So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey Shaymo’, agar xohlar ekansan, seni o‘z oldimda qoldirurman. Oilam ichiga qo‘yib, ko‘p hurmat qilurman. Agar yo‘q desang, izzating bilan o‘z elingga qaytarurman, — dedilar.
Anda ul xotun:
— Yo Rasulalloh, ruxsat qilsangiz o‘z yerimga qaytganim yaxshidur, — dedi.
Uning xohlaganicha har urug‘ chorva mollaridan berib, xizmatiga qul-cho‘rilar qo‘shib, o‘z eliga uzatdilar. Buni ko‘rib, Havozin qabilasi o‘n to‘rt kishini elchi qilib Rasulullohga yuborishdi. Bularning raislari esa Zuhayr ibn Sard degan kishi edi. U kelib Rasululloh bilan ko‘rishgach, barchalari musulmon bo‘ldilar. So‘ngra:
— Yo Rasulalloh, men ersam sizning sut otangiz Abu Kabshaning qarindoshi erurman. Biz Havozin xal¬qi sizning sut onangiz Halima xotinning qabilasidurmiz. Moldan, boshdan ajralib bu og‘ir kunga qolganlar ersa, barchasi sizga qarindosh, emakdosh bo‘lurlar. YOshligingizda bizdan sut emgan edingiz. Shuning hurmatini yuzimizga parda qilib keldik, o‘ljaga tushib, taqsim topib ketgan mol-boshlarimizni ham qaytarib berishingiz so‘raymiz, — dedilar.
Anda Rasululloh:
— So‘zning yaxshisi eng to‘g‘ri so‘zdur. Toyifdan qaytib kelganimdan beri sizlarni ko‘p kutdim. Endigi maslahat shulki, ikki ishdan birini ixtiyor qilinglar. Yo mol so‘ranglar, yoki jon. Qaysi birini xohlar ekansiz, shuning chorasini qilurmiz, — dedilar.
Anda ular:
— Yo Rasulalloh, mol qolsa ham, bosh asirlarimizni qaytarilsa, unga ham ko‘p rozi bo‘lurmiz, — deyishib edi, o‘zlariga qarashlik asirlarni Rasululloh qaytardilar.