Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379198 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:30:04

 Shu bilan Rasululloh boshliq hamma sahobalar askarni uzatgali yo‘lga chiqishdi. Boshliqlari bilan xalq ko‘rishib, ularning zafarlari uchun duo qildilar. Shu chog‘da uchinchi amir Abdulloh ibn Ravoha yig‘lagani turdi. Buning sababi nimadur, deb andin so‘radilar. Anda ul aytdi: «Alloh taolo oti bilan ont qilurman, dunyo tirikligiga qiziqish mening ko‘nglimda yo‘qdur. YOki el-yurtimdan ajraganim uchun yig‘lasam, bu ish men uchun ulug‘ nomusdir. Buning sababi ersa, bir kuni Rasululloh ushbu oyatni o‘qidilar: «Va in minkum illa variduha kana ala robbika hatmam maqdiyya». Ma’nosi: «Qiyomat kunida Sirot ko‘prigiga tushmagan va undan o‘tmagan hech kim yo‘qdur. Buning ustidan o‘tkazishni Alloh taolo o‘ziga lozim qilmishdur». Shu oyat esimga tushdi. Men bilmasman, u joyga kirganimdan so‘ngra, undan salomat chiqmog‘im qanday bo‘lgay, shu uchun yig‘ladim».
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu askarlarni uzatib Saniyyatul Vado’ degan joyga yetganda to‘xtadilar. Anda askar amirlariga qarab:
— Sizlarga eng so‘nggi qilar vasiyatim shuldurki, har ishda Alloh amrini bek ushlanglar, din yo‘lida taqvolik bo‘linglar, askar haqida mehribonlik qilinglar, qilgan g‘azotinglar Xudo uchun bo‘lsin. Rizqni Allohdan yeb turib, har turli noz-ne’matlarni undan ko‘raturib, yana andin yuz o‘girgan kofirlarga qarshi urushinglar. Lekin hech ishda xiyonat qilmanglar, o‘lja tushgan mollardan yashirincha olmanglar, urush kunlarida dushman yerlarida ularning yosh bolalarini, xotunlarini, qari kishilarini, xalqqa aralashmay o‘z dinida ibodat qilib yotgan so‘fiylarni o‘ldiruvchi bo‘lmanglar. Zarurat bo‘lmagan holda uy-imoratlarini buzmanglar, bog‘u bo‘stonlaridagi yemishlik daraxtlarni kesmanglar. Menim vasiya¬tim shuldur, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:31:01

 Shuning bilan askarlar Payg‘ambarimiz bilan vidolashib, Madinadan Shom viloyatiga qarab jo‘nadilar. Besh kun yurib, Vodil Quro degan joyga yetganlarida angladilarkim, Rasulullohning noma ko‘targan elchisini o‘ldirgan Shurahbil ibn Amr nurg‘un askar tayyor qilmishdur. Va bu xabarning ustiga dushmanning ellik kishilik orovul firqasi Islom askarining orovul bo‘lugi bilan to‘qnashib qoldilar.
Dushman orovul boshlig‘i yuqorigi elchi o‘ldirgan Shurahbilning ukasi Sadus ibn Amr edi. Bu orovullar urushida dushman boshlig‘i o‘ldirilib, qolgan askari tarqalib qochdilar. U yerdan yurganlaricha Mi’on degan joyga yetishdi. Bu yer esa, Shom tuprog‘i hisoblanur edi. Bunda turganlarida tingchilar xabar keltirdilarkim, Rum podshosi Hirakl Qaysar yuz ming askar olib Balqo shahriga kelmishdur. Shurahbilga qarashlik Shom yeridagi nasoro arab qabilalaridan yana yuz ming kishi kelib ularga qo‘shildilar. Bu xabarni sahobalar angladilar ersa, aniqlagandan so‘ng shu yerda to‘xtashib maslahat qildilar.
Bir qanchalarining maslahatlaricha, Rasulullohga bu to‘g‘rida xat yozib, javob kelguncha kutib turmoqchi bo‘ldilar. Chunki ikki yuz ming askarga uch ming kishining qarshi turishi hech mumkin emas edi.
Alar: «Rasulullohga dushman ko‘pligidan xabar qilur bo‘lsak, ortimizdan bizga yordam askar yuborgaylar yoki Alloh amrini bildirur ersa, na bo‘lsa shuni qilgaymiz», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:31:12

 Anda uchinchi amir Abdulloh ibn Ravoha askar ruhini ko‘tarib alarga tashviqot qilib:
— Ey mo’minlar! Biz uchun oldimizda hech qandoq qo‘rqinchlik ish yo‘qdir. Chunki bizlar dushmanlarimiz bilan o‘z kuch-quvvatimizga suyanib urushmaymiz. Haqiqatda ersa ishonganimiz Allohdur. Xudo yo‘lida shahodat izlab, o‘lish uchun chiqdik. Nima bo‘lsa ham olg‘a yuraylik, biz uchun ikki yaxshilikning biri bo‘lg‘usidir. Yo g‘alaba qozongaymiz, yoki shahodat topgaymiz. Bular ersa, bizning eng so‘nggi tilagimizdur, — dedi.
Bu so‘zni eshitgan askarlar yig‘lashib:
— Bu kishi to‘g‘ri aytadi. Oldimizda ikki yaxshilik bordur, qaysi biri bo‘lsa ham bizning suyganimizdur, — deyishib takbir sadosi bilan yo‘lga tushdilar.
Shu yurganlaricha Shom tuprog‘idagi Balqo shahrining chegarasiga yetganlarida ilgari eshitgan ko‘p sonlik dushman askarining qorasi yiroqdan ko‘rina boshladi. Bular ersa mumkin qadar shon-shavkat, kuch-quvvatga ega bo‘lgan edilar. Yaroq-jabduq, ot-uloqlari o‘z zamonlaricha to‘liqlangan edi. Bayroqlari oltin-kumush va har turlik qimmat narsalar bilan bezalmish edi. Dushman ko‘zini qamashtirmoq, ularga haybatlik bo‘lib ko‘rinmoq uchun askar boshchilari har turlik ziynat qilinmish ipak to‘nlar kiygan edilar. Bunchalik saltanatga ega bo‘lgan ikki yuz ming dushman qo‘shiniga qarshi uch ming sahobalar urush qilmoqlari odatdan tashqari, ishonmaslik darajada kishi hayron qolg‘udek bir ishdur. Lekin bu voqeaning qo‘shimchasi yo‘q haqiqat bo‘lganlikdan bir necha mo’tabar tarix, hadis kitoblarda ham yozilmishdur. Bu ersa Rasulullohdan tarbiyat topgan sahobalar iymon yo‘lida qanday ulug‘ darajaga yetganliklarini isbotlaydi. Allohning aytgan va’dasiga chinakam ishonganliklari uchun bu ulug‘ jur’atni qilmishdirlar, chunki Qur’onda Alloh taolo mo’minlarga bu oyatlar bilan va’da bermish edi:

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:31:21

 «Inna lanansuru rusulana val-lazina amanu». Ya’ni, «Biz yuborgan payg‘ambarimizga va iymon keltirgan mo‘min bandalarimizga albatta yordam beramiz», demakdur.
«Va inna jundana lahumul g‘olibuna». Ya’ni, «Bizning askarlarimiz dushmanlariga albatta g‘olibdurlar, urushlarda doim yenggaylar», demakdur.
«Va kana haqqan alayna nasrul muminiyna». Ya’ni: «Mo’minlarga yordam berish bizga lozimdur», demakdir.
Urush kunlari Alloh taoloning mo’min bandalariga yordam berishi albatta aniqdur. Bunga shak keltirish, Qur’onga shak qilish, demakdir. Lekin har davrning o‘ziga yarasha qurol-jabduqlariga musulmonlarning ega bo‘lishlari shartdir. Chunki Alloh taolo Qur’onda aytgan:
«Va a’iddu lahum mastata’tum min quvvatin». Ya’ni, «Qo‘linglardan kelganicha, imkoniyat boricha dushmanlarga qarshi kuch, qurol tayyorlanglar», demakdur.
Allohning bu qilgan buyrug‘ini bajarishgandan so‘ngra, agar mo’minlar Allohdan nusrat so‘rar ekanlar, albatta, Allohning yordam berishi shaksizdur. Islom davrlarida musulmonlardan ming kishi tuman kishiga, bulardan tuman kishi boshqalardan son ming kishiga g‘alaba qilganliklari tarix kitoblarida ko‘p yozilmishdir. Shuni ham bilish kerakkim, yuqorigi oyatlarda berilgan va’dalar mo’minlarga qarata aytilgan. Agar mo’minlik, musulmonlik yo‘llaridan chetga chiqmasalar, uning sharoitini buzmasdan zafar jamalg‘alarini mumkin qadar to‘liqlagandan so‘ngra Allohdan nusrat so‘rasalar, yuqori oyatlardagi Allohning va’dasiga albatta ega bo‘lgaylar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:31:32

 Sahobalar esa haqiqiy iymonga ega bo‘lgan kishilardur. Shuning uchun Allohning va’dasiga ishonib, ko‘ngillari unga qanoat qilganlikdan, O‘ziga tavakkal qilib, dushman ko‘pligini ko‘zlariga ilmadilar.
Shunday qilib, Islom askari Shom tuprog‘ida Mu’ta degan joyga kelganlarida u tomondan qalin dushman askari chiqib, shu yerda ikki qo‘shin askari to‘qnashdilar. Saflar tuzilib, bir-biriga ko‘zlar tikilib, urush boshlandi. Rasululloh bergan oq tug‘ni tutib askar boshlig‘i Zayd ibn Horisa oldinga intilib, Islom askari bilan hujumga o‘tdilar.
Islom askari ersa, kuffor qo‘shini oldida ko‘kdagi qalin yulduzlar ichida qolgan hulkardek ko‘rinur edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam topshir¬g‘on oq bayroqni tutganicha olg‘a intilib, nayza-qilichlarning shig‘irlagan qaynam joyiga yetib bordilar. Dushman ko‘pchilik qilib, uni saqlagudek askarlari bo‘lmaganidan to‘rt yoqlama dushman hujumi ostida qolib, shu yerda Zayd ibn Horis shahid bo‘ldi, raziyal¬lohu anhu.
Bu kishi yiqilgudek bo‘lganida uning qo‘lidagi tug‘ini yerga tushirmasdan, ikkinchi amir Ja’far ibn Abu Tolib kelib tutdilar. Askar oldiga tushib, ot ustidan turib, qo‘lida tug‘ bo‘la turib, dushmanga hamla qildilar. Nayza-nayzaga, qilich-qilichga kirishib, bahodirlarning takbir sadosi bilan solgan suronlari ostida ko‘klar ingrashar edi. Qarasalar borgan sari ish og‘irlasha boshladi. Hazrati Ja’far buni ko‘rib, darhol otdan tushib piyoda bo‘ldi. Agar shahodat topar bo‘lsam, dushmanlar otimdan foydalanmasinlar, deb uni payini kesdi, so‘ngra takbir aytib butun askari bilan dushmanning qalin joyiga hamla qildilar. Dushman tarafidan urilib, tug‘ ko‘targan o‘ng qo‘li kesilib ketdi. Tug‘ni so‘l qo‘liga olib edi, buni ham kesdilar. Shunday bo‘lsa ham tug‘ni tashlamasdan qo‘ltig‘iga qisib turgan holda shahid bo‘ldi. Hazrati Ja’farning yoshi o‘ttiz uchda bo‘lib, u Hazrati Alining og‘alari edi. So‘ngra Islom tug‘ini uchinchi amir Abdulloh ibn Ravoha ko‘tardi. Bu kishi ham otliq edi, oldiga yurish, orqaga chekinish to‘g‘risida bir oz o‘ylanib turgach, ikki yo‘ldoshimdan ibrat olgudek bir ish qilur ersam, shunda najot topgayman, deb kofirlar to‘piga qarab arslondek otildi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:31:41

 Bir qancha urush-surishdan so‘ngra bu kishi ham shahid bo‘ldi. Shu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam askarboshi qilib belgilangan kishilarning uchovi ham urushning birinchi kunidayoq shahodat topdilar.
Amirlikka tayinlangan kishilardan qolmadi. Buni ko‘rib sahobalardan Sobit ibn Arqam degani kishi: «Rasulullohning tug‘lari yerda yotmagay», deb darhol qo‘liga oldi. Bu kishi ersa, Badr urushida ish ko‘rsatgan ulug‘ sahobalardan edi. Tug‘ni ko‘targach: «Ey mo’minlar, askar amirsiz qoldi, tug‘ni kimga topshiramiz?» deb qattiq qichqirdi. «O‘zingga topshirdik», deb urush qilayotgan askarlar atrofdan javob berdilar ersa, u: «Yo‘q, buning egasi men emasdurman. Tug‘ni Xolid ibn Validga topshirgaymiz, bul ishga u mendan yaramliroqdir, urush ilmini yaxshiroq biladi», dedi. U shunday degach, barchalari rozilik bildirib, tug‘ni Xolid ibn Validga topshirdilar.
Uchinchi amir Abdulloh ibn Ravoha shahodat topgandan keyin Islom askarining saflari buzilishga boshlagan edi. Hazrati Xolid tug‘ tutgandan keyin bularni tartibga soldi. Askar qurilishi tuzatilgach, bir oz orqaga chekinib, dushmanga qarshi mudofaa usulini qo‘lladilar. Bunday dahshatli urush ustida ketma-ket uch amirning o‘ldirilganiga ruhi tushmay, o‘zlari buzilayotgan, sochilgan askarni qilich-nayzalar ostidan chiqarib dushmandan mudofaa qilgudek bir kuchga keltirmoq bek qiyin ishdir. Bu ersa hazrati Xolidning dunyo qo‘mondonlarini hayron qoldirurlik darajada bu ishda mahorat ko‘rsatganini bildiradi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:31:49

 Shu bilan orqaga chekinib, tutgan joylarida tog‘dek turish qilib, shu kunning urushini mudofaa bilan o‘tkazdilar. Ikki yoq askari yengilmasdan kech kirgach, har qaysisi o‘z o‘rinlariga chekindilar. Shu kecha tun qorong‘uligidan foydalanib hazrati Xolid bir hiyla topib, urush aldovini ishlatdi. Shundoqki, butun bayroqlarni o‘zgartirib, askar yasovini yo‘tkadi. Barong‘ar (o‘ng) o‘rnini jarong‘ar (chap)ga, orovul (old) o‘rnini chindovulga almashtirdi. Ertalabki urushga shu yasov bilan chiqqanlarini dushmanlar ko‘rgach, qo‘rqinch¬ga tushib, Madina tomonidan shu kecha madad askari yetib kelmishdur, deb o‘yladilar. Shunday bo‘lib bu urush yetti kun davom etdi. Qo‘mondonlik hazrati Xolidga o‘tgach, uning buyrug‘icha dushmanga qarshi mudofaada bo‘ldilar. Bu urushda ersa, eng hayron qolg‘udek ish shuldirki, shunchalik ko‘p sonli, ko‘p kuchga ega bo‘lgan dushman qo‘shiniga urushgan uch ming askardan yetti kun ichida o‘n ikki kishi shahid bo‘lmish edi. Kuffor tomonidan ersa o‘ldirilganlarning hisobi yo‘q edi. Shuning uchun bu voqea mo’tabar kitoblarda Rasulullohning mo’jizalaridan hisob qilinmishdur.
Shu urush tugagunchalik hazrati Xolid ibn Valid qo‘lida to‘qqiz dona qilich singanligini Imom Buxoriy rivoyat qilur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu voqeadan vahiy orqali xabar topmish edilar. Buni anglatish uchun sahobalarni yig‘ib, so‘ngra minbarga chiqdilar. Muborak ko‘zlaridan yosh to‘kilar edi. «Xayrlik bo‘lsin» deb uch yo‘l aytgandan so‘ngra sahobalarga qarab:
— Men sizlarga g‘azotga ketgan askarlarimizdan xabar berurman. Ular ersa borishib Mu’ta degan joyda dushmanga yo‘liqdilar. Birinchi amir Zayd ibn Horisa shu urushda shahodat topdi. So‘ngra tug‘ni Ja’far ibn Abu Tolib tutib dushmanga hujum boshladi. Bu ham shahid bo‘ldi. Uchinchi Abdulloh ibn Ravoha tug‘ ushladi. Uni ham shahid qildilar. Bular uchun istig‘for aytib duo qilinglar. Endi tug‘ni Xolid ibn Valid oldi. Ey bor Xudoyo, bu quling ersa sening qilichlaringdan bir keskin qilichdur, unga yordam bergaysan, — deb duo qildilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:31:58

 Shu kundan boshlab bu bahodir yigitga «Sayfulloh», ya’ni «Allohning qilichi» deb laqab qo‘yildi. Shuning ustiga askar xabarchisi Ya’lo ibn Munayya degan kishi ham yetib keldi. Islom askari urushdan qaytgach, oldindan uni yuborgan edilar. Rasululloh bilan kelib ko‘rishganidan keyin, unga aytdilar: — Bu urushda bo‘lgan voqeani sendan burun men aytib berayinmi yoki o‘zing ayturmisan?
Ul ham:
— Ayting, yo Rasulalloh, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lgan voqealarning hammasini boshdan-oyoq aytib berdilar. Anda xabarchi:
— Qasam qilurman, yo Rasulalloh, biz ko‘rgan ishlardan birini qoldirmay aytdingiz. Aniq bulurman, siz Allohning haq payg‘ambarisiz, bu ishni sizga Alloh bildirmishdur. Bo‘lmasa bunday g‘ayb ishlarni hech kim bilmagay, — dedi.
Bu xabarni anglatgandan so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Ja’farning xotini Asmo’ binti Amis uyiga kirdilar. Bolalarini ko‘rgach, ularni har birini o‘pib turib, muborak ko‘zlaridan yoshlari oqib ketdi.
Anda Asmo’:
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, bu bolalar otasi Ja’fardan va uning yo‘ldoshlaridan musibat xabari kelganga o‘xshaydi, — deb o‘z odatlaricha ovoz chiqarib yig‘lagani turdi. Qo‘shni xotinlar buning tovushini eshitib uning uyiga yig‘ildilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:32:06

 Anda Rasululloh:
— Ey Asmo’, johiliyat odaticha yoqangni yirtib, yuzingni tirnama, yig‘i ustida og‘zingdan yomon so‘zlar chiqib ketmasun. Xudo rozi bo‘lmagan so‘zlardan, ishlardan tilingni, qo‘lingni saqlagil.
Ey bor Xudoyo, Ja’farni jannatda eng yuqori darajali joyga yetkurgil, aning oilasiga ulug‘ ajr ato qilgil, — deb duo qildilar.
So‘ngra u joydan chiqib, o‘z uylariga kirib, onalarimizga aytdilar:
— Ja’far oilasidan xabarsiz turmanglar, ular uchun yemak pishirib uylariga yetkazinglar. Insonga o‘lim ishi yetdi ersa, uning qayg‘usi ovqat pishirmoq, yemak-ichmakka to‘sqinlik qilur, — dedilar.
Shuning uchun o‘lim bo‘lgan uyga qo‘shnilar, qarindoshlar taom pishirib yetkurmagi sunnat bo‘ldi.
Yana bir rivoyatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ja’far uyidan chiqib, Hazrati Alining uyiga kirdilar. Hazrati Ja’far Hazrati Alining bir tug‘ishgan og‘alari edi. Fotima Rasulullohni ko‘rgach, o‘z odatlaricha «Vo ammoh» deb urushda o‘lgan amakisini yo‘qlab yig‘lagani turdi. Anda Rasululloh aytdilar: «Ja’far kabi er yigitga xotinlar yig‘lamasdan qarab tura olmaydilar. Lekin ularga aytib qo‘yinglar, yig‘lagan chog‘da qo‘llarini, tillarini saqlasin», dedilar.
Shu bilan oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan so‘ngra g‘oziylardan ham xabar keldi. Rasululloh buyurdilarkim, ularning oldilaridan kutib chiqib, qarshi ol¬g‘aylar. Yaxshi safardan, uzoq yerlardan kelayotgan musulmonlarni kutib olish shundan bizlarga sunnat bo‘lib qolgan.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:32:13

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq barcha sahobalar va g‘oziylarning yosh bolalari yo‘l to‘sishib chiqqan edilar. Madinadan chiqishgan bolalar ersa, suyunganlaridan shodlik she’rlarini o‘qishur edilar.
Anda Rasululloh aytdilar:
— G‘oziylar o‘z bolalarini ot oldiga mindirib olsinlar. Ja’far o‘g‘li Abdullohni menga beringlar,— deb, uni o‘zlari otga o‘ngarib oldilar. So‘ngra aytdilarkim:
— Ey o‘g‘lim, senga muborak bo‘lg‘ay, otang Ja’farni bu kecha menga ko‘rsatdilar. Uni jannatda farishtalar bilan birga uchib yurganini ko‘rdim.
Rasululloh hazrati Xolid bilan ko‘rishganlarida bu urushda ko‘rsatgan mahoratini maqtab, undan ko‘p rozi bo‘ldilar. Shu safardagi askar ichida bo‘lgan Abdulloh ibn Umarning aytishicha, Zayd ibn Horisaning ikki qo‘li birdan kesilib, yana yetmish necha yeridan yaralanmish edi. Rasululloh belgilagan shu uch qo‘mondonni — Zayd ibn Horisa, Ja’far ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Ravoha — shahid bo‘lgan joylarida bir qabrga qo‘ydilar. Qolganlari ham shu o‘ringa ko‘mildi, raziyallohu anhum.
Zarurat tushgan chog‘da besh-o‘n o‘likni bir qabrga qo‘ymoq shariatda durustdir. Uhud urushida o‘lgan shahidlarni ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari shunday qilgan edilar. Bu bahodirlarning qabr¬lari butun Islom olamiga ziyorat o‘rni bo‘lib qolmishdur. Muborak ismlari ersa tarixlarda yozilib, inson olamida hurmat qozonmishdur.

Qayd etilgan