Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379452 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 ... 74 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:23:05

QIRQ BESHINCHI MO’JIZA

Abu Hurayra rivoyat qilur:
«Sadaqa, zakotga kelgan bir qancha xurmo yig‘ilmish edi. Rasululloh meni unga qorovul qilib qo‘ydilar. Qarab o‘ltirsam, kechasi bir kishi kelib, xurmodan o‘g‘irlagani turdi. Uni ushlab olib, Rasulullohga keltirmoqchi bo‘ldim.
— Muhtojligimdan bu ishni qildim, endi ikkinchi qilmayman, — deb ko‘p yolvordi.
Rahmim kelib, qo‘yib yubordim. Ertalab Rasululloh qoshlariga keldim ersa, salomdin so‘ngra:
— Ey Abu Hurayra, bu kecha tutmish asiring qani, uni nima qilding? — dedilar.
Xudo haqqi, o‘zimdan boshqa bu ishni hech kim bilmagan edi.
— Otam-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh, u ko‘p yolvordi, ikkinchi qilmasga ahd qilgach, rahmim kelib qo‘yvordim, — dedim.
Anda Rasululloh:
— Ul yolg‘on aytadur, bu kecha yana kelgusidur, — dedilar.
Muni anglab o‘ltirdim. Rasululloh aytqonlaridek u yana keldi. Uni tutib olib keldim, ko‘p yalindi, ikkinchi qilmasga ahd berib qo‘limdan yana bo‘shandi.
Ertalab Rasululloh oldilariga keldim. Meni ko‘rgach:
— Ey Abu Hurayra, u yolg‘onchi seni aldab, bu gal ham qutilib ketibdur. Qarab turgil, bu kecha yana kelur, — dedilar.
Ani poylab o‘ltirib, yana ushlab oldim.
— Endi seni Rasululloh oldig‘a olib borgayman, boshqa hech iloji yo‘qdur, — deb qattiq turdim ersa, ul aytdi:
— Men bo‘shatur ersang, senga bir narsa o‘rgantaykim, undan ko‘p foyda ko‘rgaysan.
— Qani aytgil-chi, ko‘rayin, — dedim.
— Har kechasi yotar chog‘ingda «Oyatal kursi»ni bir yo‘la o‘qir bo‘lsang, tong otguncha bir farishta seni saqlar. Shaytonni senga yaqinlashtirmagay, — dedi.
Uni bo‘shatib yuborib, Rasululloh huzuriga keldim ersa, uni so‘radilar.
Aning aytgan so‘zini aytib edim:
— U yolg‘onchidur, lekin «Oyatal kursi» to‘g‘risida to‘g‘ri so‘zlamishdur, u shayton erdi, — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:23:21

QIRQ OLTINCHI MO’JIZA

Bir kuni Rasulullohning xodimlari hazrati Anasning onasi Payg‘ambarimiz huzurlariga kelib:
— YO Rasulalloh, xizmatchingiz o‘g‘lim Anasning haqqiga duo qiling, — dedi.
Rasululloh duo qilib:
— Ey bor Xudoyo, Anasning mol-dunyosi ko‘paysin, bola-chaqasi o‘sib-unsin, unga bergan ne’matlaring ersa barakotlik bo‘lsin, — dedilar.
Hazrat Anas:
— Rasulullohning duolari qabul bo‘ldi, shu zamonning boylaridan bo‘ldim. Tirikligimda mendin tar¬qalgan bolalarim ersa yuzdan ortiq bo‘ldilar. O‘lganlari ham bundin oz emas edi. Ko‘rgan ne’matlarim barchasi barakotlik bo‘ldi. Ko‘rib turasiz shu kunlarda mendan rohatlik boy kishi yo‘qdur, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrati Anas haqida qilgan duolari ichida unga bergan ne’matlaring barakotlik bo‘lsin, deb edilar. Endi shuni bilmoq kerakkim, odamning mol-dunyosi ko‘payib, bosh¬qalar ko‘ziga boy ko‘ringani bilan, agar barakasi bo‘lmasa, undog‘ boylikning dunyo-oxiratda hech kimga foydasi yo‘qdur. Balki ikki dunyoda ham undin ziyon ko‘rgaylar. Shunga o‘xshash agar bir kishi yuz yil umr ko‘rsa yoki yetmish turli ilm-hunar o‘rgansa, agar unga baraka berilmasa, umrining uzunligidan oxiri xorlikka qolib, bezor bo‘lg‘ay. Ilm-hunarning ko‘pligidan boshqalar bu yoqda, o‘zi qong‘udek ham foyda ololmagay.
Endi baraka degan narsa nimadur? Har ishning igililigi, har ishdan chiqqan yaxshilik natijasidur. Bu ersa Xudo tomonidan bo‘lur. Iymonlik kishilargina munga ishonurlar. «Umringdan baraka topgur», deb duo qilish eng ulug‘ olqishdur.
Baraka Xudo tomonidan bo‘lur dedik. Muning ma’nosi shuldurkim, har qanday inson bir ishga kirishmoqchi bo‘lsa, eng avval shariat buyurgancha o‘z niyatini to‘g‘rilashi farzdur.
Agar din ilmini o‘qimoqchi ekan, bilganiga birinchi o‘zi amal qilsin, bilmaganini so‘rasin, bilganlarini o‘rgatishga niyat qilsin. O‘qishi va o‘rgatishi Xudo uchun bo‘lsin. Bu to‘g‘rida hech kimdan ta’ma qilmasin. Birovning yelkasiga yuk bo‘lish emas, balki birovning yukini yengillatish ko‘yini tutsin, qisqasi shulkim, qaysi fanni bilsa, qanday hunarni o‘rgansa, boshqalarga yordam yetkazish, inson olamiga bir ulush foyda kirgizishni o‘ylasin. YOlg‘iz o‘zi ko‘rib, o‘z foydasinigina kuzatish esa, islomiyatga ochiq xiyonat, insoniyatga ulug‘ jinoyatdur.
Agar kishi Rasululloh aytganlaridek, ish boshida niyatini to‘g‘rilab, xalq foydasini kutmas ekan, yetmish turlik ilm-fan bilgani bilan o‘la-o‘lguncha ishdan qo‘li bo‘shamaydi, ko‘ngli g‘am-qayg‘udan chiqmaydi. Agar barakalik bo‘lur ekan, ishi oz bo‘lsa ham unumlik bo‘lib, aning yaxshiligi o‘zidan oshib boshqalarga ham yetadi.
Inson olami yaratilgandan boshlab shunday barakalik kishilardan butun xalq foydalanib kelmoqdadur.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:23:39

QIRQ YETTINCHI MO’JIZA

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kimning haqida nima degan bo‘lsalar, qanday duo qilsalar, xuddi shunday bo‘lur edi. Muhojir sahobalarning kattalaridan Abdurahmon ibn Avf bir xizmat bajarib kelganida, Rasululloh uning haqida «Ishlaring barakalik bo‘lsin», deb duo qildilar. So‘ngra nima ish qildi ersa, undan baraka chiqaverdi. Bu kishi aytdi:
— Shunday bo‘ldikim, agar yerdin bir tosh olur bo‘lsam, ostidan oltin chiqqay.
Abdurahmon ibn Avf vafot bo‘lgach, meros qolgan oltinlarini oilasi kuraklab bo‘lib oldilar. Nikohida to‘rt xotini bor edi. Meros molning sakkizidan birini shariat bo‘yincha bular bo‘lib olg‘aylar. Har biriga yuz ming tilladan meros tegdi. Boshqalarga qancha tekkanligi ersa shundan ma’lumdir. O‘lish oldida, ellik ming tilla faqir-miskin va yetimlarga vasiyat qildi. Tirikligida qilgan xayr-ehsonlari ersa hisobsiz edi. Bir kun ichida o‘ttizlab-qirqlab qul ozod qilgan chog‘lari ham bor edi. Yetti ming tuyalik bir karvonni butunlay ustiga ortilgan oziq-ovqati, turli mollari bilan sadaqa qilib faqir-miskinlarga tarqatganligi mashhur hadislarda yozilmishdur.
Islom yangidan boshlanishida har tomondan yetishmasliklari ko‘p edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boy kishilarni sadaqa qilmoqqa qattiq tashviq qildilar ersa, sahobalardan Abdurahmon ibn Avf to‘rt yuz tanga sadaqa keltirib:
— Yo Rasulalloh, sakkiz yuz tanga sarmoyam bor edi, to‘rt yuzini oilam uchun qoldirdim, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Keltirganingga va qoldirganingga Alloh barakot bersin, — dedilar.
Mana shu kundan boshlab u kishini baraka bosib, mol-dunyosi ko‘paygani turdi.
Yana sahobalardan Abu Qatoda degan kishi bir xizmatni bajarib kelganida undan rozi bo‘lib:
— Yuzingni Alloh barakotlik qilsun, — deb duo qildilar.
Bu kishi ersa yetmish yoshga kirganida ham, soch-soqollaridan bir tola tuki oqarmadi. Yuz-ko‘zlari o‘n besh yashar boladek ko‘rinur edi.
Yana Nabig‘a degan shoir kelib, arablar odatlaricha Rasulullohni maqtab, Islom dinini sifatlab, uzun she’r o‘qidi. Uning ko‘nglini ko‘tarib:
— Ovozing o‘zgarmasin, tishlaring tushmasin, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:23:54

Bu shoirning yoshi yuzga yetdi ersa ham bir dona tishi tushmagan edi.
Abdulloh ibni Ja’far, bu kishi ersa Hazrati Alining akasi Ja’far ibn Abu Tolibning o‘g‘lidur. Buning haqqiga ham savdo ishlaring barakali bo‘lg‘ay, deb duo qildilar. Shundan keyin bu kishi qaysi bozorga borsa, o‘ttiz-qirq ming tanga foyda topmasdin chiqmas erdi.
Yana sahobalardan G‘arqad degan kishining tuyasi qochib, hech bir hiyla bilan uni ushlayolmadilar. Rasulullohga kelib aytdi ersa, duo qildilar. Xiyol o‘tmay qattiq shamol tuyani haydab keltirdi. Ani ushlab egasiga topshirdilar.
Yana bir kuni Hazrati Alini g‘azot uchun safar qilishga buyurdilar. Kun sovuq bo‘lib, kiygudek choponlari yo‘q edi.
— Issiq-sovuq senga o‘tmasin, — deb duo qildilar.
Shu duodan so‘ng Hazrati Aliga qish va yozning far¬qi yo‘q edi.
Rasulullohning qizlari Fotima huzurlariga ochlikdan shikoyat qilib keldi.
Anda Rasululloh:
— Alloh seni och qo‘ymasin, — dedilar.
Shundan beri yesin-emasin ochlikni bilmadi.
Tufayl ibn Amr ulug‘ bir qabila raisi edi. Iymon keltirib qaytar chog‘ida qavmiga hujjat bo‘lgudek Rasulullohdan bir nishona berishlarini so‘radi. Duo qildilar ersa, manglayiga bir nur paydo bo‘ldi.
Anda:
— Yo Rasulalloh, dushmanlarim Muhammad oldiga borib yuzi o‘zgarib kelmishdur demasinlar, — deyishi bilan u nur qamchisi uchiga tushdi. Qorong‘u kechani yoritur edi.
Hijratning sakkizinchi yili atrofdagi podsholarni Islom diniga da’vat qilib noma yozdilar. Eron podshosi Xisrav Parviz Rasululloh nomalarini o‘qib ko‘rmasdan, yirtib tashladi. Rasulullohning muborak nomlari nomada ilgari yozilgani uchun g‘azabi kelib, shu adabsizlikni qildi.
Rasululloh uni anglab, uning ham davlati yirtilsin, deb duo qildilar. Hazrati Umar xalifalik davr¬larida butun Eron fath qilinib, Rasululloh ayt¬ganlaridek bo‘ldi. Ammo Rum podshosi Qaysar Hirakl o‘zi iymon keltirmagan bo‘lsa ham, Rasulullohning nomalarini hurmatlab oltin qutichaga solib xazinada saqladi. Rasulullohga ko‘p hadyalar berib nomalariga javob yozib, elchilarni yaxshi kutib qaytardi.
Rasululloh aytganlaridek, shu kungacha G‘arbiy Rum, ya’ni Italiyada ularning hukumati saqlanib qoldi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:24:04

Yana Quraysh raislaridan Hakam ibn Abu al-Os iymon keltirmasidan ilgari, Rasululloh so‘zlasalar og‘iz-burnini qing‘ir-qiyshiq qilib boshqalarga ko‘rsatib, Payg‘ambarimizni masxara qilib o‘ltirar edi. Bir kuni uning shu adabsizlik ishiga ko‘zlari tushib qolib:
— Shundog‘ bo‘lib qolsin, — deyishlari bilanoq, yuz-ko‘zlari qing‘ir-qiyshiq bo‘lib tortishgani turdi.
Keyingi kunlarda iymon keltirgan bo‘lsa ham o‘lgunicha bu illatdan qutila olmadi. Chunki boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun shunday bo‘lishi lozim edi. Yana ibn Ra’iy degan kishining chap qo‘li bilan taom yeb turganini ko‘rib:
— Hoy kishi, o‘ng qo‘ling bilan yegil, — dedilar.
— Bu qo‘lim bilan yeyolmayman, — deb Rasululloh so‘zlarini og‘ir oldi.
— Yolg‘on bo‘lsa, shunday bo‘lg‘ay! — dedilar.
Ul ersa bu so‘zni yolg‘on aytmish edi, so‘ngra umri bo‘yi qo‘li og‘ziga yetmadi.
Yana Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir bo‘luk askarni g‘azot uchun bir qabila ustiga yubordilar. Omir ibn Azbat degan kishini askar boshlig‘i qilmish edilar. Bular ichida Muhlim ibn Jusoma degan bir kishi eskidan qolgan dushmanligi uchun Rasululloh qo‘ygan askar boshlig‘ini kechasi uyquda yotganida o‘ldirib qochdi.
Rasululloh buni anglab qattiq qayg‘urib, o‘ldirguvchini qarg‘adilar ersa, yetti kunga yetmay u ham o‘ldi. Qabrga qo‘ysalar, go‘r qabul qilmadi. Necha qayta qo‘ydilar, tashqari chiqarib tashlayverdi. Buni Rasululloh anglab:
— Undan yomonlarni ham go‘r qabul qilur erdi. Sizlarga ibrat uchun Alloh buni ko‘rsatdi, — dedilar-da, so‘ngra uni bir chuqurga tashlab, ustiga tosh uyib qo‘ydilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir odam otini sotib edi, so‘ngra sotganim yo‘q, deb so‘zidan tondi.
— Rasululloh bu otni sotib oldilar, — deb sahobalardan hazrati Huzayma guvohlik berdi. Lekin o‘zi ko‘rmagan edi.
Anda Rasululloh:
— Ey Huzayma, ko‘rmagan ishga qandoq guvohlik berursan? — dedilar.
— Arsh ustidan keltirgan har bir so‘zingizga ishonurmiz. Endi yer ustida aytgan so‘zingizga nechun ishonmaymiz? — dedi Huzayma.
Bu so‘zi ersa Allohga xush kelib uning guvohligini ikki guvoh o‘rniga oldilar. Shunday bo‘lsa ham, ul otni olmay, egasiga qaytarib berdilar:
— So‘zi yolg‘on bo‘lsa, undan barakot topmas, — dedilar.
Ertalab qarasalar, ot oyog‘ini yerga qo‘yolmay cho‘loq bo‘lib qolmish edi. Rasululloh aytganlaridek, yolg‘onning shumligidan o‘ziga ham ot asqotmadi.
Payg‘ambarik davri yigirma uch yil ichida shunga o‘xshash ishlar hisobsiz ko‘pdir. Bular ham Rasulullohning mo’jizalaridan sanalg‘usidir. Sallallohu alayhi vasallam.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:24:20

QIRQ SAKKIZINCHI MO’JIZA

Rasululloh muborak og‘izlaridan nima so‘z chiqdi ersa, o‘shandoq bo‘lur yoki qutlug‘ qo‘llari bilan har qanday kasal odamni silasalar, darhol kasaldan tuzalar edi.
Bir kuni Madina atrofidagi iymonga kirmagan qabilalardan bir qancha kishilar zakotga yig‘ilgan chorva mollarini talamoqchi bo‘lib, bosmachilikka keldilar. Buning xabari Madinaga yetishi bilan hammadan ilgari Abu Talhaning otini minib yovga qarab choptirdilar.
Bu ot ersa qashanglig‘i ustiga mudrovchi ham edi. Rasululloh minganlaridan keyin bu jonivorga chop¬qirlik paydo bo‘ldi, boshqa otlar unga yetolmay orqada qoldilar. YOvni qochirib qaytgandan keyin Rasululloh Abu Talhani ko‘rib;
— Sening bu oting mavj urgan daryodek chopar ekan, — dedilar.
Bu so‘zdan so‘ngra chopqirlikda uning oldiga hech bir ot tushmadi.
Yana bir safarda hazrati Jobirning mingan tuyasi charchab yurolmay qolib edi. Rasululloh buni ko‘rib qo‘llaridagi tayoqchalari bilan tuyaning biqiniga: «Turgil!» deb nuqib qo‘ydilar ersa, unga shundoq kuch paydo bo‘ldikim, hazrati Jobir uning boshiga ega bo‘lolmay qoldi.
Shunga o‘xshash yana bir g‘azotda hazrati Juaylning mingan oti charchaganlikdan yurolmay qoldi. Rasululloh kelib: «Tur, barakalloh», deb qamchilari bilan sekingina urib qo‘ydilar ersa, ot irg‘ib turib, yurib ketdi. Shundan so‘ng uning tezligidan egasi tizginini tortolmas edi. Bu otga baraka qo‘nib, muning bolalaridan sotib egasi o‘n ikki ming tilla foyda topdi.
Mana bu ishlarning barisi Rasulullohning mo’jizalari erdi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:24:38

QIRQ TO‘QQIZINCHI MO’JIZA

Rasulullohning g‘aybdan xabar berishlaridur. G‘ayb ishlarini Allohdan o‘zga hech kim bila olmag‘ay. Agar payg‘ambarlar, avliyolar g‘aybdan so‘z aytgan bo‘lsalar, albatta ularga Xudo tarafidan bildirilgan bo‘lur. Shuning uchun bularning g‘aybdan aytgan so‘zlari hech xato chiqmagay. Bu ersa ularning Xudo yuborgan payg‘ambar ekanliklariga ochiq dalildur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan keyin keladigan, bo‘ladigan yaxshi-yomon ishlardan xabar berganlar.
Hazrati Huzayfa shunday rivoyat qilur:
«Bir kuni Rasululloh xutba o‘qib, va’z aytdilar. Qiyomatgacha bo‘lib o‘tadigan ishlardan gapirdilar. U so‘zlarni tutganlar, tutib qoldi, ko‘plari unutib qo‘ydi. Ummatlari ustiga kelgan fitnalar esa Rasululloh aytganlaridek bo‘ldi. Qolganlari ham kelasi kunlarda albatta shunday bo‘lg‘usidur. Rasululloh aytgan g‘ayb xabarlarini hadis olimlari o‘z kitoblarida bayon qilibdurlar.
Hazrati Umar, Hazrati Usmon, hazrati Ali uchovlari shahodat topishlarini xabar bergan edilar. Rasululoh aytganlaridek, uchovlari ham shahid bo‘ldilar.
— Mendan keyin ko‘p zamon o‘tmay ummatlarim Eron, Rum xazinalarini taqsim qilg‘ay, — dedilar.
Hazrati Umar xalifalik davrida Islom askari bu ikkala mamlakatlarni fath qilib, xazinalarini Rasululloh aytganlaridek taqsim qildilar. U zamonda Fors (Eron) podshohi Kisro, Rum podshosi Qaysar edi.
— Ikkinchi Kisro chiqmagay, Rum qoldig‘i bo‘lg‘ay,— dedilar.
Ul zot aytganlaridek, Eron podsholigi yo‘qoldi. Rum podsholigi shu kungacha saqlanadi.
— Usmon o‘ldirilsa, fitna qilichi sug‘urilgay, uning qoni Qur’on oyati «Fasayakfiykahumullohu» ustiga to‘kilgay, — dedilar.
Rasululloh aytganlaridek fitnachilar Hazrat Usmon uylariga bosib kirib, qilich urganlarida, o‘qib o‘ltirgan Qur’onlari oldilarida edi. Qonlari oyat ustiga to‘kildi. Hazrati Usmon o‘ldirildi ersa, fitna qilichi sug‘urildi. Jamal urushi, Siffin urushlari chiqdi. Sahobalar o‘rtasida ko‘p qonlar to‘kildi. Oxirida hazrati Ali xalifa bo‘lib Ko‘fada qoldi. Muoviya Shomda podsho bo‘lib o‘lturdi.
Yana Rasululloh aytgan edilar:
— Mendan keyin o‘ttiz yil xalifalik bo‘lg‘ay.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:24:49

Hazrati Abu Bakr Siddiq ikki yilu uch oy, hazrati Umar o‘n yilu olti oy, hazrati Usmon o‘n ikki yil, hazrati Ali to‘rt yilu to‘qqiz oy, imom Hasan olti oy xalifa bo‘ldilar. Bu beshovlarining xalifalik davrlari o‘ttiz yil bo‘lib, Rasululloh aytganlaridek bo‘ldi.
Rasululloh: Mundin keyin tishlagich podsholar andin so‘ngra zolim podsholar bo‘lg‘ay, qonxo‘rlar chiqqay: deb o‘zlaridan keyin qiyomatgacha chiqadigan fitnalardan xabar berdilar. Fitna boshliqlarining otlarigacha, ularning urug‘-aymoqlarigacha aytdilar.
Yana ul zot:
— Menim ummatlarim rohatga berilib, o‘limdan qo‘rqib jihodni tashlasalar, Islom birligini buzib o‘zaro ittifoq bo‘lmasalar, boshqalarga yem bo‘lib, och kishilar oldiga qo‘yilgan bir tovoq oshdek bo‘lg‘aylar. Har qaysilari undan to‘yguncha yeyishurlar. Qur’on ko‘rsatgan yo‘llarga qaytmaguncha, menim izimga kelib tushmaguncha bu talon-tarojdan qutulolmay, bu xorlikdan boshlari chiqmagay, — dedilar.
Yana bir rivoyatda:
— Kofirlar ummatlarimni o‘rtaga olishib talashgaylar. Och bo‘rilar oldiga qo‘yilmish qo‘ydek bo‘lg‘aylar, — demishlar.
Anda bir sahoba turib:
— Yo Rasululloh, u zamondagi ummatlaringiz ozliklaridan bu xorlikka qolgaylarmu? — dedi.
Rasululloh aytdilar:
— Andagi ummatlarimning son-sanoqlari ko‘pdir, lekin ittifoqlari, ummatlik sifatlari yo‘qdur. Alar dunyoni sevguvchi, rohatparast bo‘lg‘aylar, o‘limdan qo‘rqib, jihodni tashlagaylar. Shuning uchun ular xorlikka qolg‘aylar.
Mana Rasululloh aytmish och bo‘rilar ersa, ilmu hunar quroliga ega bo‘lmish ovrupolilardir. Osiyo, Afriqo musulmonlari 500 yildan beri bular tirnog‘i ostida ezilib kelmoqdadurlar. Sakson-to‘qson milyonlik Indoneziya musulmonlarini olti milyonlik Gollandiya 300 yildan beri mustamlaka qilib kelmoqda. Butun Hindiston xalqi yaqindagi ikkinchi jahon urushidan so‘ng mustamlakalikdan qutildi. Yana haligacha bu och bo‘rilardan qutula olmagan sharqiy, g‘arbiy musulmonlar ko‘pdir. Lekin ozodlik eshigi ochildi. Butun dunyo xalqiga uyg‘onish davri kelib, qutilish kunlari yaqinlashdi. (Asar 50-yillarda yozilganligini eslatamiz — Muharririyat).

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:25:02

Yana Rasululloh:
— Mendan keyin o‘ttizga yaqin yolg‘onchi payg‘ambarlar chiqqay. Bular ichida to‘rttasi xotinlardur. Eng so‘ngisi Dajjol Laindur, — dedilar.
Rasululloh aytganlaridek, o‘zlaridan so‘ngra arablardan o‘ttizga yaqin kishi payg‘ambarlik da’vosini qildi. Ulardan to‘rttasi xotinlar edi.
Yana bir kuni sahobalardan bir qanchalari masjidda o‘ltirishgan edi, alarga qarab Rasululloh aytdilar:
— Sizlardan eng keyin o‘lgan kishi o‘tda qolur.
Sahobalarga bu so‘zdan qattiq qo‘rqinch tushdi. Payg‘ambarimiz aytgan o‘t tamug‘ o‘ti bo‘lsa kerak, deb qo‘rqinch tushgan edi. Sahobalardan bir nechalari vafot topib oxiri Abu Hurayra, Samura ibn Jundub, Huzayfa uchovlari yolg‘iz qoldilar. So‘ngra Huzayfa ham vafot qilib, Abu Hurayra bilan Samura qoldi. Bu ikkovlari ersa qaysi birimiz keyin o‘lar ekanmiz, deb bek qo‘rqishar edilar. Shu orada Abu Hurayra o‘lib, Samura yolg‘iz qoldi. U qo‘rqinch bilan bir qancha umr kechirdi. Bir kuni o‘choq oldida o‘ltirib olovda isinmoqda edi. Nima bo‘ldiyu olovga yiqilib ketdi. Boshqa kishi bo‘lmagach, turishga darmoni qolmay shu joyda vafot etdi. Shunda bildilarkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan o‘tlari, dunyo o‘ti ekandur. Eng keyin o‘lgan kishi o‘tda qolur deganlari to‘g‘ri keldi.
Abu Hurayra rivoyat qiladi:
— Sahobalardan bir jamoa odam to‘planishib o‘ltirib edik, ustimizga Rasululloh keldilar. So‘ngra bizga qarab aytdilarkim, shu o‘ltirgan kishilardan birisining tishi do‘zaxda Uhud tog‘idan ulug‘roq bo‘lur.
Buni anglab to‘planganlarning bariga qo‘rqinch tushdi. Rasulullohning vafotlaridan keyin arablardan ko‘p qabilalar dindan qaytib murtad bo‘ldilar. Hazrat Abu Bakr Siddiq xalifa bo‘lgandan so‘ngra ularga qarshi askar yubordilar. Shu chog‘da o‘shal jamoatdan ikki kishi bor edik. Qolganlari ersa vafot topmish edilar. Shu askarga qo‘shilib ikkovlari ham bordilar. Rasululloh aytgan so‘zlaridan ko‘ngillarida qattiq qo‘rqinch bor edi. Yamoma degan joyga kelganimizda ikki taraf qo‘shin bir-biriga yo‘liqib, saf tortishib, urush boshlandi. Shu kuni mening yo‘ldoshim murtad bo‘lib, dushman safiga qo‘shilib ketdi va u shu urushda o‘ldirildi. Bundan bir necha yil ilgari Rasulullohning bergan xabarlari shu kishiga to‘g‘ri kelib, alhamdulilloh, men qutulib qoldim.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
— Islom hukumati Quraysh qo‘lida bo‘lg‘ay. Agar Qur’onga amal qilib, dinlarini tuta olsalar, bu davlatdan hech ajramagaylar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:25:15

Rasululloh aytganlaridek, Quraysh xalqi dunyo rohatiga berilib, dinlarini yaxshi tutolmagach, davlatlari boshqa musulmonlarga o‘tdi. Ayniqsa, turklar Islom xalifaligiga ega bo‘ldilar. Islomning ismi, Qur’onning xatigagina qanoat qilingach, yer ustidagi musulmonlar Islom hokimiyatidan butunlay ajradilar.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
— Saqif qabilasidan ikki kishi chiqqay: biri yolg‘onchi, ikkinchisi qonxo‘r.
Tarix olimlarining aytishicha, Saqif qabilasidan chiqqan bu ikki kishi Muxtor ibn Ubayd, yana biri Hajjoj zolim edi. Rasulullohning aytgan so‘zlariga bu ikkovining qilgan ishlari to‘ppa-to‘g‘ridur.
Ansor sahobalardan hazrati Hanzala Uhud urushida shahodat topdi. Shariat hukmida junub bo‘lmasa, shahid bo‘lgan kishi yuvilmas edi.
Rasululloh:
— Farishtalar Hanzalani bulut ustiga qo‘yib yuvayotganlarini ko‘rdim. Nima ishdur, uning holini xotinidan so‘ranglar-chi, u bilsa kerak, — dedilar.
Anda aning xotinidan sababini so‘ragani kelishdi ersa, xotini:
— Unga g‘usl lozim bo‘lib, bajarmak uchun o‘rnidan yangi turganida Rasulullohning chorloqchisi keldi. G‘usl qilgunimcha kechikib qolurman, deb shoshilganicha qilichini olib ketgan edi, — dedi.
Qarasalar, yangi yuvgandek Hanzalaning sochlaridan suv oqib turibdur. Rasululloh Sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek uni farishtalar yuvgani ma’lum bo‘ldi, qaytadan yuvishga buyurmadilar.
Rasululloh:
— Oxir zamonda mening olim ummatlarim o‘lib-o‘lib tugagaylar. Din ilmi yerdan ko‘tarilg‘ay, olimlar o‘rinlarida ilmsiz johillar o‘ltirgaylar. Avomlar ersa din yo‘lini shulardan so‘ragaylar. Alarda ilm bo‘lmagach, xato javob berib, o‘zi yo‘ldan ozib, boshqalarni ham yo‘ldan ozdirgaylar. Shu bilan oxiri iymon Madinaga qarab qochar, — dedilar.
Mana ko‘p yillardan beri bu ish davom etib kelmoqda. Hozirgi kunlarda esa naq shuning ustida turamiz.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrati imom Hasanni yoshligida erkalatib:
— Bu mening o‘g‘lim ulug‘ darajalik sayyiddur. Musulmonlar orasida mendan keyin chiqqan fitnani shu o‘g‘lim bosgay. Buning himmati bilan ikki musulmon qo‘shinni qonlari nohaq to‘kilishidan saqlagay, — dedilar.
Rasululloh aytganlaridek, hazrati Ali shahodat topgandan keyin, otalari o‘rnida olti oy xalifa bo‘lib turdilar. U kunlar hazrati Muoviya Shom viloyatiga amir edi. Imom Hasandan xalifalikni olish uchun ustiga Shomdan qo‘shin tortib keldi. Eron askarini olib imom Hasan qarshi chiqdilar. Har ikkala tarafdan bir yuz ellik mingdan askar bor edi. Mana shu chog‘da imom Hasan qon to‘kishdan saqlanib, xalifalikni o‘z ixtiyori bilan Muoviyaga topshirdi.

Qayd etilgan