Aning shunchalik buzuqchilik qilayotganini Rasululloh bilib turgan bo‘lsalar ham, parvo qilmay, o‘z ishlarida davom etdilar.
Yana boshqa sahobalardan — Ka’b ibn Molik, Hilol ibn Umayya, Mirora ibn Rabe’, Abu Haysama to‘rtovlari ixlosli kishi bo‘lsalar ham nima uchundir bu muborak safardan benasib bo‘ldilar. Sahobalar qayerda bo‘lsa, qolganlar ustidan so‘z qilishib:
— YO Rasulalloh, falon kishi qoldi, — desalar Rasululloh sollallohu alayhi vassallam:
— Qo‘yinglar uni, agar bizga undan yaxshilik yetkulik bo‘lsa, hech qachon bizdan ajrab qolmagay, ortimizdan bo‘lsa ham yetishib kelgay. Yo‘q ersa, Alloh undan bizni qutqarmishdur, uning kelmagani yaxshidur, — der edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘lga chiqishlari oldida, birinchi kuni askarga tug‘ bayroq topshirdilar. O‘zlarining ulug‘ tug‘larini Hazrati Abu Bakr Siddiqqa berdilar. Buning bayrog‘ini Hazrati Zubayr ko‘tardi.
Ansor sahobalar ersa, Avs, Hazraj atalib, ikki cho‘ng urug‘ga bo‘linadilar. Avs bayrog‘ini Usayd ibn Huzayrga, Hazraj bayrog‘ini Hubob ibn Munzirga topshirdilar. Qolmish barcha qabilalarga boshchilar saylanib, ularga tug‘ bayroq berildi. Shuning bilan birga bu ulug‘ Islom qo‘shini Rasululloh qaramog‘i ostida yo‘lga chiqdilar. Kundan-kun o‘tib, yarim oy chamasida Tabuk tuprog‘iga tushdilar.
Bahona qilib safardan qolgan sahobalarning biri Abu Haysama Rasululloh yo‘lga chiqqanlaridan bir necha kun o‘tgach, bog‘iga kirib qarasa, ikki xotuni ikki chaylani salqin qilib o‘ltirishibdur. U joyga suvlar sepilib, o‘rinlar solingan, taom tayyorlangan edi. Buni ko‘rgach, u kishi: