Kutubxona > O'zbek adabiyoti

Boborahimning sariq gullari. Ibrohim G'afurov (hikoya)

<< < (3/4) > >>

Muhyiddin:
Boborahim so’ylagali og’iz juftladi. Lekin pirga shogirdlar oldida tush aytib o’tirish bolalikday tuyulishini angladi.
— Majnun xayoli meni ta’qib etayotir, pirim, — deya oldi u.
O’sha yili Savr oyi u katta karvon bilan Qo’qon, Andijon, O’sh, Saritosh orqali Ulug’chot dovonidan o’tib Qashqarga keldi. Muzli tog’larning buyuk haybatini ko’rdi. Boborahim qo’rquv hissi nimaligini bilmasdi. G’oyatda chayir, kuchli yigit bo’la boshlagan edi. Ulug’chot-ga ne mashaqqat bilan ko’tarilganlarida Boborahim bu aql bovar qilmas haybat o’trusida birdan o’zini ovozi butun turkiy ellarni tutgan sarbaland shoir deb tasavvur qildi.

Muhyiddin:
Mana, ikkinchi yilga qarab tortdi uning Qashqar tahsili. Pir goh hud, goh behud. Zamonning o’tkinchi ishlariga ko’p bosh qo’shadir. Muridlarni hali yosh deb yilqiga jo’natadir. Lekin nazari o’tkir. Uning ko’zidan hech narsa qochib qutulmaydi. Boborahimga ko’p iltifotlar qiladir. Uning abyotlarin savol-javob kezlari atay o’qittirib, mung ila quloq osadir.
— Bo’tam, abyotlaringni sho’x va munglig’ yozasan. Bitiklaringda Xudoning to’g’ri yo’lini kidirasan. Faqat ko’rqamenki, isyonlaringda ifrot jo’shqinlik bor. Andin o’zingni bark tutgil.
Bir kez Xojam iltifot aylab, Boborahim bir tur yangi bitgan g’azallaridan o’qiganda, unga yangi chakmon to’n, bir xachir va bir g’oyatda nafis yasalgan tanbur tortiq qildi.
— Haqiqat mayidan doim mastu mustag’riq bo’lib yurgaysan. Abyotingni emdi Mashrab ismi birlan bitgil, — deb oq fotiha bergan va barcha muridu ulamolar bunga omin degan edilar.

Muhyiddin:
O’shandan beri Boborahim tahsildan ozod chog’lari Qashqarning mashhur sozandalariga qo’shilib maqom yo’llarini o’rgandi. Ajabki, u maqomlarni juda tez o’zlashtirib oldi. Maqom kuylarini qancha sevib chalsa, dilida g’azallar shuncha jo’shib, lazzatli titroqlar ichida quyulib kelardi. U oz vaqt ichida nay va ud chalishni ham xo’b o’rganib oldi. Sozandalar uning ko’p g’azallari, muxammaslari, mustazodlarini maqom kuylariga solib ayta boshladilar. Bu otashin g’azallar sho’x-shan Qashqar elida va undan o’tib butun Farg’onayu Shoshda shuhrat tutdi.
Boborahim qizil olma tagida tanburni olma shoxiga ilib qo’ygancha uzoq xayolga tolib o’tirdi.

Muhyiddin:
So’ng olmalarni to’kib yubormaslik uchun shoxlarga avaylab oyoq qo’yib, daraxt tepasiga ko’tarildi. Eng yuqori ayri shoxga o’rnashib, tepadagi baayni loladay qizarib pishgan naqsh olmalarni savatga tera boshladi. Birpasda savat qizil olmalarga to’ldi. Daraxt ustida olmaning hidi yanada o’tkirroq, yanada muattarroq edi. U pastga tushmoqchi bo’lib turgan edi, shu tob yaqin o’rtada jiydazor va terakzor tomondan bulbulning jarangdor chaxchaxlagan ovozi eshitildi. Boborahim o’zicha maqomlarni bulbul yaratgan, odamga ularni chalishni bulbul o’rgatgan deb yurardi. Bog’ning jimjitligida bulbulning xonishi shu qadar teran yangrar ediki, go’yo olamda shu jigarso’xta kuydan o’zga g’am, o’zga shodlik, o’zga o’yin yo’qday edi. Boborahim ko’zlarini yumdi va asta oyog’i turgan ayri shoxga o’tirdi. Shoxlar orasiga yaxshilab o’rnashgach, u ko’zini chirt yumgan ko’yi o’zini sayrayotgan bulbul o’rnida tasavvur qila boshladi. Boborahim o’zini o’zi sevgan narsalar ichida yoki o’zini ularning o’rniga qo’yib tasavvur qilish va xayolida tasavvurining suvratlarini chizishni juda yoqtirardi. U shu tobda dilini bulbulga ko’chirdiyu, shu bilan bor dunyoni unutdi. Bilmaydi shu alfozda daraxt tepasida qancha o’tirdi. Bir zamon oyog’i ostida olma tagida nedir tingir-tingir qilayotganini va bu tovush borgan sayin bulbul sayrog’ini bosib ketayotganligini his qildi. Boborahim hushi o’ziga kelib pastga qaradi. Pastda qizil ro’mol o’ragan, qizil nimcha va qizil ko’ylak kiygan o’n besh yoshlardagi bir qiz uning tanburini shoxdan olib havas bilan ohista chertardi. Boborahim sharpa berdi. Qiz uning sharpasini darhol sezdi. Boshini ko’tarib shoxlar oralab daraxt tepasiga qaradi. Uning katta-katta qora qiyiq ko’zlarida allanima yilt etib ketdi.

Muhyiddin:
— Mullaka, bizning savatimizni ham qizil olmangizga to’ldirib bermaysizmi? Oyimlar olma tilashyaptu.
— Hozir, hozir, bosh ustiga, — dedi Boborahim va o’ng qo’lini qoshi ustiga qo’ydi. So’ng olma shoxlarini larzon qilmaslik uchun ohista pastga tushdi. Qo’lidagi olma to’la savatni yerga qo’ydi va qizning rangin cho’plardan chiroyli yasalgan savatini olib yana olma ustiga ko’tarildi. Savatni bir zumda sara olmalarga to’ldirdi.
— Bu tanbur siznikimi, mullaka? Tanburingiz chiroyli ekan. Qiz yigitning javobini kutmay savatni qo’liga oldi va asta ariq bo’ylab yura boshladi. Savatni eshikkacha eltib beray, qiynaladi, — deb o’yladi Boborahim va qanchalik qisinmasin, qiz ortidan yurib savatni uning qo’lidan oldi. Qiz ortiqcha e’tiroz bildirib o’tirmadi.
— Mullaka, sizni Namangandan kelgan deyishadi, to’g’rimi? — u yana savoliga javob kutib o’tirmay so’zlay boshladi: — Men esa O’shdan kelganman. Otam meni pirimga nazir qilgan. Ikki yildan oshdi bu dargohga kelganimga... Sizni qirda lola saylida ko’rganman. Ko’p g’azal aytishgan edingiz.

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

[*] Previous page

Go to full version