BANI OMIR ELCHILARI
Bular ichida Omir ibn Tufayl, Arbad ibn Qays, Jabbor ibn Salamiy degan qabila boshliqlari, elchilar raislari edi. Butun qabila ustidan raislar boshlig‘i qilib Omir ibn Tufaylni saylamish erdilar. Muning ko‘rinishi ko‘rkam, egiz bo‘ylik, yuzi chiroylik, chechan tillik kishi erdi. Islomiyatdan ilgari arablar o‘z odatlaricha har yili Ukoz, Zulmajoz degan mashhur bozorlarga yig‘ilishib mushoira-mufohara (muzokara) qilishur edi. Ya’ni, arab shoirlari, xatiblari oralarida so‘z musobaqasi bo‘lur edi. Qaysi qabila shoirining she’ri fasohat, balog‘at to‘g‘risida boshqalarnikidan ustunlik qilar ekan, uni keltirib hurmatini ko‘tarish uchun Ka’ba devoriga osib qo‘yishar edi. Mundog‘ she’r egalarining xalq ichida qadri ko‘tarilib, ularga ulug‘ shoirlik unvoni berilur edi. Bu ish ersa o‘shal zamon arablari oldida ulug‘ sharafga ega bo‘lgani uchun she’r sifati eng oliy darajaga yetmaguncha Baytulloh devoriga osishga yo‘l qo‘ymas edilar. Mana shundoq joylarda xalq yig‘ilib to‘lganida shu Omir ibn Tufaylning amri bilan uning jarchilari xalq ichini oralab: «Kim piyoda ersa ot mindiramiz, kim och bo‘lsa to‘yg‘izamiz, dushmandan qo‘rqqan bo‘lsa qutqazamiz», deb qichqirishur edi. Lekin Omirning ko‘nglida hasadi bo‘lg‘onlikdan Rasulullohga qattiq dushmanligi bor edi. Qabila ichidagi yaxshi kishilar:
— Ey Omir, Makkani Muhammad fath qildi, Quraysh unga iymon keltirdi, butun arab xalqi Islom diniga kirgani turdilar. Endi sen ham ko‘p qatorida iymon keltirgin, — dedilar.
Anda ul:
— Hoy, men unga qanday iymon keltiraman? Butun arab xalqini o‘zimga qarataman deb ont ichgan edim. Endi Qurayshdan chiqqan bir kishiga bo‘ysunmoqni o‘zimga or ko‘rurman, — dedi.
Shundog‘ bo‘lsa ham elchilarga bosh bo‘lib Madinaga keldi. Eng yaqin ko‘rgan yo‘ldoshi yana qabila raislaridan Arbad ibn Qays degan kishi bo‘lub, muning ham yomonligi undan qolishmas edi. Rasulullohga yo‘liqish oldida Omir unga: