Ul zot Abu Jandalga aytdilar:
— Sen bu ishga ko‘p xafa bo‘lmay sabr qilgil, Alloh oldida ulug‘ ajrga ega bo‘lgaysan. Bu yaqin orada Alloh taolo sizlarni yorug‘likka chiqargay. Nachora qilg‘aymiz, o‘rtamizda ahdnoma yozilib qo‘l qo‘yildi, buni buzmoq — xiyonat qilmoqdir. Endi sabr qilmoqdan o‘zga choramiz yo‘qdur. Buni aniq bilgil, Alloh taolo mo‘min bandalarni xorlikka uzoq qoldirmas. Yaqin orada Allohning yordami senga va senga o‘xshaganlarga yetishgay, — dedilar. U ham Rasululloh so‘zlaridan tasalli topib, sabrga bo‘ysundi.
Sulhnoma yozilib tamom bo‘lgach, Xuzo’a qabilasining raislari o‘rinlaridan turishib:
— Bizlar Muhammadga qo‘shildik. Aning do‘stlari bizning do‘stlarimiz, dushmanlari bizlarning dushmanlarimizdur. Orqamizda qolgan qavmlarimizning ahdi bizning ustimizga, — deb o‘zlarining Rasululloh bilan ittifoqdosh bo‘lganliklarini bildirdilar.
Buni ko‘rib, Banu Bakr qabilasining raislari Quraysh ittifoqiga qo‘shilishni ixtiyor qildilar.
Qachonki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sulh ishidan bo‘shadilar ersa, sahobalarning ulug‘laridan quyidagi kishilar bu sulhnomaga shohid bo‘ldilar: Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abi Vaqqos, Ubayda ibn Jarroh, Muhammad ibn Maslama, raziyallohu anhum. Quraysh tomonidan esa Xo‘ytob ibn Abdul Uzzo, Mikraz ibn Hafs va boshqalar shohid bo‘ldilar.
Lekin bu sulhning tamom bo‘lishi ko‘p qiyinlik bilan qo‘lga keldi. Chunki sahobalar qayta-qaytadan Rasulullohga kelishib, sulh shartlarini o‘zgartirishni talab qildilar. Mundoq bo‘lmas ersa, urushga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Ayniqsa, Hazrati Umar boshqalardan ortiqroq bu ishga qarshilik ko‘rsatib, Rasulullohga norozilik bildirdi.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Ey Umar, men rozi bo‘lg‘on ishga nechuk sening roziliging yo‘qdur?
Bu so‘zga qarshi Hazrati Umar:
— YO Rasulalloh, siz Xudoning haq payg‘ambari emasmisiz, bizlar haqlik uzra bo‘lib, kofirlar botillik uzra emaslarmu? Biz haq din uzradurmiz, kofirlar esa botil din uzradurlar. Biz o‘ldurulsak jannatga kirishimiz, kofirlar esa do‘zaxga ketishlari aniq emasmu? — dedilar.