Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379866 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 74 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:11:49

O‘N UCHINCHI MO’JIZA

Anas ibn Molik rivoyat qilur:
Bir kuni Rasulullohga bir kishi idish hadya berdi. Sahoblardin bir nechalari shu yerda o‘ltirishgan edi. Anda Rasululloh:
— Shu hozirda bu idishdagi taom tasbeh aytib turadur. Men uning tovushini eshitdim, yaqinroq kel, sen ham eshitursan, — deb alardan biroviga buyurdilar.
U kishi ham yaqinroq kelib, quloq soldi ersa, taomdan chiqqan tasbeh tovushini ochiq eshitdi.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu taomdan og‘izlariga solib edilar, og‘izlarida turib yana tasbeh aytdi, muni ersa shu yerda bor sahobalar eshitdilar».
Ibn Mas’ud ham: «Rasululloh bilan taom ustida o‘ltirgan chog‘imizda tasbeh aytgan taom tovushini ko‘p uqqanmiz», deb rivoyat qilur.
Makkadan Madinaga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilib kelganlaridan so‘ngra muhojir, ansor sahobalar Alloh amri bilan ikki-ikkidan do‘stlashdilar. Shunda Abu Dardo bilan Salmon Forsiy o‘rtalarida do‘stlik bog‘lanmish edi. Bir kuni ikkovlari o‘ltirib edilar, oldilariga bir tovoq osh keltirdilar. Bu taomdan yeyayotganlarida osh tovog‘i tasbeh aytgani turdi. Buning tovushini har ikkovlari angladilar. Bu ham Rasulullohning mo’jizalaridan edi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:12:33

O‘N TO‘RTINCHI MO’JIZA

Imom Buxoriy boshliq bir necha hadis olimlari Hannona degan ustuna yig‘lagani xususida kelgan hadisni mutavotir debdurlar. Ya’ni, bu mo‘jiza juma namoziga minglab yig‘ilg‘on ko‘pchilik xalq o‘rtasida bo‘lgan ishdur. Bu to‘g‘rida hech qanday gumon yo‘qdur, bunga shak kelturmak kufr bo‘lur, chunki yuzlab, minglab sahobalar bu hadisni rivoyat qildilar.
Endi bu mo‘jiza shundog‘ erdikim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilib kelganlarida, dastlab bir masjid bino qildilar. Uning uzunligi yuz gaz, eni qirq gaz kelur edi. Bunga xurmo yog‘ochidan bir necha ustun qo‘yilg‘on edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har vaqt juma namozi o‘qisalar, shu ustunlarning biriga suyanib turib, shu yerda xutba o‘qib, xalqqa va’z aytur edilar. U kunlarda minbar qo‘yish rasm bo‘lmagan edi. Sahobalardan Tamimud-doriy raziyallohu anhu:
— YO Rasulalloh, siz uchun bir minbar yasatsak, ustida va’z aytgudek bo‘lsangiz, qanday bo‘lur? — deb so‘radi.
— Yaxshi bo‘lur, — deb ruxsat berdilar.
So‘ngra bir minbar yasashdi. Uni keltirib, imomning o‘ng tomoniga qo‘ydilar. Islom olamida eng avval yasalgan va masjidga qo‘yilgan minbar shul edi.
Juma kuni kelgach, jamoat namozga yig‘ildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatlaricha xutba o‘qimoqqa turib, ustun oldidan to‘xtamay o‘tib ketdilar. Mana shu chog‘dayoq ul ustun ingray boshladi. Bo‘talog‘idan ajragan tuya singari bo‘zlagani turdi.
Rasululloh minbar ustiga chiqib edilar, bola baqirgandek bo‘lib yana qattiqroq yig‘ladi. Silkinib ketib, yorilishga yaqinlashdi. Buni ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam darhol minbardan tushib ul ustunni quchog‘lab turdilar. Uzoqroq yig‘lab qolgan yosh bolani onasi olib ovutganda o‘ksib-o‘ksib yig‘lagandek, Rasululloh quchog‘larida turib, bu ustun ham shuning singari o‘ksib yig‘ladi.
Anda Rasululloh:
— Buning oldida har juma Alloh zikri aytilib, andin bahra olur edi. Shundan ajrab qolganiga yig‘laydi, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:12:44

Buni ko‘rib sahobalar barisi yig‘lashgali turdi. Masjid ichi larzaga kelib yig‘i-sig‘iga turdi.
Anda Rasululloh:
— Qasam Allohgakim, buning yig‘isini o‘zim kelib to‘xtatmasam, qiyomatgacha shu ahvolda bo‘zlab yig‘lar edi, — dedilar.
Shundan keyin bu ustun oti «Hannona», ya’ni «Yig‘laguvchi» bo‘ldi.
U yig‘idan to‘xtagach, unga Rasululloh aytdilar:
— Ey Hannona! Xohlasang qaysi chorbog‘dan seni kesib kelgan bo‘lsalar, o‘shal bo‘stonga eltib o‘ltirgizay, yangidan ildiz olib ko‘karursan. Agar buni xohlamasang, seni jannatga ko‘chat qilib o‘ltirgizurman. Jannat ahllari, Xudoning do‘stlari mevangdan yegaylar, bu ikki ishdin birini ixtiyor qil, — deb uning javobiga quloq solib turdilar.
Anda ul:
— Yo Rasulalloh, meni jannatga ko‘chat qilib o‘ltirgizing, shuni xohlayman. Mening mevamni Allohning do‘stlari yegaylar, foniy dunyo bo‘stonida bo‘lishni istamayman, eskimaydigan jannatda turishni tilayman,— dedi.
Bunga yaqinroq safda turgan sahobalar uning tovushini eshitdilar. Tilagini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham qabul qilib, jannatga eltib o‘tkizishga va’da qildilar.
Hazrat Hasan Basriy har qachon shu mo’jizadan gapirgudek bo‘lsa, yig‘lab;
— Ey mo’minlar, bu yog‘och ustun Rasulullohdan yiroqlashganiga shuncha yig‘lagan bo‘lsa, biz ummatlar ul zotning diydorlariga mushtoq bo‘lib qancha zor yig‘lar ersak, yana oz ekandur.
«Mavohib» degan kitobda aytibdurkim, Alloh taolo bu yog‘ochga jon berib tirgizdi, Rasululloh firoqida tirik kishidek tovush chiqarib yig‘ladi.
Safardan kelgan kishi yoru do‘st, ahli ayollari quchoqlagandek, uni Rasululloh quchoqladilar, u bilan tiriklarga qilgandek muomala qildilar, o‘tgan pay¬g‘ambarlarning hech biriga bundoq ulug‘ mo‘jiza berilmagan edi.
Hazrat Iso alayhissalom Alloh izni bilan o‘likni tiriltirib mo‘jiza ko‘rsatgan bo‘lsalar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quruq ustunga jon kirgizib, u bilan so‘zlashdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:13:00

O‘N BESHINCHI MO’JIZA

Imom Ahmad, Imom Nasaiy hazrati Anasdan rivoyat qilurlar:
«Madinalik sahobalardan bir kishining ishlatib yurgan tuyasi bor edi. Bir kuni u tuyaning xo‘yi buzilib, hech bir kimarsani yaqiniga keltirmaydigan bo‘ldi. Oldidan kelgan kishiga ajdarhodek og‘iz ochib, hujum qilur edi. Butun ishlari to‘xtab, tirikchilikdan qoldi. Nochor bo‘lib u tuya egalari Rasulullohga arz qildilar:
— Yo Rasulalloh, ishlatib turgan bir tuyamiz bor edi, ichishga va ekinlarimizga shul tuya bilan suv tashir edik. Nima bo‘ldiki, fe’li aynab, yaqiniga kishini keltirmaydurgan bo‘lib qoldi. Xurmo daraxtlarimiz va boshqa ekinlarimiz chanqoqlikdan qurishga yaqinlashdi.
Buni anglab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan tuya bor joyga keldilar. Rasululloh tuya oldiga bormoqchi bo‘ldilar, anda tuya egalari:
— Yo Rasulalloh, bu ersa quturgan itdek bo‘lmishdur. Sizga hujum qilg‘aymu deb qo‘rqamiz, — dedilar.
— Yo‘q, menga hujum qilmas, — deb tuyaga qarab yurdilar.
Tuya Rasulullohni ko‘rgach, darhol kelib oldilariga cho‘kib sajda qildi. Ul jonivor o‘z holicha tovushini chiqazib bukullab so‘zlagandek bo‘ldi.
Ana Rasululloh:
— Bu tuya sizlardan shikoyat qilur. Ko‘p ishlatib oz yedirur emishsiz. Endi ersa, andog‘ qilmagaysiz, to‘ydirib yediring, holiga qarab ishlatingiz, — dedilar.
So‘ngra tuyani tutib egasiga topshirib edilar, burungidan ham yuvoshroq bo‘lib, hech qanday qarshilik qilmadi. Buni ko‘rgan tuya egalari:
— Yo Rasulalloh, bu ersa aqli yo‘q hayvon bo‘laturib sizga sajda qildi. Biz aqllik insonlar nechukdirkim sizga sajda qilmagaymiz, ruxsat bering sizga sajda qilaylik, — dedilar.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
Maxluqqa sajda qilmoq durust emasdur, balki mahluqlar o‘z holiqlariga sajda qilurlar. Agar mahluqqa sajda qilmoq ravo bo‘lur edi, xotunlar o‘z erlariga sajda qilur edilar, — dedilar.
Erlarning haqlari xotinlari ustida naqadar ulug‘ ekanligi bu hadisdan ma’lum bo‘lsa ham, lekin sajdaga loyiq bo‘lguvchi erlar esa xotunlarning dunyolik, oxiratlik haqlarini qoldirmay bajarib turuvchi erlardir.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:13:14

O‘N OLTINCHI MO’JIZA

Ya’lo ibn Murra degan sahobadan rivoyat qilinur:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Madina atrofida jihod safariga chiqdik. Yo‘lda ketayot¬ganimizda bir kishi yetaklagan yuklik tuyaga uchradik. U tuya Rasulullohga qarab bo‘ynini tuban solib bir munglig‘ tovush bilan so‘zladi.
Rasululloh to‘xtab:
— Buning egasi kimdur, chaqiringlar, — deb buyurdilar.
Egasi kelgach:
— Menga sotgil, — dedilar.
Alar aytdi:
— Yo Rasulalloh, buni sizga hadya qilur edik, biroq bir oilaning shundan boshqa moli yo‘qdur, shu tuya bilan tirikchilik o‘tkazurlar.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Andog‘ ersa tuya o‘zingizda qolsin. Bu ersa menga shikoyat qildi, ovqatni oz berib yumushni ko‘p qildirur ekansiz. Endi bu tuyaga yaxshilik qilinglar, ishni oz qildirib, ovqatni ko‘p to‘ydirib beringlar.
Alar ham;
— Shundog‘ qilg‘aymiz, — deb va’da berishdi».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:13:29

O‘N YETTINCHI MO’JIZA

Imom Dorimiy, Imom Bayhaqiy Hazrati Jobirdan rivoyat qilurlar:
«Bir kuni Rasululloh bilan o‘ltirgan edik, yiroqdan bir tuya qochgandek bo‘lib bizga qarab kelaverdi. To‘g‘ri Rasulullohning qarshilariga kelib, cho‘kkalab turib, sajda qildi. Sahobalar hayron bo‘lib qarab qoldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Bu tuyaning egasi kimdur — deb so‘radilar ersa, ansor sahobalardan bir necha yigit:
— Yo Rasulalloh, bu bizning tuyamiz edi, — dedilar.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Tuyangiz sizlardan shikoyat qilur. YOshligimdagi kuchim ketib, qariligim yetganda meni so‘ymoqchi bo‘ldilar, deydur. Buni menga sotinglar, yoki o‘z ajali yetguncha unga yaxshilik qilishga va’da beringlar. Qadrdon xizmatchini shundoq hurmat qilmoq kerak, — dedilar.
— Yo Rasulalloh, tuyaning bu aytgan so‘zi to‘g‘ridur. O‘zi o‘lguncha endi unga yaxshilik qilaylik, — deb va’da berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:13:42

O‘N SAKKIZINCHI MO’JIZA

Anas ibn molikdan rivoyat qilinur:
«Bir kuni Rasululloh ansoriylardan bir kishining bog‘iga kirdilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar bular ham birga kirishgan edilar. Shu bog‘da yurgan bir qo‘zichoq Rasulullohni ko‘rishi bilan ta’zim qilib, darhol sajdaga bosh qo‘ydi. Buni ko‘rib Hazrati Abu Bakr Siddiq aytdi:
— Yo Rasulalloh, ruxsat qiling, bizlar ham sizga sajda qilaylik, hayvonlardan bu ishga biz haqliroqdurmiz.
Anda Rasululloh, Sollallohu alayhi vasallam.
— Maxluq holiqdan o‘zga kimarsaga sajda qilmog‘i durust emasdur, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:13:56

O‘N TO‘QQIZINCHI MO’JIZA

Imom Ahmad, Imom Termiziy, Abu Said Xudriydan rivoyat qiladur:
«Makka, Madina tog‘lari orasidagi badaviylardan bir kishi qo‘y boqib yurgan edi. Bir kuni bo‘ri kelib aning qo‘yiga chovut qildi va qo‘ylardan birini olib qochdi, egasi orqasidan quvlab borib, bo‘ri og‘zidan qo‘yni ajratib olgach, bo‘ri besh-o‘n qadam yerga borib, cho‘kkayib o‘ltirdi. So‘ngra Xudo qudrati bilan ul bo‘ri tilga kirdi va:
— Xudodan qo‘rqmasmusan, Xudo yetkizgan rizqimni og‘zimdan tortib olding?, — dedi.
Anda cho‘pon bu ishga hayron qolib:
— Bu qandoq ajab ishdurkim, bo‘ri odamdek bo‘lib so‘zlaydur, — dedi.
— Sening ishing bundan ham ajabliroq erurkim, oxirzamon payg‘ambari Muhammad alayhissalom Madinaga keldi. Xudo oldida bundan ulug‘ darajali payg‘ambar yo‘qdur. Butun xalqni haq yo‘lga chaqirur. Sakkiz jannat eshiklari uning yuziga ochilmishdur. U bilan sening orangda ul tog‘dan boshqa hech narsa yo‘qdur. Shundog‘ ulug‘ ishni tashlab, sen bu yerda qo‘y boqib yurursan. Dunyoda bundan ham ajabliroq hech ish bo‘lurmi? Agar sen bormoqchi ersang, qo‘ylaringni menga omonat topshir, kelguningcha boqib berurman, — dedi bo‘ri.
Bu karomatni ko‘rib, qo‘ylarni bo‘riga topshirdi. O‘zi Madinaga kelib, Rasululloh bilan ko‘rishib iymon keltirdi. Bu mo’jizani barcha sahobalar eshitdilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qayt¬moqqa ruxsat berdilar. Kelib qarasa, bo‘ri cho‘ponlik qilib yuribdur. Qo‘ylariga hech qanday ziyon yetkazmabdur. Buni ko‘rib darhol bir qo‘yni bo‘g‘izlab bo‘rini ziyofat qildi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:14:12

YIGIRMANCHI MO’JIZA

Voqea shuldurkim, Xaybar shahrini fath qilgandan so‘ngra yahudlardan ko‘p mol o‘lja oldilar. Rasulullohga tushgan mollarda bir qora eshak ham bor edi. Kishi bilan so‘zlagandek aning bilan Rasululloh so‘zlashdilar.
— Noming nimadur? — deb so‘radilar.
— Yo Rasulalloh, nomim Yazid ibn Shahob.
Alloh taolo mening bobom naslidin oltmish atog‘liq eshak chiqarmishdur. Ularning hech birini pay¬g‘ambarlardan boshqa kishilar minmagan ekandur. Meni ham oxirzamon payg‘ambari minsa kerak deb umid qilar edim. Aning uchunkim, endi dunyoga sizdan o‘zga payg‘ambar kelishi yo‘qdur. Menim bobom naslidan ersa mendan boshqa qolmagandur. Sizdan ilgari menga bir yahud ega bo‘lmish edi. Ul meni qachon minar ersa, jo‘rttaga qoqilib yiqilur erdim. U ham meni urib so‘kib, och qo‘yib ishlatur erdi, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aning otini Ya’fur qo‘ydilar. Sahobalardan kishi chaqirmoq bo‘lsalar, uni yuborur edilar. Ul boshi bilan eshikni qoqib, Rasulullohning chorlaganini ishorat bilan bildirur edi.
Rasululloh vafotlaridan Ya’fur qattiq qayg‘urdi. Judolikka chidayolmay, o‘zini bir quduqqa tashlab halok bo‘ldi.
Bu so‘zni ulug‘ muarrihlardan Ibn Asokir degan kishi Ibn Munzir degan sahobadan rivoyat qilmishdur.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:14:32

YIGIRMA BIRINCHI MO’JIZA

Hadis olimlaridan Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy, Dora Qutniy ibn Umardan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib kelgandan so‘ngra bir kuni sahobalar bilan majlis qurib o‘ltirmish edilar. Shu chog‘da Bani Salim qabilasidan bir kishi o‘tib borayotib to‘planib o‘ltirgan sahobalarga ko‘zi tushdi. Alar ichida o‘ltirgan Rasulullohni ko‘rib:
— Bu kishi kim bo‘lur? — deb so‘radi.
— Quraysh qabilasidan chiqqan Abdulmuttalib o‘g‘li Muhammad, butun dunyo xalqiga Xudo tarafidan payg‘ambar bo‘lib kelmishdur, — dedilar.
— Andoq ersa uning so‘zini anglamoq kerak ekan,— deb Rasulullohning majlislariga kelib o‘ltirdi.
Rasululloh ul majlisda Islomdan, arasot, qiyomatdan so‘zlar edilar. Bularni anglagach, boyagi kishi o‘rnidan sakrab turib:
— Ey Muhammad, insonlar ichida sendek yolg‘onchini ko‘rganim yo‘q. Sening bu so‘zlaringga qandoq ishongali bo‘lur? Ayniqsa, o‘lgandan keyin chirib tuproq bo‘lib ketgan kishi qaytadan tirilur, degan so‘zing shaksiz yolg‘ondur. Meni shoshqaloq kishi ekan deb arablar ayb qilishidan qo‘rqmasam erdi, shu hozirdayoq seni o‘ldirib butun xalqni rozi qilur edim, — dedi.
Buni anglagach, Hazrati Umarning g‘azabi qo‘zg‘alib:
— Yo Rasulalloh, ruxsat qiling, buning boshini kesib tashlayin, — deb o‘rnidan tura keldi.
Anda Rasululloh:
— Ey Umar, bilurmisan bosiq kishining darajasi payg‘ambar darajasiga yaqindur, og‘ir bo‘l, — dedilar.
So‘ngra ul a’robiy yeng ichidan bir jonivor chiqarib, o‘rtaga tashladi. Arablar uni zab deb ayturlar. Forscha «susmor», turkcha «erbaliq», «qumbaliq», de¬yi¬lur. Arabistonning qumlik cho‘llarida ko‘p bo‘lib, arablar uni ovlab baliq o‘rnida yeydilar. A’robiy yo‘ldan buni ov qilib olmish edi. Uyiga ketayotganida Rasulullohga yo‘liqib, bu voqea bo‘ldi. Bu jonivorni o‘rtaga tashlagach, Lot, Manot butlari bilan qasam qilib:
— Ey Muhammad, sening haq payg‘ambarligingga agar shu hayvon guvohlik berur ersa, senga iymon keltirurman. Yo‘q ersa, iymon keltirmagayman, — dedi.

Qayd etilgan