Qizil komandirning xayolidagi bu savolga kimdir «Seni kim kutardi, Azroil kutyapti», deb shivirlaganday bo‘ldi. Vujudini muz xarsangi bosib o‘tganday, a’zoyi badani seskandi. «Bu ham to‘g‘ri, — deb taqdirga tan berdi u, — bu yerdan qochganim bilan uzoqqa yetmayman. Har holda qamoqda, sassiq barakda xunuk basharalar orasida o‘lgandan ko‘ra, erkinlikda o‘lganim durust-ku? Jonim kechqurun uzilsa, yulduzlarni ko‘rib qolarman. Kunduzi o‘lsam, balki quyoshni ko‘rarman. Osmonni bulut bossa hech bo‘lmasa o‘sha bulutni, daraxt shoxini, bittagina giyohni ko‘rib qolaman-ku? Balki yuzimga bittagina pokiza yomg‘ir tomchisi tushar? So‘nggi nafasim chiqayotganda balki tabiatning o‘zi labimga suv tomizar? Ollohning menga ko‘rsatgan marhamati balki shu bo‘lar? Olloh gunohlarimni kechirib, meni shu martabaga loyiq ko‘rar? Domla biz bilan qochsa yaxshi bo‘lardi. O’lsam, janozamni o‘qirdi. Uch kunlik chaqaloqligimda qulog‘imni azon aytib ochishgan ekan. Janozasiz ketsam durust bo‘lmas. Men halol yashadim. Xudo gunohlarimni kechiradi. Men Xudodan emas, nodon dindorlardan yuz o‘girganman. Xudodan yuz o‘girganlar qancha? Yurishibdi hammalari davru davronlarini surib. Men ularday munofiq emasman. Lekin domla meni aynan o‘sha munofiqlar qatorida ko‘radi. Unga haqiqatni tushuntira olmadim. Tushuntirolsam, insofga kelarmidi...