Chunki Qur’onda kelgan bu oyat bizning so‘zimizga ochiq dalildur:
«Rabbana atina fid-dunyo hasanatan va fil axirati hasanatan va qina azobannar», ya’ni: «Ey bor Xudoyo, bizlarga bu dunyo, u dunyo, har ikki dunyoda yaxshilik bergil va ham do‘zax azobidan asragil», degan bo‘lur.
Alloh taolo bu oyatda har ikki dunyoning yaxshiligini so‘rashni bandalariga buyurdi. Bu davlatga yetish yo‘llarini ularga o‘zi ko‘rsatdi, dunyo davlatini qo‘lga kiritish uchun ilm o‘rganishga buyurdi. Oxirat yaxshiligiga yetish, do‘zax azobidan qutulish uchun dinni ushlashga amr qildi. Ilm o‘rganib, tabiat asrorini ochishga asbob (sabab) qilib, aql-idrok berdi. Dinni o‘rgatib, iymon-insof yo‘llarini bildirish uchun payg‘ambarlarini yubordi. Har ilmning, har fanning mohir olim ustozlari har shaharda yuzlab, minglab topilishlari mumkin. Ammo ular ichida xalq uchun qayg‘urgan oqil, dono odamlar kam topilur. Ilm taraqqiy qilganlikdan agar ahmoq qo‘liga tushar ekan, butun olamni xarob qilg‘udek eng dahshatlik qurollarni shu olimlar o‘ylab chiqardilar. Nodonlar qo‘liga qurol topshirmoq, mast-majnunlar qo‘liga o‘t bermoq kabidur. Bular esa bir kuni butun olamga o‘t qo‘yib yuborishdan ham toymaydilar.
So‘zning xulosasi, haqiqatning to‘xtagan joyi shulki, Alloh bir bo‘lgandek, uning ko‘rsatgan yo‘li ham birdur. U esa Muhammad alayhissalom keltirgan Islom dinidur. Allohning ming bir oti bordur, aning bir ismi Ahaddur. Shuning uchun «Qul huvallohu ahad» oyati ila boshlaguvchi sura Qur’onda kelmishdur. Payg‘ambarimizning ismlari esa Ahmaddur. Alloh Ahad, o‘zi ko‘rsatgan haq yo‘liga butun insonlarni boshlash uchun habibi Ahmadni yo‘lboshchi qilib yubormishdur. Endi, insonlar Xudo yuborgan yo‘lboshchilari Muhammadga ergashib, aning yo‘liga kirar ekanlar, bu dunyoda rohatda yashab, oxiratda jannatga kirgaylar. Agar shunday bo‘lmas ekan, unday odamlar mayli, boshqa din tutsin yoki tutmasin, bu dunyoda qo‘llari ishdan bo‘shamaydi, ko‘ngillari g‘amdin chiqmaydi. Qiyomatga qolmasdanoq, o‘lishlari bilan o‘zlarini do‘zax ichida ko‘radilar. Qur’on hukmi, Islom e’tiqodi shuldur. Ahmoq odam ustida payg‘ambarimizning aytgan qutlug‘ so‘zlaridan ilhom olib o‘qiguvchilarga, shu qadar so‘zlarni aytib o‘tdim, inshaalloh, foydasiz bo‘lmas. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu safarlaridin qaytib rabiul oxirning yigirmalarida salomat Madinaga kirdilar. Safarda ekanliklarida ansorlar raisi Sa’d ibn Ubodaning onasi vafot topmish edi. Madinaga kelgach, yo Rasulalloh, onam uchun sadaqa qilsam, qaysi narsa savobi ko‘proq bo‘lg‘ay, deb so‘radi. Anda Rasululloh tashnalarga suv bermakdur, dedilar. Sa’d raziyallohu anhu bu so‘zni anglag‘ach, Madinada bir quduq qazdirdi. Savobini onasig‘a bag‘ishlab, suvini vaqf qildi.