Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380078 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:53:46

 Ikkinchi suvga yetgunchalik oradagi uzun cho‘ldan o‘tish kerak edi. Kun qoq tush vaqti bo‘lganda, quyoshning issig‘iga chidayolmay qo‘shin yurishdan to‘xtadi. Suvsiz cho‘l ichidagi kun issig‘idan butun askar chanqoqlikda qolib, ot-tuyalar yurolmay yiqila boshladi. Bu tuyalarni bo‘g‘izlab, ichidan chiqqan suvni, o‘lar holatiga yetgan chanqoq kishilar talashib ichdilar. Buning ustiga Rasululloh kelib, bu og‘ir holni ko‘rgach, Abu Qatodani chaqirib:
— O‘tgan manzilda tahoratimdan qolgan suvni darhol keltirgil, — dedilar.
— Mana, yo Rasulalloh, — deb ul suvni keltirdi.
Muborak qo‘llarini shu idish ichidagi suvga solib, Xudo xohlaganicha duo qilgandan so‘ngra, Tangrining ulug‘ qudrati ila barmoq oralaridan oppoq tiniq suv otilib chiqib, oqqali turdi. Bu mo’jizani ko‘zlari bilan ko‘rgan sahobalardan shunday rivoyat bo‘lmishdurkim, Rasulullohning barmoqlari oralarini suv yorib chiqar chog‘ida havoda bir parcha ham bulut yo‘q edi. Shunday bo‘laturib, chaqmoq chaqilib, yashin tushgandek bir qattiq tovush bilan chiqdi. Butun qo‘shin bu suvdan to‘yib ichib, ot-ulovlarni sug‘ordilar. Borliq idishlarini suvga to‘ldirdilar. Bu qo‘shinda o‘n ikki ming ot, o‘n besh ming tuya, ellik ming askar bor edi. Ba’zi rivoyatda yetmish ming debdurlar.
Xudoning qudrati bilan Rasulullohning shu mo’jizalarini yig‘ilgan ko‘pchilik xalq ko‘zlari bilan ko‘rib turdilar. Shundoq bo‘lsa ham iymondin ulush olmagan kishilar qarab turib, yana iymon keltirmadilar. Bundan ilgari ham shu safarda ikki yo‘l shunday mo‘jiza ko‘rilganligi yuqorida aytilib o‘tdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:54:10

 Ulug‘ sahobalardan Abdulloh Zul Bijodayn degan kishi shu Tabuk safarida vafot topdi. Safarga chiqish oldida bu kishi Rasulullohga kelib:
— Bu g‘azotda Alloh taolo menga shahidlik bergay, deb duo talab qilgan edi.
Anda Rasululloh shu yerda o‘sgan bir yog‘ochni ko‘rsatib: «Uning qobug‘idan kelturgin», dedilar. Uni keltirdi ersa, olib bu kishining bilagiga bog‘lab turib:
— Ey bor Xudoyo, buning qonini to‘kmoqni kofirlarga harom qilgaysan, — deb uni duo qildilar.
Anda ul:
— YO Rasulalloh, menim tilagim bu emas erdi, balki qonim to‘kilib, Xudo yo‘lida shahid bo‘lishni so‘ragan edim, — dedi.
Rasululloh aytdilar:
— Ey Abdulloh, agar bezgak kasaliga yo‘liqib, shu bilan vafot bo‘lsang, albatta shahid maqomini topgaysan.
Aytganlaridek, Tabukka kelib bir necha kun o‘tgandan so‘ngra shu illat bilan bir kechada vafot etdi. Rasululloh uning ustida hozir edilar. Sahobalar chiroq yorug‘ida qabr qazib tayyorlashgandan so‘ngra, lahad ichiga Rasululloh o‘zlari tushdilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Umar o‘likni ko‘tarishib, go‘r ichiga tushirishib berdi.
Rasululloh uni ko‘tarib o‘rniga qo‘yar chog‘da: «Ey bor Xudoyo, men bundan rozi edim, endi Sen ham bundan rozi bo‘lg‘aysan, deb duo qildilar. Rasulullohning xos xizmatchisi Abdulloh ibn Mas’ud ham shu yerda edi. Shu so‘zni anglagach, koshki bu chuqur egasi men bo‘lur ersam na bo‘lg‘ay edi, deb yig‘ladi. Boshqalar ham buning o‘rnida biz bo‘lsak erdik, deb yig‘lashdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:54:51

 Endi bu kitobni yozuvchi Alixon Sog‘uniy shu so‘zni ustiga kelganimda, munglik ko‘nglimdan qo‘zg‘algan qayg‘ularim qaynar suvidek bo‘lib ikki ko‘zimdan oqqani turdi. U kishi ersa, Rasulullohning muborak yuzlarini ko‘rmish, ko‘p yillar suhbatlarida bo‘lib, shu davlat uzra ajali yetgan edi, yana uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qutlug‘ qo‘llari bilan tuproqqa topshirib qabrga qo‘yib, undan rizo bo‘lganligini bildirdilar va uning uchun Allohdan rizolik so‘radilar. Endi bundoq kishining va yillar bo‘yicha Rasulullohning muborak yuzlariga qarab o‘ltirib suhbatlarini topishgan butun sahobalarning nima armonlari bordur? Ularda hech armon yo‘qdur. Butun armon qilg‘udek ishlar shu zamondagi uning ummatlari — biz g‘arib mo’minlarning boshiga kelmishdur. Chunki biz g‘arib ummatlari bir ming uch yuz sakson yil u zotdan keyin qolib, fisq-fasod, buzuqchilik, dinsizlik qoplagan eng oxirgi zamon ichida turamiz. Bu davrning axloqsiz madaniyati ostida insonlardan farishtalik, ya’ni yaxshilik sifatlari yo‘qoldi. Hayvoniy, shaytoniy sifatlari rivoj olganlikdan uning ta’siri o‘tmagan hech kishi qolmadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar bergan qiyomat alomatlari ersa yer yuzida zohir bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib: «Qiyomat kunining alomatlaridan biri shuldurkim, bir kishi o‘lgan bir kishining qabri oldidan o‘tayotganida, shu qabrga qarab: «Koshki sening o‘rningda men bo‘lsam edi, degay. U esa tirik yurganidan o‘lganini ortiq ko‘rgay», degan edilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:55:30

 Endi bu kishiga nega bundoq deydur? Bu to‘g‘rida kelgan hadislar mazmunicha, u zamon kishilariga har yoqlama balo va ofatlar yog‘ilib, dunyo hokimiyati har joyda dahriylar, dinsizlar qo‘lida bo‘lgay. U kundagi musulmonlar ersa gunoh ishlarini oshkora qilgaylar. Ular oldida halol-haromning farqi qolmagay. Shu bilan dinlari barbod bo‘lgay, islomiyat axloq-odoblaridan ajragaylar, shariat hukmi o‘rtadan butunlay ko‘tarilgay. Zulm-xiyonat ishlari barcha xalqni qoplagay. Yeb-ichib kiyganlari, topgan-tergan mollari butunlay harom-xarishdan bo‘lgay. Shuning uchun qilgan duolari qabul bo‘lmagay. Rasululloh payg‘ambarlar noibi degan olimlardan hech kim qolmagay, ular o‘rniga aldamchi, yolg‘onchi, chala mulla — dinbuzarlar qolgaylar. Payg‘ambarimiz ularni o‘sha zamonning eng yomon odamlaridur, derdilar. Fuqaro xalqning o‘z boshlari, oilalari, mol-dunyolari ustidan u zamon hukumatlari ixtiyorsiz, nohaq hukmlar yurgizgaylar, hech kimda hurmat-obro‘ qolmagay. Kishilarning ko‘pchiligi xor-zorlikda qolib, baraka ko‘tarilgay. Insonlar shu holga yetganda tirik yurib qiynalgandan o‘lishni afzal ko‘rgaylar. Yuqoridagi hadisni sharhini ko‘rib, qis¬qacha tarjimasini yozdim.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga aytdilar:
— Mendan keyin bir zamon kelur, men uni ko‘rmayman, sizlar ham uni ko‘rmanglar. U zamon keldi ersa, chin olim so‘zini olmagaylar, ulug‘ odamlardan uyalmagaylar, din so‘ziga quloq solmagaylar. Mana shundog‘ bo‘lib, din-dunyo ishlariga qattiqchilik kelgan kunlarda har qancha qiynalsa ham, o‘z dinidan ajramay yurib o‘lgan bir musulmon yuz shahidning savobini topgay. Qiyomatgacha bir toifa ummatim haq yo‘ldan adashmagay.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:56:00

 Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan qiyomatgacha haq yo‘ldan adashmaydirgan shu toifa ummatlariga atab, ushbu kitobni yozdim. Ko‘nglim to‘q, iymonim to‘liqdurkim, menim bu kitobimni dunyo boricha shular o‘qigaylar, shular foydalangaylar.
Ey bor Xudoyo, bu kitobni yozguvchi yozuqluq g‘arib qulingni va ham ushbu kitobni o‘qigan, eshitgan mo’min bandalaringni habibing Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam haqqi-hurmatlari uchun haq yo‘ldan chiqmagan, Islom dinida jon bergan o‘sha toifadan qilgaysan. Omin!
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Rasululloh Tabukka kelgach, bu joyda yigirma kungacha to‘xtab qoldilar. Bu yerdan Shom shahriga borish yoki Madinaga qaytish yaqinligida tenglashur edi. U yoqqa yurish to‘g‘risida sahobalarga kengash qildilar ersa, Hazrati Umar:
— YO Rasulalloh, Xudo tomonidan nima buyruq buyurilgan bo‘lsa, shuni qiling, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Agar menga buyurilgan bo‘lsa edi, hech kimdan maslahat so‘ramas edim, — dedilar.
— YO Rasulalloh, biz Madinadan yiroqlashib, dushman yeriga yaqinlashib keldik. Bizga yordam bergudek ular ichida musulmonlari yo‘qdur, dushmanning qurollik askari ko‘p bo‘lib, har joyda to‘planib turishibdurlar. Bizning bu kelishimizdan ularga qo‘rqinch tushib, butun Rum xalqi qo‘zg‘alishganga o‘xshaydi. Endigi bizning o‘ylaganimiz bu yilcha Madinaga qaytib, urush hozirligini ko‘rsak. Kelasi yili Xudo xohlaganiga qarab ish qilur edik, — dedilar.
Bu so‘z Rasulullohga ham ma’qul bo‘lib, shu yerdan qaytmoqqa qaror qilindi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:56:20

 Qaysar Hiraql Madina ustiga sonsiz askar olib yurish qilmoqchi, deb eshitgan so‘zning anig‘i bilinmadi.
Shu orada Ayla shahrining hokimi bilan Jarbo, Azrux, Mayno degan shaharlarning elchilari kelishib, Rasululloh bilan uchrashdilar. Bular ersa, Shom atrofida yashayotgan yahudlardan kelgan kishilar edi.
Rasulullohning Tabukka kelganlarini anglashib, ahvol bilan tanishmoq uchun yuqoriga shahar xalqlari bularni elchi qilib yuborishdilar. Ularni Rasululloh iymonga undagan edilar, uni qabul qilmay, har yili soliq to‘lab turishga rozi bo‘lishdi. Bu to‘g‘rida ahdnoma yozib berishlarini Rasulullohdan so‘radilar.
Jarbo ahli har yili rajab oyida yuz tilla to‘lamoqchi bo‘ldi. Maynoliklar o‘z yerlaridan chiqqan mevalarning to‘rtdan birini har yili berib turmoqqa va’da berdilar. Elchilarning so‘rovlaricha bu to‘g‘rilik Rasululloh ikki nusxa ahdnoma yozdilar va ularga topshirdilar. O‘shal ahdnoma nusxalarini o‘quvchilar quvvat olsin deb arabcha iborasi bilan bu o‘rinda yozdim. Uning mazmuniga o‘quvchilar tushunmoqlari uchun turkchaga tarjima qildim.
Rasululloh Yuhannoga bergan axdnomalarining arabchasi shuldir:
«Bismillahir rohmanir rohiym.
Hazo amanatun minallohi va Muhammadin-nabiyyi li Yuhanno va ahli Aylata sufunuhum va sayyarotuhum fil barri val bahri lahum zimmatullohi va Muhammadin-nabiyyi va man kana maahum min ahlish-Shomi va ahli Yaman va ahlil Bahri faman ahdasa minhum hadasan fainnahu la ya juzu malahu duna nafsihi va innahu latayyibatun liman axazahu minnan-nosi va innahu la yahillu an yamna’u maan yaridunahu vala tariqan yuridunahu min barrinav bahrin».

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:56:37

 Ma’nosi: «Ushbu omon xati berildi. Alloh va uning elchisi Muhammaddan Yuhannoga va Ayla ahliga. Ularning dengizdagi kemalari, quruqlikda yurgan karvonlari omondur. Allohning, Muhammadning ahd omoni shulargadir va ular bilan birga bo‘lgan Shom ahli, Yaman ahli, dengiz bo‘yi ahllariga ham hukm shuldur. Agar ulardan bir kimarsa ushbu ahdni buzgudek bir ish qilur ekan, boshlariga omonlik, mollariga omonsizlikdur. Shart buzguvchilardan musulmonlar qaysi yo‘l bilan mol olsalar, haloldur. Ichar suvlaridan, yurar yo‘llaridan musulmonlarni to‘smoq ularga yasoqdur».
Mana shu ahdnomani yuqorigi shahar ahllari Rasulullohdan keyin ham o‘zlarida saqlab keldilar. Ko‘p zamonlargacha podsholari oldida bu ahdnomaning hurmati saqlanmish edi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabukda turgan kunlarida Xolid ibn Validni to‘rt yuz kishiga bosh qilib, Duvmatul Jandal o‘lkasini fath qilmoqqa yubordilar. Bu ersa, Shom shahridan tuya yurishida olti kunlik yiroqlikda bo‘lgan qal’alik bir shahar edi. Arabistonning Shom tuprog‘iga tutashgan yerlarining birisidur. Bu o‘lkadagi yerlik arablar ustiga Rum podshosi Qaysar Hiraql Ukaydir ibn Abdulmalik nomli bir arabni o‘z diniga kirgizib podsho qilmish edi. Bu yerlarda nasoro arablaridan Bani Kinda qabilasi yashamoqda edilar. Rasulullohdan buyruq olib Xolid ibn Valid shu yurganicha podsho qal’a¬si ko‘rinadurgon joyga tushdi. Shu kechasi oyning to‘lgan tuni edi.
Akidar xotini bilan qasr saroyi ustida yotmish ekan, Sahro ovlaridan bug‘u — maral, kiyiklar kelib, podsho saroyining qopqasiga (darvozasiga) surkanishib turganin ko‘rdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:56:58

 Anda xotini:
— Bu ajab ishdurkim, ov kiyiklari eshik oldimizga kelibdur. Bundoq ishni hech ko‘rganing bormi, o‘zi kelgan ovni qaysi kishi ovlamay qolur? — dedi.
Xotinidan bu so‘zni anglab, bunday ovni qo‘ldan ketkazish yaxshi emasdur, deb darhol otlarini egarladi. Ov jabduqlarini olishib, kiyiklar keyinidan askarlari bilan quvlashib kelayotganida Xolid ibn Validga qarshi keldi.
Dastlab orada bir oz chorpishma bo‘lib, Ukaydirning inisi shu urushda o‘ldirildi. So‘ngra xiyol o‘tkazmay qolganlarini asir oldilar. O‘ldirilgan kishini kimxob kiyimlari bilan Rasulullohga voqeani bildirish uchun choparchi yubordilar. Buning baxti qaytib ekan, taxt ustida o‘ltirgan kishi bir nafasda qo‘lga tushib, taxtaga tortildi. U baxtiqaro kiyiklarni ovlamoqqa chiqqan edi. Rasululloh ovchilariga yo‘liqib, o‘zi ov bo‘ldi. Shuning bilan Xolid ibn Valid asirlarni olib, Rasululloh oldilariga keldi. Ular bilan ko‘rishgach, Rasululloh yaxshi muomalada bo‘lib dinga da’vat qildilar.
Qaysar dinidan chiqar bo‘lsam podsholigimdan ajrab qolgayman, degan xayolni qilib qabul qilmadi. Islom shariatida ersa dinga zo‘rlab kirgizish yo‘qdur. Shuning uchun Rasululloh ular bilan kelishib, har yili soliq to‘lab turish sharti bilan o‘z yurtiga qaytmoqqa ruxsat berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabukka tushgan kunlarida butun askarga qarata bir xutba o‘qidilarkim, bu o‘qigan xutbada insonlar uchun dunyo va oxiratlik eng kerakli so‘zlar keltirilgan edi. Agar biz musulmonlarga shu xutbadan boshqa hech so‘z Rasulullohdan qolmagan taqdirda ham, yolg‘iz shu xutbaning o‘zi ikki dunyoda bizga rahbarlik uchun yetarlik bo‘lur edi. Bu qutlug‘ xutbani hadis olimlarining allomalaridan bir necha zotlar o‘z kitoblarida keltirmishdurlar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:57:21

 Men faqir kitob yozuvchisi bu xutbaning asli arabchasini Islom olamining allomasi Ibn Qayyim Javziyyaning «Zodulma’od» degan kitobidan ko‘chirib yozdim. Buni o‘qiganlar tushunib, uning mazmunidan foydalansinlar, deb o‘z tilimizga tarjima qildim. Bu xutbaning arabchasi ushbudir:
«Amma ba’du fainna asdaqolhadisi kitobullohi taolo. Va avsaqul uro kalimatut-taqva va xoyrul milali millatu Ibrohima. Va xoyrus-sunani sunnatu Muhammadin. Va ashraful hadisi zikrullohi. Va ahsanul qasasi hazal Qur’onu. Va xoyrul umuri avazimuxa va sharrul umuri muhdasotuho. Va ahsanul hadyi hadyul anbiyai. Va ashraful mavti qatlush-shuhadai. Va a’mal a’ma azzalolatu ba’dal huda. Va hoyrul ilmi ma nafa’a, va shar-rulamo amyul qalbi, valyadul ulya hoyrun minalyadis-sufla va ma qalla va kafa xoyrun mimma kasuro vaalha. Va sharrul ma’zirati hiyna yahzurul mavtu va sharrun-nadamati yavmal qiyamati. Va minan-nasi mallo ya’tis-salota illa duburan, va minhum manla yazkurulloha taala illa hujran va a’zamul xatoya allisonul kazubu. Va xoyrul g‘ina g‘inan-nafsi va xayruz-zodittaqva. Va ra’sul hikmati maxofatullohi va xoyru ma vuqqiro fil qulubil yaqinu, valirtiyabu kufrun van-niyahatu min amalil jahiliyyati. Valg‘ululu min juso jahannama val kanzu kayyun min-nanari. Vash-she’ru mim Mazomiyri iblis. Val-xomru jam-maulismi, van-nisou hibola tush-shaytoni, vash-shabobu sho’batun minal jununi. Va sharrul makosibi kasbur riba va sharrul maokili aklu malilyatimi. Vas-sa’yidu man vu’iza big‘oyrihi vash-shaqiyyu man shaqiya fi batni ummihi. Va innama yasiyru ahadukum ila mavzi’i arba’ati azru’in, valmru biaxirihi va malokul amali xovatimuhu, va sharrur-ru’ya ru’yal kazbi. Va kullu ma huva atin Qoribun, va sibabul mo‘mini fisqun va qitoluhu Kufrun va aklu lahmihi mim ma’siyatillohi, va hurmatu malihi kahurmati damihi va man yataallo alallohi yukazzibuhu, man yag‘fir yug‘farlahu. Va man ya’fu ya’fullohu anhu va man yakzimil g‘ayza ya’jurhullohu. Va man yasbir alar-raziyyati yu’avvizuhullohu va man yatba’is-sum’ata yusammiullohu bihi. Va man yatasabbar yuza’’ifullohu lahu va man ya’silloha yu’azibhu, summastag‘fara salosan».

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:57:33

 Xutbaning tarjimasi quyidagicha:
«Hamd-sanodan so‘ngra aytadurmanki, so‘zlarning eng to‘g‘risi Qur’on so‘zidir. Insonning eng ishonchlik narsasi uning iymonidur. Dinlarning yaxshisi Ibrohim Halilulloh tutgan Islom dinidur. Yo‘llarning yaxshisi Muhammad alayhissalomning yo‘lidur. So‘zlarning sharofatligi Allohning zikridur.
Ergashmoqqa eng loyiq narsa shu Qur’ondur. Din ishlarining ulug‘i farzlaridur, eng yomoni aning qo‘shimchalaridur. Ravishlarning yaxshisi payg‘ambar ravishlaridur. O‘limlarning yaxshisi shahidlar o‘limidur. Ko‘rlarning ko‘ri Islom dinidan chiqishdur. Ilmning yaxshisi, oxiratda foydaligidir. Boshlashning yaxshisi ergashilganidur. Ko‘rlikning eng yomoni dil ko‘rligidir. Ustingi qo‘l ostingi qo‘ldan yaxshidur. Oz bo‘lib yetarlik bo‘lsa, ozdirgan ko‘pdan yaxshidur. Uzrlarning eng yomoni o‘lim yetganda aytilganidur. Pushaymonlar yomoni oxirat pushaymonidur. Ba’zi bir ixlosi yo‘q kishi, namozga kech kelur. Qaysi birlari yolg‘ondan Alloh zikrini tilida qilur. Til yolg‘oni gunohlarning zo‘ridir. Boylikning eng yaxshisi ko‘ngil boyligidur. Ozuqlarning eng yaxshisi taqvo ibodatdur. Barcha yaxshilik boshi Xudodan qo‘rqmoqdur. Ko‘ngil saqlagan narsalarning eng yaxshisi Allohga ishonmoqdur. Din ishlarida gumon qilmoq kufrdur. YOqa yirtib, soch yulib yig‘lamoq, johiliyat odatlaridir. Yashirin xiyonatlar tamug‘ toshlaridur. Zakotsiz yig‘ilgan oltin-kumushlar do‘zax tamg‘asidur. YOmon qo‘shiqlar aytish shayton surnayidur. Chag‘ir (aroq) ichish barcha buzuqlik onasidur. Xotunlar (yomonlari) shayton tuzog‘idur. YOshlik telbalikning bir butog‘idur. Kasblarning eng yomoni sudxo‘rlikdur. Shaqqiy (yomon) onasidan tug‘ilgandayoq shaqqiy tug‘ilur. Har bir kishining borar joyi to‘rt gaz yerdur. Har ishga oxirida baho berilur. Barcha ishning asosi tuganchisidur. Tushlarning yomoni yolg‘onchining tushidur. Har kelguvchi bizga yaqindur. Musulmonni so‘kmoq gunohdir, unga qurol ko‘tarmoq kufrdur, uni g‘iybat qilmoq ulug‘ yozuqdir (gunohdir). Mo’minning qoni haromdur. Shunga o‘xshash aning moli ham haromdur. Bir ishni qilurman deb qasam ichganlar uni qilolmaydilar, Alloh uni yolg‘onchi qilur. Kishi xatosini kechirganni Alloh kechirur, uni afv qilganni Alloh afv qilur. Achchig‘ini yutgan kishilarga Alloh ulug‘ ajr berur. Musibat ko‘rib sabr etguvchilarni o‘rnini to‘ldirur. Riyo qilguvchi kishilarga Alloh ham riyo qilur. Ko‘plab sabr qilguvchilarga savob qatma-qat bo‘lur. Amrini tutmaganlarni Alloh azob qilur.

Qayd etilgan