Rivoyat qilishlaricha, Imomi A'zam Abu Hanifaning otalari Sobit bir kuni tahorat olmoqchi bo‘lib, ariq bo‘yiga kelibdilar. Shu payt ariqdan oqib kelayotgan bir qirmizi olmaga ko‘zlari tushibdi. Sobit olmani olib, bir tishlabdilar. Tishlabdilar-u, "Ie, bu qaysi bog‘ning olmasi ekan, egasini rozi qilmay yeb qo‘yibman-ku! Oxiratda buning javobini qanday beraman?" deya o‘ylanib qolibdilar.
Va olma oqib kelgan tomonga yuribdilar. Biroz yursalar, ro‘paradan bir bog‘ chiqibdi. Bog‘da suv tarab yurgan bog‘bondan so‘rabdilar:
- Mana shu olma sizning bog‘ingizdanmi?
- Ha, mening bog‘imning hosilidan.
- Unda yo olmaning haqini oling yoki rozi bo‘ling. Men olmani bilmasdan yeb qo‘yibman.
Bog‘bon ro‘parasida halol, odil va insofli yigit turganini sezibdi. Dilida tug‘ilgan niyati tiliga ko‘chibdi:
- Bitta shartim bor. Agar shu shartga ko‘nsangiz, men olma uchun rozi bo‘laman.
- Shartingizni ayting, - debdilar Sobit.
- Bir qizim bor: ikki ko‘zi ko‘r, tili gung, ikki oyog‘i va ikki qo‘li shol. O‘shani nikohingizga olasiz.
Sobitning ko‘ksidan "e, voh" degan nido otilib chiqibdi. Shartga ko‘nay, desalar, bir olmani deb hayotlarini bir umrga majruh qiz bilan bog‘lash og‘ir. Ko‘nmasalar, olma egasi rozi bo‘lmay, qiyomatda azobga qoladi. Sobit o‘ylab-o‘ylab, oxiri o‘sha qizga uylanishga rozilik beribdi. Oqshom guvohlar ishtirokida nikoh o‘qilib, kuyov qiz haramiga kiribdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisida bir parivash ta'zim bilan salom berib turibdi.
- Ey qiz, siz kimsiz? - so‘rabdilar Sobit.
- Men bog‘bonning qiziman, bugun sizga nikohlashdi-ku, - debdi sohibjamol qiz.
Voqea sababini bog‘bondan so‘rabdilar. U esa o‘z shartini shunday sharhlabdi: ko‘r deganim - esini taniganidan buyon harom ishlarni ko‘rmadi; gung, soqov deganim - hanuzgacha yomon va beodob so‘zlarni tilga olmadi; ikki qo‘li shol deganim - o‘zgalar haqqiga qo‘l uzatmadi; ikki oyog‘ining sholligi - ostona hatlab gunoh ishlarga qadam qo‘ymaganidir, debdi. Sobit bu baxtdan xursand bo‘lib, o‘ziga bunday pokdomon, halol juftni ro‘para qilgani uchun Alloh taologa beadad shukronalar aytibdi. Ana shu ikki pokiza va halol insonlardan Imomi A'zam rahmatullohi alayÂhidek buyuk zot dunyoga kelgan ekan.