Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 60673 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:18:13

11

— Nima, shunday turaveramizmi? — dedi Mirhosil.
— Qayoqqa yuraylik? — dedi Rahmatulloh. — Yo‘lni Komissar bilardi.
— Taqsir, hozir pichingning o‘rnimi?
Rahmatulloh bu gapni to‘g‘ri ma’noda aytgan bo‘lsa ham Mirhosil undan ranjidi. Qizil komandir ko‘zlarini ochdi. Garangsib turgan sheriklariga qaradi-da, ingroq ovozda:
— Bu yoqqa yurmanglar, — dedi Komissar ketgan tomonni ko‘rsatib. — O’q ovozi shu yoqdan eshitilyapti. Komissar yo qo‘lga tushdi, yo o‘qqa uchradi. Bo‘lmasa, shu paytgacha qaytardi. Domla, men muddaomga yetdim. Endi menda hayotdan umid yo‘q. Erkinlikda topshiraman jonimni. Sizlar menga qaramanglar. Ketaveringlar...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:18:21

Atrofda sharpa sezilib, uchchovlari ham pusib qolishdi. Bir ozdan so‘ng avval qamoqxona boshlig‘ining yordamchisi, so‘ng esa askar yigit ko‘rindi. Ularning ust-boshlari loyga belanmagan, yuzlarida esa charchoq sezilmas edi. Yordamchi Boshliqning bu yerga yetib kelmaganidan avvaliga ajablandi. So‘ng o‘q ovozlari, bug‘uning o‘kirig‘ini eslab «Bug‘u ovlashga kirishib ketgan shekilli?» deb o‘yladi. Keyin ko‘ngliga bir shumlik kelib, o‘zidan o‘zi quvondi. «Boshliqni bir qoyil qilay», degan xayolda o‘girilib, askar yigitga qaradi:
— Bular eplab qochishni ham bilishmaydi. Yalpayib yotishini qara, — dedi Qizil komandirni imlab ko‘rsatib. — Yana bittalaring qani?
Qizil komandir javob bermay ko‘zlarini yumdi. Yordamchi Mirhosilga yaqin keldi:
— Yana bittang qani deyapman?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:18:33

«Demak, Komiscarni ushlashmabdi», deb o‘yladi Mirhosil.
— Biz uch kishimiz...
— Komissarlaring qani? — dedi Yordamchi Rahmatullohga qarab.
— Net ponimash...
— Tushuntirib qo‘yaymi?
Shunday deb Rahmatullohga musht tushirish qasdida qo‘l ko‘tardi-yu, ko‘zi uning nigohiga tushgach, qo‘lini qandaydir kuch siltab tashlaganday bo‘lib, urolmadi. Sir boy bermaslik uchun kulimsiradi:
— Xo‘p, tushunmasang tushunmabsan. Qani, oldimga tushlaring!
Mirhosil Qizil komandirni suyab turg‘azdi. Ularning qiynalayotganini ko‘rib, Rahmatulloh ham Qizil komandirning qo‘ltig‘idan oldi. Askar yigit oldinda, Yordamchi orqada bordi. Bir chaqirim yo‘l bosishgach, askar to‘xtab, orqasiga qaradi. Yordamchi unga, chetroq o‘t, deb imlab, mahbuslarga buyurdi:
— To‘g‘riga yurlaring!

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:18:41

Ular yana besh qadam bosishgach, og‘zi o‘prilib yotgan o‘ra labiga kelishdi.
— Ha, yurmaysanlarmi? — dedi Yordamchi to‘xtab. — Yo tanish odamni ko‘rib qoldilaringmi?
Mirhosil engashib, behush yotgan Komissarni ko‘rdi.
— U sizlarni orziqib kutyapti.— Yordamchi shunday deb askarni imlab chaqirdi-da, shivirladi: — O’rtadagisi senga, sonidan ot. Ikki chetdagisi menga. Ehtiyot bo‘l, o‘ldirib qo‘yma. Boshliq teringni shiladi-ya!..
Ular nima bo‘lganini bilmay ham qoldilar. Miltiq otilib, avval qizil komandir sapchib tushdi. Keyingi o‘qdan Mirhosil o‘raga quladi. Oradan bir nafas ham o‘tmay Rahmatulloh sonidan qattiq og‘riq sezib, cho‘kkalab qoldi. Keyin bo‘yniga miltiq qo‘ndog‘i zarb bilan urilgach, u ham o‘raga yiqildi.
— Sen o‘lim raqsini hech ko‘rganmisan? — dedi Yordamchi askardan. So‘ng o‘ra labiga kelib, cho‘nqayib o‘tirdi: — Qarab tur, ko‘rasan. Hozir hushlari o‘ziga kelsa boshlashadi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:18:50

Askar yigit ham Yordamchi yonidan joy oldi. O’q ovozlari ham, bug‘uning o‘kirig‘i ham eshitilmay qoldi.
«Ov tugadi shekilli?» deb o‘yladi Yordamchi. Anchagacha o‘rmon sukunat qa’riga cho‘mdi. «Ov tugadi. Boshliq balo, bug‘uni tinchitmay qo‘ymaydi, — degan qat’iy xulosaga keldi u. — Endi Boshliq qidirib ovora bo‘lsa achchiqlanishi mumkin». Yordamchi shu to‘xtamga kelib, askarga buyurdi:
— Uchinchi kvadratga qarab yur. Boshliqni topib, shu yerga olib kel!

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:19:01

Askar buyruqqa itoat etib, o‘rnidan turgan joyida qotib qoldi:
— Bug‘u! — dedi u jonholatda. —O’q-o‘tmas bug‘u!
Yordamchi o‘ylab ham o‘tirmay Bug‘uni nishonga olib, miltiq tepkisini bosdi. Askar esa miltiq otish lozimligini ham unutib, qochdi. Yordamchi yana bir o‘q otdi-da, u ham qocha boshladi... Bug‘u lopillab yugurganicha uni ta’qib etdi. Boshliqni qanday quvlagan bo‘lsa, buning ham dam o‘ng, dam so‘l tomoniga o‘tib, o‘zi istagan yo‘l bo‘ylab quvdi. Yordamchi og‘zi o‘pirilgan o‘ra labiga kelganida taqqa to‘xtadi. Pastga egilib qarashga qo‘rqdi. Orqasiga o‘girilganida boshini egganicha shitob bilan yugurib kelayotgan bug‘uni ko‘rdi. O’zini chetga olishga ulgurmadi. Bug‘uning qattiq shoxi uning ko‘kragini teshib yuborganday bo‘ldi...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:19:19

12

Yana yomg‘ir savalay boshladi.
O’radagilar birin-ketin hushlariga kelishdi. Komissar ularning yaralanganlaridan bexabar, xomush boqayotgan ko‘zlarda aybnoma o‘qiganday bo‘lib, talvasaga tushdi:
— Men yo‘l qidirib yurgan edim. Qochdi, deb o‘yladilaringmi? Ha, bular o‘ylamasa ham siz o‘ylagansiz, — dedi Rahmatullohga tikilib. Rahmatulloh unga javob bermadi. Mirhosil esa unga qarab turib, xasta ovozda dedi:

— «Tonglarning sirlari to‘rni keng yoyganda,
Biz — g‘ofil, uyquning qa’rida qolamiz.
To‘lgan oy ko‘klarda suzilib borganda.
Biz — qo‘pol, tonglarning qahrida qolamiz...
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
Derlarki: «Oylarning nurida vafo yo‘q!»
Demaslar ularki: «Ayb bizda, biz buzuq»...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:19:27

— Aniqroq gapiring, nima demoqchisiz?!
— Komissar... — Qizil komandir so‘nggi kuchini yig‘ib, gap boshladi: — Komissar, sizni hech kim ayblayotgani yo‘q. Siz yo‘l topganingizda ham baribir qo‘lga tushib, o‘lib ketardik. Domla, ayting bunga: o‘lim — haq. Hech kim tirik qolmaydi bu dunyoda. Shuning uchun o‘limdan qo‘rqmaslik kerak. Ibodat qilganlar ham, qilmaganlar ham vaqti kelib, jonlarini topshirishadi. Komissar, biz yaralanganmiz. Bu yerdan tirik chiqishimiz amri mahol. Siz harakat qilib ko‘ring. Hech bo‘lmasa bir kishi tirik qolishi, qachon bo‘lmasin yurtga qaytib, bizning dushman emasligimizni yetkazishi kerak. Har birimiz yurtni o‘zimizcha sevdik, o‘zimizcha xizmat qildik. Har birimiz bir joyda qoqildik, bir yerda adash yo‘lga kirdik...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:19:33

Qizil komandirning keyingi so‘zlarini anglash mushkul bo‘ldi. Pichirlab, yamlab aytilayotgan so‘zlar tindi. Yarim ochiq ko‘zlar yumildi. Sariq kipriklar qovushdi. Mirhosil savol nazari bilan Rahmatullohga qaradi. Rahmatulloh uning nigohini sezmaganday jim o‘tiraverdi.
Tildan qolgan Qizil komandir endi gapini xayolan davom ettirar, dam bulutlar ustida sarxush uchib, dam qattiq yerga qulab azoblanardi. Ko‘zlari yumuq bo‘lsa-da, tutqun hamrohlarini ko‘rib turganday tuyulardi. Bir mahal tutqunlarni oppoq bulut bag‘riga yutdi-yu, ko‘rinmay qolishdi. Bulut tarqalganda ularning o‘rnida ko‘zlari o‘yib olingan o‘sha oqsoqol turar edi. Uning ikki qo‘li oldinga cho‘zilgan, ikki kaftida ikki ko‘z soqqasi turar edi...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:19:40

— Ma, ol bu ko‘zlarni, — dedi Oqsoqol.
— Kerakmas, — dedi Qizil komandir. — O’zimning ko‘zlarim bor.
— Ko‘zlaring ko‘rmaydi. Ko‘rsa edi, do‘st kim, dushman kim, farqlar eding.
— Vaqt o‘tdi endi... Yaramga tuz sepmang.
— Qishloqqa kirganing esingdami?
— Esimda. Qishloq kimsasiz edi.
— Qishloqda faqat men qolgan edim. Ko‘zim ko‘r bo‘lgani uchun uyda yolg‘iz mengina qolgandim. Ko‘zim nima uchun o‘yib olinganini aytmadim, a, o‘shanda? Senday norg‘ul yigit edim. Muhammad Amin eshon qanotiga kirib, g‘azotga qo‘shilganim uchun o‘yishgan ko‘zlarimni. Juda ko‘p odamni o‘ldirishdi. «Olloh», degan tillarini kesishdi. Sen u damlarni bilmaysan... Sen o‘shalarga qarshi ot surishing kerak edi.

Qayd etilgan