Buni onglab, Hazrati Umar boshliq bir necha muhojir sahobalar alarga qarshi chiqib, tog‘ ustidan qo‘g‘lab tushdilar. Mana bu oyat shu chog‘da nozil bo‘ldi:
«Vala tahinu vala tahzanu va antumul a’lavna inkuntum mu’minin», ya’ni, «Ey mo‘minlar, bo‘shashmanglar, qayg‘urmanglar, albatta, sizlar ustundursizlar, agar chin mo‘min ersanglar», demakdur.
Bu oyat mazmunida mo‘minlar uchun bek ulug‘ bashorat bordur. Chunki buning mazmunicha, har vaqt ustunlik va g‘olibiyat haqiqiy mo‘minlarga xos sifatlardandur. Chunki bu dunyo maydoni bo‘lsa, mo‘minlar uchun sinash o‘rnidur. Alloh taolo mo‘minlarni urush kunlarida gohi yengish, gohi yengilish bilan sinab boqadur. Agar musulmonlar chin mo‘minlik maqomini saqlay olsalar, har ishning sababini o‘z o‘rnida qilsalar, eng so‘ngi g‘alabani qozonishlarida hech shak-shubha yo‘qdur. Yuqorigi oyat ustiga mana bu hadis bordurkim, Rasululloh aytdilar: «Al-islamu ya’li vala yu’la», ya’ni «Islom ustun bo‘lur, ostin bo‘lmas, g‘olib kelur, mag‘lubiyatda qolmas» demakdur.
Endi yuqorida aytilmish oyat, hadisdan chiqqan ma’noga qaralsa, qullikda qolgan, butun huquqlaridan ajrab, asoratga tushgan musulmonlar haqida qandoq hukm chiqarsa bo‘lur. Tushungan har bir odam buni o‘zi bilur. Yana maqsadga kelaylik.
Rasululloh urushda olgan jarohatlarining ko‘pligidan, shu kungi peshin namozini turib o‘qishga kuchlari kelmay, o‘ltirib o‘qidilar. Sahobalar ham ko‘pchiliklari yarador, majruh bo‘lganliklaridan alar ham o‘ltirib iqtido qildilar. Shundoqkim, Hazrati Talha ibn Ubaydulloh, raziyallohu anhu, bu urushda yetmish necha joydin jarohatlangan edi. Yalang‘och qo‘li bilan dushman qurolidan Rasulullohni qo‘riqlab yurib, necha barmoqlari kesildi. Qon ko‘p oqqanlikdan, qonsirab yiqildi. Buni ko‘rib, Abu Bakr Siddiq aning yuziga suv sepib edi, hushiga kelishi bilan, — «Rasululloh nima bo‘ldilar, u kishi qandoqdur?», — deb so‘radi. Omonliklarini onglab: «Ey Abu Bakr, endi bizga har qancha musibat yetsa, osondur», dedi. Ya’ni, Rasulullohni tirik ko‘rishdan umidlari uzilmish edi. Tirik borliklarini anglagach, buning quvonchligida boshqa mehnat mashaqqatlarini unutdilar. Yana sahobalardan Abdulloh ibn Jahsh, amir Hamzaning jiyanlari Uhud shahidlaridan edi. Uhud urushiga chiqardin bir kun ilgari shundoq deb duo qildilar:
— Ey bor Xudoyo, erta urush maydonida qattiq ko‘ngillik, bir dushman bahodirini menga yo‘liqtir. Ul meni o‘ldirgan so‘ngida, unga qanoat qilmay, ko‘zimni o‘yib, quloq burunlarimni kesib tashlasin. Tongla qiyomat kuni sening dargohingga borganimda: «Ey Abdulloh, nega quloq-burning kesilmishdur, deb so‘ragaysan. — Sening yo‘lingda, payg‘ambaring yo‘lida kesildi, deganimda, «Rost aytursan», deb bu yo‘lda chinligimni bildurursan, — dedi. Darhol duolari qabul bo‘lmish edi, o‘zi degandek kofir bahodirlaridan Axnas ibn Shurayq degan kishi qo‘lida o‘ldirildi. So‘ngra quloq-burunlari kesilib, ko‘zlari o‘yilib, shahidi a’lo darajasiga yetdilar.