Jamila (qissa). Chingiz Aytmatov  ( 57023 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


saltanat  11 Fevral 2010, 06:52:25

  Endi ko'zim ilingan ekan, xirmon tomondan arava rovushi eshitildi. "Jamila bo'lsa kerak" deb o'yladim uyqu aralash. Qancha uxlaganimni bilmayman, bir vaqt naq qulog'im tagida shitirlagan tovush eshitilib, birov kelayotgandek bo'ldi. Qanot serpigandek bir sovuq narsa betimni silab o'tdi, ko'zimni ochsam Jamila ekan. Cho'milib kelgan bo'lsa kerak, ko'ylagini ham xo'llab olibdi, shuning uchun ham yonimdan o'tayotganda salqin shaboda esgandek bo'ldi. Jamila to'xtab qoldi-da, u yoq-bu yoqqa alanglab, Doniyorning bosh tomoniga o'tirdi.
 -- Doniyor, mana men o'zim keldim! -- dedi u sekin shivirlab.
  Atrof jim-jit, osmonni gumburlatib yashin chaqnadi.
 -- Hafa bo'ldingmi? Qattiq hafa bo'ldingmi?
  Yana jimlik cho'kdi, qirgo'qdan tuproqning suvga  "sho'lp" etib tushgani eshitildi.
 -- Lekin mening aybim nima? Senda ham gunoh yo'q.
  Tog'lar ustida yashin gumburladi. Jamila cho'chib yalt etib qaraganida yashin uning yuzini yoritib yubordi. Jamila atrofga bir qaradida, o'zini Doniyorning ko'ksiga tashladi. Uning yelkasi Doniyorning baquvvat qo'llari ostida dir-dir uchardi. Jamila ham g'aramga cho'zilib DOniyor bilan yonma-yon yotdi. Kuchli shamol somonni ko'kka sovurib, xirmon chetida qiyshayib turgan o'tvni yalab o'tdida, quyun bo'lib osmonga ko'tarildi. Chaqmoq bulutlar ostida ko'kimtir iz qoldirib, qarag'ay singandek qasira-qusur ailib hamma yoqni larzaga soldi. Azoyi badanim titrab, ham qo'rqib, ham quvonib ketdim. Momaqaldiroq, yoaning oxirgi momaqaldirog'i yopirilib kelar, ilk kuz nafasi dimoqqa urilardi. Endi Jamilani hech qanday kuch to'solmasdi, u Doniyorga sekin shivirladi:
 -- Chindan ham gumonsiradingmi, nahotki men seni unga almashtirsam! U meni hech qachon sevgan emas, sevmaydi ham! Mayli, kim nima desa deyaversi, lekin men senikiman! Yolg'izim, azizim, men seni hech kimga bermayman. Men seni ko'pdan beri sevaman. G'oyibona oshiq bo'lib kelishingni intizorlik bilan ko'zim to'rt bo'lib kutgandim. kutganligimni bilgande, mana, sen ham meni izlab kelding...
  Jarlik yoqasidagi soy qirg'oqlaridan ivib suvga tushayotgan tuproq chaqmoq yorug'ida ko'rinib turardi. Dastlabki yirik yomg'ir tomchilari somon ustiga shitirlab yog'a boshladi.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 07:17:19

 -- Jamilam, jonginam, sevgilim Jamilaxon! --deb Doniyor qirg'izcha va qozoqcha eng nafis so'zlar bilan o'z ma'shuqasini erkalatardi. -- Men ham seni ko'pdan beri sevib yurardim. Umrimda ko'rmagan bo'lsam ham okoplarda yotib seni o'ylardim. Sevgan yorim Vatanimda ekanligini bilardim. Bu sen ekansan, Jamilam!
 -- Shunqorim, mard lochinim! Bu yoqqa qarachi, ko'zlaringga to'yib boqay!
  Yomg'ir sharros quyib berdi. qora uy tepasiga yopilgan namatlar xuddi qanot qoqqan qushdek uchib ketdi. Goh qiyalab, goh tik quygan jala yerni orziqib kutgandek ustma-ust o'pardi. Ketma-ket momaqaldiroq gumburlab, butun osmon qa'rini tilib o'tgandek bo'lardi. Uzoq-uzoqlardagi tog'lar bahor lolaridek qizrib ko'rinardi.
  Yomgir kuchaya bordi. Men bo'lsam somonga ko'milib olib yuragimning duk-duk urishini sezib yotardim. Men nihoyatda bahtiyor edim. O'zimni uzoq kasallikda so'ng birinchi marta ko'chaga chiqqan odamdek xis etib, har bir narsaga suqlanib qarar, go'yo xayot lazzatini endi bilayotgandek edim.
  Yog'in ham, chaqmoqlarning yorug'i ham somon ostida yotgan yerimga yetib borardi. Lekin men o'zimni juda yaxshi xis etardim. Uyquga ketar ekanman, o'zimcha kulimsirab qo'yardim. qulogimga chalingan sharpaning nima ekanligini bilmasdim. Bu Jamila bilan Doniyorning shivirlashimi, yo bo'lmasa tinayotgan yog'irning somonga shitirlab tushishimi?
  "Mana endi yomg'ir tinmaydi, hademay kuz ham kiradi" derdim o'zimga o'zim. Nam somon bilan erman hidi dimoqqa urilib kuzdan darak berardi. Lekin bu kuzda bizni nimalar kutayotgani haqida o'ylamabman.
  O'sha kuzda men ikki yillik tanaffusdan so'ng yana maktabga qatnay boshladim. Darsdan bo'sh vaqtlarimda haligi soy bo'yidagi jar tepasiga borib o'tirardim. Xirmon xuvillab bo'shab qolgan edi. Bu yerda men maktabdan olgan bo'yoqlarim bilan o'zimning dastlabki etyudlarimni chizdim. Chizgan suratchalarimdan o'zimning ham ko'nglim to'lmas edi.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 08:09:20

  "Bo'yoqlarimning mazasi yo'q. Qani endi chinakam asl bo'yoqlar bo'lsa" -- deb o'ylardim ichimda. Yaxshi bo'yoqlarni qanday bo'lishini bilmasdim ham. Rassomlar ishlatadigan moybo'yoqlarni faqat keyingi vaqtlardagina ko'rishga muyassar bo'ldim. Bo'yoq o'z yo'li bilanu, lekin muallimlarning gapida ham jon borga o'xshardi: rasoom bo'lish uchun o'qish kerak. Lekin bu gap to'g'riligini biliob tursam ham o'qishimga ko'zim yetmasdi. O'qish qayoqda deysiz. Akalarim dom-daraksiz ketgan bo'lsa, men ikki uyning yolg'izgina dastyori bo'lsam o'qishga yuborisharmidi. Shuning uchun o'qish to'g'risida og'iz ham ochmasdim. Lekin o'qishni qo'msab, borolmasligimga ich-ichimdan achinardim. Buning ustiga bu yil kuzning bu qadar ko'rkam kelishini aytmaysizmi. qo'lingdan kelsayu o'tirib chizsang ajoyib surat chiqardi-da.
  Gurkirovning suvi kamayib, qozondek-qozondek suvlar turtib chiqib, ularning usti yam-yashil, sap-sariq yo'sin bilan qoplangandi. Ertalabki izg'irindan yalang'och tolchalarning tanalari qizarib ketgandi. Biroq teraklarning sap-sariq yaproqlari hali to'kilmagan edi.
  Yiqichilarning yozi bilan o't yoqilaverib tutundan qorayib ketgan o'tovlari katta soyning u yer-bu yerida ko'zga tashlanardi. O'tovdan buralib-buralib chiqayotgan ko'k tutun xuddi to'y-to'ylagan xotinlardek ovulma-ovul suzib yurishardi. Toychalar atrofga yoyilib ketgan onalarini qidirishib, zo'r berib kishnashard. Endi toychalar kishnagani-kishnagan, chunki biyalarni to bahorgacha uyurda saqlash qiyin. Tog'lardan qaytgam mollar xosili yig'ib olingan dalalarda poda-poda bo'lib yurishardi. Dasht sahni tuyoq izlaridan ilma-teshik bo'lib ketgan edi.
  Bu yil ham kuz kuzligini qildi: hammayoqni to'zitib izg'irin shamol qo'zg'aldi va osmonning avzoyi buzilib qor aralash yomg'ir yog'a boshladi. Bir hafta surunkasiga yoqqan yomg'ir bir kun sal tinishi bilan, men Gurkirov tomonga qarab jo'nadim. Toshloqdagi bit tog' chetani qip-qizil chog'dek yonib, "meni suratga ol" degandek bo'y cho'zib turardi.
  Men soy bo'yidagi butalar orasida surat chizib o'tirganimda qosh qorayib qolgan edi. Bir vaqt boshimni ko'tarib qarasn haligi soxilda ikki kishi turibdi, daryoning sayoz joyidan o'tishgan bo'lsa kerak. Ularning Doniyor bilan Jamila ekanini darrov tanidim.  Men ularning jiddiy va tashvishli yuzidan ko'zlarimni uza olmay tikilib turdim. Doniyor har galgiday dadil qadam tashlar, yurgan sayin shinelining bari oxori to'kilgan askarcha etigining qo'njlariga shartillab tegardi. Jamila bo'lsa egniga bozorga borganda kiyadigan parcha-parcha gullik ko'ylagini, chiybaxmal choponini kiyib, boshiga oq jun ro'molini o'rab olgandi. Bir qo'liga tugunchak ko'tarib, ikkinchi qo'li bilan Doniyorning xakltasidan ushlab bormoqda. Ular yo'l-yo'lakay nimalar to'g'risidadir o'zaro gaplashib borishardi.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 08:23:56

  Ularning ovulimizni tashlab qayoqqadir ketishayotganini sezib, yuragim "jiz" etib ketdi. Mana, ular jarlikdan o'tib qamishzor oralab ketib borardi. men bo'lsam xuddi bir narsasini yo'qotgan kishidek, ularning orqasidan qarab nima qilarimni bilmay qoldim. Qichqirayin desam nafasim siqilib, ovozim chiqmasdi.
  Quyosh tog'lar oralab suzib borayotgan bulutlarga qixg'ish nurlarini so'nggi bor sochdi. Atrofni qorong'ulik qoplay boshladi. Doniyor bilan Jamila orqa-oldilariga qaramay temir yo'l razyezdini ko'zlab tez-tez odimlab borishmoqda. Bora-bora ularning qoralari uzoqlashib, qanishlar orasiga kirib butunlay g'oyib bo'ldi. Ana o'shandagina men o'zimga kelib orqalaridan ovozimning boricha:
 -- Jamilaaaaaaa! -- deb qichqirdim.
  Dala ustida ancha vaqtgacha "a-a-a-a" degan aks-sado eshitilib, birozdan so'ng so'nar edi. Yana bir marta jahl bilan:
 -- Jamilaaaa! -- deb qichqirdim-da, so'ng ularning orqasidan yugurib qoldim. Suvni suv demay ularning orqasidan oyoqyalang, boshyalang yugurib quvib borardim. ust-boshim jiqqa xo'l bo'lgandi, shunga qaramay, yana tezroq chopa boshladim. Birdan oyog'im nimagadir chalinib ketdi-da, yuztuban yiqildim. Boshimni ko'tarmay ikki qo'lim orasiga olib o'ksib-o'ksib yig'lab yubordim. Ko'z yoshlarimdan namlangan mayin tuproq qo'l betimni muzlatib, g'ira-shira qorohg'ulik ko'nglinmga g'ulg'ula solgandek o'pkam qisilib achchiq-achchiq yig'ladim. Qamishlar go'yo mening xasratimga sherik bo'lgandek tinmay shitirlashar edi.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 08:51:37

 -- Jamila, Jamila! -- derdim men o'pkamni bosolmay piq-piq yig'lab. Men eng yaqin, eng aziz odamlarim bilan xayrlashar edim. Mana xozirgina yerda yotib o'zim ham Jamilani sevib qolganimni tushundim. Bu mening ilk bolalikdagi sevgim edi.
  Yuzimni ko'z yoshidan xo'l bo'lib ketgan yengimga artib yana anchagacha yig'lab o'tirdim. Men faqat Jamilalar bilan emas, balki bolalik davrim bbilan ham hayrlashar edim.
  Qorong'ida timirskilanib uyga kelganimda shovqin-suron avjida edi: it egasini tanimasdi. Kimdir otga egar urardi, bezori Usmon bo'lsa har kungidek mast, otini gijinglatib, ovozini boricha baqirardi:
 -- Aytmaganmidim, mana oqibati nima bo'ldi. Yo'lchiboy ota sharmandayu-sharmisor bo'ldi. Qani ketdik, bu sayoq it, chala qozoqni ushlab bo'ynini uzmasam otimni boshqa qo'yaman. O'n yiga kesilsam kesilamanu, lekin har qanday yalangoyoqning xotinlarimizni olib ketishlariga yo'l qo'ymayman. Qani ketdik yigitlar! Qayerga ham borardi deysan?
  "Ular qaysi tomonga borarkin" degan fikr hayolimdan o'tdiyu, yuragim shuv etib, a'zoyi badanim muzlab ketdi. Nima qilarimni bilmay otliqlarning orqasidan men ham ovul chekkasiga yugurib bordim-da, ularning razyezd tomonga emas stansiyaga olib boradigan katta yo'ltomonga burilib ketganlarini ko'rib jonim o'rniga tushdi. So'ngra uyga qaytib keldimda, yig'laganimni hech kim bilmasin deb, otamning to'niga o'ralib yotdim.
  Ovulda har-xil mish-mish gaplar tarqaldi. Hamma xotinlar Jamilani qoralashardi:
 -- Ahmoq-da! Aqli bo'lsa tuz ichgan joyiga tuflab, sang'ib yurgan bir musofirga ergashib ketarmidi.
 -- Shunisiga kuyamanda. Uning nimasiga qiziqdi ekan deymanda! Eski shineli bilan,teshik etigidan boshqa hech balosi yo'q ediku!
 -- Qo'tan-qo'tan qo'yi bbormidi!. Uyi yo'q-joyi yo'q, nasl-nasabi betayin bir daydi-da! Mayli, uvoli o'ziga, hali attang deydi...Bu tannoz xotinning xolini o'shanda ko'ramiz.
 -- Tavba, Sodiqdan ortiq erni topib bo'pti!
 -- Qaynonasini aytmaysanmi, qaynonasini! Bunday yovvosh qaynonani qayerdan topadi? O'ziga o'zi qildi, juvonmarg, mayli!
  Burungi yangamni Jamilaning qilmishini qoralamay, to'g'ri deb topgan yolg'iz men bo'lsam kerak. Doniyorning eski shineli, teshik etigidan boshqa hech narsasi bo'lmasa ham, lekin uning ma'naviy boy, qalbi yuksak odamligini men bilmaganimda kim biladi? Jamila Doniyorning etagini ushlab ketib, o'z baxtini topadi, degan gaplarga ishonish u yoqda tursin, aksincha, men u o'z baxtini endi topdi, deb ishonardim. Faqat oyimga achinardim xolos, Jamila bilan birga uning butun kuch quvvati ketgandek. Oyim g'amgin bo'lib, o'zini ancha oldirib, qaddi bukilib qoldi. Ohh, bechora oyim. Xayot oqimi ba'zida eskilik ildiziga shafqatsiz bolta urib, yangi baxt sari intilishini oyim tushunmasa kerakda.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 10:05:19

  Agar bo'ron azim chinorni tag-tomiri bilan qo'porib tashlasa, u qaytib qaddinin rostlayolmaydi...Oyimning har bir xatti-xarakatidan uning oldingi kuch-quvvati qolmaganligi bilinib turardi. Ilgai u hech kimdan ignaga ip o'tkazib berishini iltimos qilmas, qarilik g'ururi bunga yo'l qo'ymasdi. Bir kuni uyga kirib kelsam, oyim ignaning ko'zini topolmay qiynalib yug'lab o'tiribdi.
 -- Ma, ipni o'tkazib berchi! -- dedi u qaltiragan qo'llari bilan igna va ipni menga uzatib. So'ngra og'ir xo'rsindida ko'z yoshlarini artib o'zicha ming'irladi: -- Ee, sho'rlik kelinim, ko'ra-bila turib o'zingni o'tga tashlading-a. Uyimning to'ri seniki, yeganing oldingda, yemaganing ketingda edi...O'zingni o'zing juvonmarg qilding...Bizni dog'da qoldirib ketding...Nega ketding...Uyimizda nima kamchilik ko'rding...Sho'rlik Jamila...
  Oyimni bunday mung'ayib o'tirganini ko'rib, o'zimni tutolmay, beixtiyor "Yo'q oyi, u sho'rlik emas" deb qichqirib yuborgim keldiyu, lekin o'zimni bosdim. Oyimni mahkam quchoqlab Doniyorning kimligini, uni jonimdan aziz ko'rishimni aytib, yig'lab yuborishimga oz qoldi. Lekin bu so'zlarni aytishga tilim borarmidi. Bu gapim bilan oyimnni bir umrga hafa qilgan bo'lardim. Lekin baribir bu "begunoh qilmishlarim" sir bo'lib qolmadi.
  Oradan ko'p o'tmay Sodiq akam harbiydan qaytib keldi.Rostni aytganda u ko'rinishdan uncha sir-boy bermagan bo'lsa ham, lekin nomusdan kuyinib jig'ibiyron bo'lib yurdi. Usmonlar bilan ichishib qolgudek bo'lsa:
 -- Ketgan bo'lsa sadqai-sar. Sarson-sargardon bo'lib yurib, oxiri bir kuni ochidan o'ladi-ketadi! Xotinman deganing to'lib yotibdi, chertib-certib olish mumkin. Oltin boshli xotindan baqa boshli er yaxshi! -- derdi jahl bilan.
 -- Gaping-ku to'g'ri-ya -- deb javob qaytarardi Usmon -- afsuski, o'shanda qo'limga tushmadi-da. Unisi ichak-chavog'ini ag'darib, bunisini sochlaridan otga bog'lab sudratardim! Ehtimol, ular janubda paxta dalalarida, yo bo'lmasam qozoq dalalarida tentirb yurishgandir. Sayoqlik Doniyorga kasb bo'lib qolgan. Shunisiga dog'manki, buni hech kim bilmay, hech kim sezmay qolgan-a... Qanday bo'lganiga kishining sira aqli yetmaydiya... Bu ishning hammasini o'sha qanjiqning o'zi qilgan. Isiniyam chiqarmadiya, la'nati, bo'lmasa men uni naq!..
  Bunday gaplarni eshitganimda qonim qaynab, mushtlarimni qisardim. Kuchim yetsa o'sha Usmonning basharasiga tuflab: "Pichan o'rog'ida adabingni bergani esingdan chiqibdi-da...Eng yaramas, eng razil odam sensan-ku!" degan bo'lardim.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 10:19:42

  Bir kuni uyda maktab devoriy gazetasiga rasm chizib o'tirgan edim, oyim ham pechka oldida cho'qqayib o't yoqib o'tirardi. Bexosdan eshik ochilib rangi ko'karib, g'azabidan ko'zlariga qon to'lgan Sodiq akam kirib keldi. U meni ustimga yopirilib kelayotganida yelkasiga tashlab olgan shineli yerga tushib ketdi.
 -- Buni sen chizdingmi? -- dei bir varaq qog'ozni umshig'imga taqab. Qog'ozdagi suratni ko'rib yuragim orqamga torib ketdi: bu o'sha xirmonda qalamda chizgan Doniyor bilan Jamilaning surati edi. Suratga ko'zim tushishi bilan go'yo ular menga qarab turishgandek bo'ldi. "Qiziq, Jamila buni nega tashlab ketdiykin? Uni bir yerga yashirib qo'ygan-u, keyin esidan chiqarib ketgan bo'lsa kerak!" deb o'yladim ichimda.
 -- Ha, men chizgan edim.-- dedim.
 -- Bu-chi, bu kim o'zi?
 -- Doniyor.
 --E ablah. Sotqin -- deb o'shqirdi Sodiq akam menga va suratni mayda-mayda qilib yirtdi-da, oyog'i ostiga olib toptab keyin esikni qattiq yopib chiqib ketdi. Uy ichiga og'ir jimlik cho'kdi.
 -- Sen buni bilarmiding? -- de so'radi oyim bir mahal.
 -- Ha, bilardim.
  Oyim pechkaga o't yoqib o'tirib menga shunday ta'na va hayrat nazari bilan qaradiki, men nima qilishimni bilmay, bosh barmog'imni uzib olgudek bo'lib:
 -- Men ularning suratini yana chizaman! -- dedim.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 10:36:35

  Oyim g'ing demay boshini ma'yusgina chayqab yerga boqdi. Yerda sochilib yotgan suratga qarab ichimni o'tdek o'rtayotgan xo'rlikka hech chidayolmadim. Mayli, men oilamiz, urug'imiz uchun "sotqin" bo'layin. Biroq men odamgarchilikka, haqiqatga, xayot haqiqatiga xiyonat qilganim yo'q. Mening ko'nglim sof, niyatim xolisligini hech kim bilgan emas. Buni odamlarga ham aytib bo'lmaydi, boshqalar tugul xatto oyim ham tushunmasdi, albatta.
  Oyim indamay o'tiraverdi. Izza bo'lganimdan ko'zlarimga yosh kelidi. Yirtib tashlangan surat parchalari go'yo jonliday yerda aylanib yurardi. Doniyor bilan Jamilaning yorqin qiyofasi sira kko'z o'ngimdan ketmas, Doniyorning o'sha avgust kechasi aytgan orombaxshqo'shiqlarini yana eshitayotgandek bo'lardim. Ularning ovuldan ketganlarini esladimda, men ham g'ayratga to'lib ular kabi o'z istiqbolim yo'lida qiyin safarga otlanishga qat'iy bel bog'ladim.
 -- Men o'qishga ketaman -- dedim oyimga -- Rassom bo'lgim keladi. Rassomlik o'qishiga boraman, otamga ham aytib qo'ying.
  Men xozir oyim urushda xalok bo'lgan akalariimni eslab yig'lasa kerak. deb o'ylagan edim. Lekin baxtimga oyim yig'lagani yo''u, faqat g'amgin, eshitilar, eshitilmas qilib gapirdi:
 -- Mayli, o'zing bilasan, borsang bora qol...Uchirma qanot bo'lganlaringdan keyin gapimizga kirarmidilaring. Har qaysing o'z bilganlaringni qilasizlar. Biz nimani bilamiz. Balki sizlarning bilganlaring to'g'ridir, balki juda katta odam bo'lib ketarsanlar... Hozir zamon o'zi shunaqa-ku. Mayli, boraver... Ehtimol o'sha yoqlarga borganingdan  keyin suratkashlik yaxshi kasb emasligini o'zing tushunib olarsan...Uyingni, ota-onagni unutma, nasihatim shu...
  Shu kundan boshlab kichik uy o'z-o'zidan bo'linib ketdi. Hademay men ham o'qishga jo'nadim.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 10:50:24

  Rassomlik maktabini bitirib, o'z mahoratimni oshirish uchun yana Sankt-Peterburg akademiyasiga o'qishga borganimda o'z diplom ishimni topshirdim. Bu diplom ishi -- ko'pdan beri orzu qilib, yuragimda saqlab yurgan suratim edi.
  Albatta sizlar bu suratda Doniyor bilan Jamila tasvirlanganini darrov fahmlagandirsizlar. Ular daladagi yolg'izoyoq yo'ldan yonma-yon ketishar edi. Doniyorning shineli shamolda yelpinib, yuzidan sevinch balqigan Jamila uning xaltasida ushlab olgandi. Ularning oldida Dniyor kuylagan poyonsiz, yorug', keng dala yastanib yotardi. Hozir olamda Jamila bilan Doniyordan  baxtli odam bo'lmasa kerak!
  To'g'ri, suratimni har tomonlama mukammal, bekamu-ko'st ishlangan deb aytolmayman. Axir mahorat degani o'z-o'zidan darrov kelmaydi-ku. Bu og'ir--mashaqqatli mehnat mevasi. Lekin baribir bu surat men uchun dunyoda eng qimmatli, eng aziz narsa edi. Chunki, o'zimdagi san'atga bo'lgan barcha mehr-muhabbatim, ixlosim, zavqimni ana shu suratga bergandim.
  Mana endi ancha tajribali bo'lib qolgan bo'lib bo'lsam ham, ba'zan chizgan suratlarim ko'nglimdagidek bo'lib chiqmaydi. O'zimga yoqmaydi, o'shanda o'z kuchimga o'zim ishonmay, gumonsirab qolaman. shunday og'ir damlarda o'sha surat -- Doniyor bilan Jamila meni o'ziga chorlaydi. Ularga uzoq tikilib har gal ular bilan maslahatlashganday bo'laman.

Qayd etilgan


saltanat  11 Fevral 2010, 11:32:22

  "Hozir qayerdasiz, qaysi yo'ldan ketyapsiz? Hozir da;lamizda yangi yo'llar ko'p. Qozog'istondan tortib Oltoy va Sibirga qadar cho'zilib ketgan. Hozir u yerlarda cho'lni bo'stonga aylantirish, yangi yerda yangi turmush qurish uchun ko'plab azamatlar mardona mehnat qilmoqdalar. Balki sizlar ham o'sha yoqqa ketgandirsizlar! Unday bo'lsa oq yo'l! Safarlaring bexatar bo'lsin! Jamila, mening Jamilam, sen boshingni baland ko'tarib keng daladan mag'rur qadam tashlab ketding... Hozir ham o'shandaymisan, hozir ham yo'l yurishdan toliqmaysanmi? Yo o'z kuchingga ishonmay, charchagan ikkilanib qolgan kunlaring ham bo'ladimi? Bo'sh kelma bardam bo'l, Doniyordan madad ol! Doniyor senga sevgi, vafo, ona Yer, xayot to'g'risidagi jo'shqin kuylarini kuylab bersin. O'shanda ko'z o'ngingda keng dala gullab, avgust tunidagi kuchli bo'ron guvillasin! Olis yo'ldan qo'rqma Jammila, sening yo'ling baxt yo'lidir, sen o'z baxtingni topding!"
   Men ularga qarab Doniyorning ovozini eshitaman, demak, Jamila ikkisi meni safarga chorlaydi. Ha, men yo'lga chiqishim kerak. Ha keng dala bag'ridan o'tib,ovulimga boraman! Tug'ilib o'sgan yerim -- kuch-quvvatim. Men undan yangi-yangi bo'yoqlar topaman. Chizgan suratimning har bir bo'yog'idan, har bir lavhasidan Doniyorning kuyi eshitilib tursin! Chizgan suratimning har bir bo'yog'ida, har bir chizigida Jamilaning qalbi urib tursin! 



                                                                                                                      1958-yil.

Qayd etilgan