Rahmatulloh Boshliqning xonasiga to‘g‘ri yo‘ldan emas, orqa tomondan borishlarini bilib, tunneldan o‘tishga hukm bo‘lganini fahmladi. Simto‘r eshik ochilmay turib Yaratganga munojot etib, bu azoblardan qutqarishni so‘rab edi, shu daqiqada qamoqxona devori ortidagi o‘rmonzorda bug‘uning uzun o‘kiriq ovozi eshitildi. Munojot bilan band bo‘lgan Rahmatulloh avvaliga bu zorli ovozga unchalik e’tibor bermadi. Ikkinchi o‘kiriq yanada baland ovozda, butun o‘rmonzorni, o‘rmonzorning pokiza bag‘riga kanadek yopishib turgan qamoqxonani larzaga solgandek bo‘ldi. Rahmatulloh bir zum to‘xtadi. Uning qulog‘i ostida bug‘uning oddiy o‘kirig‘i emas, «Ollohu akbar!» degan sof, jarangli ovoz yangragan edi. Bunday ovozni u Ka’batullohda eshitar edi. Ulg‘ayib, Turkistonga qaytganidan keyin necha ming marta azon ovozini eshitdi, ammo Ka’batullohdagi muazzin ovoziga o‘xshaganini uchratmadi. Bolalikda qulog‘iga quyilib qolgani uchunmi, bu sof, jarangdor ovoz, bu ohang Rahmatulloh uchun qadrli edi. Nima uchun bug‘uning o‘kirig‘i unga «Ollohu akbar!» bo‘lib eshitildi — o‘zi ham anglamadi. Avvaliga, menga shunday tuyuldi, deb o‘yladi, biroq, bu holat yana uch karra takrorlangach, kalimai toyyibani aytib, beixtiyor osmonga qaradi. Yuzlarini sovuq tomchilar savaladi. Minoradagi soqchilar o‘rmonga qarab palapartish o‘q otaverdilar. Soqchi yelkasiga asta turtib, uni tunnelga yo‘lladi. Rahmatulloh «Bismilloh», deb ostona hatlab, kalimai shahodatni aytdi-yu, so‘ng «Oyatal kursiy»ni o‘qib, o‘zi tomon yugurib kelayotgan itlarga tikildi. Oradagi masofa uch qadam qolganida «Shu qoqsuyak bandani ermak qilamiz» deb vovullab yugurib kelayotgan itlar birdan dumlarini qisib, to‘xtab qoldilar. So‘ng orqalariga qaytib, in-inlariga kirib ketdilar. Rahmatulloh tunneldan o‘tib olgach, xuddi bo‘ri kabi bo‘yinlarini cho‘zib bir necha marta ulidilar.
Bu manzarani ko‘rgan soqchining esi chiqib ketayozdi. Deraza osha qarab turgan Boshliq ham sarosimaga tushdi. Sarosima to‘ridan chiqishga ulgurmay, eshik ochilib, ostonada Rahmatulloh ko‘rindi.