Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ovqatni «Bismillah» deb o‘zlari suzdilar. Butun kelmish kishilar bir qozon oshdan yeb to‘yib tarqashdi. El ketgandan so‘ngra qarasam, qozonda osh boyagidek to‘liq turibdur. Bir uloq va bir so’a arpa unidan bo‘lgan osh ming kishini to‘ydirib, yana shunday qolibdur.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xotunimga:
— Bu ovqatdan o‘zinglar yeb, boshqalarga ham hadya qilinglar, — dedilar.
Shu kuni kechgacha qo‘ni-qo‘shnilarga shu qozondan osh ulashdik».
Endi shuni bilmoq kerakkim, mo‘jiza demak odatdan tashqari Alloh qudrati bilan bo‘ladigan bir ishdur. Bir kishilik oshni ming yoki milyon kishiga yet¬qizmoq Alloh qudratiga osondur. Odatdagi bo‘ladigan ishlar ersa, albatta, bir sababga bog‘liqdur. Sababsiz paydo bo‘lmish ishlarda Alloh taolo o‘z qudratini ko‘rsatmish bo‘lur. Dunyoda bor barcha ishlarning aqlga siqqudek biror sababi bo‘lishi, albatta, lozimdur. Ammo oxiratda bo‘ladigan ahvollar, o‘lgandan keyin bo‘ladirgan ishlar ersa, ularning haqiqatiga inson aqli bu dunyoda yeta olmaydi. Xudoning qudratiga qarab, din ishlaridagi aqli yetmagan so‘zlarga oyat, hadisdan olingan bo‘lsa, taslim qilish farzdur. Negakim, din ishlarida aqlning dinga bo‘ysunishi lozimdur. Yo‘q esa dinsizlik ofatidan kishi qutula olmaydi. Chunki insonning aqli dunyoda bor bo‘lgan narsalarning borligi uchun uning sababini axtarur. Qaysi narsaning sabablarini topa olmas ersa, unga inkor qilib qarshilik ko‘rsatur. Haqiqatda esa inson aqliga sig‘maydigan ko‘p ishlar bordurkim, u narsa Alloh qudratiga osondur. Buni bilish uchun dinga ishonmoq kerakdur.
Din ushlashning asosi Allohning borligiga inonmoqdur. Hazrati Ali karamallohu vajha:
— Qiyomat bo‘lib, jannat va do‘zaxni ko‘rganimdagi iymonim, shu kundagi iymonimdan kuchlik bo‘lmaydi. Ko‘rmay turib ishonganim, ko‘rgan kabidur, — dedilar.
Barcha yaratilmish narsalar, bularning turlik-tuman bo‘lishlari, insonlarning tillari o‘ngi-tushi bir-birlariga o‘xshamasligi Allohning ulug‘ qudratiga ochiq dalildur. Shundoq bo‘lsa ham yana insonlar xayol qo-rong‘uligida qolib haqiqat yo‘lida adashib, armonda qolmagaylar, deb qancha ming payg‘ambarlarini o‘z tomonidan vakil qilib yubordi. Alar xalqqa kelgan Xudoning vakillaridur. Alloh odil erur. Zulmini o‘ziga va barcha bandalariga harom qilmishdur. Pay¬g‘ambar yubormasdan ilgari hech kimni azob qilmagay. Allohning odati avval payg‘ambar yuborgay, ular kelib xalqqa Alloh amrini yetkurgaylar. Ularga iymon keltirib, ko‘rsatgan yo‘llariga kirar ekanlar, ikki jahon davlatiga ega bo‘lgaylar. Yo‘q esa, Xudo oldida uzr aytishga tillari yo‘qdur. Agar qiyomatda abadiy azobga qolsalar, o‘zlaridan ko‘rsinlar. Chunki payg‘ambarlar haqiqatni aytib, bu kunning bo‘lishini bildirmish edilar. «Va ma kunna muazzibina hatto nab¬a’asa rasulan». Ya’ni «Payg‘ambar yubormaguncha hech bir qavmni azob qilmaymiz», degan bu oyat yuqorida aytilgan so‘zga ochiq dalildur.