Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380282 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:54:34

Jabroil alayhissalom:
— Yo Muhammad, bu kecha kundagi yotgan o‘rningda yotmagin, kofirlar Xudo xohlamagan ishni qilgani, ya’ni, shu kecha seni o‘ldirgani kelurlar, — dedi. Payg‘ambarimiz bu ishdin ogoh bo‘lganlaridin keyin, tun yarmi bilan ul g‘animlardin yuz chog‘lik kishi Payg‘ambarimizning eshik oldilariga kelib to‘plandilar. Ularning ichida mashhur raislardin shu kishilar bor edi: Al Hakam ibn Abul Os, Uqba ibn Abu Muait, Nazr ibn Horis, Umayya ibn Xalaf, Zam’a ibn Asvad, Payg‘ambarimizning amakilari Abu Lahab va Abu Jahl, qolganlari ham o‘z ishlarida e’tiborlik kishilardin edilar. Bular o‘zaro kengashib, el chuqur uyquga kirgan chog‘da bu xiyonatni bajarmoqchi bo‘ldilar. Shu orada Abu Jahl turib aytdi:
— Muhammadning aytgan so‘ziga qaranglar, ul bizga shundog‘ deydurkim, agar sizlar iymon keltirib, Islom diniga kirar bo‘lsangiz, bu dunyoda davlat topib, arab-ajamlarga podshoh bo‘lursiz, yana o‘lgandin so‘ngra qaytadin tirilib, u dunyoda jannatga kirursiz, agar bundoq qilmas ekansiz, bu dunyoda xorlik tortib, oxiratda do‘zax o‘tida kuygaysiz.
Abu Jahlning bu so‘zini uyida o‘tirgan Payg‘ambarimiz eshitib: «Rost, men shundog‘ ayturman», deganlaricha alarning ustiga chiqdilar. Yerdin bir changal tuproq olib, YOsin surasini «faag‘shaynahum, fahum la yubsirun...» oyatigacha o‘qidilar. Xudo qudrati bilan poylab o‘tirgan shuncha kishilardin hech qaysisi Payg‘ambarimizni ko‘ra olmadi. Changallaridagi tuproqdin bu o‘tirgan kishilarning har birining boshiga quyib-quyib, o‘tib ketdilar. Payg‘ambarimizning bu chiqib ketishlarini tuymadilar (sezmadilar). Bu ersa, hisobsiz o‘tgan mo’jizalarning birisi edi. Uylaridin chiqayotganlarida Hazrati Aliga qarab:
— Ey Ali, men yotgan o‘ringa o‘tib, mening yopinchimni ustingga yopib yotgil, yana qo‘rqmagil, dushmanlardin senga hech qandog‘ zahmat yetmagay, — dedilar. Shu chiqqanlaricha hech yerda to‘xtamay hazrati Abu Bakr Siddiq bilan shahardan tashqari Savr tog‘ida bir g‘or ichiga kirishib yashirindilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:54:44

Kofirlar bo‘lsa, Payg‘ambar uydin chiqqan chog‘ida, alarni Alloh amri bilan uyqu olgan edi. Payg‘ambarimiz bularning oldidin o‘tib ketayotganlarida bir kishiga yo‘liqqan edilar. Payg‘ambarimizning uylari oldida o‘tirgan poyloqchilardin:
— Bu yerda kimni kutib o‘tiribsizlar — deb ul kishi so‘radi. Ular:
Muhammadni kutib turibmiz — dedilar.
— Andog‘ bo‘lsa, Alloh sizlarni noumid qo‘yibdur. Muhammad hozir sizlarning ko‘z oldingizlarda o‘tib ketdi. Yerdan bir hovuch tuproq olib, bu o‘tirgan kishilarning boshlariga quyib o‘tdi, — deb edi, ular shoshilib boshlarini siladilar, boshlaridin tuproq qu¬yildi, hayron bo‘lishib, yugurishgan holda kelib eshik yorig‘idin qarasalar, to‘shak ustida o‘ralib yotgan bir kishini ko‘rdilar, maqsadimizga yetdik, deb qilich yalan¬g‘ochlab uyga kirdilar, qarasalar maqsadlari qo‘ldan ketmish edi. Hazrati Alini ko‘rishib, hasrat barmog‘ini tishlaganlaricha hayron bo‘lishib qoldi. Ins-jins shaytonlarining qurg‘on tuzoqlari uzilmish edi. Pay¬g‘ambarimiz o‘rinlarida yotgan Hazrati Alidan:
— Og‘ang Muhammad qayon ketdi? — deb so‘radilar. «Bilmayman», deganida ulardin ba’zi birovlari urishga qasd qilgan bo‘lsa ham, «bu bolada nima gunoh?» deguvchilar chiqib, alarni qaytardi. Payg‘ambarimiz Abu Bakr Siddiq bilan shu kuni qorong‘u kechada uning uyidin chiqib, Makka atrofidagi tog‘ tomonga qarab yurdilar. Bosgan izlarini bildirmasga oyoq uchlari ila yurar edilar. Shu yurganlaricha Savr tog‘i ichidagi g‘or og‘ziga keldilar.
— YO Rasulalloh, bunda ziyonlik, zaharlik jonivorlar bo‘lmasin, siz kirmay turing, men g‘orning ichini tozalab chiqay, — deb Abu Bakr Siddiq dastlab g‘orga o‘zlari kirdilar. G‘or ichini arig‘dab (tozalab), teshiklariga ridolaridin yirtib tiqdilar. Bir teshikka tiqqudek narsa yetmay qoldi. Ul teshikda bir zaharlik ilon yotgan edi. Avval Abu Bakr Siddiq g‘orga kirib, so‘ngra Payg‘ambarimiz kirdilar. Kechasi uxlamagan, o‘zlari charchagan edilar. Muborak boshlarini Abu Bakr Siddiq tizzalariga qo‘yib, uxlab qoldilar. Hazrat Abu Bakr Siddiq ochiq qolgan teshikdin biror narsa chiqib qolmasin, deb tovonlarini shu teshikka qoplagan edilar, u yotgan ilon, kishining isini bilib, oyoqlarini chaqib oldi. Buning alamiga chiday olmay, ko‘zlaridin yoshlari to‘kilib, ikki-uch tomchisi Payg‘ambarimizning yuzlariga tushdi, bundin uyg‘onib ketdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:54:53

— Ey Abu Bakr, bu nima ishdur? — deb so‘radilar. Ilon chaqqanligini, uning alamini aytg‘onlari so‘ngida muborak tufiklaridin surib qo‘yib edilar, shu onda shifo topdilar.
Ertalab turib qarasalar, g‘or og‘zida bir tup butog‘lik yog‘och (daraxt) unib chiqmishdur. U yog‘ochga bir juft yovvoyi kaptar kelib uyalab, tuxum solmishdur, buning ustiga o‘rgimchaklar qalin to‘r tortib, g‘or og‘zini qoplamishlar edi. Bundog‘ hojat vaqtida har turli mo’jizalar ko‘rsatib, payg‘ambarlarini quvvatlash Alloh taoloning odatidur. Ammo Quraysh kofirlari bo‘lsa, Payg‘ambarimiz haqida qilgan makr-xiyonatlari bo‘shga chiqib, alarning qo‘rqinchlari yana ham ko‘paydi. Har tarafga jar chaqirib, kishi choptirdilar. Muhammadni o‘ldirib yoki tiriklay tutib keltirguvchilar bo‘lsa, qizil tuklik yuz nortuya berishlarini hammaga bildirdilar. Quraysh yigitlaridin bir nechalari mohir izchilar ergashtirib, yuqori-quyi Makka atrofiga yoyildilar. Alardin bir qanchasi Savr tog‘i yo‘lidin izchilarning ko‘rsatishi bilan iz quvishib, to‘g‘ri g‘or og‘ziga kelishdi. Ba’zilari ilgarilab yurib, g‘or og‘zidagi uyalab, tuxum ochgan kaptarlarni ko‘rib, o‘rgimchaklar to‘rlariga ko‘zi tushib: «bu yer kishi oyog‘i tekkan joy emas», deb orqaga qaytdi. Bular tovushini Payg‘ambarimiz g‘or ichidin eshitib turdilar. Iz quvishib yurgan kofirlardin tag‘in bir to‘plari g‘or ustiga kelib to‘xtadilar. Chunki ularning izchilari: «Qochgan kishinglar shu g‘orga kirmishdur», degan edi. Anda birovlari g‘orga kirib qarashga buyurdi. Ubay ibn Halaf degan kishi raislardin edi. U:
— Bunga kirishga nima hojat bordur. Muhammad tug‘ilmasdin ilgari, bu o‘rgimchak to‘rini tortmishdur, bu g‘orga kishi kirgan bo‘lsa, nechuk aning to‘rlari buzilmasin, kaptar tuxumi qanday sinmasun, — dedi. Buning bu so‘zi bahona bo‘lib, g‘or ichiga egilib qarab qo‘ymasdin, hammalari qaytdilar. Bu ishlar Xudo qudratiga bir bahona edi. Yo‘q ersa, shu qadar qizg‘inlik ila izchilar orqalik izlab kelguvchi shuncha ko‘p kishilardin birortasi g‘or og‘ziga kelib, nechukdurki, qarab qo‘ymaydi. Quraysh izchilari: «Yo‘qotmish kishilaringiz shu g‘ordin o‘zib ketmabdur», deb qasam ichmish edilar. Ularning bu so‘zlarini eshitib turgan Abu Bakr Siddiq qayg‘urib, yig‘ladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:55:03

Anda Rasululloh:
— Nimaga yig‘laysan? — deb so‘radilar. Abu Bakr Siddiq:
— YO Rasululloh, Alloh oti ila ont ichurman, o‘zim uchun hech vaqt yig‘lamaydurman, Alloh saqlasin, sizga bir yomon ish bo‘lishidin qo‘rqib yig‘layman, — dedi. Anda Rasululloh:
— Ey Abu Bakr, biz ikkovlondurmiz, g‘am qilma, uchinchimiz Allohdur. Nechuk g‘am qilursan, Alloh biz bilan birgadur, — dedilar.
Shundoq deyishlari bilan Abu Bakr Siddiq ko‘ngillaridin g‘am ko‘tarilib, o‘zlariga oromlik paydo bo‘ldi. So‘ngra mushriklar ham bu yoqdin umid uzib, qaytdilar. Dengiz bo‘yidagi qabilalarga ham xabar yuborib, Madina yo‘lini to‘sishga kishi qo‘ygan edilar. «Kim ularni tutib, keltirur bo‘lsa, yuz qizil tuya berurman», deb yana jar chaqirtirdilar. Shuning bilan Payg‘ambarimiz Savr tog‘ining g‘orida uch kun yotdilar. Shu kunlarda Hazrati Abu Bakrning cho‘ng qizlari Asmo, o‘g‘illari Abdulloh, qullari Omir ibn Fuhayra mana shu uchovlari keraklik xizmatlarni bajarib turdilar. Butun xalq ichidagi xabarlarni, Quraysh raislarining qilgan qattiq harakatlarini Abdulloh yetkazur edi. Osh-ovqatlaridin Asmo xabar olur edi. Omir ibn Fuhayra Abu Bakr Siddiqning qo‘y-echkilarini o‘tlatgan bo‘lib, g‘or atrofiga tushgan kishi izlarini alarga bostirib yo‘qotur edi. Shundog‘ qilib, uch kun o‘tgandan keyin, Hazrati Ali ilgari tayyorlab qo‘yilgan uch tuyani kechalab, tog‘ tagiga kelturdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:55:19

MADINAGA HIJRAT

Abdulloh ibn Urayqit degan, yo‘lboshchilikka olingan kishi ham birga keldi. Bularning kelishlarini Payg‘ambarimiz intizorlik ila kutmoqda edilar. Tuya tovushi chiqishi hamon, g‘ordin chiqib, tog‘ tagiga tushdilar. Payg‘ambarimizning uylarida har kimlarning qo‘ygan omonatlari bor edi. Shularni egalariga topshirish uchun Hazrati Alini vakil qildilar. Va uch kundin ortiq to‘xtamay, orqalaridin kelmakka buyurdilar. Shu bilan uch tuyaga uch kishi mindilar: «Pay¬g‘ambarimiz, Abu Bakr Siddiq va yo‘l boshlovchilari Abdulloh ibn Urayqit edi. Omir ibn Fuhayrani Abu Bakr o‘z tuyalariga mingashtirib oldi. Tun o‘rtasi bo‘lganida, bu joydin jo‘nab, Xudo izni ila Madina sari yurdilar. Yo‘lboshchilari Abdulloh tog‘ yo‘lini tashlab, dengiz bo‘ylab yurishga boshlagan edi. Bu yo‘ldin yurganlarga Yanbu’, Robi’ qishloqlaridin o‘tishga to‘g‘ri keldi. Quraysh kofirlari Payg‘ambarimiz bilan Abu Bakr Siddiqning tiriklarini yo o‘liklarini kelturgan kishiga ikki yuz tuya atagan edilar. Buni eshitgan arab bahodirlari molga qiziqib, har tomondin yo‘l to‘sishga kirishdilar. Shu qatorda Bani Mudlij qabilasining bahodirlaridin Suroqa ibn Molik degan kishiga birov: «Yiroqdin tuyalik ketayotgan uch kishi qorasini ko‘rdim, Muhammaddin boshqa bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman» dedi. Suroqa buni anglashi bilan, shu kishilar Payg‘ambarimiz ekanini bildi. Xabarchiga: «Boshqa birovlardur, deb ularni yo‘ldan qoldirdi». O‘zi tezlik ila qurollanib, yashirin ravishda yo‘lga tushdi. Boshqalar bilib qolsalar o‘ljadosh bo‘lib qolmasin, deb qizg‘anur edi. Yugirik ot ustida chopgandin chopa-chopa yugirib-o‘tirib, ko‘p uzoqlamay, qasd qilgan qora ustiga yetayozdi. Ikki ora o‘n chaqirim yovuqlashdi (yaqinlashdi).
Payg‘ambarimiz tuya ustida Qur’on o‘qib ketmoqda edilar. Qur’on o‘qigan tovushlari quvg‘uvchiga eshitila boshladi. Payg‘ambarimizning u yon-bu yonga qarash odatlari yo‘q edi. O‘ljalik bo‘lish xayolida Suroqa o‘zini o‘nglab, otini tepinib, nayzasini to‘g‘rilab ketayotganida, birdaniga oti qoqilib yiqildi, o‘zi ham ot ustidan ag‘darilib, yerga tushdi. O‘rnidan tura kelib, arab odaticha, yon xaltasiga solingan «tulga» (ya’ni «fol») o‘qlariga, ishim qanday bo‘lur deb, qo‘l solib qarasa, «tulga»si teskari chiqdi. O‘ljaga qiziqqanlikdin, bunga qaramay, qaytadin ot ustiga minib, yana ot qo‘ydi. Payg‘ambarimiz o‘z odatlaricha orqalariga qaramas edilar. Abu Bakr Siddiq shundog‘ orqaga qarasalar, o‘qdek otirilib (ya’ni, tez) kelayotgan otning oyog‘i qoqqan qoziqdek tizzasigacha yerga botibdur, u yer bo‘lsa, qat-qat toshlik yer edi. Ot oyog‘ini yerdan sug‘urib olmoqqa qudrati yetmadi. Otning tuyog‘i botgan izdin ko‘k tutunga o‘xshash to‘zon ko‘kka ko‘tarildi. Yana «tulga» o‘qlari azlonga qo‘l solib qarasa, yana «tulga»si to‘g‘ri chiqmadi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:55:28

Buni ko‘rib, o‘ziga qo‘rqinchlik tushdi. Oti ersa, yerga botganicha titrab turmoqda edi. So‘ngra, omon aytib, qichqirdikim:
— Men Suroqa ibn Molikdurman, endi sizlarga hech ziyonim yetmagay, foyda yetkurmak uchun va’da beraman. Yo Muhammad, Allohdin so‘ra, otim oyog‘i bo‘shalsin, — dedi. Anda Payg‘ambarimiz:
— Agar aytganing aniq bo‘lsa, so‘raganim bo‘lsin,— dedilar. Shu onda oti bo‘shanib, Rasululloh oldiga keldi. So‘ngra aytdi:
— Yo Muhammad, meni bu kelishimni qabila xalqi onglagan bo‘lsalar, albatta, ortimdin yetib kelurlar. Endi men bu yerdin orqaga yonurman (qaytaman), agar bu yo‘lda kelayotgan quvguvchi kishilar bo‘lsa, barini yo‘ldan qaytarurman. Mandin boshqa orqalaringizdin hech bir izlovchi kishi kelmasga chora qilurman. Mening sizlarga qilgan yaxshiligim shu bo‘lsin, — dedi. Tag‘in bir rivoyatda kelmishdur. Suroqa aytdi:
— Ey Muhammad, mening ko‘nglim shundoq topadurkim, sening bu ishing bir kuni butun dunyoga tarqalur, olam ahli buyrug‘ingga bo‘yinsungaylar, o‘shal kunda oldingga kelsam, tanig‘lig‘im bo‘lsin, men uchun iymonlik xat yozib bergin, — deb so‘radi. Anda Payg‘ambarimiz Omir ibn Fuhayrani yozmoqqa buyurdilar. U bu ahdnoma xatni bir parcha suyakka yoki mesh parchasiga yozib, Suroqaga berdi. So‘ngra Payg‘ambarimiz aydilar:
— Ey Suroqa, Eron podshosi Kisroning bilak uzugini qo‘lingga taqqan chog‘ingda qandog‘ bo‘lib ketar ekansan, — dedilar. Anda Suroqa aytdi:
— Hurmuzning o‘g‘li Kisroni ayturmisiz?
— Ha, o‘shani ayturman, — dedilar.
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:55:37

Payg‘ambarimiz Madinaga hijrat qilib kelganlaridin so‘ngra sakkizinchi yili Makka shahri fath qilindi. Butun Quraysh qabilasi itoat qildilar. Buning so‘ngida Toif, Hunayn g‘azotlari bo‘lib, tamom dushmanlar taslim bo‘ldi. Mana, shu safardin qaytishlarida, Ji’rona degan joyda shu Suroqa ibn Molik Rasululloh huzurlariga keldi, sakkiz yil ilgari yozdirib olgan omonlik xati qo‘lida edi. Yiroqdin ko‘zlari Suroqaga tushib, ani tanidilar.
— Marhabo, ey Suroqa, xush kelding, va’daga vafo qilar kunimiz bizga keldi. Senga, iymon keltirar vaqti endi yetmadimi? — dedilar. Suroqa shu onda iymon aytib, Islomga musharraf bo‘ldi. So‘ngra Hazrati Umarning xalifalik davrida butun Eroniston mamlakati fath qilindi. Bu davlatning tamom xazinalari Islom askari qo‘liga kirdi. Eron podshosi Kisro ibn Hurmuzning toji, kamari, bilakuzugi, har tarafi oltmish gazlik «Bahor» nomlik gilami (bu gilam esa sof ipakdin to‘qilgan, eng qimmatbaholik javohirlar bilan ziynatlanib, bezalgan edi), Bulardin boshqa har turlik ko‘p miqdordagi o‘lja tushgan mollarni Madinaga keltirdilar. Bu mollarning beshdan biri xazinaga solinib, qolganlarini musulmonlarga taqsim qildilar. Shu qatorida yuqoridagi gilamni parchalab, ulashtirishga to‘g‘ri keldi. Ansor, muhojiriyn sahobalarga ani ulashtirib berdilar. Hazrati Alining o‘z hissalariga tushgan gilam parchasi ellik ming tillaga sotilgan edi. Bu gilamning naqadar qimmatbaho ekanligi shundin ma’lumdur. Shu chog‘da Hazrati Umar xalifa edilar, g‘animat mollarini taqsim qilish vaqtida Suroqani chaqirib:
— Ey Suroqa, Eron podshosi Kisro xudolik da’vo qilgan edi, Alloh taolo undin podsholikni olib, bizga berdi. Mana, uning xazinasi o‘rtamizda bo‘linmoqdadur. Endi shu podshohning bilakuzugini sening qo‘lingga taqqayman. Allohga hamdu sano aytib, qo‘ling¬ni ko‘targil, — deb Suroqaning qo‘liga uni taqib qo‘ydi.
Bundin o‘n besh yil ilgari Payg‘ambarimizning «Ey Suroqa, Eron podshosi Kisroning bilakuzugini taqqan chog‘ingda qanday bo‘lgaysan?» degan mo‘jiza so‘zlari shu edi. Bundoq mo’jizalik ishlarni o‘z o‘rni kelganda yana bayon qilurmiz. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:55:46

Suroqa ibn Molik o‘z uyidin otlanib chiqqanida maqsadi Payg‘ambarimizni dushmanlarga tutib berish edi, demak, shu kelishida qo‘lidin kelguncha zarar yetkazishni qasd qildi. Lekin uning deganidek bo‘lmay, Alloh taolo aytganidek bo‘ldi. Ko‘z oldida bo‘lib turgan ulug‘ mo’jizani ko‘rgandin keyin darhol iymon keltirmagan bo‘lsa ham, yomonlik qilishdin butunlay ko‘ngli qaytdi. Shuning uchun yo‘l bo‘yida kelayotgan hamma quvguvchi kishilarni turlik so‘zlar bilan ishontirgandin so‘ngra, hammalari yo‘ldin qaytib ketdilar. Ertalab dushmanlik bilan chiqqan Suroqa kechqurun do‘stlik ila uyga qaytdi. Shuning bilan Payg‘ambarimiz Suroqadan ajrashib, tuni bilan to‘xtamay yurdilar. Yo‘l iyan (xoli) bo‘lib, hech kishi yo‘liqmadi. Tong otib, tushga yaqinlashganda bir ulug‘ tog‘ning do‘qmishiga keldilar. Tog‘ bag‘ri ostida qalin ko‘lanka ko‘rinur edi. Shunga kelib tushdilar. Abu Bakr Siddiqning safar uchun olgan teri to‘nlari bor edi. Uni soyalik o‘ringa solib, so‘ngra:
— Yo Rasulalloh, uzun tun o‘tib uxlamadingiz, bu o‘rinda biroz uxlab oling, men qorovullik qilib tururman, — dedi.
Rasululloh yotib uxladilar. Shu orada qo‘y boqib yurgan bir cho‘pon ko‘rindi. Aning qo‘y-echkilari ichida sutlik sovliqlari bor edi. Andin Abu Bakr Siddiq bir oyoq sut so‘rab oldilar. Rasululloh uyqudin uy¬g‘ongandin so‘ngra, u sutni ichdilar. So‘ngra ko‘chadigan vaqt kelib, u joydin ham jo‘nashdi. Yo‘l uzasida o‘tirgan, Ummu Ma’bad nomlik, arablar ichida mashhur bir xotun bor edi. Shuning uyiga kechga tomon kelib tushdilar. Shu yillari ocharchilik bo‘lganlikdin, mollari oriq, sog‘inlari yo‘q edi. Payg‘ambarimiz u xotundin ichgani sut so‘radilar. «Agar sizlarda go‘sht, xurmo topilsa, sotib olgaymiz», dedilar. Ul xotun ersa, bu muborak mehmonlarni kim ekanligini bilmas edi. So‘ngra u xotun:
— Agar bizda yemak-ichmakdin biror narsamiz bo‘lsa, sizlardek aziz mehmonlardin hech ayamas edik, yo‘qchilik yomon ekan, hijolatga qoldik, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:55:55

Ochligidin yurolmay, oriqligidin o‘tloqqa chiqolmay qolgan bir sog‘liq qo‘y shu yerda yotgan edi, Payg‘ambarimizning ko‘zlari shu qo‘yga tushib:
— Ey Ummu Ma’bad, agar ruxsat qilsang, shu qo‘yni sog‘ib ko‘raylik, — dedilar. Ummu Ma’bad:
— Oriqlikdin qoq suyak, quruq terisi qolmishdur. Ochligidin kuchi ketib yotmish, qo‘chqor ko‘rmagan sovliqdur. Unda sut qaydin bo‘lsin, koshki bu qo‘yda sut bo‘lsa edi, sog‘ib ko‘ring, — dedi.
Anda Rasululloh turib, qo‘y oldiga keldilar, «bismilloh» deb, qo‘yning orqa-oldini silab edilar, qo‘y irg‘ib turib, boshqacha bir holga kirdi. Burishib, yopishib yotgan yelin-emchaklarini qutluq qo‘llari bilan ushlab turib, «Ey bor Xudoyo, bu qo‘yimizga barakot bergil», deb duo qilib edilar, shu onda u qo‘y semirib, yelini chotiga sig‘may chotrab chiqdi. Bir katta chora (idish) kelturib, o‘zlari sog‘dilar. Hiyol o‘tmay, bu cho‘ng chora liq to‘lib, o‘n-o‘n besh kishi ichsa ham qondirgudek bo‘ldi. Boshlab uy egasi Ummu Ma’badga ichirdilar va katta-kichik uning kishilari, undin so‘ngra Hazrati Abu Bakr boshliq o‘z yo‘ldoshlariga ichirib, barilarini qondirib, sutga to‘ydirdilar. Eng keyin o‘zlari ichib, «soqil qavmi oxiruxum shurban», ya’ni, «quyguvchi kishi eng oxirida ichishi kerak», deb ummatlariga adab o‘rgatdilar.
Rasulullohning shu qilgan ishlarida bizlarga necha turlik masala ma’lum bo‘ldi. Birinchisi shuki, qo‘yni o‘zlari sog‘dilar, uni o‘zlari quyib, hammaga ichirdilar, bu xizmatni boshqalarga buyurmadilar. Bu ishlari esa, ummat boshliqlariga ta’lim bo‘ldi. Ya’ni, ulug‘larning tavoze’li bo‘lib, kichiklarga xizmat qilish yo‘lini ko‘rsatdi. Ikkinchisi shuki, agar mehmonlar o‘z ovqatlaridin yeb-ichmoqchi bo‘lsalar, uy egasidin boshlashlari kerak ekan. Uchinchi, quyguvchi kishining oxirida ichishini ochiq aytib, ko‘rsatdilar. Chuqurroq qaragan odamga bulardin boshqa odoblar ma’lum bo‘lishi mumkindur. Shuning bilan Payg‘ambarimiz u yerdin ham chiqib, yana o‘z yo‘llariga tushdilar. Bundog‘ ulug‘ mo’jizani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ummu Ma’bad hayron bo‘lib, o‘tirib qoldi. Shu kuni kechqurun uning eri Aksam degan kishi bir necha oriq qo‘y-echkilarini uyiga haydab kelayotib, yiroqdin chodir ichidagi oqarib turgan sutlarga ko‘zi tushdi. Bu ishga ajablanib:
— Ey Ummu Ma’bad, — deb qichqirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:56:05

— Oriqlikdin yurmakka kuchi kelmagan yolg‘iz qo‘yingdin bosh¬qa bu yerda qo‘y yo‘q edi, idish-tovoqlar to‘lgan sut ko‘raman, buni sen qaydin topding, kimlardin olding?— dedi. Anda Ummu Ma’bad:
— Hech kishidin sut olmadim, ajoyib kishilar ko‘rur eding, o‘zing uyda bo‘lmading, bir muborak kishi bugun bizga qo‘nov bo‘lib o‘tdi, aning barakot qo‘lidin uyimiz sutga to‘ldi. Ko‘taram bo‘lib yotgan qo‘ying endi qandoq bo‘lib yotmishdur, ani ko‘rgil, — deb qissani bayon qildi. Andi uning eri:
— Ey Ummu Ma’bad, aning yuzi-ko‘zi qandoq ermish, sifatini menga qondirib aytgil, onglayin, — dedi. So‘ngra Ummu Ma’bad Payg‘ambarimizning ko‘rinish sifatlarini shu yo‘sinda bayon qildi.
— Ul kishining ko‘rinishi shundoq edi: ochiq, yoriq, kular yuzlik, ko‘zining oqi oppoq, qorasi tim qora, kipriklari quyuq, ozgina uzunroq, uni (tovushi) ortiqcha o‘tkir emas, ko‘p past ham emas, tovushi quloqqa bek yoqimli, o‘rta bo‘ylik, qilich bo‘yinlik, qiyposh qoshlik, ulug‘ boshlik, tekis qorinlik, so‘z qilsa — savlatlik, so‘zlamasa haybatlik, gaplari tizilgan gav¬hardek. Uning oldida uch nafar yo‘ldoshlari bor, so‘z qilsa, jon qulog‘i bilan tinglaydilar, ish buyursa, barobar yuguradilar, jon-tanlari bilan xizmat qiladilar, — dedi. Bu so‘zlarni eshitgandin keyin:
— Xudo haqqi, bundog‘ ulug‘ sifatlarga ega bo‘lgan odam shu kunlarda payg‘ambarlik da’vosi bilan Qurayshdin chiqqan kishidin boshqa bo‘lmagay, agar men uni ko‘rgan bo‘lsam edim, darhol iymon keltirib, anga bay’at qilur edim. Hali ham bo‘lsa, albatta, bu ishni bajarurman, — dedi.

Qayd etilgan