Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 60667 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:15:09

— Umi?.. Buguncha tegmay qo‘ya qol unga. Yana kerak bo‘lib qolar. Uni keyinroqqa olib qo‘yasan. O’ziga o‘xshagan uch-to‘rtta maymunbasharani to‘playsan. Xuddi maymun ovlagandek bo‘lamiz. Taygada maymun ovi! Zo‘r bo‘ladi, a?
— Zo‘r narsalarni o‘ylab topasiz-a, — deb Yordamchi unga xushomad qilib qo‘ydi.
Qizishib olmoq uchun istakonlarni to‘ldirib aroq sipqorishdi. Yordamchi labini kafti bilan artib, tashqariga chiqdi. Dam o‘tmay soqchilar o‘q uzib «Qochdi! Qochdi!» deb baqirib qolishdi. Shundan so‘ng Boshliq xuddi katta ishni qoyil qilib qo‘yganday G’oz yurish bilan xonasidan chiqdi.
Hovliga tushgan zahoti soqchiboshi yugurib kelib, hisob berdi:
— Mahbuslar qochgani aniqlandi.
— Ko‘zlaring qayoqda edi, soqchilaring g‘aflat bosib uxlab qolibdimi? — deb baqirdi Boshliq. — Nechta ekan qochgani?
— To‘rtta.
— Qaysi barakdan?
— Aniqlayapmiz. Soqchilar izdan quvishga shay.
— Sen shu yerda qol. O’zim boraman izlaridan.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:15:16

Shu payt tikanli simto‘r ortidan bug‘uning o‘kirig‘i eshitilib, hamma hushyor tortdi.
Boshliq qochoqlarni quvishga shoshilmayotgan edi. Ayniqsa, bug‘uning o‘kirig‘idan so‘ng ko‘nglida «Men chiqmay qo‘ya qolsam-chi?» degan fikr ham paydo bo‘ldi. Bu fikrning umri qisqa edi. «Mish-mishlarga ishonuvchi qo‘rqoq odamga aylanyapmanmi?» degan ikkinchi fikr birinchisini bo‘g‘ib o‘ldirdi. Boshliq oyoqlarini kerib, qo‘llarini orqasiga qilgan holda bir oz turdi. Keyin papiros tutatdi. U bunday turishni sobiq komandiriga taqlid qilib o‘rgangan edi. Garchi hozir oq zobitlarni ko‘rarga ko‘zi bo‘lmasa-da, o‘zi sezmagan holda ularning ko‘p odatlarini o‘ziga singdirgan edi. Xususan, mana shu turishi, ikki gapning birida «onang-ni», deb so‘kinib qo‘yishi, so‘kina turib tupurishi zobitlardan unga meros bo‘lib o‘tgan. Turkiston o‘lkasiga ilk marta kelganida, hali yigit chog‘ida unda bunday odatlar yo‘q edi. Dalada qo‘sh haydab yurgan yigit bu issiq o‘lkalarga kelib odam o‘ldirarman, deb o‘ylamagan ham edi. Dastlab qo‘zg‘olonchilarni otishda qo‘llari qaltirab tepkini bosa olmagan edi. Bir u emas, yonidagilar ham shu holga tushishgandi. O’sha manzarani u tez-tez eslaydi. «Shunaqangi galvars ekanmana», deb o‘zidan-o‘zi kuladi. O’shanda yigirmaga yaqin qo‘zg‘olonchi otishga hukm bo‘lgan edi. Ular jar bo‘yida, otuvchilarga orqa o‘girib turishardi. «Otilsin» degan buyruq yangrashi hamon boshlarini burib qarashardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:15:25

Ularning ma’yus ko‘zlarini ko‘rgan askarlar miltiq tepkisini bosa olishmas edi. Ana o‘shanda otda o‘tirgan zobit shart qilichini yalang‘ochlab qo‘zg‘olonchilarga yaqinlashgan, ularning kallasini bir-bir uzib tashlagan edi. Askarlar mashq paytida xodachalarga yopishtirilgan loy kallalarni shunday uzishardi. Zobit so‘nggi kallani uzgach, mo‘ylovini buragan, askarlarni avval so‘kib, so‘ng bunga qanoat qilmay, qamchilab xumordan chiqqan edi. Oradan yillar o‘tib, Boshliqning diydasi qotdi, qo‘li qaltiramaydigan bo‘ldi. Uning qilichi ham talay kallalarni bearmon uzdi. Chopon kiyib, salla o‘raganlarni ko‘rganda qo‘li qilich dastasiga boradigan bo‘lib qolgan edi. Tong otishi bilan boshlanajak ov o‘sha o‘rgangan ko‘ngilning o‘rtanishi tufayli edi. Uning ko‘ngli qanchalik o‘rtanmasin, shoshilmadi. Chunki qochoqlarning borar joylari tayin — Komissar belgilangan aniq yo‘l bo‘yicha boshlaydi ularni. O’rmonzorga chiqib, duch kelgan tarafga qochishsa, boshqa gap edi. Buning ustiga, chalajon odamni sudrab yurishlari qiyin. Sal nari ketishsin. Yugurib, sudralib, loyga belanib holdan toyishsin. Aft-basharalarini butalar tirnab azob bersin. Ana undan keyin ovni boshlasa bo‘ladi — Boshliqning rejasi shunday edi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:15:35

8

«Nahot sezdirmay o‘tdik?! Nahot, qochib qutulish nasib etgan bo‘lsa?!» Simtikondan uzoqlashishgani sayin ularni umid hissi tobora chulg‘ab borar edi. Hatto Rahmatullohda ilinj uyg‘ona boshlagandi.
Dastlab tez-tez yurishdi. Qizil komandirga ham quvvat kirganday bo‘ldi.O’limni emas, ozodlikni o‘ylab, qadamini ildam tashlashga harakat qildi. Badanidagi og‘riqlarning to‘xtaganiga o‘zi ham ajablandi.
Qamoqxona tomonda miltiqlardan o‘q uzildi. «Sezib qolishdi», deb o‘ylashdi baravariga. O’q ovozlari ularni yanada tez yurishga majbur etdi. Oyoqlari ko‘lmaklarga tushib, sirg‘anib yiqilishsa ham, tizzalarigacha jiqqa ho‘l bo‘lsa ham, ildam yurishdi. Bir zamon bug‘uning o‘kirig‘i eshitildiyu o‘q ovozlari butunlay tindi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:15:42

Bug‘uning o‘kirig‘ini eshitishi bilan Rahmatulloh to‘xtadi. O’sha zahoti uning quloqlari ostida muazzinning tanish ovozi yangradi. «Bu ne sinoat bo‘ldi?» deb o‘yladi Rahmatulloh.
— Domla, to‘xtamang, — dedi Komissar.
Chindan ham to‘xtab, o‘y suradigan vaziyat emas edi. Tong bo‘zara boshlaganida ular qamoqxonadan o‘n besh-yigirma chaqirim uzoqlashdik, deb mo‘ljal qilishdi. Bunchalik ko‘p uzoqlashishmaganini, balki yo‘l ilonizi qilib olingani uchun shunday tuyulganini faqat Komissar bilardi. Tongda mo‘ljaldagi manzilga yetib kelishgach, dam olishga ruxsat berdi.
Yomg‘ir suvini bo‘kib ichib, xamirdek ko‘pchib qolgan yerga cho‘zilishdi. Tez yurib badanlari qizib ketganidan, holdan toyganlaridan, yerning zaxini sezmadilar. Yer bir necha daqiqa yumshoq ko‘rpadek tuyulib, rohatlandilar. Badanlari sovugach, zax o‘z kuchini ko‘rsata boshladi. Eng avvalo, Qizil komandir tepki azoblarini yana his qildi. Bir necha soat xoli qo‘ygan bu azob endi haqini undirishga qasd qilganday zabtiga oldi. Suyaklari zirqirab, joni halqumiga kelib qolganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:15:49

Komissar qaddini ko‘tarib, daraxtga suyanib o‘tirdi. «Vazifam bitdi hisob, — deb o‘yladi u. — Hozir kelib qolishadi. Komandir azoblaridan birato‘la qutuladi. Mana bular bir-birlarining safsatalarini eshitishdan qutuladilar». Komissar ularga achinganday bo‘lib, bir-bir qarab chiqdi. Rahmatulloh uning xavotir zuhur bo‘lgan nigohini ilg‘adi. «Nimaga o‘tirib oldi, nimaga shoshirmayapti?» deb o‘yladi. Mirhosilda bunday sinchkovlik yo‘q, u o‘zini tamoman ozod his qilib, sururli bulutlar ustida suzmoqda edi. Komissar bir necha oy hamtovoq bo‘lgan yurtdoshlarining o‘lim bilan olishuvlari boshlanishini bilardi. U faqat o‘z qismatinigina bilmas edi. «Bularning nima bo‘lishlari tayin, — deb o‘yladi u. — Men-chi? Daydi o‘q o‘limga yaqin turgan Komandirga emas, menga tegsa-chi?» Shu fikr xayoliga kelib seskandi. «Boshliq ov tugagandan so‘ng qaytasan, devdi. Nima uchun ov tugashini kutishim kerak? Tayinlagan manzili shu yer. Men topshirig‘ini uddaladim. Bularni chalg‘itib izimga qaytaman endi. Boshliq o‘shqirsa, «Gapingizni yaxshi anglamabman», derman. Tepsa, bir-ikki tepar. Ursa, bir-ikki urar. O’qdan ko‘ra musht yegan ma’qulroq». Shu qarorga kelib, u o‘rnidan turdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:15:57

— Jilamizmi? — dedi Rahmatulloh ham o‘rnidan turib.
— Yo‘q-yo‘q, — dedi Komissar cho‘chib. — Sizlar o‘tira turinglar. Men yo‘lni qarab kelay.
— Men birga boray. Yoki Mirhosil borsin. Yolg‘iz yurmaganingiz ma’qul.
— Xavotirlanmang, domla, tezda qaytaman.
Komissar shunday deb atrofga alanglab, yo‘lni mo‘ljal qilgan bo‘lib, so‘ng ohista yurib ketdi. Rahmatulloh tik turgan holida uning izlarini nigohi bilan ta’qib etdi. Azobning temir barmoqlari orasida ezilayotgan Qizil komandir uning ketganiga e’tibor bermadi.
— «Yabna Odama! Iza lam tasdahii minni fa’mal ma shi’ta ya miskinu...»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:16:04

Rahmatullohning pichirlab aytgan gaplari Mirhosilning shirin xayollarini to‘zitdi.
— Taqsir, bir nima dedingizmi?
— Komissar ketdi.
— Ha, yo‘lni qarab keladi.
— Komissar ketdi,— deb yana qaytardi Rahmatulloh.
Mirhosil ajablanib, o‘rnidan turdi.
— Taqsir, unga hali ham ishonmayapsizmi?
— Men har qancha yaxshi gumonda bo‘lmayin, u ketdi. Harakatimizni qilaylik.
— Shoshilmang, shubhangiz noo‘rin.
Shu payt yana o‘q ovozlari eshitildi. Dam o‘tmay bug‘uning o‘kirig‘i yangradi.
— Qayoqqa boramiz? — dedi Mirhosil xavotir ingan kipriklarini pirpiratib.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:16:12

Rahmatulloh Qizil komandirga qaradi. U ko‘zlarini chirt yumib olgan, bularning tashvishiga sherik bo‘la olmas edi. Rahmatulloh engashib, uning peshonasiga kaftini qo‘ydi.
— O’lyapti, boyaqish, — dedi Mirhosilga qarab.
Yana miltiq otildi. Mirhosil o‘q ovozlari qay tarafdan kelayotganini bilolmay alangladi. To‘satdan bosh ko‘targan qo‘rquv uni telba holiga tushirayotgan edi.
Qizil komandir og‘riqqa dosh berolmay baqirib yubordi. Bu nogoh qichqiriqdan ikkovi ham cho‘chib tushdi.
— Astag‘firulloh! — dedi Qizil komandir bu safar pastroq ovozda. So‘ng kalima qaytardi.
— Taqsir? — Mirhosil «Eshitdingizmi?» deganday hamrohiga qaradi. Rahmatulloh eshitdi, ammo Mirhosil kabi ajablanmadi. Chunki «Ey odam farzandi, qachon balo va musibatga yo‘liqsang, meni yodga olasan. Lekin qachon u baloni sendan ko‘tarsam, meni hech tanimas kishidek esdan chiqarib yuborasan», degan kalomning hayotdagi tasdig‘ini ko‘p ko‘rgan edi.
— Fir’avnni bekor eslamagan ekan, — dedi Rahmatulloh.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:16:24

9

Komissar sheriklaridan chamasi uch yuz qadam uzoqlashgach, doira yasab, orqaga qayta boshladi. Qamoqxona shu tomonda bo‘lsa-da, sezib qolishmasin, deb atayin qaramag‘arshi yo‘lni tanlagan edi. Bilishga-ku, baribir bilishadi, qarg‘ashadi, la’nat o‘qishadi. Lekin bu paytda ularning hayoti qil ko‘prik ustida, Komissarniki esa omonlikda bo‘ladi. Ularning qarg‘ishlari, la’natlari yomg‘ir tomchisi kabi yerga singib ketadi. Komissar shunday bo‘lishiga ishonardi.
U butalarni shitirlatmay yurishga harakat qildi. Endi shoshilmas, ko‘lmaklarni chetlab o‘tar, dam-badam to‘xtab, atrofga quloq tutar edi. Sheriklaridan ancha uzoqlashib, mo‘ljaldagi yo‘lga tushib olgach, o‘q ovozlarini eshitib yana to‘xtadi. O’q ovozining qay tomondan kelayotganini chamalayotganida bug‘uning o‘kirig‘i eshitilib, o‘zi kutmagan holda yuragiga qo‘rquv oraladi. U o‘q otilayotgan yerni aylanib o‘tish uchun ovoz kelayotgan tomonni aniqlamoqchi edi. Bug‘uning o‘kirig‘i uning rejasini parokanda qilayozdi. U o‘rmonzorda o‘q o‘tmas bug‘u borligini, bug‘u qandaydir ilohiy kuchga ega ekanini eshitgan, endi ham o‘q otayotganlarni, ham bug‘uni chetlab o‘tishga majbur edi.

Qayd etilgan