Rasulullohdan bu so‘zni anglagach ikki dushmanga taslim bo‘lib, uchchovlari yo‘lga tushdi. Shu bilan Abu Basir ketayotganda, ortidan qarashib qolgan sahobalar: «Bu esa ming kishiga tatigudek odam ko‘rinur, yo‘lda borayotganda biror ish qilib, o‘zini qutqara olmagaymu?» dedilar. Bu bilan yoningdagini o‘ldirib bo‘lsa ham, o‘zingni qutqar, degan so‘zga ishorat qildilar.
So‘ngra bu kishilar Madinadan bir qo‘nolg‘u — Zulxulayfa degan manzilga yetishdi. Abu Basirni kechasi bog‘lab, kunduzi bo‘sh qo‘yishar edi. Bir yerda o‘ltirishgan chog‘da Abu Basirni eltib borayotgan Omriy qilichini qinidan sug‘urdi, so‘lqillatib turib shunday dedi: «Bir kun kelur, Muhammadning yordamchisi Avs, Xazrajni shu qilichim bilan boshlarini kesib qirgayman».
Anda Abu Basir: «Sening bu qiliching bek keskir bo‘lishi kerak, bunday qilichni ko‘rganim yo‘q edi, qani ko‘rayin, berchi», deb qo‘l uzatdi. «Ajal taqdiri yetar bo‘lsa, kishi ko‘zi ko‘r bo‘lg‘ay» deyilgandek, ko‘r bo‘lib qilichini uning qo‘liga berdi. Berishi bilan shundoq urdikim, boshi olmadek uzilib yerga tushdi. Buni ko‘rib aning yo‘ldoshi qo‘rqqanidan, jon qutqarish uchun Madina tomonga qarab qochdi.
Abu Basir bo‘lsa, dushmanni o‘ldirganidan so‘ng qurol-jabduqlarini taqinib, tuyasiga minib, aning ortidan quvganicha Madinaga qarab yurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda sahobalar bilan o‘ltirishgan edilar. Qarasalar bir kishi yayov chopganicha kelayotibdur. Qattiq yugurganidan oyoq ostidagi mayda toshlar parillab uchib chiqmoqda edi.
Rasululloh buni ko‘rib:
— Bu kishi ersa qattiq bir qo‘rqqudek ishdin qochganga o‘xshaydur, — dedilar. Ungachalik bu kishi ham yetib keldi.
Sahobalar:
— Hoy, senga nima bo‘ldi? — deb so‘radilar.
Bo‘lg‘on ishni aytib:
— Mana ketimdan kelib qoldi, meni ham o‘ldirmoqchi erur, ey Muhammad, senga sig‘indim, omon tilarman, — dedi.