Tohir Malik. Ov (qissa)  ( 60604 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 B


shoir  16 Iyul 2006, 07:19:47

— Bu gapni aytgansiz...
— Ha, aytganman. Yuragim zardobga to‘lib aytganman. O’sha kuni dashnoqlar kelib «Bosmachi yo‘lini to‘samiz, handaq qazinglar», deb keksayu yoshni qirga haydadi. Shomga yaqin nabiram qaytdi. Dir-dir titraydi. Qo‘rqib ketgan ekan bechora. Barchani qilichdan o‘tkazib, o‘zlari qazigan handaqqa ko‘mishibdi. Ollohning marhamati bilan nabiram qochishga ulguribdi. Nima bo‘lganini aytdi-yu, o‘ldi. Yuragi yorilib o‘ldi. Keyin sen askarlaring bilan kelding. Dashnoqlarni quv, dedim. Sen beklarga qarshi ot surding...
— Eslatmang u damni. Adashganman. Men ham Xudoning bir gunohkor bandasiman. Armon bilan topshirayapman omonatimni. Jonimning qiynalishi ham shundandir.
— Sen xun olmading.
— Ololmadim...
— Endi kim oladi? Ruhimiz chirqirab qolaveradimi?
— ...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:19:54

— Gapir.
— Meni qiynamang.
Shu payt Oqsoqol yonida Komissar paydo bo‘ldi. Qo‘lida chegalangan kosada za’faron suv.
— Komissar, kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Ichim yonyapti. Yuragimdagi armonlarim cho‘qqa aylanganga o‘xshaydi. Suvni menga olib keldingizmi, rahmat.
— Suv sizga, ammo bitta shartim bor: Xudo yo‘q, deb ayting, payg‘ambar aldoqchi, deb ayting.
— Komissar, qo‘ying bu gaplarni. Men hech qachon bunday demaganman.
— Demagan bo‘lsangiz, endi ayting. Suvni iching. Tashnalikni bosing. Orom oling. Suvni ichsangiz qo‘zingiz ochiladi, shifo topasiz.
— Bolam, bu shaytonning gapiga kirma, — dedi Oqsoqol.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:20:02

Komissar uni nari itardi. Talabini yana qaytardi. Shu damda Qizil komandir Rahmatullohning ovozini eshitdi, aniq eshitdi:
— La ilaha illolloh...
Rahmatullohning ovozi eshitilishi bilan Komissar g‘oyib bo‘ldi.
«Suv» dedi Qizil komandir.
Uning ovozini yonidagilar eshitmadi. Bittagina yomg‘ir tomchisi labiga tushib, joni rohatlandi. Chuqur-chuqur nafas oldi-da, jimib qoldi. Burun kataklari kerildi. Changak bo‘lib turgan oyoqlarini uzatdi. Rahmatulloh surilib, Mirhosil bilan joy almashdida, Qizil komandirga yaqinlashdi. Uning nafas olishi yana tezlashdi, keyin birdan susaya boshladi. Rahmatulloh kaftini uning jag‘iga qo‘yib, dona-dona qilib kalima keltira boshladi. Qizil komandir ko‘zlarini ochib, nimanidir qidirib olazarak bo‘ldi. Rahmatullohni ko‘rib, jilmaydi. Shu alpozda ko‘z qorachig‘i ham qotdi. Nafasi ham o‘chdi. Rahmatulloh bir kafti bilan uning jag‘ini ushlaganicha ikkinchi kafti bilan ochiq ko‘zlarini yumdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:20:09

Mirhosil ich ko‘ylagini yirtdi. Marhumning jag‘ini, oyoqlarini bog‘lab qo‘yishdi. Qizil komandirning ustidagi kalta to‘nni yechib, yuziga yopishdi. Komissar qunishib o‘tirganicha ularning ishiga aralashmadi. Rahmatulloh devorni tirnab jasadning ustiga tuproq to‘kmoqchi bo‘ldi. Bir necha marta tatalagandan so‘ng tirnoqlari orasidan qon chiqdi. Sonidan oqayotgan qon holdan ketkazdi. Pichirlab «Taborak»ni o‘qiy boshladi. So‘nggi oyatlarni o‘qiyotganida tepada shoxdor bug‘uning qorasi ko‘rindi. Rahmatulloh duo qilayotganida u o‘kirdi. Rahmatulloh boshini ko‘tarib, tepaga qaradi. Qulog‘iga muazzinning shirali ovozi urildi — «Ollohu akbar!» Rahmatulloh ovoz chiqarib tasbeh aytdi. Bug‘u yana cho‘zib-cho‘zib o‘kirdi. Rahmatulloh qulog‘iga muazzin tasbeh aytganday bo‘ldi.
Bug‘u pastga tushishga intilganday tipirchilab, o‘ra atrofida aylana boshladi.
— Tushmoqchiga o‘xshaydi, — dedi Komissar uning harakatini kuzatib. — Tushsa, hammamizni bosib o‘ldiradi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:20:16

Bug‘u ham shuni o‘ylabmi, pastga tushishga harakat qilmadi. Old oyoqlarini bukib o‘ra labiga cho‘kkaladida, boshini egdi. Rahmatulloh ham, Mirhosil ham ko‘p qon yo‘qotganlari sababli o‘rinlaridan qimirlashga majollari yo‘q edi. Komissar o‘ra devoriga suyanganicha o‘rnidan turdi. Tepaga qo‘lini cho‘zdi. Qo‘li bug‘uning shoxiga yetay-etay dedi. Yarim qadam yonga surilsa, murda ustiga oyoq qo‘ysa yetadi. Shuni xayol qilgan damda, Mirhosil uning maqsadini anglab qolib, surildi.
— Komissar, yelkamga qo‘ying oyog‘ingizni.
Mulozimat uchun fursat yo‘q edi. Komissar sog‘ oyog‘ini yigitning yelkasiga qo‘yib ko‘tarildi-da, bug‘uning shoxini mahkam changalladi. Bug‘u boshini osonlik bilan ko‘tarib, uni o‘radan tortib oldi. Keyin yana cho‘kkalab boshini egdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:20:23

— Ey jonivor, bizni chiqara olmaysan, — dedi Mirhosil unga qarab. — Taqsir bilan qismatimiz bir ekan. «Mangu tutqunlikka kirdimi o‘lka, xayolda porlagan shamlarmi so‘ndi?» Agar gapimizga tushunayotgan bo‘lsang, Komissarni qamoqxonaga eltib qo‘y. U bizni sotdi.
— Sotganim yo‘q! — deb baqirdi Komissar o‘tirgan yerida.
— Sotdingiz, Komissar, o‘layotgan damda to‘g‘ri gapni aytib qolay. Siz uzoq umr ko‘rishingiz kerak. To o‘lguningizcha shu o‘rani eslaysiz. Eslab qiynalasiz. Men uzoq umr ko‘rishingizni istayman. Bug‘ujon, uning hayotini asra, o‘lmasin...
Bug‘u uning gaplariga tushunganday bo‘ldi. Qaddini tiklab, Komissarga yaqinlashdi-da, boshini egdi. Komissar avvaliga uning harakatiga tushunmadi. Keyin shoxiga osildi. Bug‘u asta yura boshladi. Komissar ertaklardagina sodir bo‘lguchi bu kutilmagan hodisadan xursand edi. Sudralayotgan oyog‘ida og‘riq tursa ham ko‘ngli charog‘lanib borar edi. U o‘lmay qolganiga chippa-chin ishondi. Bug‘u to‘xtamasdan yurdi. Komissarning qo‘llari toldi, ammo chidadi. Ancha yo‘l bosib o‘tilgach, bug‘u to‘xtab, Komissar o‘zini o‘ra og‘zida ko‘rdi. «Shu joyga aylantirib olib keldimi yana?» deb o‘ylab, shoshilganicha pastga qaradi va... harakatsiz yotgan Boshliq bilan Yordamchini ko‘rdi-yu, qo‘rquvdan yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Sudralib nari ketmoqchi edi, ulgurmadi. Bug‘u shoxi bilan surib uni o‘raga qulatdi-da, cho‘zib-cho‘zib o‘kirib qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:20:31

Komissar nazarida o‘raga qulamadi, balki yumshoq gilam ustiga yumaladi, bu gilam uni osmonga ko‘tarib, suzib ketdi. Anchagacha sarxush kezdi. So‘ng bir tanish ovozni eshitdi:
— Seni o‘ldirgan odam to‘g‘ri jannatga tushadi!
Kimniki edi bu ovoz? Ha... Boy otaning kenja o‘g‘liniki... Mulklari musodara etilgach, uch kundan keyin «Otam chaqiryaptilar», deb kelgandi. «Bormayman, — degan edi Komissar. — Boylar bilan gaplashadigan gapim yo‘q». «Otam qon siyib yotibdilar. Sizga aytar gaplari bor ekan». «Bilaman nima deyishini otangning. Meni o‘qitish uchun pul berganini pesh qiladi-da. Tag‘in ham oson qutuldilaring. Boylarning kuni bitgan, otangga aytib qo‘y».
Boyning o‘g‘li bu gapga chiday olmasdan unga tashlangan edi. To‘pponchasi yonida bo‘lmaganida Komissarni bu hirsday yigit bo‘g‘ib o‘ldirishi mumkin edi. Osmonga qarab bir o‘q uzganida yigit qochdi. Qocha turib aytgan edi bu gapini.
Oradan yarim soat o‘tmay eshiklari oldida arava to‘xtadi.

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:20:49

— Boy otamning o‘zlari kelibdilar, — dedi Komissarning onasi. — Jon bolam, ularning tuzini totganmiz, otang o‘lganlarida kafanlikni ham Boy otam berganlar. Tuz haqqi bu kishiga qattiq gap aytma, ranjitma, jon bolam...
Ko‘cha eshigi qiya ochilib, Boy otaning to‘ng‘ich o‘g‘li ko‘rindi.
— Hech bo‘lmasa shu ostonaga kelarsan? — dedi u dag‘al ovozda.
Komissar onasining zo‘ri bilan ostonaga qadar bordi. Boy ota holdan toygan bo‘lishiga qaramay, tirsagiga tiralib, qaddini sal ko‘tardi.
— Bolam, men sendan bir nima talab qilib kelmadim. Sendan so‘raydiganim bitta — rozi bo‘lgin. Esingdami, qimorda yutqazib pul so‘raganingda yuzingga bir tarsaki urgan edim. Haqqim yo‘q edi urishga. Shunga rozi bo‘lgin, bolam. Ayt, rozi bo‘ldingmi?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:20:57

...Ancha yil burun bo‘lgan edi bu voqea. Boy ota chindan ham tarsaki tushirgan edi. Ammo qarzni to‘lab, so‘ng uni o‘qishga joylab qo‘ygandi...
Komissarning onasi qulog‘i ostida shivirladi:
— Roziman, degin, bolam.
Komissar indamadi.
— Boy ota, bolam mingdan ming rozi, hammamiz rozimiz. Siz ham...
— O’z og‘zi bilan aytsin.
Komissar indamadi. Boy ota boshini yostiqqa qo‘ydi...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 07:21:05

Komissar shularni esladi-yu, ko‘z o‘ngida Boy ota gavdalandi. Uni so‘nggi marta bemor holida, arava ustida tirsagiga suyangan holda ko‘rgan edi. Hozir toza kiyimlar kiygan, xushro‘y holda ko‘rdi.
— Boy ota, men o‘shanda majbur edim, — dedi Komissar.
Boy ota jilmayib qo‘ydi-yu, indamadi.
— Men sizdan rozi bo‘lganman. Siz ham rozi bo‘ling...
Boy ota yana indamadi...
Komissar ko‘zlarini ochdi. O’ra og‘zida bulutli osmonning bir parchasigina ko‘rinib turardi. Bug‘u ko‘rinmas, uning ovozi ham eshitilmay qolgan edi.
O’rnidan qo‘zg‘olmoqchi edi, belida qattiq og‘riq turib, baqirib yubordi. «Nima balo, belim sinibdi-mi? — deb o‘yladi. — Bir oz dam olay, keyin chiqishga urinib ko‘raman. Mana bularni ustma-ust qo‘ysam, chiqib ketaman. Bu o‘ra pastroqqa o‘xshaydi... Bular tirikmi yo o‘likmi?..»

Qayd etilgan