Alloh taologa behad hamdu sanolar, payg'ambariga bedad salavotu salomlar bo'lsin.
Ba'zi yerlarda ba'zi mavzular haqida yozgan paytlarim bo'lgan ekan. Shularni bir yerga to'plab, yana kallaga boshqa fikrlar kelsa, yozib borarman, deb ushbu blogni ochdim. Kamlarini siz muhtaramlarning faol ishtiroklari to'ldirib boradi, inshoolloh, degan umiddaman..
Sevgi-muhabbat haqida:Muhabbat (sevgi) juda ulug', nozik va bebaho tuyg'u. Bu Odam ato va momo Havvo yaratilganidan beri bor bo'lib, ko'rinishlarini ulamolar turli xillarga - navlarga bo'lganlar.
Bulardan eng oliysi va cho'qqisi - Allohga bo'lgan muhabbatdir. Kishi o'z Yaratuvchisini jon dilidan sevmas ekan, uning yo'lida barcha narsasidan kechishga tayyor bo'lmas ekan, komil musulmon bo'la olmaydi. Shuning uchun ham ulamolar ibodatni (bandaning Allohga qiladigan amallarini, xoh kundalik ibodatlar bo'lsin, xoh barcha qiladigan ezgu ishlari bo'lsin) bir qushga o'xshatishib, uning boshi - Allohga bo'lgan muhabbat, sevgi, ikki qanoti esa - xavfu rajo - Allohning rahmatidan doim umidvor bo'lib, uning g'azabidan qo'rqib turishdir, deyishgan. Qushning boshi ketsa unda jon asari qolmaganidek, ibodat behislik bilan, muhabbatsiz, sevgisiz ado etilsa, o'sha boshsiz qushdek jonsiz ibodat bo'lib qoladi...
Undan keyingi o'rindagi muhabbat bu - Rosululloh
ga bo'lgan muhabbatdir. Bu muhabbat - Allohga bo'lgan muhabbatdan tashqari barcha muhabbatlardan ustun bo'lmog'i kerak. Payg'ambar
aytadilar: "
Men biringizga o'zidan, otasidan, bolasidan, barcha odamlardan suyukliroq bo'lmagunimcha u kishi mo'min bo'la olmaydi".
Undan keyingi muhabbat bu - tabiiy muhabbat bo'lib, kishining o'z ota-onasi, bola-chaqasiga bo'lgan, boshqa yor-birodarlarga bo'lgan muhabbatidir.
Yuqoridagi so'zlarni asosiy mavzuga aloqador bo'lgani uchun, garchi ular haqida ixtilof bo'lmasada aytishni ma'qul topdim.
Endi mavzuimizning asosiy ustuni bo'lmish, ko'pchilikni hayronu sargardon etgan sevgi, g'ariziy muhabbat to'grisida bir ikki og'iz so'z aytsam.
Yigit kishining bir qizni, yoki aksincha, qizning biror yigitni sevib qolishi ayb emas, lekin, undan keyingi bo'ladigan tasarruflarga qarab, ayb va gunoh, yoki yaxshi ish qilingan bo'ladi.
Bu tuyg'u tabiiy tuyg'u bo'lib, uning uylangandan keyin kelishi shart emas. Muhimi, ushbu sevgi yuqoridagi Allohga bo'lgan, payg'ambariga bo'lgan muhabbatdan to'sib qolmasa bo'ldi.
Oila qurishda sevib uylanish Islomda qoralanmagan, lekin undan keyingi qadamlarning qay darajada ekaniga qarab harom yoki to'g'ri bo'ladi, biroq sevish bilan birga kishida oila mas'uliyatini his qilish albatta bo'lmog'i zarur. Zero, oilani parchalanishdan ushlab turadigan tuyg'u sevgidan ham ko'ra bu o'sha mas'uliyatni his qilishdir. Oilia bo'g'lami, bir begona qizning (yigitning) sizga mahram bo'lib, jonu taningizga aylanib ketishi, butun vujudi bilan sizniki bo'lishi oddiy ish emas, juda muqaddas narsadir. Shuning uchun ham Rosululloh
: "
Allohdan xotinlaringiz haqida qo'rqinglar. Chunki ularni Allohning amonati bilan oldinglar, ularning teginish harom bo'lgan yerlarini Alloh kalimasi ila halol qildinglar!" deganlar. Shunday ekan, bu muqaddas bog'lamni o'zaro sevgi bilan bir qatorda o'sha amonatni his qilish orqaligina mahkam tutish mumkin.
Xotin kishi shunday bir xazina ekanki, uni dastavval kashf qila olmas ekansiz, keyinchalik uning ijobiyatlari ko'zga tashlanar ekan. Ayniqsa, farzandlar dunyoga kelgandan keyin. Bu tuyg'uni so'z bilan ado etish qiyin..
Yuqoridagi Alloh va payg'ambariga bo'lgan muhabbat haqida aytilgan so'zlarni eshitib ba'zilar balki: "Biz ham Alloh va Rasulini yaxshi ko'ramiz", deyisharda, so'ngra bilgan ishlarini qilib, o'z seviklilari ila noshar'iy muomalalar, uchrashuvlar uyushtirishar, u narsa Allohga ma'qul ishmi, payg'ambari keltirgan yo'lga muvofiqmi, yo'qmi, qayrilib ham qaramaslar.
Shuning uchun bu yerda ta'kidlab o'tmoq zarur bo'lgan nuqta shuki, Alloh va Rasulining muhabbati quruq gap bilan da'vo qilib qo'yiladigan arzongina mato emas, balki kishining butun vujudini chulg'ab olgan, har bir so'z, har bir harakatini o'sha tuyg'uga hamohang tarzda bajarilishi kerak bo'lgan, AMAL bilan yo'g'rilgan bir bebaho gavhardir. Kishi modomiki barcha hatti-harakatini Payg'ambar keltirgan yo'lga muvofiq qilmas ekan, "Men Alloh va Rosulini bunday yaxshi ko'raman", "Mening muhabbatim unday" deb olamga jar solsada, uning so'zlari qup-quruq da'vo bo'lib qolaveradi.
Shuning uchun Payg'ambar zamonlarida yuqoridagi tuyg'uni da'vo qilganlarga Alloh subhonahu va taolo Oli Imron surasining 31 - oyatini nozil qildi: "
(Ey Muhammad, siz o'sha da'vogarlarga qarata) ayting: Agar Allohni yaxshi ko'rsalaringiz, menga ergashinglar, shunda sizlarni Alloh yaxshi ko'radi, gunohlaringizni kechadi. Alloh gunohlarni kechiruvchi, rahmli zotdir".
Shunday ekan, har bir Alloh va Rasulini yaxshi ko'raman, degan kishi ushbu tarozida o'zini o'lchasin, Payg'ambarning yo'llariga bo'lgan payravligiga qarab uning natijasi ma'lum bo'ladi, qilgan da'vosi qay darajada to'g'ri-noto'g'riligi yuzaga chiqadi.
Ba'zilarning sevgisi esa shu darajaga borib yetadiki, ular bu sevgining badalida barcha narsadan, hatto dindan ham kechishga tayyor bo'lishadi. Boz ustiga, ana shunday Alloh va Rosulining muhabbatidan to'sadigan sevgini ko'klarga ko'tarib maqtaydigan, ularni qahramonlar darajasiga olib chiqqan qalamkashlar qadimda ham serob bo'lgan, hozir ham bor. Bu darajaga yetgan sevgi kishi iymoni uchun xatarli sevgi bo'lib, qalbida o'sha suyuklisiga bo'lgan sevgidan boshqa sevgiga joy qolmagan, shuning uchun suyuklisi tur desa, turadi, o'tir desa o'tiradi, mabodo sajda qil menga, deydigan bo'lsa, sajda qilishga ham tayyor bo'ladi. Bunday sevgi asosan kishining yoshligida ota-onasi tomonidan unga Alloh va Rasulining muhabbati kishi ko'nglida qay martabada bo'lishi kerakligi uqtirilmaganidan hosil bo'ladi. Shu bois, bolalarga go'dakliklaridanoq shu tuyg'ular singdirilmog'i lozim, toki ular voyaga yetganlarida o'shanday behudud (zero bandaga bo'lgan sevgining chegarasi bo'lmog'i darkor) sevgiga emas, shar'iy, me'yorli sevgiga ro'baro' bo'lsinlar.
Xulosa shuki, ko'rib uylanish Islom buyurgan ishlardan, shu maqsadda yurgan odam birovni sevib qolgan bo'lsa, bu g'ariziy (kishining ichki tabiatidan chiqqan) hol bo'lib, unga tezda chora ko'rishi kerak (sovchi qo'yib uylanishga harakat qilish kerak, bo'lsa yaxshi, bo'lmasa darhol ko'ngilni uzishga harakat qilish zarur), noshar'iy ishlar aralashib ketmasdan. Keyin eng muhim narsa shuki, oilani Allohning kalimasi asosida qurasiz, bunga panja orasidan qaramang, bu ish bilan hazillashmang.