib, Mirhosilga bir qarab oldi. Mirhosil bu qarashning ma’nosini to‘g‘ri anglab, unga ergashdi. Eshikka yaqinlashganida Rahmatulloh Mirhosilga qaramagan holda, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirayotganday dedi:
— Siz esli odamsiz, ehtiyot bo‘ling.
Boshqa gap aytmadi. Randa ko‘rmagan qalin taxtalardan ishlangan beo‘xshov eshikni ochib, tashqariga chiqdi.

Qayd etilgan