Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 344220 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 B


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:00:05

ADIY IBN HOTAM (HOTIM) QISSASI

Adiy ibn Hotam butun dunyoga nomi chiqqan mash¬hur Hotam Toyning o‘g‘lidur. Hotam Toy o‘zi Rasululloh zamonlarida tirik bo‘lgan bo‘lsa ham Payg‘ambarlik davriga yetmasdan vafot topdi. O‘zidan keyin uning o‘g‘li Adiyni otasi o‘rniga qabila raisi qildilar. Arablar ichida atog‘lik katta raislardan sanalur edi. Toy qabilasi butparastlardan bo‘lsa ham, Adiy oilasi bilan nasoro diniga kirmish edi. Boshqa qabilalar kabi Madinaga elchi yuborib, Rasululloh bilan ko‘rishmakni ham tilamadi. Balki Rasulullohga qarshi ko‘nglida qattiq adovat saqladi. Lekin u kunlarda butun arablar yo o‘zlari, yo elchi orqalik iymon keltirib itoatga kelganliklarini ko‘rar edi.
So‘nggi kunlarda o‘z oldiga mundoq yashab turolmasligi bildi. Islom haybatiga qarshi turolmasligini tushundi. Bir kun bo‘lmasa, bir kuni Islom askari kelib bosib qolmasin deb o‘ziga eng yaqin ishonchlik kishisini chaqirib atrofiga yuguruk ot, yelmayon tuyalardan safarga yaragudek birmunchasini tayyorlab qo‘yishini buyurdi. Yo‘l-yo‘lga qorovullar qo‘yib, soqlik bilan kutishib turdilar. Shu orada Hazrati Ali boshliq bir bo‘luk Islom askari kelayotgan xabari unga anglandi. Har joyga qo‘ygan qorovullaridan birisi:
— Ey Adiy, Muhammad askarining qorovullari yerimizga yetib keldi, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:00:14

 Darhol hozirlangan ot-tuyalarni keltirib, Shom tarafiga qarab qochdilar. Qocholmay qolganlari ersa askar bosqiniga qolib, asir olindilar. Bular ichida Hotam Toyning bir qizi ham asir tushgan edi. Asirlar Madinaga keltirilgandan so‘ngra u qizning ko‘zi Rasulullohga tushdi. Qilg‘on ishlarini ko‘rib, otasi Hotamni eslab:
— Yo Rasulalloh, men ersam saxovatda olamga nomi chiqqan Hotam Toyning qizi erurman. Eshitgandursiz, otam Hotam Toy muruvvat sohibi erdi. Ochlarni to‘yg‘izur, yalang‘ochlarni kiyguzur, yayov qolganlarni mingizur edi. Mazlumlarni zolimlardan qutqazur edi. U ersa hojatlik kishilarni hech quruq qaytarmagan edi. Mana shundoq kishining qizi erdim, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Otangning bu qilg‘on ishlari ersa chin mo’minlar axloqi erur, Alloh suygan sifatlardur. Bunday ulug‘ axloq egasi bo‘lgan kishining qizi ekan, asirlikda yotmasin, — deb darhol ani bo‘shatmoqqa buyurdilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:00:22

 Bosh-oyoq kiyintirib, yaxshi tuyaga mindirib, o‘z eliga qaytmoqqa ruxsat qildilar. Rasulullohdan bu yaxshilikni ko‘rgandan keyin darhol shahodat aytib, iymon keltirdi va akasi Adiy ibn Hotamni Islom diniga dalolat qilmoq uchun Shom shahriga qarab yo‘lga tushdi. Bir necha kun yo‘l yurib, akasi turgan yerga yaqin yetdi. Bular ersa ko‘chmanchi erdilar, chodir oldida o‘ltirgan Adiy yiroqdan kelayotgan tuya mingan bir kishining qorasini ko‘rdi. Sinchiklab qarab turdi va bu kelayotgan Hotam qizi Safona bo‘lg‘ay, dedi. Yaqinlashib keldi ersa ko‘rdilarkim, Hotam qizi Safona emishdur. Quchoqlashib yig‘lashib ko‘rishdilar. So‘ngra og‘asi Adiyga boqib:
— Ey rahmsiz, zolim qarindoshim! O‘z oilang bilan qochib qutulding. Otang Hotam oilasini dushman qo‘lida asoratga qoldirding, — dedi. Adiy bu so‘zdin qattiq uyalib:
— Uzr aytmoqqa tilim yo‘qdur, aytgan so‘zlaringning hammasi to‘g‘ridur. Kel endi, mundan ortiq meni uyaltirib xijolat qilma, — dedi.
Har ikkovi nari-beri aytishib bo‘lgandan keyin qarindoshlik arazlari tarqaldi. So‘ngra o‘zaro kengashib so‘zlashgali turdilar. Og‘asi Adiy ersa, o‘zi to‘g‘risida Safonadan maslahat so‘radi. Bul xotun ochiq ko‘ngillik, har ishga kengash bergudek xotun bo‘lub, anga shunday so‘z qildi:

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:00:34

 — Endigi maslahat shuldurkim, bu ishga keyin qolmay tezlik bilan borib, bu kishiga iymon keltirgil. Agar u kishi Payg‘ambar bo‘lsa, aning diniga ilgariroq kirgan bo‘lursan. Agar podsho bo‘lsa boshqalardan oldinroq borganing yana yaxshiroqdur, — dedi.
Adiyga ham shu so‘z ma’qul bo‘ldi. Shu bilan ikkovlashib yo‘lga chiqishdilar. Besh-o‘n kun yurib Madinaga keldilar. Shu chog‘da Rasululloh masjidda o‘ltirgan edilar. To‘g‘ri kelib ul zotga salom qildi.
— Bu kishi kim bo‘lur? — deb so‘radilar.
— Hotam o‘g‘li Adiy erurman, — dedi.
Rasululloh o‘rinlaridan turib kelib u bilan ko‘rishgandan so‘ngra, uylariga qarab boshladilar. Yo‘lda ketayotganlarida bir kambag‘al kampir xotin yo‘l ustida Rasulullohni to‘xtatib o‘z hojatidan ancha uzoq gapirdi. Kampir so‘zini tamom qilguncha quloq solib turdilar. Buni ko‘rib Adiy hayron qolib:
— Bu kishi ersa podsho bo‘lmasa kerak, — dedi.
So‘ngra Rasululloh Adiyni boshlab qutlug‘ uylariga kirdilar, ichiga xurmo qobig‘i solingan bir to‘shaklari bor edi. Uni Adiyga taqdim qilib:
— Ustiga o‘ltirgil, — dedilar.
Anda ul:
— Siz o‘ltiring, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:00:43

 — Yo‘q, sen o‘ltir, — deb o‘zlari quruq yer ustiga o‘ltirdilar.
Buni ko‘rgach, Adiy aytdi:
— Qasam qilurmankim, bu kishi podsho emasdur, bu ish payg‘ambarlar axloqi erur.
So‘ngra Rasululloh:
— Ey Adiy, Islom diniga kirgil, ikki dunyoda salomat bo‘lursan, — dedilar.
Anda ul:
— Men ersam nasroniyat dinida erurman, mening tutgan dinim bordur, — dedi.
Rasululloh aytdilar:
— Men sening tutgan diningni sendan yaxshiroq bilurman. O‘zingga qaram bo‘lgan qabilalardan marba’ solig‘ini olursan, buni olmoq sening diningda haromdur.
Adiy buni eshitgach:
— Agar bu kishi payg‘ambar bo‘lmasa, bu din hukmini qaydan bilur edi? — deb ko‘ngli Islomga mo¬yil bo‘ldi. Shularni o‘ylab turganida yana Rasululloh aytdilar:

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:00:52

 — Ey Adiy, ko‘rursanki, bu dinga kirguvchilar ko‘proq faqir kishilardur. O‘zlari ozchilikda bo‘lib ham kuchsizdurlar, dushmanlari ersa ko‘pchilikda bo‘lib, ham qurol kuchiga egadurlar. Shu ishlar iymon kelturmakdan seni to‘sdi. Alloh oti bilan qasamyod qilurman, ko‘p uzoq zamon o‘tmasdan turib bular ichida mol shundoq ko‘paygusidir, uni olg‘ani kishi topmagaylar, dunyo xazinalariga ega bo‘lg‘aylar. Hozircha saltanat, hukumat boshqalar qo‘lida turg‘onligi seni qo‘rqitmasin. Yaqin kunlarda ko‘rursan Bobil shahrining oq saroylari, podsholar poytaxtlari alar qo‘lida fath bo‘lg‘ay, Ko‘fa shahridan yo‘ldoshsiz chiqqan yolg‘iz xotun Makkaga kelib Baytullohni ziyorat qilib qaytgay. Yo‘llar tinchlanganlikdan Allohdan o‘zga nimarsadan bu xotunning qo‘rqinchisi bo‘lmagay.
Bu so‘zlarni anglagach, Adiy darhol iymon keltirdi. Bu kishi keyin aytur edi:
— YOlg‘iz xotun Ko‘fadan xavf-xatarsiz Makkaga kelib, Baytullohni ziyorat qilib qaytganini ko‘rdim. Qasam qilurmankim, qolgan ikkovi ham Rasululloh deganlaridek albatta bo‘lg‘usidur. Bu ikkovi ersa — birinchi, musulmonlar dunyo xazinalariga ega bo‘lishib mollari ko‘payishidur, yana biri, moldan zakot chiqarilsa, uni olgali qalo’ (kambag‘al) kishi topilmagay.
Islom boshlangandan beri haligacha bu ishning bo‘lib o‘tganligi ma’lum emas, chunki Islomning eng kuchli davri hisoblangan Hazrati Umar zamonlarida Rum, Eron, Misr xazinalari Madinaga oqib turgan bo‘lsa ham, yana faqir-miskinlar har yerda ko‘p edilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:01:07

 Biz ko‘rgan hadis kitoblarining hech birida falon zamonda mol ko‘payib, xalq boyib ketganligidan zakot berishga faqir kishi topilmay qoldi degan so‘zni ko‘rgan emasmiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytgan bu so‘zlariga qaralsa, albatta, bu ishning oldimizda bo‘lishi kerakdur. Endi qachon Mahdiy oxirzamon kelsalar, Iso payg‘ambar osmondan tushsalar, ana shu chog‘da butun dunyo xalqi Islom dinini qabul qilg‘aylar.
Bir rivoyatda aytilishicha, qirq yilgacha bularning adolatli hukmlari ostida tinch-rohatda yashagaylar. Shu orqali yer xazinalari yuzaga chiqib, butun xalq boyib ketganlikdan kambag‘al kishi topilmagay. Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan so‘zlari shu vaqtda kelgan bo‘lur. Imom Shavqoniy rahmatullohi alayh Hazrati Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, imom Mahdiyning xurujlari, Dajjolning chiqishi, bu mal’unni Hazrati Iso o‘ldirishlari — mana shular haqida kelgan hadislarning mazmuni tavoturga yetgandur, dedi. Agar hadis tavotur darajasiga yetdi ersa oyat hukmini olib, unga inkor qilish oyatga inkor qilgandek bo‘lur.
Munga qaralsa, yuqorigi ishlar oldimizdagi kunlarda albatta bo‘lg‘usidur, deb ishonish lozimdur. Chunki hadis oyat hukmini olgach, unga gumon qilish mumkin emasdur. Mo’tabar ba’zi hadis kitoblarida qiyomat alomatlarini Rasulullohning aytishlaricha, yuzga yetkazibdurlar. Shu kunlarda ulardan sakson sakkiz kichik alomatlari tamom o‘tib bo‘lmishdur. Qolmishlari ersa o‘n ikki ulug‘ alomatlaridur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Bularning eng avvali Xuruji Mahdiy bo‘lgay. Qolganlari ham ketma-ket uzilmay kelib tugangach, dunyo umri ham oxiriga yetib tamom bo‘lg‘ay, — dedilar. Sollallohu alayhi vasallam.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:02:51

KINDA QABILASINING ELCHILARI

Kinda qabila boshchilaridan sakson kishi saylanib elchilikka keldilar. Bularning raislari ersa Ash’as ibn Qays degan kishi edi. YOshi kichik bo‘lsa ham aqli, axloqi bo‘lganlikdan mundog‘ oliy riyosatga ega bo‘ldi. Rasululloh huzurlariga kirish oldida o‘zlariga ziynat berishib, soch-soqollarini taradilar. Ipaklik kiyimlar kiyishib, so‘ngra Rasululloh huzurlariga kirishdilar.
Islomdan ilgarigi arablar odatlaricha Rasulullohga ko‘zlari tushishi bilan «Abaytalla’n» deb salom berishdi. Johiliyat zamonidagi arablar podsholari oldiga kirishganda shunday salom berishur edi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Men podsho emas, Abdulloh o‘g‘li Muhammad Abul Qosim erurman, — dedilar.
So‘ngra ular:
— Ey Abul Qosim, biz seni sinamoq uchun ko‘nglimizda bir narsa yashirib keldik. Agar sen payg‘ambar bo‘lsang, shu yashirgan narsamiz nimadur, topgil, — dedilar.
Bu yashirganlari ersa, saryoqqa ko‘mgan chigirtka ko‘zi erdi. Arablar g‘aybdan gapiruvchi kohinlarini shunday qilib sinar edilar.
Anda Rasululloh:
— Subhonalloh, munday ishlar kohinlarga qilinur edi. Kohinlar, folchilarga ishonuvchilarga Alloh taolo do‘zaxda azob bergay, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:03:21

 Anda ular aytdi:
— Andog‘ ersa sizning payg‘ambarligingizni qaydan bilurmiz?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yerdan bir changal mayda tosh olib:
— Mana bular menim payg‘ambarligimga guvohlik berurlar, — deyishlari bilan mayda toshlar tilga kirib, tasbeh aytgali turishdi. «Subhonalloh» sadosini ko‘targan toshlar tovushini elchilar eshitgach, barchalari shahodat aytishib iymon keltirdilar.
Alar:
— Endi aniq bildik, siz Allohning haq Payg‘ambari ekansiz, — dedilar ersa, Rasululloh aytdilar:
— Meni Alloh taolo butun dunyo xalqiga elchi qilib yubordi, O‘zini tanitgali, Islom dinini yer ustiga tarqatgali keldim. Yana Alloh taolo Qur’on otliq menga bir kitob yubordi, uni olam ahliga o‘rgatgali meni yubordi. Bu kitobning oldi-orqasi, osti-usti butunlay haqliq bilan o‘ralmishdur, — dedilar.
So‘ngra ular Rasulullohdan Qur’on so‘zini anglagach, besh-o‘n oyat undan o‘qib berishlarini so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Vas-saffoti surasini boshlab tilovat qildilar. «Varabbul-mashoriq» oyatiga kelganlarida to‘xtab qoldilar, muborak ko‘zlaridan yosh oqqali turdi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Muni ko‘rishib ular:
— Yo Rasululloh, sizni yubormish Rabbingizning qo‘rqinchisidan yig‘laydursizmi? — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:03:28

 Anda Rasululloh:
— Ha, shundoqdur. Bir to‘g‘ri yo‘l uzra turg‘izib, xalqqa meni payg‘ambar qildi. Qilich damida tururman, qilchalik bu yo‘ldan chetga chekinsam, halok bo‘lurman, — dedilar.
So‘ngra bularning raislari Ash’as ibn Qaysdan:
— Necha o‘g‘ling bor? — deb so‘radilar.
— Yo Rasulalloh, shu safar yo‘lga chiqayotganimda yangidan bir o‘g‘il tug‘ildi. Yetti o‘g‘lim bo‘lsa edi, koshki, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
— «Innahum lamujbinatun mubqilatun muhzinatun va innahum qurratul-ayni va samaratul fuodi», ya’ni «Bolalar botir otalarni qo‘rqoq qilurlar. Saxiy otalarni baxil qilurlar. Quvonchlik otalarni qayg‘ulik qilurlar. Shundog‘ bo‘lsalar ham ko‘zlar quvonchisi, ko‘ngillar mevasi erurlar».

Qayd etilgan