Alloh tarafidan tuzilgan haq dinni, olam xalqiga o‘rgatish uchun Alloh bergan ulug‘ mo’jizalik payg‘ambarlar ham qurol kuchiga muhtojdurlar. Mundin tashqari, asbob olamida hech bir ish o‘zicha yuzaga chiqmaydur. Payg‘ambarlarning barchalari bu qonunga bo‘ysungaylar. Agar sababdan tashqari xalq ko‘ziga biror narsa ko‘rsatar ekanlar, u esa asbob olamidan emas, qudrat olamining ishidur. Payg‘ambarlarga mo‘jiza, avliyolarga karomat uchun bo‘lur. Dunyodagi borliq narsalar esa, barchasi sababga bog‘liq bo‘lganlikdan, uning sabablarini to‘lig‘i bilan kim topa olar ekan, ularning yuzaga chiqishida hech shak yo‘qdur. Chunki dunyoda har ishning asbobi to‘liqlangach, kimning qo‘lida bo‘lsin u narsani tebratib, vujudga chiqarish Allohga odat bo‘lmishdur. Bandaga agar imkoniyat bo‘lar ekan, har narsaning asbobini to‘lig‘i bilan tayyorlamay turib, Xudo qildi deb qarab turish, hayot olamiga qo‘ygan Alloh qonuniga qarshilik qilishdur. Qur’onda buni «sunnatulloh» deb aytilur «Va lan tajida lisunnatillohi tadbilo». Bu oyat esa bizning shu aytgan so‘zimizga ochiq dalildur. Ma’nosi: «Ey Muhammad, Alloh odati hech vaqt o‘zgarmaydi». Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundog‘ bo‘lib, yetti kungacha Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar kabi ulug‘ sahobalarga tug‘ topshirib, qal’a hujumiga buyurib turdilar.
Lekin hech birovlaridan fath alomati bo‘lmadi, balki yahudiylardan bir bo‘luk fidoiy askarlari to‘satdan hujum qilishib, qamalda turgan ansor askarlarini orqaga chekintirdilar. Bu chekinishning oxiri Rasululloh chodirlariga borib yetgan edi. Muni ko‘rib, Rasululloh g‘amgin bo‘ldilar. Chunki bu hujumda o‘lim bo‘lmasa ham, yaradorlar ko‘paydi. Rasulullohning buyruqlaricha askar ulug‘lari navbati bilan har kecha dushmanni kuzatib, qorovullik qilishur edi. Yettinchi kecha navbat Hazrati Umarga kelib ekan, qorovul askarlari yarim tunda bir yahudiyni tutib aning oldig‘a olib keldilar. Ani o‘ldirishga buyurib edilar, u:
— Hoy, meni o‘ldirmanglar, meni payg‘ambaringiz qoshiga elting, siz uchun foydalik so‘zim bor, unga ayturman, — degach, Hazrati Umar uni Rasululloh huzurlariga keltirdi. Undan so‘z so‘radilar ersa:
— Ey Muhammad, jonimga omonlik berurmisan, agar qal’a ichidagi sir so‘zlarni aytib bersam? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Omonlik berurman, ul so‘zlaringni aytgil, — dedilar.