Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 60605 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:16:35

Nima uchun qo‘rqib ketganini o‘zi ham bilmadi. Avvaliga qo‘rquvni o‘tkinchi deb o‘yladi. Yo‘q, qo‘rquv uni tark etmadi. Yuragi qinidan chiqquday bo‘lib, tez-tez ura boshladi. Qandaydir kuch uni orqaga, sheriklari yoniga undadi. «Qayt, — dedi o‘sha noma’lum kuch, — ularni yanada uzoqroqqa boshla. Balki qutulib ketishar... Axir, sen ham insonsan-ku? Keyin vijdoning qiynalmaydimi?..»
«Vijdon... vijdon... — deb pichirladi Komissarning lablari. — Qani, kimda bor o‘sha vijdon?! Men umrimni tikkan g‘oyamga sodiqman! Bular — dushman! Men tuhmat qurboniman. Ertami-kechmi, menga o‘xshaganlarning dodi o‘rtoq Stalinga yetadi. Bular-chi? Qochishmoqchi bo‘lishdi... Nodonlar... Dushman dushmanligini qiladi. Baribir o‘limga mahkum edi ular. Hukmni men chiqarmadim. O’zlariga o‘zlari chiqarishdi. Bular baribir o‘ladi. Qamoqda o‘lganidan ko‘ra ozodlikda o‘lgani yaxshi emasmi?.. Men aybdor emasman. Vijdonim pok. Oqlanib chiqqanimdan keyin ularning uylariga boraman. Ozod holda jon berganlarini aytaman...»

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:16:42

«O’lishmasa-chi? Qochib qutulishsa-chi? — dedi o‘sha noma’lum kuch. — Hech bo‘lmasa bittasi qochib qutulsachi?..»
Komissar bu savolga darrov javob qaytara olmadi. «Qutulib ketish qiyin», — deb o‘ziga o‘zi dalda bermoqchi ham bo‘ldi. Ammo bu javobda qat’iylik yo‘q edi. U noma’lum kuch bilan bahslashishni bas qilishga o‘zida kuch topdi-da, tavakkal qilib qamoqxonaga olib borishi mumkin bo‘lgan eng qisqa yo‘lni tanladi. Bu safar qadamini tezlatdi. Vujudini tark etmayotgan qo‘rquv, tezroq jon saqlash qasdidagi hovliqish uning ziyrakligini mahv etgan edi. U tobora telba odam holiga kirib borardi. Endi ko‘ziga ko‘lmaklar ham, yuzg‘o‘lini tirnovchi butalar ham ko‘rinmas edi. Hozir uning panoh topadigan joyi — qamoqxona. O’y-xayoli bir — o‘sha yerga tezroq yetib olish... Bir mahal sayoz tuyulgan ko‘lmakka oyoq qo‘ydi-yu, munkib, yuztuban yiqildi. Avvaliga hech nimani sezmadi. Darrov o‘rnidan turib, yuziga yopishgan loyni yengi bilan sidirib, bir-ikki qadam tashladi-yu, chap oyog‘ida uyg‘ongan og‘riqqa dosh berolmay baqirib, yana yiqildi. Bu safar tez turmadi. To‘pig‘i atrofidagi og‘riq avval boldiriga chiqdi, keyin hamma yog‘i zirqirab og‘riy boshladi. «Eti uzildi shekilli», deb o‘yladi u. Asta qaddini ko‘tardi. Ehtiyotlik bilan qadam bosmoqchi bo‘ldi. Og‘riq uni yana yuztuban qulatdi. Bir oz hushini yo‘qotdi, hushiga kelib, sudrala boshladi. «Yaqin qoldi, sudralsam ham bir amallab yetib olaman», deb o‘yladi. Ust-boshi bo‘kib ketdi. Miyasi qiziy boshladi. Og‘riq kuchaya bordi. Bir ko‘lmak yonida to‘xtab, yuzini yuvdi. Sal yengil tortganday tuyuldi. Yana sudralmoqchi bo‘lganida butaning shitirlaganidan cho‘chib, atrofga alangladi: shoxlar orasida miltiq milini ko‘rdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:16:48

— Otmanglar, bu menman! — dedi jonholatda. — Komissarman, otmanglar. Topshiriqni bajardim.
Shoxlar ikkiga ayrilib, qamoqxona boshlig‘ining yordamchisi, keyin bir askar yigit chiqib kelishdi.
— Ha, Komissar, bu yerda nima qilib yotibsan? — dedi u miltiqni yelkasiga osar ekan.
— Oyog‘im qayrilib ketdi, yurolmay qoldim.
— Boshqalar qani?
— O’sha yerda. Boshliq aytgan joyda.
— Sen komandiring bilan birga bo‘lishing kerak edi?
— Uning ahvoli og‘irlashdi. Hushsiz yotibdi.
— Boshliq sen bilan Komandirni menga hadya etgan edi. Qaerdan qidirsam ekan, deb boshim qotib turuvdim. Oyoq ostidan sudralib chiqding-a. Maroqlanib ov qilamanmi, devdim. Ishni buzding, sen maraz. Bugun chuvalchang otadigan kunim ekan-da. — Yordamchi miltiqni yana qo‘liga olib, Komissarga qaratdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:16:54

— Otmang, axir topshiriqni bajardim.
— Bajargan bo‘lsang, yana yaxshi, — u shunday deb qo‘ndoqni yelkaga tirab, Komissarni nishonga oldi. U Boshliqning topshirig‘ini buzmoqchi emasdi. Boshliq «Komissar tirik qolsin», dedimi, demak tirik qoladi. Faqat payti kelganida uni bir o‘ynatib, tomosha qilsa chakki bo‘lmas. Yordamchi tipirchilab yolborayotgan Komissardan bir qadam naridagi daraxtni mo‘l tepkini bosdi. O’q ovozi daraxtlarning yalang‘och tanasiga urilib aks-sado berdi. Komissar jonholatda bir sakradiyu, yerga qapishganicha qimirlamay qoldi. Uning bu qilig‘ini ko‘rgan askar yigit kulib yubordi.
— Tur! Komissar, o‘zingni o‘lganga solma. Senga o‘q tegmadi. Birinchisi xato ketdi.
Komissar boshini ko‘tardi. Ammo qaddini rostlamadi.
— Axir, men sizlarning xizmatingizni qilyapman-ku? — dedi u yig‘lamsirab.
— Sen sheriklaringga xoinlik qilding.
— Ular sheriklarim emas, xalq dushmanlari...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:17:11

— Hammang bir go‘rsan... Ular dushman bo‘lsa, sen dushmandan chiqqan xoinsan, ulardan ham battarroqsan. — Yordamchi yana tepkini bosdi. O’q Komissarning shundaygina yonidagi yerni titib tashladi.
— Otmang! — U Yordamchi tomon emakladi.
— Orqangga qayt! — deb baqirdi Yordamchi.
Komissar tiz cho‘kkan holida unga najot ko‘zlari bilan boqib, toshdek qotdi. Yordamchi yana o‘q uzdi. Komissarning qulog‘iga endi o‘qning aks-sadosi emas, balki ayol kishining nolasi urilganday bo‘ldi.
«Sen bizni yerimizdan haydab chiqaryapsanmi, seni qaro yer ham bag‘riga olishdan hazar qiladi. Jasading bir quloch lahadga zor bo‘ladi. Murdang qumursqalarga yem bo‘ladi hali...»
Bu nolani eshitib, Komissarning etlari jimirlashib ketdi. Atrofga telbalarcha alangladi. Ovoz egasini qidirdi. Yordamchi undagi o‘zgarishni sezib, «Nima qilarkin», deb kutdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:17:28

omissar bu ovozni bir marta eshitgan, keyin o‘sha zahotiyoq unutib yuborgan edi. Qorako‘lchi boyning oilasini ko‘chirayotganida uning keksayib qolgan zavjasi shunday nola bilan qarg‘agan edi.
Komissar o‘shanda ham, undan oldin ham buyruqni bajargan edi. Dastlab bu xonadonga bostirib kirib, barcha boyliklarni tortib olishdi. Boy ota zarracha qarshilik qilmadi. Faqat bir chekkaga ajratib qo‘yilgan terilarga tegmaslikni so‘radi. «Bularni zakot uchun ajratib qo‘ygan edim», deb yalindi. «Zakot bilan Xudoni aldaysiz, xalqni alday olmaysiz», dedi Komissar.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:17:36

Boy ota indamadi. «Hoy yigit, sen ham, ota-onang ham tuzimdan totgansizlar. Seni odam bo‘lar, deb o‘qitib edim, muhtojlarni qo‘limdan kelganicha suyadim. Haj safariga ketar chog‘imda butun mahalla ahlini yarim yil boqadigan mulk qoldirdim...», demadi. Minnat qilishdan qo‘rqdi. Komissar esa uning shu gaplarini aytishini kutgan, shunga yarasha «Sen bu mulkni xalq qonini so‘rib topgansan», degan javobni tayyorlab qo‘ygan edi.
Komissar bir haftadan keyin eshitdi — Boy ota o‘libdi. Komissar janozaga u yoqda tursin, hol so‘rab ham kirmadi. Onasi ko‘p yalindi, kir, deb, yo‘q, kirmadi. Oradan bir necha yil o‘tib, yana kirdi bu xonadonga. Hammasini ko‘chirdi...
O’shanda shunday nolani eshitgan edi.
«Nahot u jodugarning qarg‘ishi urgani chin bo‘lsa?» deb o‘yladi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:17:43

Bir mahal Yordamchi miltig‘ini yelkasiga osdi.
— Yarim soat vaqt beraman. Lagerga yetib olsang — yetib olding, bo‘lmasa, naq sassiq og‘zingdan otaman.
Bu gapdan Komissar hushiga kelib, o‘rnidan turmoqchi, yugurib ketmoqchi bo‘ldi. Lekin chap oyog‘ini bosishi bilan jon azobida baqirib, yiqildi. Yordamchi, battar bo‘l, dedi-da, cho‘ntagidan papiros chiqarib, tutatdi. Bir necha nafas harakatsiz yotgan Komissar sudrala boshladi. Bu sudralishda yarim soat emas, yarim kunda ham qamoqxonaga yetib ololmas edi. Buni bilardi, lekin «chiqmagan jondan umid» deganlariday, hozirgina eslagan qarg‘ishini ham unutib, olg‘a intilardi. U bir oz sudralgach, ustiga shox-shabba tashlangan o‘raga duch keldi. O’rani bir necha yil muqaddam ovchilar ayiq tutish uchun qazishgan, qamoqxona qurilgach, bu yerlarga kelmay qo‘yishgan edi. Chirib qolgan shox-shabba Komissarni ko‘tara olmadi. Komissar chuqurligi bir yarim odam bo‘yi keladigan o‘raga qulab, hushidan ketdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:17:54

10

Kun yorishdi.
Boshliq yoniga avvalgi ovlarda ham birga bo‘lgan, sinalgan askarlardan to‘rttasini olib, yo‘lga tushdi. Qamoqxonadan picha uzoqlashishgach, yordamchisiga bitta askarni berib, «Sen o‘ngdan yur», dedi. O’zi qochoqlar dam olib o‘tirgan joyga tikka yurib chiqmoqchi bo‘ldi. Yarim soatlar chamasi yo‘l yurgach, ro‘paradagi butalar qattiq shitirladi. Boshliq to‘xtab to‘pponchasini qo‘liga oldi-da, yo‘g‘on daraxt panasiga o‘tdi. Uning ishorasi bilan askarlar ham o‘zlarini panaga oldilar. Shitirlash ovozi kuchayib, dam o‘tmay bahaybat shoxli, bahaybat gavdali bug‘u ko‘rindi.
«O’q o‘tmas bug‘u shumi?» deb o‘yladi Boshliq. Bug‘u to‘xtab, boshini g‘oz tutganicha jim turdi. Boshliq unga qarab ko‘zlari cho‘g‘dek qipg‘izil ekanini, o‘zidan g‘alati yog‘du taratayotganini ko‘rdi. «Qani, ko‘raylikchi, rostdanam o‘q o‘tmas ekanmi?» deb shu ko‘zni mo‘ljalga olib, tepkini bosdi. O’q izsiz ketgandek bo‘ldi — bug‘u qilt etmadi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:18:02

— Otinglar! — deb baqirdi Boshliq. — Ko‘zini nishonga olinglar, ko‘zini!
Askarlar pala-partish o‘q uza boshladilar. Bug‘u «Qani, hunaringni ko‘rsatib qol», deganday bir oz jim turdi. So‘ng tumshug‘ini osmon sari cho‘zib o‘kirdi. Bu o‘kirig‘dan Boshliqning qulog‘i qomatga keldi. Ikki askar miltiqlarini yerga tashlab, orqaga qocha boshladilar. Boshliq to‘pponchasidagi o‘qlarni otib tugatdi. Bug‘u yana cho‘zib o‘kirdi. Boshliq shoshilib to‘p-ponchani qayta o‘qladi. Ammo otishga ulgurmadi. Bug‘u boshini xiyol eggan holda unga daf qilganicha yaqinlasha boshladi. Boshliq beixtiyor tisarildi. Bug‘u uni shoxiga ilib, chetga uloqtirib yuborishga qasd qilgan, biroq maqsadini amalga oshirishga shoshilmas edi.
Uchinchi askar ham allaqachon g‘oyib bo‘lgan, bug‘uning ro‘parasida faqat Boshliq qolgan edi. «Nimaga faqat meni ta’qib qilyapti?» Nima uchun askarlarga parvo qilmadi?» deb o‘yladi Boshliq. Bug‘u uni shunchaki ta’qib qilmas, balki dam o‘ng, dam so‘l tomonga o‘tib, o‘zi istagan yo‘ldan yurishga majbur etardi. Boshliq bir necha marta yiqilib, balchiqqa belandi, afti, qo‘llarini shox tilib yubordi. Bir necha daqiqada u ham qochoqlar holiga tushdi. Hech kutilmaganda bug‘u keskin sapchidi-da, uni shoxiga ilib oldi. Ikki-uch qadam bosgach, boshini qattiq silkib, tipirchilayotgan Boshliqni itqitib tashladi. Boshliq yumshoq shox-shabba ustiga tushganday bo‘ldi. Tik qazilgan o‘ra ustiga tashlangan shox-shabba uni ko‘tara olmadi. Boshliq o‘ra tubida hushidan ketdi.

Qayd etilgan