Uchinchisi Habbor ibn Asvad degan kishi edi. Bu ersa Rasulullohning qizlari Zaynab Makkadan hijrat qilib chiqayotganida uni to‘sib, yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lgan edi. Tuya ustidan tushirmoqchi bo‘lib, qo‘lidagi nayzasi bilan turtib edi, tosh ustiga yiqilib, homilador bo‘lganidan uning zarbiga qornidagi bolasidan ajragan edi. Shunchalik og‘ir jinoyati bo‘lsa ham, qochib yurib iymon keltirgandan keyin, buning ham gunohini kechirdilar.
Bu to‘qqiz kishidan to‘rt kishi o‘ldirildi: Ibn Axtal, Horis, Maqis, Axtalning qo‘shiqchisi bir joriya. Maqis ersa murtad bo‘lgandan so‘ngra yana bir kishini o‘ldirib, Madinadan qochmish edi. Ibn Axtalning ikki qo‘shiqchi cho‘risi bo‘lib, bularning qilar ishi ersa Rasulullohga qarshi soz chalib, qo‘shiq aytish edi.
Yana Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayya, buning inisi Zuhayr ibn Umayya, Hazrati Hamzani shahid qilgan Vahshiy degan qul, Abu Sufyon xotini Hind — bular iymon keltirgandan so‘ngra Rasululloh ularni afv qildilar. Yana Xolid ibn Validga o‘z askari bilan tubangi yo‘l bilan Makkaga kirishni, qarshi chiqmagan kishilarga qilich ko‘tarmaslikni, yo‘l to‘sib qarshi chiquvchilarga esa o‘lim jazosini berishlikni buyurdilar.
Xolid ibn Validga pastki yo‘l bilan yurishni buyurib, Rasululloh o‘zlari ansor sahobalar bilan Makka shahrining yuqorigi yo‘li Kado’ tog‘ini kesib, shaharga kirmoqchi bo‘ldilar. Xolid ibn Valid Makkaga kirayotganida Abu Jahl o‘g‘li Ikrima boshliq Quraysh olomonlari oldini olib urush boshladilar. Bu yoqdan Hazrati Xolid hamla qilib, dushmandin yigirma to‘rt kishini o‘ldirib, o‘z askaridan ikki kishi shahid bo‘ldi. Buni ko‘rgach, qolganlari tarqalib qochdilar. Bu tomondan Xolid ibn Valid kuch bilan Makkaga bosib kirgan bo‘lsa ham, Rasululloh yurgan yo‘llarida hech kim qarshilik ko‘rsatmadi. Rasulullohning amrlaricha shu kuni Islom tug‘i yo‘l ustidagi Hajun tog‘i ustiga qadalgan edi.