O’tkir Hoshimov
«BUTILKA» HOJI
(Boshqa hojilarga daxli yo‘q)
Do‘stim o‘g‘lini uylantirayotgan edi. Endi... to‘y bo‘lganidan keyin... o‘zingiz bilasiz... Haligi qurg‘urdan jinday-jinday qilib o‘tirsak, davramizga oq yaktak, oq do‘ppi kiygan ketmonsoqol yigit kelib qo‘shildi. Kelin-kuyovga baxt-saodat tilab, fotiha tortdi.
— Yaratganga shukronalar bo‘lsin! — dedi qiroat bilan. -Muqaddas safar sharafi kaminaga ham nasib ayladi!
«Qulluq bo‘lsin», dedik. Dasturxonda anavi «shayton suvi» turganidan xijolat chekdik.
— Ming bor uzr, Hoji aka. — Kosagul shunday deb, shishalarni imi-jimida stol tagiga olib qo‘yayotgan edi, Hoji aka keskin bosh chayqadi.
— Yo‘q-yo‘-yo‘, taqsir! - dedi dalda berib. — Sizlar bahuzur, taqsir, bahuzur. To‘yda xursandchilik qilishning aybi yo‘q.
Kosagul ikkilanib qoldi.
— Sizdek mo‘‘tabar odamning oldida...
— Beziyon, taqsir, beziyon... Biz ham bundan bisyor no‘sh aylaganmiz. - Hoji aka jinday-jinday ichkilik quyilayotgan piyolalardan ko‘z uzmay ta’kidladi: - No‘sh aylaganmiz, bisyor no‘sh aylaganmiz.
Kosagul shumgina yigit ekan, Hoji akaning ko‘zlari suvga tushgan munchoqdek yiltirab turganini payqab qoldi.
- So‘raganning aybi yo‘q, Hoji aka. Mabodo o‘zlariyam...
- Yo‘-yo‘-yo‘! — Hoji aka keskin bosh chayqadi. - Biz ham no‘sh aylaganmiz... Aylaganmiz.
- Ko‘p emas, jichchagina, - dedi kosagul iljayib. Hoji aka og‘ir muammo qarshisida qolgandek, bir zum o‘yga toldi.
- Kaminani ko‘p xijolatli ahvolga sop qo‘ydilarda, -dedi xo‘rsinib. - Keling, yigitning sazasi o‘lguncha shaytonning bo‘yni uzilsin!
- Qaysi biridan?
- Kaminaga «qizili»yam bo‘laveradi, - dedi Hoji aka kamtarlik bilan.
Kosagul piyolaga bir qultum konyak quyib uzatgan edi, Hoji aka yanayam siniqroq ohangda qo‘shib qo‘ydi:
- Jonliroq bo‘laversin, taqsir.
«Jonligina» quyilgan piyolani olib, qisqa nutq irod etdi:
- Yoshlar qo‘sha qarisin! Uvali-juvali bo‘lsin!
Baayni sovuq choy ichayotgandek, qop-qora soqolining bittayam tuki qilt etmadi. Bodring bilan gazak qilib, «Yaratgan ne’matingga shukr», deb qo‘ydi.
- Oxirigacha olmabsiz-ku, Hoji aka? - dedi kosagul piyola tagida qolgan jinday konyakka qarab.
- Har narsaning qonun-qoidasi bor, ukam! - dedi Hoji aka viqor bilan. - Ichkilik xamr, ya’nikim makruh nimarsa. Ammo uning ichida suv ham bor. Suv - eng pokiza ne’mat. Shundaymi? Kamina suvini ichdim. Makruhi tagida qoldi. Aytyapman-ku, kamina ham bundan bisyor no‘sh aylaganmiz. -U qiqirlab kuldi. - Bir ulfatimiz bo‘lardi. G’alati gaplarni topib yurardi. Bir gapi hech esimdan chiqmaydi. «Birinchi qadah bilan ikkinchisining orasiga qil ham sig‘masligi kerak», derdi. Topgan gapini qarang, battolning! Qil sig‘masin, deydi-ya!
Kosagul Hoji akaning ishorasini darrov tushundi. Paysochga solmay, piyolani to‘ldirib uzatdi.
- Yo‘-yo‘-yo‘! Undoq qilmasinlar-da, ukam! - Hoji aka shunday dedi-yu konyakni sipqardi. «Yaratgan ne’matingga shukr», deb piyolani kosagulga uzatdi. - Ko‘rdilarmi, ukam, makruhi yana tagida qoldi. O’zlariyam o‘rgansinlar!
Davradagilardan biri safar taassurotlarini so‘ragan edi, Hoji aka yayrab ketdi.
- E, nimasini so‘raysiz, uka! - dedi shang‘illab. - U yoqlar Xizr nazar solgan yurt! Har qadamda magazin! Har qadamda do‘kon. Jamiyki nimarsa muhayyo! Apelsinlarni tekinga tarqatadi-ey! Xohla - bir yashik ol! Xohla - bir tonna ol! Buni qarang, hamma narsa bor-ku, termos yo‘q ekan. Uch-taginasini obketuvdim, olam jahon pul bo‘ldi! Ulfatim, shuni mengayam aytsang, o‘larmiding, deb yomon xapa bo‘ldi.
- Kechirasiz, qaysi ulfatingiz? - dedim tushunmay.
- Haligi battol-da! Birinchi qadah bilan ikkinchisining orasiga qil sig‘masin, deydigan. Shu battolning yana byr gapi bor. «Ikkinchi qadah bilan uchinchisining orasiga qil sig‘masin, deyman-ku, ammo ip sig‘masligi kerak», deydi!
Kosagul yana piyolani to‘ldirdi. Hoji tagida ozgina qoldirib, piyolani qaytardi.
- Yaratgan ne’matingga shukr, - dedi viqor bilan. - Ko‘rib qo‘y, ukam! Tagida har gal bir xil makruhi qolyapti! U yoqda-chi, vey, vidik, televizor, kamera deganlari kapiyka! «Soni» deysanmi, «Panasonik» deysanmi, «Plips» deysanmi. Ikkita «vidik» olsang, bittasi tekin!
- Nega, Hoji aka? - dedim hayratlanib. - Bittasini pulga, bittasini tekinga beradimi?
Hoji aka he-helab kuldi.
- Nega tekinga bo‘larkan? Ikki hissa arzon bo‘lganidan keyin bittasi yonga qoladimi, axir? Tijoratning aybi yo‘q-ku, to‘g‘rimi?! Biz tijorat qilaveribmiz, qilaveribmiz, qarasam, yukim ko‘payib ketibdi. Ikki qo‘limda ikkita chamadon. Orqamda sandiqdek sumka. Salapan xaltaning bog‘ichini tishimga tishlab olganman. Ketyapsam, bittasi yo‘limni to‘sdi. O’zining tilida vajir-vajir qiladi, tushunsam o‘lay! Tarjimon keldi. «Nima deb aljirayapti bu?» desam, tushuntirdi. «Yukingiz yuz kilodan oshib ketibdi-ku», deydi. «Yukimni og‘irligi unga tushibdimi, o‘zim ko‘tarib ketyapman-ku», desam, yana vajir-vajir qildi. «Nima deyapti?» desam, «Janob ziyoratchimilar yo otmilar?» deb so‘rayapti deydi. «Men ot bo‘lsam, bu eshshak», dedim-da, amallab samolyotga chiqib oldim. - Hoji aka xaxolab kuldi. Kosagulga qarab ma’noli tomoq qirib qo‘ydi. - To‘rtta vidik obkelgandim, ikkitasi yonga qoldi. O’g‘ilchayam qiziqadi-da texnikaga. - Shunday deb yana kosagulga qarab qo‘ydi. - U yoqda-chi, dazmol pul ekan. Yanagi gal dazmol oboraman. Battol ikkalamiz o‘nta-o‘ntadan olvolsak, o-key bo‘ladi! Battolning yana bir gapi bor. Uchinchi qadah bilan to‘rtinchisining orasiga qil sig‘masin deyman, ip sig‘masin demayman, ammo-lekin arqon sig‘adigan bo‘p ketsa, yurak siqiladi-da, deydi. Topgan gapini qarang! Voy battol-ey!
Kosagul shishadagi oxirgi konyakni silqitib quyib uzatdi.
Shishani yerga tashladi. Hoji aka tagida ozgina qoldirib, piyolani qaytardi.
- Yaratgan ne’matingga shukr! Ko‘rib qo‘y, bratan! Makruhi tagida qoldi!
- U yoqda manavi masalaga qandoq qaraydilar, taqsir? —"dedi kosagul.
- Unaqangi betamiz gaplarni gapirma, bratan! - dedi Hoji aka achchiqlanib. — Ichkilik ichgan odam o‘limga mahkum qilinadi!
- Voy-bo‘, bir o‘limdan qopsiz-da, taqsir! - dedi kosa-gul. - Taqsir o‘n beshinchi bo‘chka bilan o‘n oltinchi bo‘chka orasidan samosval o‘tmaguncha qo‘ymaydilar shekilli!
Hoji aka tutaqib ketdi.
- Og‘zingga qarab gapir, o‘v bratan! - dedi qo‘lini paxsa qilib. - Men suvini ichdim, bildingmi? Makruhi tagida qoldi, bildingmi?! Avval o‘rganib olgin-da, keyin vistupat qil, bildingmi?!
Qarasam, janjal chiqadigan. Sekin turib keta qoldim.