Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 346881 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 ... 74 B


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:46:38

Onamiz hazrati Oisha rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan edilar, har bir payg‘ambarga o‘lmoqdan ilgari jannatdagi joyi o‘ziga ko‘rsatiladi, so‘ngra dunyoda qolish-qolmaslik ixtiyori beriladi. Bu so‘zlari menim yodimda bor edi. Sakarot vaqtida Rasulullohni quchog‘imga olib, ko‘ksimga suyab turdim. Ko‘zlarini ko‘kka tikib: «Yuqori olamdagi yo‘ldoshlarim» deganlarida,
— Mundog‘ bo‘lsa bizni xohlamas ekansiz, — dedim.
Anda Rasululloh:
Yuqori olamdagi yo‘ldoshlarim, payg‘ambarlar, shahidlar, avliyolar, yaxshi bandalar bilan jannatda bo‘lishni xohladim, — dedilar».
Imom Bayhaqiy Ja’far Sodiqdan rivoyat qilur:
«Shundoqqi Rasululloh umrlaridan uch kun qolganda Jabroil alayhissalom kelib:
— Ey Muhammad, Alloh taolo sening hurmating uchun meni yubordi, o‘zi bilib turib yana:
«Holi qanday?» deb so‘radi. Holingiz qandaydur?— dedi.
Anda Rasululloh:
— Qiyinlikda, g‘am-qayg‘udaman, — dedilar.
Ikkinchi kuni, uchinchi kuni kelib yana hol so‘radi ersa, oldingi javobni berdilar. Bu kelishi dushanba kuni erdi.
So‘ngra Jabroil alayhissalom:
— Yo Ahmad, mana Azroil keldi, kirishga ruxsat so‘raydi, ilgari hech kimdan ruxsat so‘ragan emas, bundan keyin ham hech kimdan ruxsat so‘ramaydi.
Rasululloh kirishga ruxsat bergach, Azroil:
— Ey Muhammad, Alloh taolo meni sizga yubordi, nimani buyurar ekansiz, men shuni qilurman. Agar jon olishga ruxsat qilsangiz, olurman, yo‘q esa, qayturman, — dedi.
Rasululloh Jabroilga qaradilar.
Anda Jabroil alayhissalom:
— Ey Muhammad, Alloh taolo sizga mushtoqdir, — dedilar.
Rasululloh buni anglagach:
— Ey Azroil, o‘z ishingizga mashg‘ul bo‘lingiz, — dedilar.
Anda Jabroil alayhissalom:
— Yo Rasululloh, dunyodan menim hojatim siz erdingiz. Yer ustiga vahiy kelishi sizdan keyin to‘xtalur, eng keyingi keltirgan vahiyim shuldur, — dedi.
Shu bilan ish qattiqlashgani turdi, ahvol o‘zgardi. Hazrati Oisha otalari Abu Bakr Siddiqqa, Hafsa onamiz otalari hazrat Umarga, hazrati Fotima hazrati Aliga odam yuborishdi. Har uchovlari ham Rasulullohni ertalabki yengillashganlarini ko‘rishib, o‘z hojatlariga ketishgan edi. Ular yetib kelgunlaricha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot topdilar. «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» (Hammamiz Allohnikidurmiz va, albatta, hammamiz Allohga qaytajakmiz).

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:46:47

Rabi’ul avval oyining o‘n ikkisi dushanba kuni edi. Tug‘ilishlari, hijratlari, vafotlari shu oy, shul kunda bo‘ldi. Onamiz hazrati Oishaning quchog‘ida o‘ltirib, boshlari ko‘ksida turib jon berdilar. Sollallohu alayhi va sallam.
Shu chog‘da g‘oyibdan bir ovoz keldi: «Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh, Ey uy egalari! Har bir jonlik narsa o‘lim sharbatini ichmasdan qolmaydi. Dunyoda qilgan yaxshi amalning ajri oxiratda beriladi. Musibat ko‘ruvchilarning Xudo oldida ajrlari ulug‘dir. O‘lganning o‘rnini o‘zi to‘ldirgay. Allohning yordamiga ishoninglar, o‘lim-musibatga sabr qilinglarkim, ulug‘ savobga ega bo‘lursiz. Sabrsizlar ajr-savobdan quruq qolganlikdan haqiqiy musibat shularga bo‘lg‘ay».
Hazrati Ali:
— Bu ovoz egasi hazrati Xizr alayhissalomdur, Rasulullohning xonadonlariga ta’ziyat qilib kelmishdurlar, — dedilar.
So‘ngra Rasulullohni sarirdan olib yerga yotqizdilar. Ustlariga parda yopdilar. Olamni qorong‘ulik bosib, Madina ichi yig‘iga to‘ldi. Ko‘p kishilar aqldan toyib, hollari o‘zgardi. Hazrati Umar hushsiz, hazrati Usmon tilsiz bo‘ldilar. Abdulloh ibn Unays qattiq qayg‘urib vafot bo‘ldi. Munofiqlar quvonishib, bosh ko‘tarishdi. Hammadan bardoshlik bo‘lib turgan hazrati Abu Bakr Siddiq edilar. Ko‘ngli g‘am, ko‘ziga yosh to‘lgan, yig‘i tovushi gohi ko‘tarilgan, gohi ko‘ksida bo‘g‘ilgan holda kelib, Rasululloh ustlariga kirdi. Yuzlarini ochib:
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh, — deb yuz-ko‘zlarini o‘pdi. — Tirikligingizda qanday pok edingiz, o‘lganingizda ham shunday pokdursiz. Yaxshilik sifatlaringizni sanab qanday tugata olg‘ayman, qaysi ko‘z yoshim bilan sizga yig‘lagayman? O‘tgan payg‘ambarlar o‘lganlarida to‘xtalmagan osmon aloqasi, sizning vafotingiz bilan yerdan endi uzildi, agar o‘lim ishi ixtiyorlik bo‘lsa edi, siz uchun bizlar jonlarimizni fido qilar edik.
Yo Muhammad, Parvardigoring oldida bizlarni ham eslagin, sening ko‘nglingda bo‘laylik, — deb yana yuzlaridan o‘pib, voy do‘stim, voy mehribonim, deb yig‘ladilar.
Hazrati Abu Bakr Siddiqning shijoati shu kuni hammaga ma’lum bo‘ldi. Shijoatning ma’nisi esa, dahshatlik kunlarda, o‘lim musibati tushganda bardoshlik bo‘lib, o‘zini yo‘qotmay turishdir.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:46:58

Inson musibati ichida Rasulullohning vafotlaridan ulug‘ musibat yo‘qdur. Muning zarbasi butun musulmonlarga, balki hamma olamga yetdi. Hazrati Alidek sheri xudo bo‘lgan zot ham qo‘l-oyoqlari jonsiz bo‘lib, o‘ltirib qoldilar. Hazrati Umardek soyasidan shayton qochgan zot hushsizlanib, qo‘li qilichining sopini tutgan holda masjid ichida u yoqdan bu yoqqa yugurib:
— Rasulullohni kim o‘ldi desa u munofiqdur. Rasululloh o‘lgani yo‘q, lekin Parvardigorning oldiga ketdi. Muso payg‘ambar ham Xudo oldiga borib qirq kundan keyin kelgan edi, u zotni ham qavmi o‘ldi, degan edilar. Xudo haqqi, Rasululloh qaytib keladi. Munofiqlarni o‘ldirib jazolarini bermasdan turib, dunyodan ketmaydi, — der edi.
Butun Madina xalqi masjid atrofiga yig‘ilgan edilar. Rasulullohning o‘limi ularga qattiq ta’sir qilgan edi. Rasululloh hayotlarida foniy dunyo bilan boqiy dunyoning aloqasi bog‘lanmish edi. Xudodan vahiy kelib turishi ulug‘ qudrat nishoni bo‘lib xalq ko‘zi oldida mo’jizalarning ko‘rinishi ersa boqiy olamning alomatlari edi. Bularni keltirgan zot Rasululloh bo‘lganlari uchun bu ishlarni ko‘zlari bilan ko‘rib turgan xalq u zotga o‘limni ravo ko‘rishmay o‘lishlarini uzoqsinib, o‘lsalar ham dunyoda uzoq yashab ummatlarining butun Yer ustida g‘alaba qilganlarini ko‘rib, islomiyat hukmini olamga yurgizib, butun ishlar bajarilgandan keyin o‘lsalar kerak deb o‘ylashgan edilar. To‘satdan bunday dahshatlik musibatning birdaniga bo‘lib qolishi musulmonlarni qattiq qo‘rqitmish edi.
Shundoq bo‘lsa ham hazrati Abu Bakr Siddiqning tadbiri ostida bu dahshatlik musibatni tinchlik bilan o‘tkaza oldilar.
Hammadan ilgari Rasulullohni o‘rinlariga xalifa tayinlash zarur ekanini eslatdilar. Chunki Madina munofiqlari orqali ichki va tashqi dushmanlar bu dahshatlik voqeadan foydalanib qolishlari mumkin edi. Shuning uchun hammadan burun bu ishga kirishdilar. Darhol Abu Bakr Siddiq dahshat bosib turgan xalq ichidan turib minbarga chiqdilar. Rasulullohdan keyingi eng kuchli notiqlardan edilar. Maqomga, ahvolga loyiqlab hamd-sanodan keyin shunday dedilar:
— Ey odamlar! Har kim Muhammadga ibodat qilib, uning bandasi bo‘lsa, bilsinkim, Muhammad o‘ldi. Agar Allohga ibodat qilib, Allohning bandasi bo‘lsa, Alloh o‘lgani yo‘q, u doim tirikdur. Alloh Qur’onda aytgan: «Vama Muhammadun illa rasulun qod xalat min qoblihir rusulu afain mata av qutilan qalabtum ala a’qobikum va man yanqolib ala aqibayhi falan yazzurraloha shay’an vasayajzillohush-shokirin».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:47:07

Ya’ni «Muhammad bir insondan chiqqan payg‘ambardur. Mundan ilgari ham payg‘ambarlar o‘tganlar. Shunga o‘xshab bu ham o‘tadi. Agar Muhammad o‘lsa yoki o‘ldirilsa, yana orqanglarga qaytib kofir bo‘lasizlarmi? Kim dinidan qaytar ekan, uning ziyoni o‘ziga bo‘ladi. Allohga zarar yetkaza olmaydi. Kim dinini saqlab, uning qadrini bilar ekan, Alloh ajrini beradi».
Xudo Qur’onda xabar bermishdur: «Innaka may¬yitun va innahum mayyituna».
Ya’ni «(Ey Muhammad,) sen ham o‘lursan, sendan ilgarigi payg‘ambarlar ham o‘lganlar». Yana Qur’onda ayt¬gan: «Kulli shay’in holikun illa vajhahu lahul hukmu va ilayhi turja’una».
Ya’ni: «Allohdan o‘zga hamma narsa halok bo‘ladur. Hukmi aningdur, Allohga qaytasizlar». Yana aytgan: «Kullu man alayha fanin va yabqo vajhu robbika zuljalali val ikromi».
Ya’ni: «Er ustidagi barcha narsa foniy bo‘lur, izzat-hurmat egasi bo‘lgan yolg‘iz Alloh qolur». Yana Qur’onda kelgan: «Kullu nafsin zoiqatul mavti va innama tuvaffavna ujurokum yavmal qiyomati». Ya’ni: «Har bir jonlik narsa o‘lim sharbatini tatiydi, ajr-savoblari tamomi ila qiyomat kun beriladi».
To‘rt yorning boshlig‘i, Rasulullohning eng yaqin ko‘rgan do‘sti va qaynotalari Abu Bakr Siddiqdan bu ta’sirlik so‘zlarni eshitgandan so‘ngra, dahshat bosib, hayronlikda turgan kishilarning hushlari o‘zlariga kelib, ko‘zlari ochildi.
Hazrati Umar:
— Shu yuqoridagi oyatlarni Qur’ondan o‘qib yurgan bo‘lsam ham, musibat dahshati bosganlikdan buni hech ko‘rmagan, o‘qimagandek bo‘lib qolgan ekanman. Qachon Abu Bakr Siddiq muni minbar ustida o‘qidilar ersa, shunda hushim o‘zimga kelib: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un»ni o‘qib o‘zimga tasalli berdim.
Imom Buxoriy rivoyat qilibdur:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot topganlarida, qizlari hazrati Fotima arab xotinlari odatlaricha shu so‘zlarni aytib yig‘ladilar: «Xudo chaqirib ketgan voy otam, jannatdan o‘rin olgan voy otam, Jabroilga xabari yetgan voy otam, Xudodan yaxshilik topgay voy otam».
Rasulullohdan keyin olti oygina umr ko‘rib, so‘ngra vafot topmish edi. Shu muddat ichida, olti oy o‘tguncha, hech bir kulmagan ekan. Raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:47:18

Hazrat Ali aytadurlar:
— Rasulullohning ruhlarini qabz qilg‘ondan so‘ngra hazrati Azroil yig‘laganicha osmonga chiqdi. Xudo haqqi osmondan «Vo Muhammadoh» deb yig‘lagan ovoz sadosini eshitdim. Bu ersa hazrati Alining karomatidur.
Haqiqatda esa mo‘minlarga Rasulullohning vafotlari eng ulug‘ musibatdur. Muning oldida dunyoning barcha musibatlari yo‘q hisobida edi.
Ibn Moja rivoyat qilur: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot topgan shu betobliklarida ayt¬gan ekanlar:
— Ummatlarimdan qaysi biriga o‘lim musibati yetsa, mendan ajragan musibatni o‘ylab o‘zini yupantirsin.
Madina ahli shu so‘zni Rasulullohdan eshitgandan so‘ngra, agar ulardan birortasiga o‘lim musibati yetar ekan, uning do‘stlaridan birovi kelib qo‘lini tutib:
— Rasulullohdan ajraganimizni eslaylik, shundan ibrat olaylik, — deb unga ko‘ngil aytur edi.
Ey do‘stim, ibrat ko‘zi bilan boqaylik. Mana dunyo¬ning so‘ngi holi, bo‘lar ishi shudir. Kishi har qancha uzun umr ko‘rsa ham oxiri bir kuni o‘lishi bordur. Dunyo va dunyoda yashaydigan barcha narsalar bir kuni yo‘qolg‘usidur. Yo‘qolmaslik, o‘lmaslik yolg‘iz Allohning o‘zigagina xosdir. Dunyo saroyiga har kuni kelib, qo‘nib o‘tguvchilar ko‘pdur. Lekin u yoqdan qaytib kelgan hech odam yo‘qdur. Ko‘rib turamiz, dunyo hech kimga vafo qilmaydur, bilib turamiz, dunyo davlati hech kim qo‘lida qolmaydir. Odam onasidan tug‘ilib keldi, kichik edi, katta bo‘ldi, yosh edi, qaridi, oxiri o‘ldi. O‘lganlar esa tug‘ilmagandek bo‘ldi. Bir necha yil o‘tgach, uni esga oluvchilar tugaydi. Yolg‘izgina xalqqa yaxshilik qilganlarning yaxshi oti qoladi. U dunyoga borganda uning rohatini ko‘radi. Agar yomonlik qiluvchilar bo‘lsa, bu dunyoda xalqning nafratiga qolib, u dunyoda ersa Xudoning g‘azabiga yo‘liqadi. Endi aqllik, xushyor kishilarga shu so‘z yetarlikdur. Shulardan ibrat olib, o‘z ishini bilib qilishi kerakdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n ikkinchi rabbi’al avval dushanba kuni o‘n birinchi hijriyda vafot topdilar. Bu sana milodiy 632 yil 11 iyunga to‘g‘ri keladi. Seshanba o‘tib chorshanba oqshomida qabr¬ga qo‘yildilar. Demak dafn qilish ikki kun kechiktirildi. Muning sababi ersa Rasulullohning o‘rinlariga bir kishini xalifa saylab qo‘yishlik edi. Rasululloh hayotliklarida «Mendan keyin o‘rnimga Faloniy bo‘lsin», deb ochiq aytib, birorta kishini ko‘rsatmagan edilar. Agarda birortani tayin qilgan bo‘lsalar edi, «Atiulloha va atiur-rasula», ya’ni: «Allohga va ham uning payg‘ambariga itoat qilinglar» degan Qur’on hukmiga qarab shaksiz qabul qilur edilar. Lekin Rasululloh hech kimni xalifalikka ko‘rsatmadilar. Chunki Islom hukumati ersa «Va amruhum shuro baynahum», degan oyat mazmunicha podsholik davlati emas edi. Shuning uchun xalq xohlaganini o‘zi saylasin, deb xalifalikka birovni vasiyat qilmadilar. Shu sabablik ansor va muhojirin sahobalar o‘rtalarida bir oz bo‘lsa ham xalifa saylashda tortishuvlar bo‘ldi. Madinalik ansor sahobalar muhojirlarga qarab:
— Bizdan bir kishi, sizdan bir kishi, ikki amir bo‘lsin, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:47:30

Og‘izda bo‘lsa ham dastlab Islomga kirgan ixtilof shu edi. Bu so‘zga qarshi Hazrati Abu Bakr:
— Amir bizdan, vazir sizdan bo‘lsin, chunki arab xalqi Quraysh qabilasiga tobe bo‘lishni og‘ir olmaydilar. Bir joyda ikki amirning bo‘lishi mumkin emasdur, — deb ularni qaytardilar.
Ansor sahobalarning kattalaridan Zayd va Sobit turib:
— Bizni Rasululloh «ansor» (yordamchi) deb ataganlar. Chunki Xudoga va uning payg‘ambariga yordamda bo‘lganmiz. Endi Rasulullohning xalifalari shulardan bo‘lsin, unga ham biz yordamchi bo‘laylik. Xalifalik shu kishiga loyiqdur, — deb Abu Bakr Siddiqning qo‘lini tutdi.
Ansor raislaridan Bashir ibn Sa’d, Usayd ibn Huzayr bu so‘zni qutladilar. So‘ngra Hazrati Abu Bakr so‘zga chiqib, so‘zning oxirida:
— Men xalifalikka shu ikki odamdan birini xohladim. Biri — Umar ibn Xattob, ikkinchisi — Abu Ubayda ibn Jarrohdur.
Ey Ansor jamoati! Qur’ondagi Xudo aytgan din qarindoshimiz erursiz. Alloh hukmiga hammadan ilgari sizlar rozi bo‘lishinglar lozimdur. Men shu ikkoviga rozi bo‘ldim, — deb ularning qo‘llarini tutib ko‘pchilik xalqqa ko‘rsatdi. Har ikkovi ham ey Abu Bakr sen turganda bu o‘ringa hech kim loyiq emasdur. Barimiz senga rozidurmiz, — dedilar.
Yana Hazrati Umar xalqqa qarab:
— Abu Bakr oldida xalifa bo‘lganimdan boshim kesilgani yaxshi. Ey Abu Bakr, sen bizning sayidimiz, barimizdan yaxshiroq, barimizdan Rasulullohga yaqinroqdursan. Rasululloh tirikliklarida namozga seni imom qilib, dinimizga, oxiratimizga boshliq qilib, senga ishondilar. Nechun biz dunyomiz uchun ishonib seni xalifa qilmaymiz? Sening oldingga tushib xalifa bo‘lishga kimning ko‘ngli unaydi? — dedi.
Butun xalq bu so‘zdan qattiq ta’sirlandilar. Muni bilgach, Hazrati Umar:
— Qani ber qo‘lingni, — deb birinchilardan bo‘lib bay’atga qo‘l uzatdi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:47:40

Shu bilan bay’at boshlanib avval muhojirin, so‘ngra ansor sahobalar hazrati Abu Bakrga bay’at qildilar. Hajarul asvadni talashgandek barchalari, rozilik bilan Rasululloh o‘rinlariga hazrati Abu Bakr Siddiqni xalifalikka sayladilar. Lekin muhojirlardan Hazrati Abbos, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh, Miqdod ibn Asvad, yana Baniy Hoshimdan bir necha kishilar bu bay’atga hozir bo‘lisha olmadi. Chunki bu ish to‘satdan boshlanib, ularni chaqirishga vaqt yetmadi. Munofiqlarning ig‘vosi bilan xalifalik bizda bo‘lsin, deb, ansorlardan talab qiluvchilar bo‘ldi. Shuning uchun sahobalar, ayniqsa, Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar, bu ishni tezroq bitirishga shoshildilar. Biror fitna chiqib qolishidan qo‘rqishib katta-kichik hammani yig‘ib, saylov o‘tkazishga ulgurolmadilar.
Agar shu yig‘inda Hazrati Abu Bakr Siddiqqa bay’at berilmay tarqashganlarida, ansorlardan Sa’d ibn Ubodaga o‘z qavmlarining bay’at qilishlari ehtimolga yaqin edi. Bunday bo‘lganda muhojirlar unga rozi bo‘lmasalar, u chog‘da munofiqlar tomonidan biror fitna qo‘zg‘alib qolishi mumkin edi. Shuning uchun bay’atni kechiktirishga Hazrati Umar yo‘l qo‘ymadilar.
Haqiqatda esa bu ish Allohning ulug‘ inoyati bo‘ldi. Rasululloh vafot bo‘lgan kun — dushanba kuni Hazrati Abu Bakr xalifa bo‘lib saylandilar. Shu kuni ertalabki namozdan so‘ng Hazrati Abu Bakr minbarga chiqdi ersa, Hazrati Umar minbar oldida Allohga hamd-sano aytgandan so‘ngra xalqqa qarab:
— Ey mo‘minlar! Alloh bu ishni ichimizdagi ishongan eng yaxshi kishiga topshirdi. Rasululohning sirdoshi, g‘or ichida birga bo‘lgan yo‘ldoshi Rasululloh o‘rinlarida xalifa bo‘ldi. Kechagi bay’atda hozir bo‘lmaganlar, endi bay’at qilinglar, — dedi.
Hammalari turib bay’at qildilar. Bay’at tugagach, Hazrat Abu Bakr Xudoga hamdu sano aytgandan so‘ngra xalqqa qarab:
— Ey odamlar! Meni Rasululloh o‘rnida xalifa saylab bu ishga ega qildinglar. Lekin men ichinglardagi eng yaxshinglar emas edim. Shundoq bo‘lsa ham bu ulug‘ o‘ringa o‘tirdim. Agar yaxshilik qilsam, menga yordam beringlar. Agar yomonlik qilsam, meni to‘g‘rilanglar. Chin so‘z omonatdur, yolg‘on xiyonatdur. Haqqiga yetkizganimcha kuchsizlar menim oldimda kuchlikdur. Haqsizlik qilgan kuchliklar mening oldimda kuchsizdur. Inshaalloh, so‘zim shudur. Qaysi qavm Xudo yo‘lida g‘azot qilishdan qochar ekan, Alloh ularni xorlikka qoldirgay. Qaysi xalq ichida gunoh ishlar ko‘paysa, ularni balo qoplagay. Agar men Xudoga, uning payg‘ambariga itoat qilmas ersam, menga itoat qilish sizlarga lozim emasdur, — deb minbardan tushdi.
Hazrati Abu Bakr xalifa saylanib, bay’at ishi bitgandan so‘ngra chorshanba kechasi Rasulullohni qabr¬ga qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Yuvish to‘g‘risida boshqa mayitlardek yalang‘och qilishmi yoki ko‘ylak-ishtonlari ustidan yuvish lozimmi, deyishib maslahat qilishganlarida, uy burchagidan: «Rasululloh pokdur, yuvmanglar» degan tovush eshitildi ersa, onalarimiz: «Bu so‘z to‘g‘ridur, Rasululloh pok bo‘lgach yuvdirmaymiz», — degan so‘zga keldilar.
Hazrati Abbos: «Nima ekanligi bizga ma’lum bo‘lmagan ovozga ishonib, Islom odatini qanday tashlaymiz?», deb turganlarida, g‘oyibdan yana bir tovush kelib: «Libos ustidan yuvinglar, men Xizrdurman», dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:47:58

Qandoq bo‘lsa ham ko‘ylak-ishton ustidan suvga oldilar. Bu muborak xizmatga kirganlarning hammalari qarindoshlaridan: amakilari hazrati Abbos, Hazrati Ali, hazrati Abbosning o‘g‘illari Fazl va Qusam, yana Rasulullohning ikki ozod qilgan qullaridan biri Usoma ibn Zayd va Shaqron edi. Mana shu nomlari yozilgan olti odam muborak xizmatga kirishdilar. Lekin Rasulullohning qutlug‘ jasadlariga qo‘l urgan kishi Hazrati Ali edi.
Rasululloh vasiyat qilib:
— Meni Ali yuvsin, o‘zga odam yuvmasinkim, undan boshqa kishining ko‘zi avratimga tushib qolsa ko‘r bo‘lib qolgay, — degan edilar.
Usoma bilan Fazl ko‘zlari bog‘liq parda orqasidan turib hazrati Aliga suv uzatib turdilar. Hazrati Abbos va Qusam suv quyishib, o‘ngga-so‘lga ag‘darishib Aliga yordamlashdilar.
Hujra ichiga Rasulullohni yuvish uchun bir chodir tikilgan edi. Shu chodir ichida yuvdilar. Birinchi hijratlarida kelib tushgan Qubo qishlog‘idagi G‘aras qudug‘idan suv olib keldilar. Rasululloh hayotlarida ko‘proq shu quduq suvidan ichardilar. Bu quduq yaxshi, buning suvi jannat bulog‘idan keladi, degan rivoyat ham bordur.
Shundoq qilib, Rasulullohni uch marta yuvdilar. Birinchi, quruq suv bilan, ikkinchisi sidr qo‘shilgan suvda, uchinchisi kofur qo‘shilgan hidlik suv bilan yuvdilar. Sajda qilganda yerga tegadirgan joylariga kofur surtdilar. So‘ngra uch qavat oq bo‘zdan tikilgan kafan qildilar. Yuvishda, kafan qilishda Rasulullohga qanday qilingan bo‘lsa, ummatlariga ham shunday qilish sunnat bo‘ldi.
Rasulullohni qaysi joyda dafn qilish maslahati bo‘lib, ba’zilari masjid minbari oldiga, ba’zilari Baqi’ go‘ristoniga deyishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:48:17

Anda hazrati Abu Bakr Siddiq:
— Payg‘ambarlar qaysi joyda vafot topsalar, shul joyda dafn bo‘ladilar, degan so‘zni Rasulullohdan eshitgan edim, — deb onamiz Oishaning uyida o‘zlari yotgan to‘shaklari tagidan qabr qazishdilar. Yuvib bo‘lgandan so‘ngra sarirga solib, ustilarini o‘rab qabr og‘ziga keltirib qo‘ydilar. Hozir bizning janoza o‘qishimizdek, Rasulullohga janoza o‘qilmadi. Balki to‘rt to‘p bo‘lishib, kirib har qaysilari imomsiz o‘zlari takbir aytib, salovot o‘qib chiqar edilar. Eng avval Rasulullohning yaqinlaridan amakilari Abbos, Hazrati Ali boshliq Bani Hoshimning erkaklari janoza ustiga kirib takbir aytib, duo qilib chiqdilar. So‘ngra xotinlar, qullar, cho‘rilar, bolalar, har qaysilari o‘z to‘plari bilan kirishib duo qilib, takbir aytishib, yig‘lashib chiqar edilar. Har kim o‘z bilganicha so‘z aytib, duo qilar edi. Ba’zi birlari:
— Rasululloh, siz Xudo amrini bizga yetkazdingiz, haq yo‘lni ko‘rsatib, haq dinni bizga o‘rgatdingiz, Xudo oldida guvohlik beramiz, — der edilar.
Shu tartib ila janoza o‘qilgach, qabrga o‘z urug‘laridan hazrati Abbos va o‘g‘illari Fazl va Qusamlar tushdilar. O‘rinlariga qo‘yib chiqishlarida Qusam ibn Abbos hammalaridan keyin chiqdi. To‘qqiz dona xom g‘isht bilan qabr og‘zini berkitdilar. Tuproq solish vaqtida hazrati Fotima Rasululloh ustlariga kelib: «Tuproq tashlashga qanday ko‘nglinglar chidaydi?» deb o‘zi yig‘lab, hammani yig‘latdi. So‘ngra qabr tuprog‘idan bir siqim olib ko‘ziga qo‘yib, ushbu she’rni o‘qib yig‘ladi:

«Subbat alayya masoyibu lav annaho,
Subbat alal ayyomi sirna layoliyo».


Ma’nosi:

Tushdi boshimga musibatdan qora kunlar, bu kun,
Bu yorug‘ olam ko‘zimga qop-qaro tunlar bu kun.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:48:29

So‘ngra hazrati Bilol bir mesh suv keltirib qabrga sepib, oq, qizil mayda toshlardan ustiga terib qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak jasadlari yotgan joy yer-ko‘kdagi barcha tabarruk joylardan, balki Arshi A’zamdan ham ortiqdur. Bu masalada hamma ulamolar bir ittifoqdadurlar, hech xilof yo‘qdur.
Rasulullohning xodimlari hazrati Anas aytadur: «Rasulullohni qabrga qo‘yib, qo‘l tuprog‘ini qoqmasdan turib, dillar o‘zgardi, ko‘ngillar g‘amga to‘lib, ko‘zga olam qorong‘u bo‘ldi. Shu joydagi kishilar bir-birlarimizni ko‘rolmay qoldik». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar Alloh taolo bir ummatga yaxshilik xohlar ekan, u ummatning payg‘ambari ulardan ilgari o‘ladi», deb o‘z ummatlariga tasalli bergan edilar.
Oh, yuz oh, ming ohkim, Rasulullohning vafotlari ummatlariga eng ulug‘ musibatdur, ayniqsa, muborak diydorlarini ko‘rmagan ummatlari uchun tugalmas armondur. Yolg‘iz ummatlari emas, Rahmatanlilolamin bo‘lganliklaridan butun olam ahlini bu musibat qayg‘usi qoplamish edi. Rasulullohning firoqlariga chidayolmay minib yurgan Ya’fur degan eshaklari o‘zini quduqqa tashlab o‘ldi. U zotdan ajraganiga motam tutib tuyalari hech narsa yemasdan, oxiri ochlikdan halok bo‘ldi.
Rasululloh dunyodan o‘tdilar ersa, ummatlariga uch narsani qoldirib ketdilar:
Birinchisi, Allohning so‘zi — Qur’oni karim; ikkinchisi, o‘zlarining so‘zlari — Hadisi sharifdur.
Agar ummat bu ikkovidagi so‘zlarga amal qilib, bulardagi ko‘rsatilgan yo‘ldan chiqmasalar, qiyomatgacha haq yo‘lidan adashmaydilar, hech narsa ularga zarar keltira olmaydi.
Uchinchisi, sahobalarni ummatlariga qoldirdilar. Rasulullohning so‘zlari — hadisi shariflar shu zotlar orqalik bizlarga yetib, shularning himmatlari bilan Islom dini yer yuziga tarqaldi. Inson olamida ko‘p jonfidoliklar ko‘rsatib, mo‘minlar dilidagi o‘chmas iymon chirog‘ini shular yondirib ketdilar, raziyallohu anhum.

Qayd etilgan