Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380022 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:27:40

Shuning bilan yurib-o‘tirishib, kechga yaqin Badr vodiysining Madina tomon qirg‘og‘iga kelib tushdilar. Biroq bu tushgan yerlari sho‘rlik, suvdan yiroq cho‘l yer edi. Ichishga suv topolmay, chanqoqlik bularga g‘alaba qildi. Buning ustiga shu kecha bir necha sahobalarga junublik yetgan edi. Ertalab uyqudin turgan vaqtlarida ba’zilari junub, ba’zilari tahoratsiz edilar. G‘usl, tahorat qilishga yetarlik suvlari ham yo‘q edi. Shuning uchun ularning ko‘ngillarida turlik vasvasalar paydo bo‘ldi. Dushmanni ko‘rmasdan ilgariyoq: «Chanqoqlik bizni halok qilgudek ko‘rinur, shuning ustiga agar dushman hujumiga uchrar bo‘lsak, holimiz nechuk bo‘lur?» — degan so‘zlar tarqalib, askar ichiga qo‘rqunish tushdi.
Mana shu chog‘da Allohning fazli karami bilan havo o‘zgarib, yomg‘ir yog‘a boshladi, ko‘p vaqt o‘tmay soylar to‘la suv bilan silkinib oqqali turdi. Barchalari g‘usl tahorat oldilar, O‘zlari ichib, qonishib, ot-ulovlarini sug‘orib, suv idishlarini to‘lg‘azdilar. Ko‘ngillarida g‘am bo‘lib turgan vasvasalarining barisi ko‘tarildi. Changib, to‘zib turgan tuproqlar bosilib, oyoq osti toptaldi. Urush maydoniga kirganda bahodir yigitlarning oyoqlari toyilmas bo‘ldi. Bu yomg‘ir yog‘ishi musulmonlarga naqadar foydalik bo‘ldi esa, kofirlarga shul qadar ziyonlik edi. Chunki alarning maqsadlari, shul kuniyoq ul joydin ko‘chganlaricha, Budrning suv quduqlariga ega bo‘lish edi. Yurar yo‘llari loy, botqoq bo‘lganlikdan, yo‘lda bir kun kechikib qoldilar. Oldingi o‘ylagan maqsadlari qo‘lga kirmay qoldi.
Payg‘ambarimiz bo‘lsalar shu kechani toat-ibodat bilan o‘tkazdilar. Butun askarlarga zafar belgisi bo‘lib, tun bo‘yi alarni rohat uyqusi bosdi. Shuning uchun: «Iymoni kuchlik kishilarga urush ustida uyqu kelur, namoz ichida uxlaganlar, dilida nifoq borligidan bo‘lur», dedilar. Shuning bilan Rasululloh, tong yorishi bilan: «Mo‘minlar, namozga, namozga», deb qichqirdilar. YOmg‘irdan daldalanib, har yerda yotgan sahobalar yig‘ilishib kelib, Rasululloh orqasida namoz o‘qidilar. Namozdan keyin sahobalarga qarab, urush haqida qisqacha bo‘lsa ham, o‘tkir va’z so‘zladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:28:01

Shundoqkim, Allohga hamdu sano aytgandin so‘ngra:
— Ey mo‘minlar, Alloh taolo hoziru nozir, doim sizlarga qarab turadur. Urush maydonida bahodirlik ko‘rsatib, dushmanga qarshi chidamlik bilan turishinglarni Alloh suyadur, urush ustida qilich ostida Allohni yod qilib, sabr bilan turish har mo‘minning tutgan po‘lat qalqonidur. Bundan ajralmagan kishilar dushman ustidan albatta zafar topadilar. Bu o‘rinda bir necha soat sabr qilguvchilar, dunyo sharafiga ega bo‘lib, umr bo‘yicha qayg‘u-hasratdin o‘zlarini, avlod-nasllarini qutqarg‘aylar. Shuni bilinglarkim, Allohning yordami sabr qiluvchilar bilandur, — deb so‘zlarini tamomladilar.
So‘ngra Rasululloh Badrdagi suv quduqlarini dushmandin ilgariroq egallash uchun ildamlab yo‘lga tushdilar. Aytganlaridek, Qurayshdan ilgariroq manzilga yetib, Madina tomonidin borishdagi birinchi quduq boshiga tushdilar. Anda ansor sahobalaridin Hubob ibn Munzir:
— YO Rasulalloh, bu joyga agar sizni Alloh tushirgan bo‘lsa, bu yerdan ilgari-keyin ketmagimiz yo‘qdur. Agar bu joyga o‘z fikringizcha tushgan bo‘lib, urushda hiyla kerak, desangiz, bu o‘rin bizga qulay emas, — dedilar.
Anda Payg‘ambarimiz:
— Bu haqda menga Allohdin vahiy kelmadi, o‘z xohishimcha bu joyga tushdim, urush demak, makr-hiyla bilan bo‘lur. Agar biz uchun biror foydalik ish topgan bo‘lsang, qani so‘zla, uni qabul qilurmiz, — dedilar.
Anda Hubob ibn Munzir:
— Andoq ersa, Makka tomonidagi eng oldingi birinchi quduqqa ega bo‘lmog‘imiz kerakdur. Men bilurman, yo Rasulalloh, bu joydagi borliq quduqlardan uning suvi mo‘ldur. U quduqning yonidan ko‘l qazib, uni suv bilan to‘ldirib olaylik, qolmish quduqlarning boriga tosh-tuproqlar tashlab, suvlarini quritaylik, dushmanlarimiz kelsa, suvsiz qolsunlar, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:28:11

Rasululloh bu kengashni to‘g‘ri topib, bu quduq aylanasida (atrofida) askarga o‘rin oldilar. Boshqa quduqlarning barini ko‘mdirib, o‘z quduqlari oldida bir qo‘l qazib, suvga to‘ldirdilar. Bu o‘ringa dushman kelib yetmasdin ilgariroq bu ishlar bajarilgan edi. Anda madinalik ansor sahobalar raisi Sa’d ibn Mu’oz:
— YO Rasulalloh, siz uchun bu tepa ustida soyalik bir o‘rin qilaylik, bizning ishlarimizni tekshirib, siz unda o‘ltiring, yelmayon yugurik tuyalardin bir nechasini oldingizga keltirib qo‘yaylik, so‘ngra biz dushmanlarimiz bilan savashaylik. Tangri bizga yordam berib g‘animlarimizni yengar bo‘lsak, kutgan tilagimizni topgan bo‘lurmiz. Agan bundoq bo‘lmay, ish bosh¬qa tarafga aylansa, tayyor turgan tuyaga minib, o‘zingizni Madinaga yetkuring. Anda qoldirmish yor-yo‘ldoshlaringiz sizni jonlari ila saqlagaylar. Oldingizda siz uchun mol-jonlarini qurbon qilgaylar. Bu ishda ularning bizdan hech kamchiliklari yo‘qdur, — dedi. Rasululloh uning bu so‘ziga rahmat aytib...
— Ey Sa’d, ish o‘zgarmas, inshaalloh, biz dushmanlarimizni yengamiz, — dedilar.
Shuning bilan urush maydoni ustida qarab turgudek bir egiz tepa ustiga xurmo yog‘ochi shohlaridan soyabon yasadilar. Rasululloh ul joyga chiqib o‘ltirdilar. Abu Bakr Siddiq qilich yalang‘ochlab, boshlari ustida qorovullik qildi. Shu orada Quraysh qo‘shinlari ham yetishib keldi. Rasululloh ko‘rdilarkim, alarning urush asboblari tugal, ot-arg‘umoqlari mukammal. Bayroqlar ko‘tarishgan holda g‘ururlik va takabburlik bilan kelishar edilar. O‘z yoronlari, mo‘minlarga qarasalar, bularda har tomondan yetishmaslik ko‘p ko‘rindi. Sonlari uch yuzdan ortiq bo‘laturib, borliq ko‘luklari yetmish tuya, ikki otdan boshqa yo‘q edi. Buni ko‘rib, Rasulullohning ko‘ngillari ma’yus bo‘ldi. So‘ngra Quraysh askarlariga qarab turib, Xudoga munojat qildilar:
— Ey bor Xudoyo, butun dunyo xalqiga meni haq payg‘ambar qilib yubording, haq yo‘lni alarga o‘rgatgil, deb qo‘limga Qur’ondek ulug‘ kitob berding. Endi bular o‘zingga qarshilik ko‘rsatib, payg‘ambaringni yolg‘onchi qildilar. O‘zing tushirgan Qur’oni karimga ishonmadilar, qonimizga tashna bo‘lib, qarshimizga keldilar. Ey bor Xudoyo, bu urushda bizlarga zafar berib, dushmanlarimizni haloq qilgil, chunki urushda sabr etgan mo‘min qullaringga, yordam berurman, deb o‘zing va’da qilding. Sening bu va’dang albatta haqdur,— deb duo qildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:28:21

Shu orada Quraysh qo‘shini ikkiga bo‘linib, o‘z ichlaridan ola chiqdi. Askar raislaridan Utba ibn Rabia degan kishi xalqni bu urushdan qaytargali turdi. Ul aytur edikim: «Bu urushda Muhammadni yengar bo‘lsak ham, yana bu urushdan biz uchun foyda chiqmaydur. Chunki uning yoru yo‘ldoshlari eng oz deganda o‘z barobarlaricha kishi o‘ldirmay qolmaslar. Agar bu urushda Qurayshdan shu qadar odam o‘ldirilur bo‘lsa, qolganlarimizga bu tiriklikdan nima lazzat bo‘lur? Yana urushning oxiri qandoq chiqishi bizga ma’lum emasdur. Muhammad askarining bir qismi o‘z qabilamiz bo‘lganlikdan bu urush o‘z qonimizga — o‘zimiz qasd qilish, demakdur. Muhammad bilan bizning oramizda qon-mol chiqimlarimiz bo‘lsa, barini o‘z ustimga oldim, qonga xun to‘larman, moliga tovon berurman, endi bu urushni qo‘yaylik, Muhammadni boshqa qabila arablari bilan qoldirib, o‘zimiz esonlik bilan qaytaylik, ul boshqalarni yengsin, yoki ulardin yengilsin. Biz uchun bu ish foydalik bo‘lib chiqar» dedi.
Bu so‘zlar askarlar ichida tarqalib, Abu Jahlga yetdi. U ersa butun qo‘shinning bosh qo‘mondoni edi. Bu so‘zning to‘g‘riligiga qongan bo‘lsa ham, ko‘nglidagi saqlagan gina-adovatining qattiqligidan bu maslahatni qabul qilmadi. Qayta ul kishini qo‘rqoqlik bilan aybladi. Va bundin ilgariroq karvon xabarini bilish uchun Rasululloh sahobalardin sakkiz kishini Abdulloh ibn Jahshni bosh qilib yuborgan edilar. Naxla degan joyga kelganlarida kichikroq karvonga uchrashib, karvon boshlig‘i Amr ibn Hazramiy degan kishini o‘ldirdilar. Butun karvon molini ikki kishi bilan olib, Madinaga qaytdilar. Buning voqeasi oldiroqda o‘tdi. O‘ldirilgan Amr ibn Hazramiyning akasi Omir ibn Hazramiy ukasining qasosini olaman deb Quraysh qo‘shini bilan birga chiqqan edi. Abu Jahl unga darhol kishi yuborib, oldirib kelib: «Ko‘rdingmi Utbani, ukangni o‘ldirgan Muhammad bilan urushmaymiz, deb askarni urushdan qaytarmoqchi bo‘ladi. Endi sen butun askar yig‘ilib turgan chog‘da o‘rningdan turib, o‘lgan ukangni qattiq talab qilib, o‘ch olishga askarni qo‘zg‘agil», dedi. So‘ngra u askar o‘rtasiga kelib, ketini ochdi, arab odaticha boshiga tuproq sochib «Vo Amro, vo Amro», deb qattiq qichqirib, yig‘lagani turdi. Buni ko‘rib o‘z qabilasi, qarindosh-urug‘lari ham yig‘ladilar. Butun askar o‘ch olamiz deb qichqirishdilar. Shuning bilan ikki oradagi so‘zlar to‘xtalib, urush boshlanmoqchi bo‘ldi. Har ikki tomondagi askarlar o‘z saflarini tuzdilar. Sarvari olam aytdilar: «Ikki o‘rinda safni to‘g‘ri tutmoqni Alloh suyadur. Biri — namozi jamoatda, ikkinchisi — so‘qish maydonida». Rasululloh ham qo‘llaridagi tayoqchalari bilan ishorat qilib, ilgari-keyin turgan kishilarning saflarini to‘g‘rilamoqda edilar. Shu orada ansor sahobalardan Savod nomlik bir kishi safdan tashqari chiqib qoldi. Unga ishorat qilsalar, o‘zini o‘nglay olmadi. So‘ngra Payg‘ambarimiz tutib turgan tayoqchalari bilan ul kishini, safda to‘g‘ri tur, deb biqiniga qattiqroq nuqib qo‘ydilar. Ul kishi aytdi: «Yo Rasulalloh, sizni Alloh taolo xalq ichiga haqlik, adolatlik qilishga yuborgandur, mening biqinimga turtib, og‘ritdingiz. Shuning uchun qasos qaytarishingizni talab qilaman», dedi. Anda Rasululloh qornilarini ochib, qasos olmoqqa ruxsat qildilar, buni ko‘rib u sahoba, muborak qorinlariga yuz-ko‘zlarini surtib o‘pdi. «Nega bundoq qilursan?», deb Rasululloh andin so‘radilar. Ul kishi: «YO Rasulalloh, ko‘rib turasiz, barchamiz o‘lim oldida, ajal safida tururmiz. Agar bu urushda o‘lib ketar bo‘lsam, oxir chog‘imda muborak jasadingizga biror joyimni surtgan bo‘lurman. Bu esa Alloh oldida mening uchun ulug‘ sharafdur», dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:28:32

«Xasoisi sug‘ro» degan kitobda keltirubdur: «Rasulullohning muborak jasadlariga jonlik-jonsiz nima narsa tekkan bo‘lsa, ul narsani Alloh taolo do‘zax o‘tiga harom qilgay».
Shundoq bo‘lib, har ikki taraf askarlari saf bog‘ladilar. Bahodirlar maydonga ko‘z tikdilar. Shu chog‘da yana Payg‘ambarimiz askar ustiga kelib, urush boshlanishi oldida ikkinchi bir va’z so‘zladilarkim, mazmuni bu edi:
— Ey mo‘minlar, Alloh taolo sizlarga nusrat berurman, deb o‘zi va’da qildi. Alloh va’dasining haqligiga hech shak yo‘qdur. G‘animlar ustidan g‘alaba qozonmoq uchun urush maydonida chidamlik kerakdur. Dushmanlar qarshisida bahodirlik bilan sabot qilguvchi mo‘minlarni Alloh do‘st tutgay. Farishtalar alarning yordamida bo‘lg‘aylar. Bundoq o‘rinda sabr qilib, shijoat ko‘rsatuvchilarni Alloh taolo doimiy davlatga yetkazgay, kelguvchi kunlarning qayg‘u hasratlaridan ko‘ngillarini qutqazgay.
Bu so‘zga chuqur fikr qiling, Payg‘ambarimiz aytgan bu va’zlarida ummatlarining doimiy davlatga yetmakliklari uchun, dunyo turmushida g‘amu qayg‘udan ozod bo‘lmoqlari uchun, birinchi darajada dushmandan g‘alaba qozonmoq kerak ekanligini ochiq ko‘rsatdilar. Chunki mag‘lubiyatga uchrab, dushmanlaridan yengilgan millatlar doimiy qayg‘u-hasratda qolib, xoru zorlik birla yashamoqqa majburdirlar. Har bir kimsaga ma’lumdurki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrlik, qimmatlik to‘rt narsasi bordur. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘larlar. Alarning eng birinchisi shuldurkim, har odam o‘z erk va ixtiyoriga ega bo‘lmoqdur. O‘zida erki, qo‘lida ixtiyori yo‘q odamlarning hayvondan nima farqlari bordur.
Ikkinchisi shulki, shar’iy yoki qonuniy kasblar orqalik topgan molu dunyosi, qilgan mehnatining mevasi shul topguvchining o‘z haqqi bo‘lib, aning xos mulkidur.
Uchinchisi, har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug‘ilib o‘sgan, ota-bobosidan meros qolgan Vatanidur. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq — Vatan avlodlarining kechirilmas og‘ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:29:13

To‘rtinchisi, har mamlakat xalqining asrlar bo‘yi asralib kelayotgan muqaddas dinlaridur.
Endi bu yuqorida yozilmish to‘rt narsaga ega bo‘lmoq uchun har millatning butun huquqlari shu millatning o‘z qo‘lida bo‘lishi shartdur. Bu ish esa hayot olamining kurash maydonlarida dushmanlari uzra g‘alaba qozonmoq bilan qo‘lga kelur. Shuning natijasida u millatning hokimiyati o‘z qo‘lida saqlanur. Ana shundagina butun huquqlarini o‘zlari himoya qila olgaylar. Agar bundog‘ bo‘lmay, ish teskarisiga aylanib, mag‘lubiyat balosiga qolsalar, asorat va mahkumiyat zanjiri bilan band bo‘lib, dushman qo‘lida qolsalar, ul chog‘da insoniyat huquqlaridan butunlay ajrab, yuqorida aytilmush to‘rt qimmatlik narsaning biriga ham ega bo‘lolmaydilar. Balki hayvonlar qatoridan ham tubanroq darajaga tushadilar. Boshimizdan o‘tayotgan tarixiy voqealar, ustimizda bo‘layotgan hozirga hodisalar bu ishga jonlik shohiddir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan bu va’zlarining sirlari ozroqqina o‘ylab qaragan har qandoq kishiga ochiq ma’lumdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Kofir, musulmon ikki taraf bo‘lib, saf bog‘ladilar. O‘shal zamonning urush odatlari bo‘yicha, Quraysh kofirlaridan uch odam maydonga kirdi. Birinchi — Utba, ikkinchisi — uning inisi Shayba, uchinchisi — o‘g‘li Valid erdi. Bular turib, muboraza ko‘rsatdilar. Ya’ni, musulmonlardin maydonga chiqsun, deb o‘zlariga bahodir chaqirdilar. Musulmonlardin uch kishi alarga qarshi maydonga tushdi. Birinchi, Muiz, ikkinchisi, Mu’oz, uchinchisi, Avf erdi. Bular ansoriy sahobalardin bo‘lib, uchovlari bir tug‘ishgan qarindosh edilar. Alar bilan qarshi kelishib, ko‘rishganlarida: «Qaysi qabiladan bo‘lasiz», deb so‘roqladilar. «Bizlar ansoriylardin bo‘lamiz», deb javob berdilar. Anda ular: «Cizlar yaxshi tengdoshlar ekansiz, lekin biz o‘z urug‘imiz — Hoshimiylar bilan maydon tutmoqqa xumormiz. Bizga shulardin chiqsun», deyishdi. Buni anglab, uchovlari Rasululloh qoshlariga kelishdi. Payg‘ambarimiz Xoshimiylarga qarab aytdilar:
— Meni sizlarga payg‘ambar qilib yuborgan Allohning yo‘lida jihod qilinglar. Islom dini — Allohning yoqib qo‘ygan chirog‘idir. Bu kofirlarning maqsadlari shu chiroqni o‘chirishdur. Ey Ubayda, ey Hamza, ey Ali, uchovinglar turinglar», deb farmon berdilar. Bular ham javlon urib, darhol maydonga otilishdi. Qarshi-qarshiga kelib qarasalar ham, bir-birlarini tanisha olmadilar. Chunki u zamondagi urush odaticha, sovut, dubulg‘a kiygan kishilarning ko‘zlaridan boshqasi ko‘rinmas edi. Nasab so‘rashib, tanishgan so‘ngida, har ikki tarafdin olti bahodir qarshiladilar. Ubayda — Utbaga, Hamza — Shaybaga, Ali — Validga to‘g‘ri kelishdilar. Bular ichida barchadin hazrati Ubaydaning yoshi ulug‘roq bo‘lib, Payg‘ambarimizdan o‘n yosh cho‘ng edi. Endi, bu bahodirlar ikki taraf qo‘shinlarining ko‘z oldilarida bir-birlariga hamla qilishdilar. Eng avval qilich solib, qarshidagi dushmanni yenggan hazrati Ali edi. Bir qilich urib erdi, oyog‘i kesildi, ikkinchi qilich solib o‘ldirdi. Amiri Hamza hech qancha hayal o‘tkazmay, Shaybaga g‘alaba qozondi. Ammo hazrati Ubayda bilan Utba bir-birlariga qilich solishib, har ikkovlari ham og‘ir yaralandilar. Shu orada arslondek aning ikki yo‘ldoshi yordamga yetishib, Utbani pora-pora qildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:29:20

Urush boshlanishi musulmonlarning yengishi bilan bo‘lganidan Islom ruhi ko‘tarildi. Uch bahodirlari maydonda o‘ldirilib, dushman ruhi tushdi. Darhol hazrati Ubaydani orqalashib, Rasululloh oldilariga keltirdilar. Oyoqlari qilich zarbidan kesilib, iliklari oqib turmoqda edi. Rasulullohning muborak qadamlariga yuzini qo‘yib: «YO Rasulalloh, shu jarohatim bilan o‘lsam, shahidlik darajasini topgaymanmu?» deb so‘radi. Anda Rasululloh: «Guvohlik berurman, Alloh taolo shahidlik darajasini albatta senga ato qilgay», deb bashorat berdilar. Urush tugab, Madinaga qaytishlarida, Sug‘ro degan qishloqqa kelganda, vafot topib, shunda dafn qilindi. Bu kishi Xudo uchun muborazat maydonida jon berib, Raziyallohu anhu, (Xudo undan rozi bo‘lsin) shahodat topgan Islom bahodirlarining birinchisi edi. So‘ngra Rasululloh tepa ustiga qurilgan joylaridan tushib, askarlarga qarab aytdilarkim:
— Mendin buyruqsiz dushmanga hujum qilmagaysiz. Agar sizlardin ilgari ular hujumga o‘tsalar, yaqinlashib kelgunlaricha alarni o‘qqa tutinglar. Bu ish dushman kuchini sindirib, orqaga chekintirgay. Agar ustingizga yetib kelsalar, u holda qilich sug‘urib, qarshi hujumga o‘tinglar, har kim urushda chidamlik qilur ersa, zafar uning bilan bo‘lur. Urush safida sabr qilguvchilarga Alloh yordam berur.
Bu so‘zdin so‘ngra hazrati Abu Bakr Siddiq bilan o‘z o‘rinlariga yondilar. Bu orada urush ham qizigali turdi. Anda Payg‘ambarimiz shu duoni o‘qidilar:
«Allohumma unshiduka ahdaka va va’daka, Allohumma in zaharuv ala hazihil isobati zaharash shirku vala yaquvmu laka din».
Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, mo‘minlarga nusrat berurman, deb o‘zing va’da qilgan eding. Endi shu va’daga vafo qilmoqni sendin talab qilurman. Agar shu kungi urushda kofirlar g‘alaba qilib, musulmonlar yengilsalar, kufr rivoj topgay. Yer ustida haq din bosh ko‘tara olmagay», demakdur.
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:29:28

Bu duodin so‘ngra biror soat o‘tmasdanoq, dushman askari buzilib, orqa o‘girib qochgali turdilar. Alloh taolo mo‘minlarga farishtalar orqalik yordam yetkazdi. Quraysh va boshqalardin bo‘lib, dushman tarafidin yetmish kishi o‘ldirildi. Yana shu barobarinda yetmish kishi asir olindi. Musulmonlarda har to‘g‘rilik kamchiliklar bor edi. Shunga qaramasdan Allohning yordami bilan, o‘zlaridan uch barobar ortiq dushmanlarini yengdilar. Bu g‘azotda hozir bo‘lgan sahobalar uch yuz o‘n uch kishi edi. O‘rtalarida ikki ot, yetmish tuyadan boshqa minarlik narsa yo‘q edi. Urush qizib kelgan chog‘da Payg‘ambarimiz chayladin chiqib, baland ovoz bilan shu oyatni o‘qidilar. Musulmonlarga nusrat berish haqida Allohdin shu oyat vahiy bo‘lgan edi:
«Sayuhzamul jam’u va yuvallunaddubur», ya’ni, «Kufr qo‘shini endi albatta yengilgaylar va orqa o‘girib qochgaylar», demakdur.
Bu oyatda aytilgandek, alarning ko‘ngillari qo‘r¬qinch¬likka to‘ldi. Jonlari bo‘g‘izlariga keldi. Hech yerda qayrilib qaray olmay, o‘lgandin, asir berilgandin qolganlari qochib, arang jon tutqondilar. Bu urushda Abu Jahl boshliq Quraysh raislaridin bir necha atoqlik kishilar o‘ldirildi. Ko‘plari tutqin olindi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «xaza masra’u fulan», ya’ni, «falonchi shu yerga yiqilib o‘lar, falonchi bu yerda yiqilib o‘lar», deb ularning o‘ladigan joylarini sahobalarga ko‘rsatgan edilar. Payg‘ambarimiz qaysi joyni ko‘rsatgan bo‘lsalar, naq shu o‘rinda o‘ldirildilar. Bu ham Rasulullohning mo’jizalaridur. So‘ngra o‘liklarni oralab qarasalar, Abu Jahl ko‘rinmadi. Uning holi nechuk bo‘ldi, bilmadik, dedilar. Rasulullohdin bu so‘zni onglab bir necha sahobalar ani izlagani turdilar. U bo‘lsa, o‘liklar ichida ramaqijon (chalajon) bo‘lib yotgan ekan. Ibn Ma’sud ko‘rib, aning kallasini kesayotganda: «Kim bo‘lsang ham, bo‘ynim bilan qo‘shib, kallamni kattaroq qilib kesgin, Muhammad oldiga tashlaganingda, aning ko‘ziga haybatlik ko‘rinsun», dedi. So‘ngra boshni kesib, Rasululloh oldilariga keltirib tashladi. Buni ko‘rib, Rasululloh Allohga hamd-sano aytgandin so‘ngra:
— Har ummatning o‘z ichidan chiqqan bir fir’avni bo‘lur. Bu ummatning fir’avni Abu Jahl edi, buning haloki bilan Islom dini rivoj topar, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:29:36

So‘ngra buyurdilar, borib maydonda yotgan o‘liklar yig‘dirilib, shu joydagi quduqlarga ko‘mildi. Rasulullohning odatlari qaysi yerda odam o‘ligi ko‘rsalar, uning kim ekanligini so‘ramasdan, darrov ko‘mishga buyurar edilar. Mushriklar o‘liklarini quduqqa tashlanayotgan chog‘da, ulug‘ sahobalardin Abu Huzayfa qarab turgan edi. Ukasi Valid, amakisi Shayba tashlangan vaqtda uncha o‘zgarmagan bo‘lsa ham, otasi Utbaning sudralib tashlanganini ko‘rganda ungi (rangi) o‘chib, bir turlik o‘zida g‘amu qayg‘u paydo bo‘ldi. Rasululloh buni sezib, «Huzayfa, otang holini ko‘rib, achinganga o‘xshaysan», dedilar. Anda u aytdi: «YO Rasulalloh, otam Utba bilimlik, aqllik, andishalik kishi edi, shuning uchun uning Islomdin nasibalik bo‘lishini umid qilar edim. Endi, men tilagancha bo‘lmay, shu holda o‘lganini ko‘rib, ko‘nglim qayg‘ulandi», deb ko‘ziga yosh oldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Huzayfaga tasalli bergudek so‘z aytib, aning haqiga duo qildilar. So‘ngra Rasululloh quduq qirg‘og‘iga kelib: «Ey, falon o‘g‘li falon, men aytgan so‘zlarning haqligini endi aniq bildinglarmu?» dedilar. Anda Hazrati Umar: «YO Rasululloh, joni yo‘q jasadlar bu so‘zni qaydin anglaydilar?» dedi. Rasululloh: «Alloh oti bilan ont ichurman, mening so‘zimni sizlardan yaxshiroq anglaydilar. Endi Alloh aytgan so‘zlarini chinligini ko‘zlari bilan ko‘rishdi», dedilar.
Shuning bilan urush o‘tib, uch kun so‘ngida Madinaga qaytgali qasd qildilar. Yo‘lga chiqmasdin ilgari, suyunch xabarini yetkazmoq uchun ikki kishi yubordilar. Biri Madinalik ansorlardan Abdulloh ibn Ravoha, ikkinchisi, Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa edi. Bular kelmasdin ilgari Madina munofiqlari ila Islom dushmani yahudlar musulmonlarni g‘amgin qilmoq uchun, alarning ziyonlariga turlik yolg‘on xabarlar tarqatmish edilar. Xabarchilar kelgandin so‘ngra yolg‘on yo‘qolib, chin so‘z maydonga chiqdi. Musulmonlar quvonishib ruhlari ko‘tarildi. Munofiqlar, yahudlar sharmanda bo‘lishib, xafalikda qoldilar. Buni eshitib, Islomiyatni qabul qilmagan butun arab mushriklari zil ketib, ko‘ngillariga qo‘rqinch tushdi. Bu suyunchilik xabar kelgan chog‘da, Rasulullohning qizlari, hazrati Usmon ayollari Ruqiyani sahobalar endigina dafn qilishib, qabristondin qaytishmoqda edilar. Shu vaqtda xabarchilar yetishib kelib, Abdulloh ibn Ravoha qattiq qich¬qirib: «Ey mo‘minlar, suyunchi, Rasululloh sog‘-salomatlar, mushriklar raislaridan faloni-faloni o‘ldirildi, falon-falonlar asir olindi», dedi. Buni eshitgan yahudlar raisi Ka’b ibn Ashraf, «bu so‘zlar yolg‘ondur, agar Muhammad bularni o‘ldirgani rost bo‘lsa, yer osti bizlarga ustidan yaxshiroq bo‘lur», dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:29:44

Endi Rasulullohdan xabar exshitaylik. Suyunchi aytib, Madinaga kishi jo‘natilgandin so‘ngra, o‘zlari ham yo‘lga chiqdilar. Safro degan joyga kelganda, qo‘lga tushgan Quraysh raislaridan Nazr ibn Hars degan kishini o‘ldirishga buyurdilar. Ulug‘ sahobalardan Mus’ab ibn Umayr uning bir tug‘ishgan qarindoshi edi, uni Rasulullohga orachi qo‘yib: «Muhammadga aytgil, boshqa yo‘ldoshlarim qatorida mening ham jonimga omon bersun», dedi. Anda Mus’ab ibn Umayr: «Sen bu o‘limdan omonlik topa olmagaysan. Alloh kitobi Qur’on haqida, aning Payg‘ambari Rasululloh ustida noyang‘liq (ko‘p, qanchalar yomon) so‘zlamish eding, anga iymon keltirgan mo‘minlarga turlik azoblar berib, qiynamish eding, endi shu qilmishlaring jazosini ko‘rmakdan boshqa chorang yo‘qdur», deb so‘zini rad qildi. Shuning bilan, Hazrati Aliga topshirilib, boshi kesildi. Bir og‘iz iymon aytishga bo‘yni yor bermasdin, dunyo va oxiratlik davlatidan ajraldi. Boshiga qilich kelgan chog‘ida iymon aytgan bo‘lsa edi, tavbasi qabul bo‘lib, o‘limdan qutulur edi.
So‘ngra ul joydin ko‘chib, «Aroq az-Zobya» degan manzilga keldilar. Bu yerda Quraysh askar boshliqlaridan Uqba ibn Mu’ozni o‘limga buyurdilar. Bu kishi hijratdin ilgari Makkada Rasulullohga haddin osha adabsizliklar qilgan edi. Bir kuni Pay¬g‘ambarimizni chorlab, ziyofat qilgani o‘z uyiga keltirdi, taom hozirlab yemakka taklif qildi. Rasululloh aning iymonidan umid qilib, agar iymon keltirmasang, bu taomdin yemayman, dedilar, u ham qabul qilib, shu holda iymon keltirdi. Bu so‘z xalq ichiga tarqalib, katta-kichik hammaga ma’lum bo‘ldi. Quraysh raislaridan Ubay ibn Xalaf uning eng yaqinlaridan edi. Bu so‘zni eshitib, qattiq qayg‘ulandi. Ota-bobolarimiz yurgan yo‘ldan chiqib, alarning dinini buzding, deb uni xo‘p malomat qildi. Anda Uqba: «Uyimga mehmon bo‘lib, kelgan Muhammadni taom yedirmak uchun, til uchida aytgan bo‘ldim. Men bu ishni chin ko‘ngil bilan qilmadim», deb alarga uzr aytdi. Qancha aytsa ham mushrik raislari buning so‘ziga ishonmadilar. Anda Ubay ibn Xalaf: «Muhammadni ko‘rganingda, aning yuziga tupirib, bo‘ynini bosib, yuzini yerga sursang, shundagina so‘zingga ishonamiz, yo‘q ersa, sening yuzing¬ga boqishni ko‘zimga harom qildim», deb ont ichdi. Haqiqatda esa, aning ko‘ngliga iymon nuri kirmagan edi. Shuning uchun bir kuni Rasululloh Ka’ba oldida namoz o‘qib, sajda qilgan chog‘larida, do‘sti topshirgan shu beadabsizlikni ijro qildi. Ammo Rasululloh namozni buzmadilar, namoz o‘tagan so‘ngida anga qarab:
— Agar seni Haramning tashqarisida ko‘rar bo‘lsam, boshing uzra qilich ko‘tarurman, — deb nubuvat nuri bilan, shu kungi holiga ishorat qildilar. So‘ngra u sahobalardin Osim ibn Sobitga topshirilib, bo‘yni uzildi. So‘ngra Rasululloh asirlarni soqchilarga topshirdilar. O‘zlari bir muncha sahobalar bilan ilgarilab, Madinaga yurdilar. Ulardan bir-ikki kun ilgariroq Madina shahriga yetdilar. Hammadin ilgari boshiga bir chora ko‘targan yahud xotini Rasulullohni qarshi oldi. Qarasalar chora ichida qovurilib, pishirilgan qo‘zi go‘shti bor edi.

Qayd etilgan