Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379527 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:40:50

 Ikkinchi bir oyat-da:
«Va man-nasru illa min indillahi». Ya’ni «Haqiqatda esa urushda nusrat topish Allohdin bo‘lur».
Har bir musulmon kishiga shundoq deb ishonmoq farzdur. Ayniqsa, Payg‘ambar sahobalarigakim, ular Rasulullohni ko‘zlari bilan ko‘rmishlar, erta-kechda vahiy kelganlarini bilib turadilar.
Dushmanni yengmoq, urush yutuqlariga ega bo‘lmoqning sharoitlari to‘liq topilgan taqdirda ham musulmonlar nusratni Allohdan tilamaklari lozimdur. Mana Hunayn voqeasi bu ishning haqiqatini ochiq isbot qildi. Yo‘q ersa, shu zamon talabiga muvofiq urush asboblari ham yetarli edi. Alloh yordami bir oz kechikib edi, askar ko‘pligiga qaramay, xiyol o‘tmay dushmanlaridan zarba yedilar.
Qur’onning aytishicha, Payg‘ambarimizning ko‘rsatishlaricha, har bir musulmon kishi dunyoda bir ish qilmoqchi bo‘lur ekan, eng avval butun imkoniyat boricha har zamonning o‘ziga yarasha ul ishning butun asbob-sharoitlarini to‘liq qo‘lga keltirmak kerakdur. Agar to‘qson to‘qqizini qilib, imkoniyat bo‘laturib birini qilmay qoldirsa, ish asbobini to‘liq qilmagan bo‘lur. Buning so‘ngida Allohga tavakkalni to‘liq qilib, har ishni haqiqatda bo‘ldirguvchi yolg‘iz bir Alloh deb ishonmoq lozimdur. Mo’min bandalarning barchasiga buyurilgan Qur’on hukmi shuldur. Nima ish qilur bo‘lsalar, avval butun sabablarini qilib bo‘lib, so‘nggida Tangriga tavakkal qilmoq, aning bo‘lish-bo‘lmasligi Xudo hukmidadur, deb bilmoq har bir musulmon kishiga farzdur. Lekin asbobsiz ish sharoitini bajarmay turib, quruq tavakkal qilishga hech vaqt shariat buyurmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:40:59

 Tavakkalsiz yolg‘iz asbobning o‘zigagina ishonmoq bu ham Islomiyatga to‘g‘ri kelmaydi.
Eng to‘g‘ri to‘xtalgan e’tiqod shuldurki, bir ishning butun asbob-anjomlarini tamoman tayyorlagan bo‘lsa ham shu ish yuzaga chiqishini Xudo xohlasa bo‘lgay, xohlamasa yuzaga chiqmagay. Xudo xohlamagan narsani hech kimarsa bo‘ldira olmagay, deb e’tiqod qilmoq har bir musulmonga farzdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shundoq bo‘lib, mushriklar butunlay yengilgandan keyin, ulardan ajali yetmagani bo‘lsa qochib qutuldi. O‘limdan qutulib qo‘lga tushganlari asir olindi. Urush ishi butunlay to‘xtalgandan so‘ngra o‘lja olgan mollarni yig‘moqqa buyurdilar. Yigirma olti ming tuya, qirq mingdan ko‘proq qo‘y-echki, to‘rt ming uqiya kumush o‘ljaga tushib, olti mingdan ortiq xotun-bola asir olingan edi.
Bu yerda yengilgan dushman askarlari ersa uch yoqqa bo‘linib qochdilar. Bulardan bir bo‘lagi Toyif shahrining qal’asiga kirib qamaldilar. Ikkinchisi ersa Nahla degan joyga yetib shunda to‘xtadilar.
Uchinchi eng ko‘p bo‘limlari Avtos degan yerda to‘planishib, qaytadan urushmoqchi bo‘ldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xabarni angladilar ersa, tezdan borib ularni bosish uchun Abu Omir Ash’ariy qo‘mondasida bir firqa askar yubordilar. Bular dushman ustiga borishib, birinchi to‘qnashdayoq ular yengilib, birmuncha o‘lik qoldirib qochisha boshladilar. Lekin askar boshlig‘i Abu Omir bu urushda shahid bo‘ldi. Abu Muso Ash’ariy buning inisi edi. Og‘asi Abu Omir shahid bo‘lgandan so‘ngra uning o‘rniga o‘ltirib, o‘lja olingan mollarini olib, Rasululloh qoshiga qaytdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:41:13

 So‘ngra Rasululloh u yerdin qo‘zg‘alib Toyif shahri ustiga keldilar. Kelayotgan yo‘llari ustida dushman askarining boshlig‘i Avf ibn Molikning qo‘rg‘oni bor edi, uni. Rasululloh buzmakka buyurdilar. Toyifga kelib qarasalar, dushmanlar qachonlardur kelishib qal’aga qamalishgan ekan. Bir yilga yetarlik oziq-ovqatlarini ham g‘amlab olishibdur. Shundoq bo‘lsa ham musulmonlar qal’ani qurshab olib, qamal qilishga kirishdilar. Dushmanlar ersa qal’a ustidan turib bularni o‘qqa tutdilar. Sahobalardan bir nechalariga o‘q tegib yaralandilar.
Bular ichida Hazrati Abu Bakr Siddiq o‘g‘li Abdulloh qattiqroq yaralangan edi. Shu yaradan sog‘aya olmay yurganicha bir necha yillar o‘tib, otasi Abu Bakr Siddiq xalifalik zamonlarida vafot topdi, raziyallohu anhu.
Shunday qilib, Toyif shahrini o‘n sakkiz kun qamal qildilar. Har kuni Xolid ibn Volid maydon ichida qani chiqsun deb, dushmandan o‘ziga bahodir chaqirib turgan bo‘lsa ham, uning qarshisiga hech kim chiqa olmadi.
Bir kuni Saqif qabilasining raisi Abdu YOlayl qal’a ustidan turib qichqirib:
— Ey Muhammad, bu qal’ani olishga ovora bo‘lib ko‘p urinmanglar, bizlar esa hech vaqt qal’adan chiqib urush qilmaymiz. Boshimizga shunday kunlar kelishini kutib turganlikdan g‘amlagan ovqatimiz o‘zimizga yetarlidur. Agar yillar o‘tguncha ustimizdan ketmay qamal qilib tursangiz, ovqatimiz kamayib qolsa, u chog‘da barchamiz yalang qilich bo‘lib seldek qoplab ustingizga quyulurmiz. Nima ish bo‘lur ekan, uni baxtimizdan ko‘ramiz, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:41:25

 Bunga ham qaramay, o‘shal zamonning urush asbobi manjaniq, dabboba degan qal’abuzar qurollar keltirib ishlatdilar. Shahar atrofidagi uzumzor, xurmozor bog‘larni kesib vayron qilishga Rasulullohdan ruxsat olishib, birmunchasi kesilganida, Xudo haqqi bu ishni qo‘yinglar, deb qal’adan qichqirishdi. Buni anglab: «Xudo uchun buni qo‘ydim», dedilar.
Yana Rasululloh qal’a ichidagi qullardan kim qochib chiqar ekan, uni qullikdan ozod qilgaymiz, deb jar chaqirdilar. Buni anglashib qullaridan yigirma uch kishi qochishib chiqdi. Bu ish ularga qattiq zarba berib, o‘z ichlaridagi borliq qullar buzilishga boshladi.
Shu orada G‘atafon qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn xalqqa jon kuydirgan bo‘lib, Rasululloh qoshiga keldi. Payg‘ambarimiz buni obro‘ylik ahmoq der edilar. Tilida musulmon bo‘lmish ersa ham iymon ko‘ngliga aniq kirmagan edi.
— Yo Rasulalloh, agar ruxsat qilsangiz qamalda yotgan dushman qal’asiga kirib, ularni Islom diniga da’vat qilgay edim. O‘zlari ham bizdan shunday bir bahona kutib turgan bo‘lsalar kerak, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Bu yaxshi ishdur, — deb ruxsat berdilar.
So‘ngra bu kishi dinga da’vat qilish o‘rniga, ularga:
— Ey Saqif xalqi bu ish ustida zinhor bo‘shashmanglar, har qanday og‘irchilik bo‘lsa ham qal’ani qo‘ldan berib qo‘ymanglar. Bizning kunimiz qursin, sizlarga ham kelgay, biz ersa shu kunda qullardan ham holimiz xarobdur, — dedi.
Islomni yomonlab bundan ham boshqacha ko‘p so‘zlarni ularga aytdi. Shu bilan dushmanlarni kuchlantirib qo‘yib qaytib chiqqach, Rasululloh:
— Ey Uyayna, ularga nima deb aytding? — deb undan so‘radilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:41:35

 Shunda ul:
— Men ularni jannatga qiziqtirdim, do‘zaxdan qo‘rqitdim, Islom diniga da’vat qildim, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Hoy yolg‘onchi, qachon shunday deding, yolg‘on so‘zlama, — deb unga aytgan so‘zlarining birini ham qoldirmay aytib berdilar.
U ersa hayron qolib, xijolat bo‘lganidan:
— Yo Rasulalloh, bu ishdan, Xudoga tavba qildim, aning payg‘ambaridan bu gunohim uchun avf so‘rarman,— dedi.
Bu aytgan xiyonat so‘zini sahobalar anglab, uni o‘ldirmoqchi bo‘lsalar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruxsat qilmadilar.
So‘ngra Hazrati Umar Rasulullohga kelib:
— Yo Rasulalloh, bu ishimiz ko‘p uzayib ketdi, qal’a¬ga hujum boshlaylik, ruxsat qiling, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Bu to‘g‘rida men Allohdan vahiy kutmoqda edim, shu kungacha vahiy kelmadi. Endi bu ish ustida maslahat qilgaymiz, — deb Daylam qabilasi raisi Navfal ibn Muoviyani chaqirtirib, bu haqda u bilan kengashib oldilar.
Ul:
— Yo Rasululloh, bular bo‘lsa iniga qochib kirgan tulkiga o‘xshab qoldilar. Agar uni poylab o‘ltirsan, tutib olgaymiz. Tashlab ketsak, bizga ziyon yetkiza olmagaylar, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:41:44

 Rasululloh bu so‘zni to‘g‘ri topib Hazrati Umarga buyurdilarkim, askarni ko‘chirgay. Bu so‘zni angladilar ersa, shaharni olib, dushmanni yengmasdan qal’ani qoldirib ketsak, arablar ichida nomusga qolgaymiz, deyishib tashlab ketishni og‘ir oldilar. Haqiqatda Rasulullohning aytganlari yaxshi maslahat edi. Bularning ko‘ngliga qarab qaytadan hujumga buyurib edilar, bu gal ilgarigidan ham ko‘p kishilarga o‘q tegib, yaradorlar ko‘payib ketdi. Shunda bilishdilarkim, Rasulullohning deganlari xalq uchun foydali ekandur.
Sahobalardan bir nechalari kelishib:
— Yo Rasululloh, duo qiling, Saqif xalqi halok bo‘lsin, — dedilar, Rasululloh ersa:
— Ey bor Xudoyo, Toif xalqi Saqifni hidoyat qilgil, barchalarini musulmon qilib keltirgil, — deb ularga yaxshi duo qildilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam urushni to‘xtatib, askarni ko‘chishga buyurdilar. Bular ham suyunishgan holda ko‘chgali turdilar. Shu bilan Toyif ustidan ko‘chishib Makka tomonidagi Ji’rona degan joyga kelishdilar.
Dushmandan tushgan o‘lja mollar shu o‘rinda to‘plangan edi. Shu qaytishlarida daraxtli soy ichida kechalab kelayotgan Rasulullohni uyqu eltib, tuya ustida uxlab qoldilar. Sidra degan bir yo‘g‘on yog‘och to‘g‘risiga kelib tuya qoplanib edi, u yog‘och ikkiga yorilib, o‘rtasi katta eshikdek ochildi. Rasululloh uxlaganlaricha bilmasdan o‘tib ketdilar. U daraxt shu ajralganicha qoldi. Xudo qudrati bilan bo‘lgan bunday ishlar agar payg‘ambarlarga bo‘lsa, mo‘jiza bo‘lur. Avliyolardan ko‘rilganlari ersa karomatdur. Har ikkoviga ishonish musulmonlarga farzdur. Yana o‘z o‘rni kelganda bu masalani har kim tushungudek qilib aytib o‘tarmiz, inshalloh.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:41:56

 Shuning bilan Rasululloh manzilga kelib tushganlaridan keyin dushmandan olingan mollarni ko‘zdan o‘tkazdilar. Arablar odaticha urushdan tushgan o‘lja mollardan qabila raislariga hissa chiqarish albatta lozim edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dastlab Quraysh raisi Abu Sufyonga bu moldan hissa chiqarib, yuzta tuya, qirq uqya kumush berdilar. Buni ko‘rib Abu Sufyon:
— Yo Rasulalloh, o‘g‘lim Zaydga ham, — dedi.
Unga ham o‘shanchalik buyurdilar.
— O‘g‘lim Muoviya ham qolmasin, — deb edi, bunga ham shunchalik berdilar.
Demak, Abu Sufyon oilasi uch yuz tuya, bir yuz yigirma uqya kumush olgan bo‘ldi. Bu kishi ersa Rasulullohning jonlariga qasd qilib, qo‘lidan kelarlik yomonligini ayamagan, haligacha iymon ko‘ngliga kirib o‘rnashmagan edi. Uning ko‘nglini Islomga og‘dirish uchun bu ishni qildilar. Odam bolasi ehson qulidur, degan so‘z mazmunicha Abu Sufyon o‘z ustida bundoq ulug‘ ehsonni ko‘rgach:
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasulalloh. Siz bilan qilgan urush-yarashning ikkovida ham yaxshilikdan bosh¬qani sizdan ko‘rmadim, — dedi.
Yana Quraysh raislaridan Hakim ibn Hizomga yuz tuya berdilar. Tag‘in so‘rab erdi, yana yuz tuya qo‘shdilar. Yana so‘radi, yana yuz tuya qo‘shdilar, hammasi uch yuz tuya bo‘ldi. Bunga ham uch yuz tuya bergandan so‘ngra aytdilar:

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:42:09

 — Ey Hakim, bu dunyo moli ersa nafsga shirin, ko‘zga qiziq ko‘rinur. Agar buni to‘q qo‘zlik bilan qanoat qilib olsa, oz bo‘lsa ham, qutlug‘ barokatlik bo‘lur. Agar nafsiga ergashib ochko‘zlik bilan suqlanib olsa, ko‘p bo‘lsa ham unda barokat bo‘lmagay, har qancha yeb-ichib tursa ham qorni to‘ymagay. Ustingi qo‘l ostingi qo‘ldan ortiqdur. Berguvchining qo‘li olguvchining qo‘lidan yaxshidur, — dedilar.
Hakim ibn Hizom Rasulullohdan bu so‘zni anglagach yuz tuyani o‘ziga qoldirib, ikki yuz tuyani qaytardi: «Sizdan keyin hech kimdan mol qabul qilmag‘ayman», deb ont ichdi. Vafot bo‘lgunchalik shu ahdini buzmasdan dunyodan o‘tdi. Hazrati Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu xalifalik davrlarida atrofdan kelgan g‘animat mollardan boshqa sahobalarga bergandek, bu kishiga ham ulush chiqarar edilar. Rasulullohga bergan va’dani aytib, uni ham qabul qilmas edi. Bu kishidan keyin Hazrati Umarga ham shu muomalani qildi. Dunyodan o‘tguncha va’dasini buzmay, kishi qo‘lidan narsa olmadi.
Yana qabila raislaridan Aqra’ ibn Hobis va Uyayna ibn Hisnlarga ham yuz tuyadan in’om qildilar.
Abbos ibn Mirdos degan kishiga qirq tuya berib edilar, u bunga rozi bo‘lmay: «Ul yuz tuya olganlar mendan ortiq emaslar», dedi va bu ayirmachilikka sabab nimadur degan mazmunda she’r aytib, xalq ichiga tarqatdi. Rasululloh buning tili to‘xtalsin deb, yana oltmish tuya berdilar. Bundan maqsadlari esa mushriklarni Islomga qiziqtirish edi. Qurayshning bosh raislaridan Safvon ibn Umayya hali iymon keltirmagan, balki Islomga kirish uchun ikki oy muhlat so‘raganda, unga Rasululloh to‘rt oy bergan edilar. Ikki tog‘ orasiga to‘lgan sanoqsiz ko‘p molni unga in’om qilgan edilar, buni ko‘rib to‘rt oylik muhlatga qaramay, darhol iymon keltirdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:42:17

 — Bunday ulug‘ ehsonni payg‘ambardan boshqa hech kim qila olmagay, — dedi.
Abu Sufyon zohirdan iymon keltirgan bo‘lsa ham, ko‘nglida Islom muhabbati o‘rnashib yetmagan edi. Uni dinga jalb qilish uchun kishi hayron qolg‘udek unga in’om qildilar.
Bulardan boshqa raislar Aqra’ ibn Hobis, Uyayna ibn Hisn, Abbos ibn Mirdos kabi kishilar esa atoqlik qorabotir qabila raislaridan bo‘lganlari uchun, bularni ham islomiyat yo‘liga tortishlari kerak edi. Shuning uchun ularning suygan narsalari bilan ko‘ngillarini ovladilar. Rasulullohning bu qilgan ishlari esa kelgusidagi ummatlari uchun yo‘l ko‘rsatish edi. Yuqoridagi kishilarga berilmish mollar esa askar haqiga qo‘shilmagan, Rasulullohning o‘z haqlari edi. Bunday molar Payg‘ambarimizning o‘zlariga tegishli narsalardan berilgandur. Qur’on qonunida dushmandan o‘lja olingan mollarning beshdan birini Rasululloh o‘zlari olgaylar. Bundan o‘z oilalari uchun eng tuban daraja nafaqa chiqarib, qolganini faqir-miskin hojatlariga ulashar edilar.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘lja mollarining barini bir yerga yig‘dilar. Yayov askarga bir hissa, otliq askarga ikki hissadan taqsim qilib berdilar. Bu ishning ustida munofiqlardan bir kishi qarab turib edi. Ul aytdi:
— Ey Muhammad, bu qilgan taqsimingda adolat qilmading.
Bu so‘zdan Rasulullohning muborak yuzlari o‘zgarib, qattiq g‘azablari keldi. Mengzalari anor donalaridek qizarib aytdilar:
— Hoy odam, agar men adolat qila olmasam, endi dunyoda kim adolat qila olgay? Birodarim Musoni Alloh rahmat qilsun. U esa mendan ham ortiqroq ozorlanib, yana sabr qilgan edi. Men ham bunga sabr qilishim kerak.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:42:24

 Anda Hazrati Umar turib:
— Yo Rasulalloh, ruxsat qiling, bu munofiqning boshini kesib tashlayin, — deb edi, ruxsat etmadilar.
Yana Hazrati Xolid kelib:
— Yo Rasulalloh, buni albatta o‘ldirish kerakdur,— dedi.
Anda Rasululloh:
— Balki bu namoz o‘qur bo‘lsa, uni qanday o‘ldirgali bo‘lur? — deganlarida, Hazrati Xolid:
— Ko‘p namoz o‘quvchilar bordurkim, tillarida ayturlar, lekin u narsa dillarida yo‘qdur, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Meni Alloh taolo kishilarning dilini axtarmoqqa, ularning ko‘ngilidagini bilmoqqa buyurmadi. Tillari bilan kalimani keltirib, Qur’on hukmiga bo‘ysunsalar, shunga qanoat qilurman, dillarini Allohga topshirurman, — deb uni o‘ldirishga ruxsat bermadilar. So‘ngra:
— Buning naslidan shu yaqinda bir toifa kishilar paydo bo‘lgaykim, ummatlarim ichra ko‘p fitna-fasod solgaylar. Kofirlarni qoldirib, musulmonlarni o‘ldirgaylar. Og‘izlarida Qur’on tilovatlari bordur, ko‘ngillarida esa undan zarrachalik bahralari yo‘qdur, — dedilar.

Qayd etilgan