Badr jangi
Qurayshning zulmiga uchragan va mol-mulkini Makkaga tashlab Madinaga hijrat etishga majbur bo‘lgan musulmonlarga Janobi Alloh jang qilish ruxsatnin berdi. Musulmonlarning son va ulov jihatidan oz bo‘lgan askarlari Quraysh qo‘shinlari bilan yuzlashdilar. Nusayba ham o‘g‘li Abdullohni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga yubordi. Abdulloh mo‘ylovi endi sabza urgan yigit edi. Yuragi imon va jasarot bilan to‘lib toshgan Abdulloh doimo onasining o‘gitlarini unutmay, mushriklar ustiga tashlanardi.
Shonli Badr zafarining xabarlari Madinai munavvaraga yetib borgach, musulmonlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va Badr g‘oziylarini takbir va tahlil ovozlari bilan kutib olishga chiqdilar. Nusayba ham Badr g‘oziysi bo‘lish sharafiga erishgan o‘g‘li Abdullohni cheksiz sevgi va shafqat bilan bag‘riga bosdi va porloq peshonasidan o‘pib tabrikladi.
Hayot har doim bir maromda ketmaydi, o‘ziga yarasha achchiq va shirin kunlari bo‘ladi. Sevimli eri Zayd ibn Osimning vafoti Nusaybaga qattiq ta’sir qildi. Ammo Nusayba tasallini kuchli imonidan topib, Janobi Allohning taqdiriga bo‘yin egdi. Sabr bilan Allohning rizosiga erishishiga harakat qildi. Keyinchalik G’oziyya ibn Amr taklifi bilan unga turmushga chiqdi.
Badrda yengilgan mushriklar intiqom olish uchun katta askariy qo‘shin bilan Madinaga yo‘l oldilar. Shahar yaqinidagi Uhud tog‘i atrofida qarorgohini tikladilar.
Musulmonlar va mushriklar o‘rtasida shiddatli jang boshlandi. Musulmonlarning kuchli hamlasiga qarshilik ko‘rsatolmagan mushriklar ko‘plab g‘animatlarni qoldirib, qocha boshladilar. Bu holatni Quraysh qo‘shinining yengilishi sifatida qabul qilgan musulmon o‘qchilar g‘animat to‘plashga kirishib ketdilar. Qulay fursatdan foydalanib, mushriklar yana musulmonlar ustiga hujum qildilar. Hazrati Hamza ibn Abdumuttalib, Mus’ab ibn Umayr kabi bir qancha ko‘zga ko‘ringan sahobalar shahid etildi. Bundan ruhlanib ketgan mushriklar Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi vasallam) mo‘ljalga olib, ilgarilay boshladilar.
Nusayba (roziyallohu anhu) Uhud jangida hamshiralik vazifasini zimmasiga olgan edi. Jangchilarga yordam berar, yaradorlarning jarohatini bog‘lardi. Ammo musulmonlar ichida paydo bo‘lgan parokandalikni ko‘rgach, qo‘lidagi meshni tashlab, qilichga yopishdi va Alloh yo‘lida jang qila boshladi.
Payg‘ambarmizni (sollallohu alayhi vasallam) qo‘riqlab turgan halqa tobora torayib borardi. Nusayba eri G’oziyya va o‘g‘li Abdulloh bilan birgalikda Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) mardonavor himoya qilib turardilar. Keyinchalik Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Nusaybaning bu qahramonligi haqida shunday degan edilar:
— Kachon o‘ngimga yoki so‘limga qarasam, meni himoya etish uchun jang qilayotgan Nusaybani ko‘rardim.
Nusaybaning kalqonsiz, dushman qilichining zarbalariga qarshi himoyasiz jang qilayotganini ko‘rgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qochib ketayotgan bir musulmon askarga:
— Qalqoningni jang qilayotganlarga qoldir! — deb buyurdilar.
To‘xtovsiz uzilayotgan o‘qlar va dushman hamlalariga qarshi Alloh Rasulini mudofaa qilishda o‘rnak bo‘lgan kishilardan biri Nusayba edi.
Kuraysh suvoriylaridan biri Nusaybaga hujum qildi. Biroq Nusayba dushman qilichining zarbasini qalqon bilan qaytardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Nusaybaning o‘g‘li Abdullohga:
— Abdulloh, onangga yordam ber! — deya baqirdilar. Onasiga yordam berish uchun dushman ustiga tashlangan Abdulloh yaralandi. Nusayba darhol o‘g‘lining yoniga kelib, jarohatini bog‘ladi. So‘ng:
— Qani o‘g‘lim, dushmanga qarshi jang qilishda davom etaylik, — dedi.
Voqeaga guvoh bo‘lib turgan Rasuli Akram:
— Nusaybaning qilganini kim qila oladi? — deb marhamat qildilar.
Ha, Nusaybaning ko‘rsatgan qahramonligi har qanday er yigitning qo‘lidan kelmasdi! U suvsaganlarga suv tutar... Yaralanganlarning jarohatini bog‘lar... Mardonavor jang qilardi... Bu imonli ayolning buyuk jasoratiga loyiq mukofotni faqat Janobi Alloh ehson eta oladi!
Jang davom etardi va mushriklar Payg‘ambarimiz turgan mavzega tobora yakinlashib kelardi. Quraysh shamshirbozlaridan Ibn Kolsha oldinga chiqib:
— Menga Muhammadni ko‘rsating! Ikkimizdan birimiz, albatta, sog‘ qolmaymiz, — deb baqirdi. Unga qarshi Nusayba va Mus’ab ibn Umayr chiqdilar. Mus’abni shahid etgan Ibn Kolsha Nusaybaga tashlandi. Ikki qavat zirh kiygani uchun Nusayba ustma-ust urgan qilich zarbalari ta’sir etmadi.
Bu jangda Nusayba turli joylaridan o‘n uchta jarohat olgan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Abdullohga:
— Onangning oldiga bor va yarasini bog‘la! — deb baqirdilar.
So‘ng:
— Ey Nusayba oilasi! Janobi Alloh sizni muborak qilsin. Sening onangning maqomi falon-falon kishilarning maqomidan ustunroqdir. Alloh bugun oilangizni panohida saqlasin! —dedilar.
Nusayba o‘zi va oilasi haqqiga Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) duo so‘radi.
— Yo Rasululloh! — dedi u. — Jannatda siz bilan birga bo‘lishimiz uchun Allohga duo eting.
Rasuli akram:
—Allohim! Jannatda ularni menga do‘st qil! — deya duo etdilar.
Shundan so‘ng Nusayba:
— Ortiq dunyoda har qanday alam cheksam ham ahamiyati yo‘q, — deb hayqirdi va yanada kuchli azmu iroda bilan mujodalani davom ettirdi.
Asta-sekinlik bilan dushman qo‘shinlari orqaga chekina boshladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mushriklarni Hamroul Asad vodiysigacha ta’qib etishga amr etdilar. Nusayba ham ta’qibchilar bilan birga bormoqchi bo‘ldi, ammo butun vujudini qamrab olgan shiddatli og‘riq bunga imkon bermadi, Madinaga qaytishga majbur bo‘ldi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Hamroul Asaddan Madinaga qaytganlarida, saodat xonalariga kirishdan oldin Nusaybaning ahvolini bilish uchun odam yubordilar. Nusaybaning ahvoli yaxshi ekanini eshitib, juda sevindilar.
Nusayba o‘g‘illari Abdulloh va Habibni ko‘ngillarida Alloh yo‘lidagi fidokorlik sevgasi bilan o‘stirdi. Islom bayrog‘ining yuksalishida ixlos va sadoqat bilan xizmat qilishga o‘rgatdi.
Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng, Nusayba qolgan umrini Payg‘ambarimizni sog‘inib, jannatda u zot bilan uchrashadigan kunni kutib o‘tkazdi. Hayotining oxirida imoni bergan buyuk huzur ichida ruhini ulug‘ Rabbiga taslim etdi.
Alloh taolo undan rozi bo‘lsin va uni ham rozi qilsin