Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380069 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:34:05

 Hazrat Umar Rasulullohdan bu so‘zni anglagach, ko‘ziga yosh olib, inson xiyonatini bu daraja saqlaganlarini ko‘rib hayron qoldi. Yo‘q esa, siyosat olamida eng og‘ir kechirilmas jinoyatning biri shul edi. Negakim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u yoqqa xabar yetmasin uchun Makaa yo‘llarini to‘stirib, butun o‘tish yo‘llariga qorovul qo‘ygan edilar. Uchar qushdan boshqa kishining u tomonga o‘tishi mumkin emas edi. Shuni bilaturib, bu xiyonatni qilgan kishining gunohidan ulug‘roq hech gunoh yo‘qligi aniqdur. Shundoq bo‘lsa ham yana uning gunohini kechirdilar.
Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka safarini ko‘zlab, o‘n beshinchi Ramazonda yo‘lga chiqdilar. Atrofdan yig‘ilib kelgan qurollik askarlarga Madinadagi sahobalar qo‘shilib, sonlari o‘n mingga yetdi.
Madinadan chiqqan birinchi kunida butun askar ro‘za tutgan edilar. Kadid degan joyga yetganlarida musulmonlarning safarda ro‘zadan qiynalganlarini ko‘rib barchaga ro‘zani ochishni buyurdilar. O‘zlari ham ro‘za tutishni to‘xtatdilar. Rasulullohning amakilari hazrati Abbos o‘zi ilgariroq iymon keltirgan bo‘lsa ham, lekin shu kungacha Madinaga hijrat qilib kelmagan edi. Uning butun oilasi Makkadan hijrat qilib chiqishi ersa shu kunlarga to‘g‘ri kelib, Rasulullohga yo‘lda yo‘liqdi. O‘zini birga olib, oilasini Madinaga yubordilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:34:13

 Makka va Madina oralig‘idagi Abvo degan joyga yetganlarida yo‘lda kelayotgan ikki kishi ko‘rindi. Uning birisi Abu Sufyon ibn Horis edi, u Rasulullohning amakilari Horis ibn Abdulmuttalibning o‘g‘li bo‘lib, yana Payg‘ambarimiz bilan emakdosh ham edi.
Ikkinchisi esa ammalari Otikaning o‘g‘li Abdulloh ibn Abi Umayya edi. Bular ham hijrat qilib Makkadan chiqqan edilar. Lekin bu ikkovlarining Rasululloh Makkada turgan kunlarida ko‘rsatmagan kulfatlari, qilmagan jabru jafolari qolmagan edi. Bularning til nayzalaridan Rasulullohning dillariga tushgan jarohatlari haligacha sog‘ayib ketmagan edi. Shuning uchun bulardan marhamatli yuzlarini o‘girib, ularga iltifot qilmadilar. Ish shunday bo‘lgach, har ikkovi onamiz Ummu Salama qoshiga kelishib, arz aytib yig‘lashdilar. Chunki Abdulloh ibn Abi Umayya Ummu Salamaning inisi edi. Shuning uchun Rasulullohga onamiz aytdi:
— Yo Rasulalloh, bularning birovi ammangiz, ikkinchisi amakingiz o‘g‘illaridur. Xatolarini kechirishingizni tilayman.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Ularning menga keragi yo‘qdur. Amakim o‘g‘li ersa qarindoshlik haqqini saqlamay, qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Ammamning o‘g‘lidan ersa, hech kishi aytmagan yomon so‘zlarni eshitdim.
U aytgan erdi:
«Ey Muhammad, sen bir narvon yasab keltirur bo‘lsang, va meni qaratib turib osmonga chiqsang, buni pay¬g‘ambar qildim, deb qo‘lingga Xudo hujjat xatni bersa, to‘rt farishta birga tushib, buni payg‘ambar qilib sizlarga Xudo yubordi, deb guvohlik bersalar ham, men senga iymon keltirmagayman».

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:34:21

 Amakilarining o‘g‘li Abu Sufyon bu safarda yetti-sakkiz yoshli o‘g‘lini birga olib chiqqan edi. Rasululloh bilan ko‘rishmoqqa ruxsat ololmagach, ul:
— Agar Rasululloh bizni qabul qilmas ekan, bu o‘g‘limni yetaklaganimcha cho‘llarda kezib yurib, ochlik-chanqoqlik bilan o‘lurman, — dedi.
Abu Sufyonning bu so‘zini Rasululloh anglab, anga rahmlari keldi. So‘ngra ularga ko‘rishgali ruxsat berdilar. Har ikkovlari kelishib, Islomga musharraf bo‘ldilar. Lekin bular o‘tmishdagi qilmish ishlari yodiga tushib, Rasulullohning yuzlariga ko‘p qarasholmas edi. Shundoq ham bo‘lsa rahmatan lil olamiyn sifatiga ega bo‘lgan zot ularning o‘tgan ishlarini ko‘p esga olmay, yana iltifot qilib:
— Allohning arsloni amakim Hamza Uhud urushida shahid bo‘ldi. Uning o‘rniga Alloh seni yetkazdi. Hamzaning o‘rnini bosgaysan deb umid qilurman, — deya Abu Sufyon ko‘nglini ko‘tardilar.
Bu so‘z bilan uning ham ancha ko‘ngli ko‘tarilib qoldi. Islomga kirgandan keyingi umrini Xudo yo‘lida yaxshilik bilan o‘tkazdi. Vafot bo‘lishida oilasiga vasiyat qilib: «Men o‘lsam, ko‘p yig‘lamanglar. Xudo haqqi Islom diniga kirgan kunimdan buyon hech bir xato ishni qilmadim», demish edi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:34:28

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib Makkaga yaqin Marraz — Zahron degan joyga kechasi kelib tushdilar.
— Qo‘shinda qancha askar bo‘lsa, o‘shancha joyga o‘t yoqishsin, — dedilar.
O‘n mingdan ortiq yerga o‘t yoqildi. Bu ishdan maqsadlari esa Makka mushriklariga askarning ko‘pligini bildirib, ularni urushdan chekintirish edi. Chunki Islom qonuni bo‘yicha Haram tuprog‘ida qon to‘kish u yoqda tursin, u yerning o‘sib turgan o‘tini yulishga, ko‘kargan yog‘ochini kesishga ham yo‘l yo‘q edi. Shuning uchun Haram yerida jonlik narsalarni ovlab, ularni qo‘rqitish shariatda haromdir. Shunday bo‘lganlikdan Rasululloh Haram hurmatini saqlab, qon to‘kilmaslik chorasini qildilar. Shul kecha tun qorovulligi Hazrati Umarga topshirilmish edi. Shunchalik ko‘p askar ustilariga yetib kelguncha, Makka mushriklari bu ishdan xabarsiz qoldilar. Chunki Rasulullohning bu to‘g‘rilik qilgan duolari qabul bo‘lmish edi. Endi bu manzilga askar kelib tushgach, Payg‘ambarimizning amakilari Hazrati Abbos Rasulullohning xachirlarini minib Makka yo‘liga chiqdi. Bundan maqsadi, biror kishi ko‘rinar ersa, Qurayshga xabar aytib uni kirgizmoqchi edi. Toki ularning raislaridan bir nechalari kelishib, Rasulullohdan omonlik so‘rasinlar. Shuni o‘ylab ketayotganlarida oldidan ikki kishining qorasi ko‘rindi. Buning birisi Quraysh raisi Abu Sufyon bo‘lib, ikkinchisi ersa, bu ham raislardan Budayl ibn Varqoa degan kishi edi. Kecha qorong‘usida yuzlari ko‘rinmasa ham tovushlaridan bular tanilmish edi. Madina tomonidan biror xabar anglamoq uchun yo‘l to‘sib Makkadan chiqqan edilar. Bu joyga kelganda sonsiz yerga yoqilgan askar o‘tini ko‘rib, hushlari uchib, qarab turishgan edi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:34:36

 Abu Sufyon hayron qolib:
— Hoy, bular kim bo‘ldi ekan? Arafotga yig‘ilgan hojilardek yoqqan o‘tlari ko‘p ko‘rinadi. Dushmanimiz Huzo’a qabilasi bo‘lg‘aymu desam, ular bo‘lsa bunchalik ko‘p askarni qaydan olg‘aylar? — deb turganida, Hazrati Abbos yo‘lning u yog‘idan turib, Abu Sufyonni chaqirdilar. Bu ikkovi ersa bir-birlariga og‘ayni-ulfat edilar. Abu Sufyon buning tovushini eshitib tanishi bilan chopganicha kelib:
— Ota-onam senga fido bo‘lsin, bu nima ishdur?— deb so‘radi.
Anda Hazrati Abbos:
— Hoy Abu Sufyon, sening xabaring yo‘qmi, mana Rasululloh kishi ko‘rmagan qalin, ko‘p askarni usting¬ga keltirdi, — deb edi, bu so‘zni anglashi bilan arab odaticha «Hay Quraysh, xarob bo‘ldik» deb qattiq qichqirib yubordi.
So‘ngra Abu Sufyon:
— Ey Abbos, ota-onam senga fido bo‘lsin, buning chorasi nimadur? — dedi.
Anda Hazrati Abbos:
— Nima ish bo‘lg‘usi, boshingga eng qo‘rqinchlik kun keldi. Mana, Rasululloh ko‘rursankim, qalin, ko‘p askar keltirmishdur. Bu kecha tong otishi bilan Quraysh xalqiga qirg‘in kelur. Agar bu yo‘lda qo‘lga tushar bo‘lsang, dastlab sening bo‘yning uzilur, — dedilar.
Abu Sufyon qo‘rqqanidan:
— Ey Abbos, mening choram endi na bo‘lg‘ay? — deb yolvorgali turdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:34:45

 Anda Abbos:
— Sening chorang shu bo‘lg‘aykim, agar orqamga mingashtirib Rasulullohga yetkaza olsam, sen uchun omonlik olur edim. Endi bundan boshqa chora yo‘qdir, — deb ot orqasiga uni mindirib, Rasululloh chodirlariga qarab yurdi. Yo‘ldoshlari esa bu holni ko‘rishib, ularni qo‘rqinch bosdi. Nima qilishlarini bilmasdan, nochor bu ishdan Qurayshga xabar bergali Makkaga qaytdilar.
Hazrati Abbos Abu Sufyonni mingashtirib kelayotganda Hazrati Umar chodiri oldidan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu kechaning qorovulligi ersa, u kishining gezagi (gali) edi.
Rasululloh xachirini mingan Hazrati Abbosni tanigan bo‘lsa ham, mingashgan kishining kim ekanini bilmak uchun «to‘xta» deb qichqirdi. Kelib qarasa, Abu Sufyon ekandur. Buni ko‘rgach:
— Alhamdulilloh, sen Xudo dushmani shartsiz endi qo‘limga tushding, — deb ular orqasidan Rasululloh chodirlariga qarab yugurdi. Buni ko‘rib Hazrati Abbos undan ilgariroq Rasululloh ustilariga kirib bordi. Bular orqasidan yeta kelib, Hazrati Umar ham kira solib:
— Yo Rasulalloh, kufr boshlig‘i, Xudo dushmani, Abu Sufyon shartsiz qo‘limga tushdi. Ruxsat qiling, boshini kesib tashlayin, — dedi.
Anda hazrati Abbos:
— Yo Rasulalloh, men Abu Sufyonga omon berdim va sizdan omonlik olib bermakka va’da qildim, — deb ani qo‘riqlab Rasululloh oldilariga o‘ltirdi. — Bu kecha Abu Sufyonni o‘zim saqlayman, boshqaga bermagayman, uni menga topshiring, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:34:53

 Bu ikkovlari Abu Sufyon to‘g‘risida anchagina so‘zga kelishdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shoshilmay o‘ltirib, oxiri aytdilar:
— Ey Abbos, sen buni o‘z chodiringga eltib saqlagil, erta bilan yana keltirgaysan.
Bu so‘z bilan Hazrati Abbos Abu Sufyonni o‘z chodiriga eltib saqladi. Tong otishi bilan, uni yana Rasululloh chodirlariga keltirdilar. Rasululloh uni ko‘rdi ersa:
— Ey Abu Sufyon, hali ham Islomni qabul qilg‘udek holga kelmadingmi? Allohni bir bilib, meni uning Payg‘ambari deb ishonishga vaqt yetmadimi? — dedilar.
Anda ul aytdi:
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, shundoq ulug‘ axloqqa sizga o‘xshab hech kim ega bo‘la olmagay. Lekin bu ish haqida shu kungachalik ko‘nglimda yana gumonim bordur.
Hazrati Abbos bu so‘zni anglashi bilan:
— Ey sho‘rlik kishi, o‘z joningga jabr qilma, tiriklikdan umiding bo‘lsa, bo‘yning uzilib yerga tushmasdan ilgariroq bu ishga iqror qilib, Rasululloh so‘zlarini qabul qilgil, — dedi.
Ul ham o‘zga chora topolmay, til uchida bo‘lsa ham shahodat aytib, iymon keltirdi. Zohirga qarab, Rasululloh ham qabul qildilar. So‘ngra hazrati Abbos:
— Yo Rasulalloh, Abu Sufyon ersa o‘zi maqtanchoq, guyrangroq bir kishi erur. Xalq ichida bu kishiga bir obro‘ bo‘lgudek biror ish qilur bo‘lsangiz, ko‘p yaxshi bo‘lur edi, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:35:00

 Anda Rasululloh aytdilar:
— Hukm shuldurki, Abu Sufyon qo‘rasiga kirganlar omondir, yaroq-qurol ko‘tarmagan kishilar omondur, uyidan chiqmaganlar eshik ochmaganlar omondur.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Abbosga buyurdilarkim, tog‘ tashidagi tor yo‘l ustida Abu Sufyonni to‘xtatib turgil. Butun Islom qo‘shinlari buning oldidan o‘tsinlar. Islom askarining shon-shavkatini ko‘zi ko‘rsin.
Shuning bilan Rasululloh deganlaridek, Abu Sufyonni eltib yo‘lning tor yeriga to‘xtatib qo‘ydi. Har qabila o‘z tug‘i ostida askarlar bilan uning oldidan o‘tar edilar. O‘tgan chog‘larida Hazrati Abbosdan: «Bu qaysi qabila bo‘lar?» deb so‘rar edi. Shundoq qilib, butun qabila askarlari Abu Sufyon oldidan o‘tib bo‘ldilar. Eng so‘ngida temir sovutlar ichida ko‘milgan, boshlaridan dubulg‘a, tug‘u bayroq ko‘targan muhojirin va ansor sahobalar o‘tdilar. Abu Sufyon bularni ko‘rganda shoshib qolib:
— Subhonalloh, ey Abbos, bular kimlardur? — deb so‘radi.
Hazrati Abbos:
— Bular ersa Rasulullohning xos yo‘ldoshlari — ansor va muhojirin sahobalardur, har vaqt Rasululloh shular ichida bo‘lg‘aylar, — dedi.
Anda Abu Sufyon:
— Ey Abbos, qarindoshing o‘g‘li Muhammad ersa dunyodagi kuchli podsholardan bo‘lmishdir. Aning askari oldida hech kimarsa chidab tura olmagay, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:35:09

 Anda Abbos:
— Ey Abu Sufyon, bu ishni podshohlik demak xatodir. Balki Alloh tomonidan yuborilmish payg‘ambarlik davlati erur.
U ham bu kishi so‘ziga qarab:
— Ha, shundoq bo‘lsa kerak, — dedi.
So‘ngra Hazrati Abbos unga qarab:
— Ey Abu Sufyon, Rasulullohdan omonlik so‘rab erding, uni berdilar. Islom shon-shavkatini o‘z ko‘zing bilan ko‘rding. Endi tezlik bilan Makkaga borgil, Quraysh xalqiga bu ishning qandayligini tushuntirgil. Yana ular bilmasdan Rasulullohga qarshilik ko‘rsatib, o‘z jonlariga jabr qilib, qirilib ketmasinlar. O‘z qo‘llari bilan o‘zlarini halok qilmasinlar, — dedi.
Abu Sufyon bu so‘zni anglashi bilan buni yaxshi aytding, deb chopganicha xalq ichiga keldi. Tovushi boricha qichqirib:
— Ey Quraysh xalqi! Mana Muhammad ersa cheksiz ko‘p askar bilan ustimizga kelmishdir. Ular bilan urush qilmoqqa hech kimda toqat yo‘qdir. Uning aytishicha, Abu Sufyon saroyiga kirganlar omon qolg‘aylar, — deyishi bilan, xotini Hind uning soqoliga osilib:
— Ey Quraysh xalqi, bu ahmoq, chirik cholni o‘ldiringlar. Buni ko‘ringlar, uyalmasdan dushman qo‘shiniga jarchi bo‘lib kelmishdir. Buning so‘ziga inonmanglar, o‘z nomusinglar uchun urushinglar, — deb faryod qildi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:35:18

 Anda Abu Sufyon:
— Hoy, tentak xotin, tovushingni chiqara ko‘rma! Tezlik bilan uyingga kirib, jim o‘tirgil. Masjid ichiga kirganlar omon topgaylar. Qurol topshirganlar omon topgaylar. Eshik bekitib uyidan chiqmaganlar omon topgaylar. Abu Ruvayha tug‘i ostiga to‘planganlar omon topgaylar. Hakim ibn Hizom saroyiga kirganlar omon topgaylar, — deb xalq ichida chorlagani turdi.
Eng so‘ngi aytilgan Hakim ibn Hizom degan kishi ersa, Qurayshdan chiqqan atog‘liq raislardan erdi. Johiliyatda bo‘lsin, islomiyatda bo‘lsin, yaxshilik ila nomi ko‘tarilmish edi. Do‘stlikka ko‘nglini moyil qilmoq uchun Rasululloh uning haqida bu ishni qildilar.
Abu Ruvayha ersa Madinaning ansor sahobalaridan bo‘lib, Hazrati Bilolning do‘sti edi. Bu ulug‘ sharafga ul ham ega bo‘ldi. Bu so‘zni anglashlari bilan butun xalq jon vahmida qolib, shu aytilmish joylarga tarqaldilar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tubandagi nomlari yozilmish shu to‘qqiz kishini qayerda bo‘lsa ham o‘ldirishga buyurdilar:
— Agar bu kishilar Ka’ba yopug‘iga yopishib tursalar ham, qo‘ymay o‘ldirilsin, — dedilar.
Shuning uchunkim, bulardan Islom ahliga chekdin tashqari ozorlar yetgan edi. Unutilmas beadabchiliklar ulardan o‘tgan edi. Ana shularning birisi Abdulloh ibn Sa’d degan kishidir. Bu ersa ilgari musulmon bo‘lib, bir necha vaqt vahiy yozuvchisi bo‘lib turdi. So‘ngra dindan qaytib, murtadligicha Makkaga qochgan edi. Bunga ham qanoat qilmasdan Makkaga kelgach, Rasululloh haqlarida bir muncha tuhmat so‘zlar chiqazdi.
Ikkinchisi ersa, Ikrima ibn Abi Jahl bo‘lib, buning dushmanligi Rasulullohga ota meros edi. Makka fathi bo‘lganida qochib ko‘rinmay yurdi. Xotini kelib, Rasulullohdan eri uchun omonlik so‘radi. Omonlik berganlarini aniq anglagach, Rasululloh oldilariga kelib, iymon keltirib edi, ani ham kechirdilar.

Qayd etilgan