Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379871 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:38:41

 Makkaning fath bo‘lgani, Quraysh mushriklarining yengilgani butun Arabistonga tarqalib ma’lum bo‘ldi. Shu bilan Islom dinining shon-shavkati ko‘tarildi. Barcha arab qabilalariga qo‘rqinch tushdi. Butparastlik davlati yiqilib, Islom davlati rivojga kirdi. Arab qabilalari ersa, qaysi biri qo‘rqqanidan, qaysi biri suyganidan dinga kirisha boshladilar. Yolg‘izlanib toyifliklar va uning atrofidagi Havozin, Saqif qabilalari tushunmaslikdan, o‘jarlik qilishib, Rasulullohga qarshi urushmoqchi bo‘ldilar. Buning xabari anglangach, ular ustiga yurish qilib, Islom haybatini ko‘rsatmoq lozim bo‘ldi. Itob ibn Usayd ism¬li Quraysh raislaridan yangi musulmon bo‘lgan bir kishini Makka shahriga voliy qilib qo‘ydilar. Bu esa shu kunlarda yigirma besh yoshli o‘spirin yigit edi. Besh vaqt namozga imom bo‘lish vazifasini ham unga topshirdilar. Ansor sahobalarning olimlaridan hazrati Mu’oz ibn Jabalni xalqqa dinni o‘rgatish, Qur’on o‘qitish uchun Makkada qoldirdilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:38:59

HUNAYN G‘AZOTI

Makka shahri fath qilingandan keyin Havozin, Saqif qabilalarining raislariga qo‘rqinch tushdi. Barchalari yig‘ilishib bu haqda kengash to‘plandig‘i tuzdilar. Alar:
— Muhammad ersa o‘z qavmi Quraysh ishidan qo‘li bo‘shandi. Ularning raislari chor-nochor unga bo‘ysunishdilar. Endi bizning ustimizga kelishdan uni to‘skudek hech narsa yo‘qdur. Endigi maslahat shuldurkim, Muhammad bosh-oyog‘ini yig‘ib kuch olgunchalik uning ustiga biz bostirib boraylik, — deyishib shunga to‘xtam qilishdilar.
O‘zlaridan boshqa turlik qabilalardan ularga ko‘p xalq qo‘shildi. Har qabila ustiga o‘z raislaridan boshliq sayladilar. Butun yig‘ilgan qo‘shin ustiga Havozin raislaridan Molik ibn Avf degan kishi bosh qo‘mondonlikka tayinlandi. So‘ngra u kishi har bir askar xotin-bolasini, mol-chorvasini o‘zi bilan birga olib kelsin, deb buyruq chiqardi. Bu kelgan dushman qabilalari ichida Bani Sa’d qabilasi ham bor edi. Bu ersa Rasulullohning tug‘ilgandan keyin to‘rt yoshga yetguncha emizib boqqan enagalari Halima xotunning qabilasi edi. Bular ichida Durayd ibn Simma nomli atoqli zo‘r bahodirlardan bir kishi ham bor edi.
Lekin bu kishi ersa qarilik vaqti yetib yoshi yuzdan o‘zg‘on, ko‘z ko‘rar nuridan ajrag‘on edi. Shundoq bo‘lsa ham urush ishidagi tajribasidan foydalanmoq uchun uni birga olib yurgan edilar. Bu odam askar ichiga kelgandan so‘ngra, bolalar yig‘isini, har xil hayvonlarning turlik ravishda tovushini qulog‘i eshitib, buning sababi nimadur, deb askar boshlig‘i Molik ibn Avfdan so‘radi. Bu kishi ersa yoshi o‘ttizdan oshab, kamolga yetgan kishi edi. Anda ul:
— Dunyoda turgan har kishi uch narsa — joni, oilasi va moli uchun urush qilgay. Mana shularni saqlamoq uchun eng so‘ngi kuchlari bilan urushurlar deb, har askar safining orqasiga o‘z xotin-bolalarini, mol-dunyolarini keltirib qo‘ydim. Endi alar hech qachon bularni tashlab qocholmagaylar. Xotin-bolalarini qo‘riqlab, dushmanga qarshi o‘lgunlaricha urushgaylar,— dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:39:09

 Buning shu so‘zini anglagach, qari bahodir:
— Hoy kishi, sen askar qo‘mondoni emas, qo‘y-echkilarning cho‘poni ekansan. Dushmandan yengilib qochgan askar oldini hech narsa to‘sa olmagay. Urush ishi o‘lish ishidur. Qilich-nayzasini qo‘lidan tushirmay turib, jon bergan askarlargina dushmanni yenga oladi. Xotin-bola, mol-dunyo qo‘rqqan kishini yo‘lidan qaytara olmagay. Agar dushmanni yengar bo‘lsak, barchamizning tilagimiz shuldur, unda yaxshi ish bo‘lur edi. Agar dushmandan yengilar bo‘lsak, mol-jon ketib, yana xotin-bolalarimizni dushmanlarimiz asir, mollarimizni o‘lja qilgaylar. Bu ishdan hech qanday foyda biz uchun chiqmaydur. Endi men maslahat berurman, bu fikrdan qaytib, xotin-bolalarni tarqatib, o‘z joylariga qaytargaysan, — dedi.
Yana shunga o‘xshash bir qancha tajribalik ishlarni aytdi ersa, hech birini ham qabul qilmay:
— Sen qarilikdan o‘tib, aljib qolibsan, — deb qo‘pollik bilan unga javob qaytardi. Yo‘q ersa buning maslahatidan chiqmaslikka o‘zi va’da bergan edi.
So‘ngra qari bahodir buning so‘zidan ko‘ngli og‘rib:
— Ey Havozin xalqi, bu kishi ersa menga bergan va’dasini o‘zi buzdi. Ko‘rsatgan yo‘limga yurmadi. Bundan boshqa foyda berarli menda hech ish yo‘qdur. Foyda o‘rniga ziyon chiqarmu deb, qo‘rqib qoldim. Ish bunday bo‘lgach, meni o‘z yerimga yetkazinglar, qaytgayman,— dedi.
Anda askar boshlig‘i qilichini qo‘liga oldi va:
— Ey xalq! Agar menim shu fikrimga yurmas ekansiz, shu qilichimni ko‘ksimdan qo‘yib, orqamdan chiqargayman, — deb o‘zini o‘ldirmoqqa qasd qildi. Buni ko‘rgan askar boshliqlari:
— Qanday bo‘lsa ham senga itoat qildik, sening so‘zing bilan yurgaymiz, — deb har tomondan qichqirdilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:39:19

 Ulardan va’da olgandan so‘ngra askar tartibini tuza boshladi. Otliq askarlar oldingi safda turdilar. Bular keyinidan nayzalik piyodalarni qo‘ydi. Buning ortidan tuya mingan xotin-bolalar qalin saf bog‘lab turdilar. Qolgan hayvonlar — qo‘y, echki, sigirlarni bir-birlariga bog‘lab, qochganlar o‘tolmagudek qilib zich bog‘lab eng orqaga turg‘uzdi.
Bu xabar Rasulullohga borib yetgach, so‘z kelturmak uchun tingchi qilib ikki kishini yubordilar. Bular borib ularning urush o‘rnini bilib, xotin-bola, mol-chorvalari bilan ko‘chib kelgan xabarini keltirdilar.
Rasululloh bu so‘zni anglagach, kulimsirab:
— Ertaga, inshaalloh, bu narsalar barchasi musulmonlarga o‘lja bo‘lg‘ay, — dedilar.
Dushman ustiga yurishdan ilgari askarga ko‘rik o‘tkazish lozim edi. Ko‘rik qilgandan so‘ngra qarasalar, qurol-yarog‘ yetarlik chiqmadi. Anda Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayyada urush asboblari borligini anglab, Rasululloh undan so‘radilar. U chog‘da bu kishi iymon keltirmagan edi.
Anda ul:
— Ey Muhammad, zo‘rlik bilan bo‘lmay, omonat tariqasida olur bo‘lsang, yo‘qolsa to‘lanur bo‘lsa, bor qurolimni bergayman, — deb yuz kishilik qurol keltirdi.
Rasululloh:
— Bu yarog‘lar esa bizda omonat bo‘lg‘ay, hojat o‘talgandan so‘ngra o‘zingga qaytargaymiz, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:39:28

 Yana o‘zlarining yaqin qarindoshlari Horis o‘g‘li Navfaldan uch ming kishilik nayzani urush o‘tgandan keyin o‘ziga qaytarish sharti bilan omonat oldilar. Shuning bilan urush asboblari tugallangan bo‘lib, yurishga buyurdilar. Qarasalar, askar soni o‘n ikki ming bo‘lmishdur. Bulardan o‘n ming askar madinalik ersa, ikki ming askar Makkadan qo‘shilmish edilar. Yana bulardan boshqa otliq, yayov, qari-qartang, xotin-xalajlar ham ko‘p edi. O‘lja olish umidi bilan chiqqan kishilar ham oz emas edi.
Safvon ibn Umayya, Suhayl ibn Amr va shunga o‘xshash iymon keltirmagan Quraysh raislariga qo‘shilib, mushriklardan ham sakson kishi chiqdilar. Bularning maqsadlari ersa, o‘lja yoki payt topsalar o‘ch olmoq edi. Shuning bilan yurib-o‘ltirib, dushman yeriga yaqin kelganda, askarga saf bog‘latib, ularga tug‘, bayroq topshirdilar. Muhojir sahobalarga: Hazrati Umar, Hazrati Ali, Hazrati Sa’d ibn Abi Vaqqosga uch tug‘ berildi. Ansor sahobalarga ersa ikki tug‘ berildi. Xazraj tug‘ini Hubob ibn Munzir, Avs tug‘ini Usayd ibn Xuzayr oldi.
Qolgan qabilalarga ham o‘z tartiblaricha tug‘, bayroq topshirildi. Shuning bilan oldga va ortga qorovul qo‘yib, dushman sari yo‘lga tushdilar. Makka bilan Toyif shahri oralig‘i baland tog‘liq bo‘lganidan Hunayn degan joyga kelganda pistirma bo‘lib yotgan dushman tomonidan to‘satdan hujum boshlandi. Chunki bu yerlar bir-biriga tutashgan qalin tog‘liq joylar edi. Jilg‘a, qo‘ltiq-qulotga o‘xshash tog‘ ichidagi pana o‘rinlarga askar bahodirlaridan birmuncha kishilarni pistirma qo‘yishgan edilar. Islom askarining oldingi orovul bo‘lugi ikki yog‘i egiz (baland) qisilgan tor yo‘lda kelayotib to‘satdan bularga urinib qoldi. Bo‘xtirmachilar dastlab ha degandayoq bularni o‘qqa tutdilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:39:37

 Tor yerda otliq askarlarning o‘qqa qarshi chidab turmog‘i ularning ajalga to‘g‘ri kelmagi demakdir. Nochor ot jilovini burishib, orovul bo‘lugi orqaga chekindi. Orqada cho‘zilib kelayotgan askarlar bularni ko‘rib, nima ekanini bilmay qochgali turishdi. Shuning bilan tog‘ ichida kelayotgan o‘n ikki ming qo‘shin bir-biridan hurkishib hammalari qochishga boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu kuni ersa xachirlariga minib, urush qurollarini butunlay taqingan edilar. Sel qoplagandek olomon askarining qochgani Rasulullohga qilchalik ta’sir qilmadi. Shu turgan joylaridan bir qadam orqaga chekinmadilar. Hoy kishilar, menim yonimga yig‘ilinglar, deb qichqirur edilar. Lekin hurkkan xalqning ko‘pligidan Rasulullohning tovushlari eshitilgan bo‘lsa ham, qaytishga hech kimarsa yo‘l topa olmas erdi. Rasulullohni o‘rtalariga olib o‘rab kelayotgan sahobalarning ko‘pchiligi bu to‘polonchilikda tarqalishib ketdi. Bu yerda bir necha sanoqlik kishilar bilan Rasululloh o‘zlarigina qoldilar. Amakilari Hazrati Abbos jilovlarini tutgan edi. Yana amakizodalaridan Abu Sufyon, Robia, Muattib — bular ersa har ikki yon uzangilarini ushlashib Rasulullohni dushmandan saqlamoqda edilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar, Hazrati Ali, Fazl ibn Abbos — bular dushmanni yaqin keltirmasdan Rasulullohni qo‘riqlab urib turdilar. Bularning qattiq zarbidan Rasulullohga dushmanlardan hech kimarsa yaqinlasha olmadi. Lekin kutilmagan ulug‘ hodisa birdaniga paydo bo‘lishi bilan, ko‘p kishilar shoshib qoldilar. Katta sahobalardan Hazrati Qatoda:
— Hay, bu qandoq ishdur? Bu musulmonlarga nima bo‘ldi? — deganida, Hazrati Umar ham hayronlikda qolib:
— Nima bo‘lsin, Allohning ishidur, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:39:57

 Bular aytganlaridek bundoq dahshatli voqea hech bo‘lmagan, odatdan tashqari bir ish edi.
Buni ko‘rgan makkalik yangi musulmonlardan, hali iymon keltirmagan yuzga yaqin Quraysh mushriklaridan har xil so‘zlar chiqqali turdi. Ko‘ngillaridagi yashirin, yomon sirlarni saqlab turolmasdan suyunib ketib, tillariga chiqardilar. Bulardan eng birinchi boshlab, yomon tili chiqqan kishi. Abu Sufyon edi. Buning tili musulmon ersa ham, dili shaklik bo‘lib, mushriklar odaticha to‘lga o‘qlarini o‘qdonga solg‘on, o‘zi bilan birga kelturgan edi. Bu kishi suyunganidan chidab turolmay, bu so‘zni aytdi:
— Qasam qilurman, Havozin xalqi Muhammadni yengdi, endi bu qochgan musulmonlar dengizga yetmaguncha to‘xtayolmagaylar.
Buning so‘zini Safvon ibn Umayya angladi ersa:
— Hoy, og‘zingga tuproq to‘lsin! Havozindan chiqqan bir kishiga bo‘ysunganimizdan Qurayshning bir kishisiga bo‘ysunganimiz ortiqroqdur, — dedi.
Tag‘in birisi turib:
— Endi arablar ota-bobosining diniga qaytajakdur.
Yana biri turib:
— Mana bugungi kunda sehr buzildi, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:40:14

 Bu kishi ersa, yuqorigi Safvoning qarindoshi edi. U kunda Safvon o‘zi iymon keltirmagan bo‘lsa ham bu so‘zni aytgan inisiga:
— So‘zlamay tinch o‘ltir, og‘zingni Alloh yirtsun. Qurayshdan bir kishi bizga ega bo‘lgani yaxshiroqdir, Havozinning ega bo‘lganidan, — dedi.
Yana bir odam kelib:
— Ey Safvon, suyunchi ber, Muhammad yengildi, ikkinchi o‘nglanmas bo‘ldi, — demish edi, Safvonning g‘azabi kelib:
— Ey ahmoq, ko‘chmanchi arablar yengadi deb qanday suyunasan? A’robiylarga bo‘ysunganimdan ko‘ra, Qurayshning bir kishisiga qaraganim yaxshiroqdir, — dedi.
Yana Abu Jahl o‘g‘li Ikrima:
— Bandaning barcha ishi Alloh erkidadur, Muhammadda na ixtiyor bordur? Bugun ish uning zarariga aylanmish ersa, balki ertaga aning foydasiga bo‘lib chiqar, — dedi.
Shundoq bo‘lib, qochgan kishilarning oldi Makkagacha yetib bordi. Askar ishi shu holga kelgan bo‘lsa ham Rasululloh o‘z o‘rinlaridan hech qimirlamadilar. Amakilari Abbos o‘tkir tovushlik kishi edi. Unga buyurdilar: «Yo ma’sharal ansor, yo ashoba bay’atir-rizvon» deb qichqirgil!
Hazrat Abbos qattiq tovush bilan yuqorigi sahobalarni qichqirib edi, buning tovushini butun askar eshitdilar va alar har yoqdan qichqirishib kelgani turishdi. Lekin dushman askari ham sel qoplagandek musulmonlar ustiga to‘kilmish edi. Mana shu chog‘da Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerdan bir hovuch tuproq olib: «Yuzlari qora bo‘lsin!», deb hujum qilib kelayotgan qalin dushmanga qarab otdilar. Alloh amri bilan bir changal tuproq butun dushman askarining og‘iz-ko‘zlarini to‘ldirdi. Ilohiy kuch bilan otilmish bir siqim tuproqqa qarshi turolmay, seldek kelayotgan dushman askari orqa o‘girib qochdilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:40:29

 Rasululloh ersalar bu holni ko‘rgach: «Men Abdulmuttalib o‘g‘li, shaksiz Allohning payg‘ambariman», degan so‘zlarni aytib, askarni urushga qizdirdilar.
Hazrati Abbos qichqirig‘ini, ayniqsa, Rasululloh tovushlarini eshitgan fidoiy sahobalar arslondek dushman tomoniga otilur ersalar ham, boshi buzuq olomon qochgan a’robiylarning ko‘pligidan yo‘llar to‘silib, Rasulullohga yetishmak mumkin emas edi. Ot ustida, tuya ustida yurib Rasulullohga yetmak imkoniyatini topmagan bahodirlar ot-uloqlarini tashlab, qurol-yarog‘larini ushlab olg‘a yugurishdilar.
Musulmonlarning vaqtincha chekinishlari ersa, ichki-tashqi bir necha sabablardan vujudga kelmish edi. Bularning dastlabda yengilgandek bo‘lib ko‘rinishlari dushmanlarini bek quvontirib, ularning ruhi ko‘tarilgan edi. Dushmanning hujumchi askarlari oldida qizil tuya mingan, qora bayroq ko‘targan tug‘ begisi bo‘lib, tug‘lik nayzasini qo‘lida to‘g‘ri kelgan kishiga sanchib, sog‘ qo‘ymas edi.
Bu holni ko‘rgan Hazrati Ali uning qasdiga tushib, orqasidan piyoda keldi va tuyaning keyingi oyog‘iga qilich soldi. Tuya yiqilishi bilan ansor sahobalardan birovi tuya ustidagi tug‘ begini chopdi. Tizzadan pastki oyog‘i qirqilib, u yerga yiqilib tushdi. U tutgan tug‘i yerga tushishi bilan ish o‘zgarib, Allohning yordami musulmonlarga yetishdi.
Fath — nusrat shamoli Islom askari ustiga esdi. Mushriklar ersa qochmaslik uchun orqaga saflab qo‘ygan xotin-bolalarini depsaganlaricha mol-dunyolarini qoldirib, to‘p-to‘p bo‘lib qochgali turdilar. Bular orqalaridan musulmonlar quvg‘in qilib, qo‘lga kirganlarini o‘ldirdilar. Bir-birlariga qayrilib qaramoqqa chamalari qolmadi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:40:39

 Rasululloh aytganlaridek, xotin-bolalarini, butun mol-dunyolarini musulmonlarga o‘lja va asir qoldirib, o‘limdan qolganlari ersa jon vahmidan boshlari oqqan yoqqa qochishib yo‘qoldilar. Ulardan qo‘lga tushganlari asir olinib, Rasululloh oldilariga keltirildi. Endi shuni bilmak kerakkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlari uchun urush ishlarida ibrat olgudek bu g‘azotda eng muhim bir dars qoldirdilar. U ersa ummatlaridan chiqqan keyingi askar boshliqlariga ulug‘ esdalik bo‘lib qoldi.
Bu ishning ko‘rinishidagi sababi shu erdikim, Makkadan qo‘shilgan mushriklar, o‘lja poylab kelgan ko‘chmanchi badaviylar, hali iymon ko‘ngillarida o‘rnashib yetmagan yangi musulmonlar — mana shunga o‘xshash turlik kishilardan Islom qo‘shini tuzilmish edi. Bunday kishilar oldida Islomning yengishi yoki yengilishi baribir edi. Shuning uchun dushmanga birinchi to‘qnashishdayoq haligi aytilgan kishilar eng birinchilar qatoriga tushib qochgali turdilar. Agar allohdan yordam yetmagan bo‘lsa edi, ish musulmonlar zarariga og‘ib ketishiga ozgina qolib edi. Mana shu chekinishning ko‘rinishdagi sababidur. Ammo bu ishning asosiy sababi ersa, sahobalardan ba’zi birlari Makkadin qo‘shin qo‘zg‘alib bularning ya’ni Islom askarining ko‘pligini ko‘rib ajablanganlaridan aytmish edi:
— Yo Rasulalloh, bizlar endi ko‘paydik. Bundan keyin dushmandan yengilmaymiz.
Bu so‘zni Hazrati Abu Bakr Siddiq aytdi, degan rivoyat ham bor.
Rasululloh buni anglagach, yaxshi ko‘rmay aytguvchidan yuz o‘girdilar. Ya’ni bu so‘zni yoqtirmadilar. So‘ngra Rasulullohni tasdiqlab bu haqda shu oyat nozil bo‘ldi:
«Va yavma Hunaynin iz a’jabatkum kasratukum falam tug‘ni ankum shay’an». Ya’ni, «Hunayn urushida ko‘pchilik bo‘lganlaringga ishondinglar, u ersa sizlarga foyda bermadi».

Qayd etilgan