RASULULLOHNING AMAKI VA AMMALARI
Rasulullohning o‘n ikki amaki va olti ammalari bor edi. Bulardan Abu Tolib, Zubayr, Abdul Ka’ba bu uchovlari Payg‘ambarimizning otalari Abdulloh bilan tug‘ishgan bo‘lib, boshqalari o‘gay edilar. Bulardan ikki kishi — Hamza bilan Abbos iymonga musharraf bo‘ldilar. Amir Hamza Quraysh ichida, balki butun arablar ichida nomi chiqqan atoqli bahodirlardan edi. Shuning uchun Rasulloh unga «Asadulloh», ya’ni Allohning arsloni, deb laqab qo‘ydilar. Bu kishi Islomda o‘ttiz to‘qqizinchi, Hazrati Umar bilan musulmonlarning soni qirqqa to‘lib, bu ikkovlarining himmati bilan Islom dini yuzaga keldi. Bo‘lmasa, bundan ilgari din ishlari yashirin edi. Hazrati Hamza Rasulullohdan uch-to‘rt oylik katta bo‘lib, bir siynani emishgan emakdoshlari edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilib Makkadan Madinaga kelgandan so‘ngra Hazrati Hamza ham Xudo yo‘lida hijrat qilib, oilasini Makkada qoldirib, o‘zlari Madinaga keldi. Islom dinining birinchi g‘alaba qozonishi bo‘lgan Badr urushida bek bahodirlik ko‘rsatgan edi. Undan keyin bo‘lgan Uhud urushida Vahshiyning to‘satdan otgan nayzasi bilan shahid bo‘lmish edi. Kofirlar tomonidan jasadlari parchalanib, ko‘zlari o‘yilib, quloq-burunlari kesilmish edi. Shuning uchun Rasululloh bu zotni shahidlar a’losi, shahidlar sayi¬di deb, yetmish takbir aytib janozasini o‘tadilar.
Hazrati Abbos qolgan amakilarining eng kichkinasi edilar. Badr urushida Makka mushriklari zo‘rlab askarlikka olgan edilar. Shu urushda boshqalar qatori asir bo‘lib qo‘lga tushdilar. Kofirlar asirlardan fidya puli olib bo‘shatganlarida amakilari Abbosga ham to‘rt ming tanga fidya to‘lashga buyurdilar.
Anda ul kishi:
— Men majburlik bilan kelganman, — deb qutilish uchun dalil ko‘rsatsalar ham sahobalar:
— Shariat zohiriga qaraydi, ko‘rinishda shularga qo‘shilib kelding, to‘laysan, — deb qo‘ymasdan to‘rt ming tangasini oldilar.
Anda Abbos:
— Men Qurayshning oliylaridan edim. Endi eng kambag‘allaridan bo‘lib qoldim, — dedi.
Rasululloh:
— Hoy amaki, xotining Ummu Fazlga ko‘rsatgan dunyoni ko‘mgan joyingdan olsak, yana boyliging ketmaydi, — degan edilar, amakilari Abbos hayron qolib:
— Endi aniq bildim, sen Xudoning payg‘ambari ekansan, yo‘q ersa, men bu ishni xotinimdan boshqa hech kimga aytmagan edim. Senga buni Xudo bildirdi, bo‘lmasa qaydan bilar eding? Endi musulmonligimni bildirib seni oldingda qolay desam, Makka xalqiga bergan omonat mollarim kuyib ketarmikan deb qo‘rqaman, — dedi.