Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379539 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:04:46

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xandaq qazish ishlarini dushman askari yetib kelmasdan oldinroq tugatish zarur bo‘lganlikdan muning chorasiga qattiq kirishib, uch mingga yaqin kishi bul ish ustida biror oy turish qildilar.
Bu ishda eng ortiq xizmat ko‘rsatgan sahobalardan hazrati Salmon Forsiy bo‘ldi, yolg‘iz o‘zi o‘n kishilik ishni bajarur edi. Bu kishi qizg‘inlik bilan o‘ra-zovur qazib turgan chog‘ida yer ostidin qattiq shuvoq kesak chiqib, ketmon u yerga o‘tmadi. Hazrati Salmon qo‘liga metin olib chopar bo‘lsa, metinni miz-miz qaytarur edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishchilar ustida aylanib yurib, shu yerga kelib qoldilar, qarasalar, ish shunday ekan. Darhol Salmonni qo‘lidan metinni olib: «Bismilloh» deb shu yerni uch qayta chopdilar. Har chopganlarida chaqmoq chaqqandek yalt etib o‘t ko‘rinur edi. Birinchi chopganda: «Allohu akbar, Shom o‘lkasi fath bo‘ldi», ikkinchi chopganda «Allohu akbar, Yaman ketdi», uchinchida «Allohu akbar, Eron olindi, bu yerda podshoh saroyini ko‘rdim. Undagi hazinalar ochqichini qo‘limga oldim. «Sendin so‘ngra ummatlaring bu joylarni olgaylar», deb Jabroil alayhissalom menga xabar berdi», dedilar.
Aytganlaridek, Payg‘ambarimizning zamonlaridayoq Yaman viloyati olingan edi. Qolgan ikkilari (Eron, Shom) Hazrati Umar halifalik davrida fath bo‘ldi. Necha yillar ilgari aytilgan bu xabarning haqligini butun ummatlari o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdilar.
Munofiqlar esa, Rasulullohning bu so‘zlarini anglashib: «Hay-hay, Muhammad Madinada turib Eron podshohining saroylarini ko‘rgan emish, bu gapi asossiz. Tubsiz so‘zlar bilan o‘ziga tobun bo‘lgan anqovlarni aldamoqchi bo‘lur. Yer usti podshohlarining hazinalariga ega bo‘lmish kishi, nega qo‘rqqanidan xandaq qazitur. O‘zi dushman kelib qolishidan qo‘rqib shoshilganidan hojat qilishga ham vaqti yo‘qdir», deyishib, mana shunday qiyinchilik chog‘da bu munofiqlar ham dillaridagi yashirin xiyonatlarini bildirib, musulmonlarga ta’na qilgani turdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:04:55

Ish shundoq bo‘lib turgan chog‘da Allohdin vahiy kelib, ushbu oyat tushdi:
«Qulillahumma malikal mulki tu’til mulka man tashau va tanziul mulka mimman tashau va tu’izzu man tashau va tuzillu man tashau, biyadikal xayru, innaka ala kulli shay’in qodir».
Ya’ni «Aytgil, ey bor Xudoyo, hukumat va podshohlik egasi O‘zingdursan. Kimni xohlasang, podshohlikni shunga berursan, xohlagan kishidan podshohlikni olursan, xohlagan birovni aziz qilursan, xohlasang uni xor qilursan. Har yaxshilik o‘z qo‘lingdadur. Uni kimga berursan, kimdan olursan, erk O‘zingdadur, har yaxshilik o‘z qo‘lingdadur, Sening qudrating yetmagan hech ish yo‘qdur».
Alloh taolo Payg‘ambarimizning mo’jizalik xabarlariga inkor qilgan munofiqlarning so‘zini mana shu oyat bilan rad qildi. Bu oyatning mazmunicha Xudo xohlagan ekan, Rasulullohning ummatlari o‘zlaridan keyin o‘shal zamonda eng kuchlik davlatlardin hisoblangan Rum va Eronni fath qildilar. Eroniston butunlay Islom mamlakatiga aylandi. Osiyo, Afriqoning ko‘p joylarini musulmonlar oldilar.
Umaviyyalardin Valid ibn Abdulmalik davrida Afriqo Barbaristonini ochgandan keyin, hijratning 92-yili erdi, Toriq ibn Ziyod qo‘li ostida Islom askari Sabta (Gibraltar bo‘g‘ozi) orqali o‘tib, Ispaniyani fath qildilar. Buni anglab bosh qo‘mondon Muso ibn Nasir Po‘rttegiz (Portugaliya) tomoniga kirdi, har ikkovi birlashib, Po‘rttegiz va Ispaniyani fath qilganlaridan so‘ngra janubiy Fransaga kirib uni ham oldilar. Agar bu ikki qo‘mondon hasad qilishib, o‘z oralari buzulmagan bo‘lsa edi, butun Ovruponing fath bo‘lishi aniq edi. Bularning ittifoqsizliklari uchun o‘zlari markazga chaqirildi, bu sabab bo‘lib, u tomonda bo‘layotgan Islom futuhoti ham to‘xtaldi. Shunday bo‘lsa ham Ispaniyada yaqin to‘rt yuz yil Islom hukumati davom etdi.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundoq bo‘lib, biror oy ichida xandaqni ham qazib tugatdilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina tog‘ining tagida dushmandan mudofaa qilurlik bir qulay o‘rin tanlab, muborak o‘rda (askarxona)larini shu joyda qurishga buyurdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:05:05

Chunki urush yarog‘ining birisi — keraklik o‘rinni bilib ushlashdir. Islom askarining soni borlig‘i bo‘lib uch mingga yetar edi. Muhojirlarning tug‘ini asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisaga topshirdilar. Ansor sahobalarga Sa’d ibn Uboda tug‘begi bo‘ldi.
Shuning ustiga uzoqdan qorasi ko‘ringan dushman askari ham yetishib keldi. Askar atrofiga qazilgan chuqur xandaqni ko‘rishib hayron qolishdi. Chunki bundan ilgari arab ichida bunday ish hech ko‘rilmagan edi. Shuning uchun dushman askari boshlig‘i Abu Sufyon Rasulullohga qichqirib:
— Ey Muhammad, sen o‘z chevringga (atrofingga) turlik cho‘g‘oy (kambag‘al) kishilarni to‘plamish erursan, yo‘q esa arab xalqining qilich-nayzasidan boshqa sig‘inarlik (tayanarlik) narsasi yo‘q edi, — dedi.
So‘ngra har ikki yoqdin o‘q otishga kirishdilar. Shul kuni kechgacha to‘xtovsiz bu ish davom edi. Namoz o‘tashga fursat sig‘maganlikdan, musulmonlar shu kungi namozlarini qazo qildilar. O‘rtada xandaq to‘sqinlik qilgani uchun dushman askari hujum qilisha olmadilar. Otish bilan birinchi kun o‘tgandan so‘ngra, quyida nomlari yozilgan kuffor bahodirlari xandaqni tor joylaridan ot sakratib bu tomonga o‘tdilar. Ulardan:
1. Amr ibn Abduvad. Bu kishi ersa butun Arabistonda dong‘i chiqqan katta bahodirlardan edi. O‘tgan Badr urushida qattiq yaralangan bo‘lsa ham qo‘lga tushmay, qochib qutulgan edi. U: «Agar bu yaramdan o‘lmay tuzalur bo‘lsam, Muhammadni o‘ldirmaguncha, soch-soqolimga yog‘ surtmayman», deb arab odaticha ont ichgan edi.
2. Hazrati Umarning ukasi Zarror ibn Xattob.
3. Abu Jahl o‘g‘li Ikrima.
4. Huyayra ibn Abu Vahob.
5. Navfal ibn Abdulloh va boshqalar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:05:13

Bular ichidan Amr ibn Vud maydon o‘rtasida turib: «Qani menga kim talabgor bo‘lsa chiqsin», deb uch qayta qichqirdi.
Har qichqirganida hech kim o‘rnidan turmagach, Hazrati Ali chiqmoqqa talab qilsa ham, Rasululloh ruxsat bermadilar. Balki:
— Ey Ali, o‘lturgil, bu maydonga turgan kishi Amr ibn Abduvad ekandir, — deb aning bahodirlig‘ini eslatdilar.
U esa, qarshisida chiqqan hech kimni ko‘rmagach, ko‘ngli ko‘tarilib, nafsi semirdi. So‘ngra ta’naga til ochib:
— Ey musulmonlar, sizlar aytur edingizlar, bizdin o‘ldirilganlar jannatga kirgaylar deb. Endi na bo‘ldi, sizdan jannatga kirgani kishi chiqmay qoldi,— deb yana qichqirdi.
Bu so‘zni anglab Hazrati Ali yana o‘rnidan turdi. Payg‘ambarimiz «O‘ltur, ul Amr ibn Abduvad emish», deganlarida:
— YO Rasululloh, kim bo‘lsa ham unga chiqqayman, — deb ruxsat so‘radi.
So‘ngra Hazrati Ali Amr ibn Abduvad oldiga kelib:
— Ey Amr, senga uch ish ayturman, albatta ularning birovin qabul qilursan:
Birinchisi, iymon keltirib Islom diniga kirgil.
Anda Amr:
— Bu so‘zing mendin yiroq tut! Ikkinchi so‘zingni ayt, — dedi.
Unda Hazrati Ali:
— Agar iymon keltirmas bo‘lsang, biz bilan urushishni qo‘yib, o‘z elingga qaytgil! Agar Muhammadning aytgan so‘zi chin ersa, sen o‘limdan salomat qolib, baxtli kishilardan bo‘lursan. Agar uning bu ishi yolg‘on bo‘lsa, yolg‘on orti vayrondir. U chog‘da sen degandek bo‘lib o‘z-o‘zidan yo‘qolur, — dedi.
Anda Amr aytdi:
— Sening bu so‘zing Quraysh xotunlariga kulgu bo‘lgudek ishdur. Buni qo‘ygil, uchinchi so‘zingni aytgil.
Anda Hazrati Ali:
— Yo‘q esa, endi ikkimiz maydon ichida kuch sinashamiz, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:05:21

Buni anglagach, u qahqaha urib kuldi va: «Arab ichida bu ish bilan meni hech kim qo‘rqita olmaydi. Bu ish esa mening izlagan ishimdur. Muhammadni o‘ldirmoqqa ont ichib, ahd qilgan edim. Bugungi kunda u ahdimga vafo qilgali vaqt kelmishdir», deb darhol otidan tushdi.
Har ikki bahodir maydon ichida piyoda bo‘ldilar. Amr ibn Abduvad chaqqonlik bilan qilichga qo‘l soldi, qorong‘u kechada yalt etgan yashindek qilichni qinidan sug‘urib, Hazrati Ali boshiga andoq urdikim, qalqon-dubulg‘alarini kesib qilich mizi bir ozroq boshiga botdi. So‘ngra navbat Hazrati Aliga yetib edi, bir qilich urushlari bilan dubulg‘a qalqonlarini yorib, boshini yarmiga yetdi. Ikkinchi urish bilan boshini uzib yerga tashladi. Buni ko‘rib butun musulmonlar shodlik ila takbir aytdilar. Ishongan bahodirlariga bu zarba yetgach, qolgan yo‘ldoshlari ham chidab turolmay qochdilar. Bulardan Navfal ibn Abdulloh ot sakratgandi, yiqilib bo‘yni uzildi, boshqalari bo‘lsa, aranggina jon qutqazdilar.
Shundoq bo‘lib bu qilgan hujumlari o‘zlari uchun ziyonlik bo‘lib chiqdi. Atog‘lik bahodirlaridan ikki kishining o‘limi alarg‘a qattiq zarba berib, askarning ruhi tushdi. Mushriklar bu ishdin o‘z odatlaricha yomon fol ochdilar.
Xandaqning bu tomonida, musulmonlar tarafida qolgan o‘liklariga qattiq qayg‘urishdilar. Alarni so‘rab, har biriga o‘n ming tangadan pul berishga va’da qilishdi.
Anda Rasululloh:
— Xudoga va uning payg‘ambariga qarshi chiqib, urushda o‘lganlarning tanlari murdordur. Biz nechuk alardin pul olg‘aymiz, tashlab beringlar, bu murdorlarni o‘zlari ko‘msunlar, — deb, qoldirg‘on o‘liklarini olmoqqa ruxsat berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:05:30

Shunday bo‘lgach, dushman askarlari xandaq uzra ikkinchi bor hujum qilishga jur’atlari qolmadi. Lekin ikki orada to‘xtovsiz o‘q otishlar bo‘lib turar edi. Shunday bo‘lib besh-o‘n kun o‘tgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bular ichidagi qo‘mondonlardan G‘atafon qabilasining raisi Uyayna ibn Hisnga kishi qo‘yib, aning bilan alohida kelishmoqchi bo‘ldilar. Butun G‘atafon askari agar dushmanlardan ajrab, urushmasdan o‘z yurtlariga qaytib ketsalar, ularga Madina xurmosining hosilidan uchdan birini bermakka Rasululloh qaror qildilar. Kechaning qorong‘usida Abu Sufyondan yashirincha qabila boshliqlaridin ikki kishi keldi. O‘rtada bir ahdnoma xat yozilmoqchi bo‘ldi. Bu ish ustiga ansor sahobalar raislari Sa’d ibn Muoz va Sa’d ibn Ubodani Rasululloh maslahat uchun chaqirdilar. Alar bu so‘zni anglagach, aytdilarkim:
— YO Rasulalloh, agar bu ish sizga Xudo tarafidan buyurilg‘on bo‘lsa, bosh ustiga, unga qarshi aytgudek so‘zimiz yo‘qdur. Agar unday bo‘lmay, bizga kengashmoqchi bo‘lsangiz, qo‘l kuchimiz bilan topgan halol molimizni alarg‘a nechuk bergaymiz? Islom diniga kirmasimizdan ilgari bizdan xurmo yemoqchi bo‘lsalar, sotib olib yer edilar yoki alarni qo‘noq qilib berar edik. Endi Islom diniga kirgan holimizda, bundoq soliq qilib olishlari, alarning zo‘rligi, bizlarning xo‘rligimizdur, — deb bu ishga norozilik bildirdilar.
Anda Rasululloh:
— Allohdin bu haqda vahiy kelsa edi, hech kim bilan kengashib turmagay edim. Ul ishni qilsak, dushmanlar o‘z ichidan buzulg‘aylarmi, deb o‘ylagan edim. Haqiqatda esa, sizning so‘zingiz to‘g‘ridur. Agar siz bunday ulug‘ himmat qilar ekansiz, men ham sizlarga qo‘shildim, — dedilar.
Shuning bilan o‘ljaga qiziqib turishgan qabila raislarining umidlari uzildi va o‘z joylariga qaytdilar. Endi ikki orada qattiq hujumlar kutilmoqda edi. Shu o‘rtada Allohning yordami yetib, o‘ylamagan joydin musulmonlar foydasiga bir ish kelib chiqdi. Bu voqea esa shundoq edi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:05:39

Dushman qo‘shini ichida Ashja’ qabilasining raislaridan Nuaym ibn Mas’ud degan kishi tun yarmida yashirincha kelib musulmon bo‘ldi. So‘ngra aytdikim: «YO Rasulalloh, qaysi yo‘l bilan sizga yordam yetkaza olg‘ayman. Agar hiyla ishlatmoqqa ruxsat qilsangiz erdi, dushmanni o‘z ichidan buzmoqqa kirishur edim. Lekin yolg‘on aytmoq Islomda yo‘qdur deb angladik», dedi. Anda Rasululloh: «Al-harbu hadi’atun». Ya’ni «Urush ishlari hiyla bilan bo‘lur» dedilar. Bu to‘g‘rida har qanday hiyla ishlatmakka ruxsat qildilar. Shunda u yana: «Zarurat tushganda yolg‘on so‘zlasam qandoq bo‘lur, yo Rasulalloh?» deb so‘radi.
Hojat tushganda yolg‘on aytmoqqa, izn berdilar. Shu bilan bu kishi Rasulullohning oldidan chiqib to‘g‘ri Bani Qurayza yahudiylarining qo‘shlariga keldi. Ilgaridan ular bilan do‘stligi bor edi. Bu kishini ko‘rib, yaxshi kutib oldilar, taom dasturxoni keltirdilar. Yeb-ichib bo‘lgach, alarga aytdikim:
— Ey Qurayza xalqi, ilgaridan beri sizlar bilan o‘rtamizda aloqamiz uzilgan emasdur. Mana shu kungi vaqtda ham Muhammadga qarshi bir ittifoqda turibmiz. Agar birimizga ziyon bo‘lur ersa, barchamizga bo‘lur. Bunday bo‘lgach, har ishning oxirini o‘ylab qilmoq kerakdur. Yo‘q esa, ulug‘ ziyonga uchragaymiz. Qardoshlaringiz Bani Qaynuqo’, Bani Nazir yahudlari ko‘rgan musibatlari sizlar uchun yetarlik ibratdur. Muhammad ularning mollarini butunlay olib, o‘zlarini arab tuprog‘idan haydab chiqazdi. Alarga u chog‘da hech kimdan yordam yetmadi. Quraysh, G‘atafon va boshqa qabilalarga kelsak, ularning ishi sizlardek emasdur. Chunki ular tog‘-tosh, yiroq yerlardan kelmish kishilardur, sizlar esa Muhammad bilan vatandosh erursizlar. Bola-chaqa, mol-dunyolaringiz shul joydadur. Muhammad bilan qilg‘on tinchlik ahdini alarg‘a ishonib buzib qo‘ydingiz. Bu urushning oxiri qandoq bo‘lishini hech kim bilolmaydi. Urush boshlanganidan beri chiqqan natija ko‘p yaxshi ko‘rinmaydi. Muhammad bo‘lsa, arablar bilmagan bir ish chiqarib, o‘zini saqlagudek holda bizga qarshi turmoqdadur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:05:47

Endi Quraysh boshliq bu hamma qabilalar bu yaqin orada Muhammadni yengishga chora topar bo‘lsalar, uni qilg‘aylar. Yo‘q esa, bu o‘rinni uzoq qamal qilmoqdin zerikishib, o‘z yurtlariga tarqalib ketsalar, ana ul chog‘da sizning holingiz ne bo‘lur? Shunchalik ko‘p qo‘shinga tenglashib turg‘on Muhammadga yolg‘iz o‘zingiz qandoq qarshi turolgaysiz? Men mana shu hollarni o‘ylab, sizlarga achinganimdan bir tadbir topib keldim. U ham bo‘lsa shuldirki, Quraysh, G‘atafon — har ikki qabila ishonimlik kishilaridan yetmish kishini sizlarga garov bersinlar. Bu garovga olingan kishilar siz bilan urush tamom bo‘lguncha birgalikda dushmanga qarshi urishib tursinlar. Mana shundoq qilgan tadbirda alarg‘a ishonsak bo‘ladur. Yo‘q esa, bu ishning oxiri sizlar uchun bek xavflidir. Lekin bu so‘zimni boshqalar eshitib qolmasinlar, — dedi.
Buni anglagach, barchalariga bu maslahat ma’qul tushdi. Mundoq xayrixohlik qilgani uchun u kishiga ko‘p tashakkur qildilar
Shu bilan bular ichiga shundoq qo‘zg‘olon solib qo‘yib, sekingina yashirincha Abu Sufyon qoshiga keldi. Qarasa, bir qancha askar boshliqlari bilan o‘ltiribdur ekan. Hammalari xush kelding, deb qarshi oldilar. So‘ngra alarga qarab:
— Ey Quraysh xalqi, sizlarga menim qandoq do‘stligim borligini yaxshi bilursiz, yomonlikdin Xudo saqlasin, yaxshilikka tilakdoshdurmiz. Bir shum xabar anglab, sizlarga do‘stlik yuzasidan eshittirib qo‘ygali keldim. O‘zingizga ma’lumdurki, yahud qavmining qilg‘on va’dasida vafo yo‘qdur. Alar o‘z qilg‘on ishlari — Muhammad bilan o‘rtalarida tuzilgan ahdlarini buzg‘onlariga endi o‘kinishibdur. Bu to‘g‘rida orag‘a kishi qo‘yib Muhammad bilan qaytadan kelishibdurlar. Uni o‘zlaridin rozi qilmoq uchun Quraysh va G‘atafon raislaridan yetmish kishini Muhammadga tutib bermoqchi bo‘lishibdur. Buning evaziga Muhammad ham o‘tgan yillar haydalgan yahud qabilalarini o‘z joylariga qaytarmoqchi bo‘lubdir. Mana ish shu holga yetibdur. Endigi maslahat shuldurki, agar yahudlar biror turlik bahona bilan sizlardin kishi so‘rab qolur bo‘lsalar, zinhor beruvchi bo‘lmanglar. Menim bilishimcha, endi alarg‘a ishonib bo‘lmaydur. Har holda qattiq saqlanish kerak, bu sirni boshqalar anglashib qolmasun, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:05:55

Shuning bilan Quraysh qabilasi ichiga ham g‘ul-g‘ula tushdi. So‘ngra bulardin chiqib, G‘atafon qabilasiga keldi. Va:
— Ey G‘atafon qavmi, boshqa qabilalardin sizlarning qarindoshchiligingiz menga yaqindur, boshqalardin ko‘ra so‘zim sizlarga ishonchli bo‘lur, deb o‘ylayman, — dedi.
Alar ham:
— To‘g‘ri aytursan, sen aytg‘on so‘zdan hech vaqt xilof chiqmagan, ishonchlik kishi erursan, — dedilar.
Bularga ham yuqoridagi so‘zlarni aytib, ko‘ngillariga tashvish soldi. Uning bu qilgan tadbiri bilan dushman ichi ola-bula bo‘ldi.
Shundoqki, ertasi shanba oqshomi Quraysh raisi Abu Sufyon G‘atfon qabilasining boshliqlari bilan kengashgandan so‘ngra Abu Jahl o‘g‘li Ikrimani Bani Qurayza yahudlariga yuborib:
— Urush maydoni esa, turish joyi emasdur. Bu ishimiz bo‘lsa uzoqqa cho‘zilgani turdi, ot-hayvonlarimiz ozib-oriqlab, oziq-ovqatimiz ham kamayib qoldi. Endi bu joyda shundin uzunroq turishni vaqtimiz ko‘tarmas, tayyorlik ko‘rib turinglar, shanba kuni erta bilan hujum boshlaymiz, — dedi.
Buni anglagach, alar:
— Biz yahud xalqi shanba kuni har qandoq zarur bo‘lsa ham ish qilmag‘aymiz, bu kunning hurmatini saqlamoq bizlarga farzdir. Muning hurmatini buzg‘on kishilar qattiq azobga qoladilar. Bu bo‘lsa sizlarga ham ma’lumdir. Yana shulki, bu urushda maqsadga yetish uchun eng so‘ngi g‘alabani qozongunchalik barchamiz birlikda bo‘lishimiz kerak. Agar bu urushimiz uzoqqa cho‘zilar ekan, Muhammadga bizni yolg‘iz qoldirib ketib qolishlaringizdan qo‘rqamiz. Shuning uchun yetmish kishi kelib, bizning ichimizda tursinlar, ko‘nglimiz to‘q bo‘lsin, biz urushga tayyormiz, — dedi.
Abu Sufyon boshliq kengash bu so‘zni anglagach:
— Nuaym ibn Mas’ud aytqon so‘z to‘g‘ri ekan. Ular Muhammad bilan o‘zaro kelishganga o‘xshaydi, — deb bir-birlariga ishonishmay, ittifoqlari bo‘shashdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:06:03

Buning ustiga Alloh taolo tarafidan yordam yetib, kun chiqish tomonidan qattiq shamol turib, bo‘ron boshlandi. Bo‘ron o‘tlarni o‘chirib, chodirlarni uchirib ketdi, qaynab turgan qozonlarni ag‘darib tashladi, tosh-kesaklarni uchirib, idish-tovoqlarni sindirdi. Bo‘ron boshlanishi bilan suv muzlaydigan darajada sovuq ham boshlandi. Kechasi shunday qorong‘ulik bo‘ldikim, hech kim yonidagi yo‘ldoshi kim ekanini bilolmas edi. O‘t yoqib yorug‘ qilish, qozon qaynatib osh qilishning iloji yo‘q edi. Hech qachon shundoq qattiq to‘polon ko‘rmagan askarlar bunday ahvolni ko‘rib aqldan adashdilar. «Muhammad sehr qilib bo‘ron chiqazdi, endi ustimizga hujum qilur», deb askarga qo‘rqinch tushganlikdan har kishi jon vahimasida qoldi. Rasulullohga qo‘shilgan Madina munofiqlariga bu bahona bo‘lib, ruxsatsiz uylariga qaytgali turishdi. Havoning sovuqligi, qorinning ochligi, kiyimning yo‘qligi, kechaning qorong‘uligi bo‘lib musulmonlar ham bek g‘am yedilar. Shu kecha har ikki taraf askarlari yuqorigi sabablardan o‘zlari bilan o‘zlari ovora bo‘lib qoldilar.
Rasululloh bu holni ko‘rgach sahobalarga qarab: «Bir kishi bormidurmikim, dushman qo‘shiniga borib, alardin bizga xabar keltira olg‘ay?» deb uch marta qayta aytdilar. Har bir aytganlarida Hazrati Zubayr o‘rnidan turib: «YO Rasulalloh, bu ishga men borayin», dedilar.
Anda Rasululloh aytdilar: «Har bir payg‘ambarning o‘ziga maxsus yordamchisi bo‘lur, mening ham o‘zimga xos yordamchim Zubayr», deb iltifot qildilar. Ammo u kishini bu xizmatga buyurmadilar.
Chunki u kishida bahodirlik, o‘tkirlik bor edi. Dushmandin xabar olish ustiga yana bir ish qilib qo‘ymasin deb, uni yuborishni loyiq topmadilar. Chunki har ishni o‘z ahliga topshirish lozimdur.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Huzayfa, bu xizmatga sen borg‘il», deb buyurdilar.
Anda Hazrati Huzayfa: «Yo Rasulalloh, Alloh haqqi bu xizmatni bajarib kelishga kuchim yetmaydur. Ochlikdan, sovuqdan yurishga quvvatim yo‘qdur. O‘limdan qo‘rqmasman. Lekin kofirlar qo‘liga asir tushib qolishdan qo‘rqaman», dedi. Anda Rasululloh aytdilar: «Alloh taolo seni to‘rt tomoningdan saqlaydi, borgil, bu xizmatga seni buyurdim». Buni anglab Hazrati Huzayfa sakrab o‘rnidan turdi. Qarasa, avval o‘zida sezilmagan bir quvvat paydo bo‘libdur. Vujudidagi borliq og‘irchiliklar andin ko‘tarilibdur. Avvalda sovqotib turgan bo‘lsa ham, Rasululloh bu xizmatga buyurganlaridan so‘ngra, o‘zini hammom ichida o‘lturg‘on odamdek sezdi.

Qayd etilgan