Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379566 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 66 67 68 69 70 71 72 73 74 B


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:03:41

AZDI SHANU’A QABILASINING ELCHILARI

Azdi Shanu’a qabilasidan bir jamoa kishilar elchi bo‘lishib, Madinaga kelishdi. Bularning raislari ersa Surad ibn Abdulloh nomli bir kishi edi. Rasulullohni ko‘rishlari bilanoq ko‘ngillari Islomga moyil bo‘lib, barchalari iymon keltirdilar. Rasululloh ko‘rdilarkim, bularning raislari fazl-sharafga ega bo‘lib, har ishga yararlik ekandur. Qavmining musulmonlariga uni amir qilib, Islomga kirmagan Yaman qabilalari bilan jihod qilmoqqa buyurdilar. Shu bilan o‘z yurtiga qaytgandan so‘ngra u yerlik musulmonlardan bir qo‘shin askar tayyorlab, jihod niyati bilan chiqdi.
Jurash degan bir shaharga kelib Islomga taklif qildi ersa, qabul qilmagach, ularni qamal qildilar. Bu urush bir oyga cho‘zilib, har ikki tomondan anchagina odam chiqimga uchradilar.
Shahar aylanasi qalin qo‘rg‘onlik, kuchlik qopqalik, eng tepalik joy bo‘lgani uchun uni olish musulmonlarga og‘irlashdi. Qal’abuzar jabduqlari yo‘qligidan dushmanni qo‘rg‘ondan chiqarmoq arg‘asida o‘zlarini ularga qochgan bo‘lib ko‘rsatdilar. Bularni qochdi deyishib qal’adan chiqib orqadan quvlashganicha Shukur degan tog‘ga yetganlarida musulmonlar qaytarma hujumga o‘tib, dushmanlaridan ko‘p kishini o‘ldirdilar. Qolganlarini ersa asir oldilar.
Urush boshlanmasdan ilgari shu shahar xalqi Madina xabarini bilib kelmak uchun ikki kishi yubormish edi. Ular kelib, Rasululloh bilan ko‘rishdilar. Bularning Madinaga birinchi yo‘l kelishlari edi. Ko‘rishib bo‘lishlari bilan:
— Shukur degan tog‘ni bilganinglar bormi, qay yerda bo‘lur? — deb sahobalardan so‘radilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:03:49

 U ikki kishi bu so‘zni anglagach, darhol turishib:
— Yo Rasulalloh, u bizning yerimizdur. U joyda nima ish bo‘ldi? — dedilar.
Rasululloh bo‘lgan voqeani, ularning qirilganini aytib berdilar ersa, anglashlari hamon u ikkovi to‘xtovsiz yurishib o‘z ellariga kelishdi. Qarasalar xuddi Rasululloh aytgandek ish bo‘lmishdur. U shahar xalqi bu so‘zni anglashib ko‘ngillari Islomga moyil bo‘ldi. Madinaga qaytadan elchilar yuborishib, hammalari iymon keltirdilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u shahar atrofidagi yerlarni o‘zlariga ko‘ruq qilib berdilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:04:02

HIMYAR PODSHOSI ELCHILARI

Yaman viloyatida yashaydigan katta bir qabila bor edi. Uning podshosi Horis ibn Abdukulol ko‘rishmay turuboq Islom dinini qabul qildi. So‘ngra o‘zining musulmon bo‘lg‘onligini bildirib, Rasulullohga elchi yubordi. Elchi qo‘liga noma yozib bermish edi. Madinaga kelgach, Rasululloh bilan ko‘rishib nomani topshirdi. O‘qib ko‘rgach, shunday keng bir o‘lka podshosi boshliq butun xalqi bilan Islom dinini qabul qilganligi uchun Allohga hamdu sano aytdilar. So‘ngra ularning nomlariga shu mazmunda javob yozdilar:
«Bismillahir rohmanir rohiym.
Allohning elchisi Muhammaddan Horis ibn Kulolga va Maofir va Hamdon qabilalariga salom. Ulug‘ Allohga hamdu sano aytgandan keyin shulki, Tabuk g‘azotidan qaytgan kunlarimizda sizlarning yubormish elchilaringiz Madinaga kelishdi. Ular bilan ko‘rishib, yozgan nomalaringizni o‘qidik. U yoqda bo‘lgan butun xabarlarni keltirdilar. Hidoyat topib Islom dinini qabul qilganlaringizni anglab, Allohga hamdu sano aytdik. Endigi ish ersa, Allohga va aning Payg‘ambariga har ishda itoat qilursiz. Har kuni besh vaqt namozni o‘z vaqti bilan ado qilursiz. Boy kishilarning zakot berishlari farzdur. Zakotni chala bermasdan tugal bergaylar. Muhammad ersa Allohning yuborgan Payg‘ambaridur. Boy-kambag‘al demay barcha mo’minlarni do‘st tutadur. Zakot—sadaqa yemoq Muhammadga va uning oilalariga halol emasdur. Zakot, sadaqani boy musulmonlardan olurmiz va ularni kambag‘al, faqir, miskin, muhtoj musulmonlarga berurmiz. Allohning amri shudir.
Musulmonlardan yig‘ilgan zakot, sadaqalarni, bosh¬qalardan olingan oliq-soliqlarni biz tomondan yuborilmish kishilarga topshiringlar. Bularning raislari ersa Mu’oz ibn Jabaldur. Bu kishi sizlardan rozi bo‘lib qaytsin. Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh».

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:04:16

FARVA IBN AMRUL-JUZOMIY ELCHISI

Bu kishi ersa Rum podshosi Qaysar tarafidan Shom o‘lkasidagi arablar ustiga qo‘yilgan ulug‘ amirlarning birisi edi.
Rasulullohni ko‘rmasdan turib iymon keltirib, buni bildirish uchun elchi yubormish edi. Bir ot, bir xachir, bir eshak, yana oltin ziynatlik liboslar qo‘shib Rasulullohga hadya yubordi. Bu xabarni Rum podshosi Qaysar eshitishi bilan g‘azabi kelib uni keltirib zindonga solishlarini buyurdi. Ani tutib Qaysarga olib keldilar. Qaysar:
— Agar Muhammad dinidan qaytur ersang, yana o‘z yurtingga podsho qilurman, — deb aytdi.
Anda ul:
— O‘zing bilursan, Iso payg‘ambar Injilda bashorat bergan oxirzamon payg‘ambari shul kishi erur. Bu ishda hech shubha yo‘qdur. Baqosiz dunyo davlatiga aldanib, Rasululloh nomalarini qabul qilmading. Men ersam oxirat ishini ortiq ko‘rdim. To‘rt kunlik dunyo davlatiga qiziqib dinimdan ajramasman, — dedi.
Shu bilan Qaysar uni zindonga solishga buyurdi. Bir qancha vaqt zindonda yotgandan so‘ngra qarasalar, yana dinidan hech qaytgudek holi yo‘qdur. Boshqalarga ibrat bo‘lgan deb oxiri uni dorga osib, shahid qildilar, raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:04:31

BANI HORIS QABILASINING ELCHILARI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Validni Hars qabilasiga yubordilar va alarga avval ularni dinga da’vat etib, qabul qilmasalar jihod qilmoqliklarini buyurdilar. Bular ersa Najrondagi nasoro arablariga yaqin yerda turishar edi. Hazrati Xolid bu joyga keldi ersa, qabila ichiga jarchilar tarqatdi. Ular turib:
— Ey odamlar, Islom diniga kiringlarkim, mol-jonlaring salomat qolib, oxiratinglar obod bo‘lgay,— deb qichqirdilar.
Alar ham qabul qilishib, to‘p-to‘pi bilan Islom diniga kirgali turishdi. Hazrati Xolid boshliq butun askarlar qabila ichiga taralib, alarga Qur’on o‘qitib, Islom dinining asoslarini o‘rgatdilar. Bu voqeani bayon qilib Hazrati Xolid Rasulullohga xat yozdi ersa, shundoq javob keldi: «Islomga kirgan qabilalardan vakillar olib, o‘zi ham tezlikda qaytgay». Buyruq kelishi bilan qabila elchilarini olib, hammalari Madinaga keldilar.
Bular ichida qabila kattalaridan Qays ibn Husayn, Yazid ibn Abdulmudon, Yazid ibn Mujmul va boshqa bir necha mashhur raislaridan bor edi. Bular bilan ko‘rishgandan so‘ngra o‘z ixtiyorlaricha dinga kirganlari uchun ularga rozilik bildirdilar. Ular ham Allohga ko‘p hamdu sano aytishdi.
Bu qabila ersa Islomdan ilgari johiliyat zamonida qaysi qabila bilan urush qilsalar, u qabilani yengar edilar. Bu ish arablar ichida mashhur edi. Rasululloh ulardan shuni so‘rab:
— Qabila urushlarida doim sizlar yengar edinglar, buning sababi nimadur? — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:04:40

 Anda ular:
— Yo Rasululloh, birlik ittifoqimizni hech vaqt buzmadik, birovga zulm qilib, o‘zimiz urush boshlamadik. Mazlumlik holda majburlik bilan urushga kirishdik, xorlik bilan yashamoqdan o‘limni ortiq ko‘rib, undan qochmadik, shuning uchun Alloh bizga yordam berdi, — deganlarida, Rasululloh bu so‘zni tasdiq qildilar.
So‘ngra Qays ibn Husaynni butun qabila ustiga amir qo‘yib, qaytmoqqa ruxsat berdilar.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan o‘ltirib edilar, ularga qarab:
— Eng so‘nggi ummatlarim boshlariga bir zamon kelurkim, och qolgan bir to‘p kishilar o‘rtasiga qo‘yilgan bir tovoq oshni qanday talashib yesalar, menim ummatlarimni ham boshqalar shunday qilib yeydi, — dedilar.
Buni eshitgan sahobalardan birovi turib:
— Yo Rasulalloh, u kundagi ummatlaringiz ozlikdan boshqalardan yengilib, shundoq kunlarga qolg‘aylarmu? — deb so‘radilar.
Anda Rasululloh:
— Yo‘q, o‘sha kunda ham ummatlarimning sonlari ko‘p, lekin sifatlari yo‘qdur. Shundoqkim, alarda Islomiyatga to‘g‘ri kelmaydigan ikki yomon ish paydo bo‘lur. Birisi, xirsi dunyo bo‘lib, baxil bo‘lgaylar. Ikkinchisi, o‘limdan qo‘rqqaylar. Qachonkim o‘limdan qo‘rqib, jihoddan qochar ekanlar, ummatlarim xorlikka qolgay. Bu ummatning avvali nima bilan rivoj topgan bo‘lsa, eng oxiri ham shu bilan rivoj olg‘ay, — dedilar.
Aqli yorug‘, fikri ochiq kishilarga shu so‘zlarning o‘ziyoq yetarlidur. Sollallohu alayhi vasallam.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:04:51

HAMDON QABILASI ELCHILARI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana Xolid ibn Validni Yaman viloyatiga yubordilar. U yerda yashayotgan katta qabilalarning birovi shu Hamdon qabilasi erdi. Hazrati Xolid u joyga borgach, olti oygacha xalq ichida yurib, ularni dinga da’vat qildi, lekin hech kim o‘z ixtiyoricha dinga kirguvchi bo‘lmadi. Bu xabar Rasulullohga yetdi ersa, bir noma yozib, Hazrati Alini yubordilar. Xolid ibn Validni o‘z oldilariga chaqirib oldilar. Hazrati Alini kelayotganlarini anglashib butun qabila xalqi to‘sishib chiqishdi. Shu chog‘da qaysi bir namoz vaqti kirgan edi. Hazrati Ali azon aytib, takbir tushirib, o‘z askarlari bilan saf bog‘lashib namoz o‘qidilar. Boshqa qabila xalqi ersa qarashib turdi. Namoz o‘qigandan so‘ngra Hazrati Ali Rasulullohning bularga yozgan xatlarini saf oldiga chiqib turib, butun xalqqa o‘qidilar. Bu muborak nomadagi so‘zlarni anglashlari bilan barchalarining ko‘ngillari Islomga moyil bo‘lib, iymon keltirdilar.
So‘ngra bu voqeani Hazrati Ali yozib, Rasulullohga chopar bilan yubordilar. Xatni o‘qib, bu ulug‘ ne’mat shukronasi uchun darhol sajdaga bosh qo‘ydilar. Yaxshilik ko‘rilgan chog‘da shukr sajdasini qilish shuning uchun ummatlariga sunnat bo‘ldi. Rasululloh sajdadan bosh ko‘tarib:
— Assalomu ala Hamdan, assalomu ala Hamdan, — deb ikki marta aytdilar.
Bu qabila Hazrati Ali qo‘lida iymon keltirishgandan so‘ngra qabila kattalaridan bir necha kishilarni boshchi qilib, Madinaga elchi jo‘natmish edi. Shu orada ular ham kelishib qoldi. Bularning raislari Ibn Molik degan kishi erdi. Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishgandan keyin, oldilarida turib arablar odatlaricha Rasulullohni, Islom dinini maqtab fasohat bilan kelishtirib bir qancha she’rlar o‘qidi. Chunki u zamon arablari o‘qish-yozishdan har qancha yiroq bo‘lsalar, yana ularning til o‘suklari eng yuqori ko‘tarilganlikdan qabila raislari shoir yoki notiq xatib bo‘lishlari eng ulug‘ sharaf sanalur edi. Shuning uchun Rasululloh arab odatlarini hurmatlab, o‘z oldida o‘qilgan she’rlarni zavq bilan eshitib, uni taqdirlar edilar. Shu kabi muning o‘qigan she’rini ham tinglab o‘ltirib, o‘qib bo‘lgach, uni yaxshilab ruhini ko‘tardilar va uni butun Hamdon qabilasiga amir qilib yubordilar. Raziyallohu anhum.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:05:03

TUJIB QABILASIDAN KELGAN ELCHILAR

Tujib qabilasidan ersa, o‘n uch kishi elchi bo‘lib, Madinaga kelishdi. Zakotga chiqarishgan chorva mollarini birga haydab kelishgan edi. Bu qilgan ishlarini ko‘rib, Rasululloh ulardan bek rozi bo‘ldilar. Chunki bulardan boshqa hech bir qabiladan mundog‘ ish ko‘rilmagan edi. Rasululloh bilan ko‘rishib bo‘lgach, alar:
— Yo Rasulalloh, chorva mollarimizdan Alloh buyurgan zakotlarimizni chiqazib sizga keltirdik, — deyishdi.
Anda Rasululloh:
— Ko‘p yaxshi. Lekin har yerdan olingan zakot mollarni shu yerning chog‘aylariga, kasb qilishdan ojiz qolgan muhtoj kishilarga berish kerakdir. Bir shahardan chiqqan zakotni, ikkinchi shaharga keltirib bermak loyiq emasdur. Bu mollarni o‘z yeringizga qaytarib borib, u yerning faqir, miskin muhtojlariga beringizlar, — deb buyurdilar.
Anda:
— Yo Rasulalloh, o‘z yerimizdagi faqirlarimizni to‘ydirdik. Alarni qanoatlantirib, ortiqchasini bu yerda keltirdik, — dedilar.
Anda Rasululloh rozilik bildirib:
— Agar banda bir yaxshilik ish qilmoqchi bo‘lsa, ul ishga chin ixlos, muhabbati bilan kirishmog‘i lozimdur. Ul agar shunday qilur ekan, bilsinki, Allohdan unga tavfiq yetmishdur. Bunday bo‘lgach, Islomga uning ko‘ngli ochilur, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:05:12

 Rasulullohdan bu so‘zni eshitib, din ishlariga ko‘ngillari yanada qizg‘inlashdi. Qaytishga ko‘p shoshilmay, Qur’ondan qiroat o‘qishib, Islom hukmlaridan so‘rashgani turdilar. Buni ko‘rib, Rasululloh ulardan ko‘p rozi bo‘ldilar. Chunki bularning iymonlari yuzaki bo‘lmay, ongli ravishda Islomga kirdilar. So‘ngra o‘z yurtlariga qaytmoqchi bo‘lishib, Rasulullohdan ruxsat olgali kelishdi. Rasulullohning odatlari ersa, atrofdan kelgan elchilarga in’om qilmasdan qaytarmas edilar. Ul zot buyurdilarkim, bu qabila elchilariga boshqalardan ko‘proq in’om berilsin. Alar sov¬runlarini olib bo‘lgach Rasululloh:
— Sizlardan hech kim qolmadimi? — deb so‘radilar.
— Yo Rasulalloh, qo‘sh poylab bir yosh bolamiz qoldi, — dedilar:
Anda ul zot:
— Ani kelturgaysiz, — deb buyurdilar.
Kelgandan so‘ng ko‘rdilar, bir yosh o‘g‘lon emishdir. Ul aytdi:
— Yo Rasulalloh, menim bu yo‘ldoshlarimning barchalari o‘z tilaklarini topdilar. Endi menim ham bir necha tilagim bordur.
Anda Rasululloh:
— Nima hojating bo‘lsa aytgil, — dedilar.
Anda ul yosh bola:
— Birinchi, Alloh mening gunohlarimni kechgay. Ikkinchi, rahmatidan meni yiroq qilmagay. Uchinchi, ko‘nglimga qanoat bergay, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:05:20

 Rasululloh ham:
— Omin, shundog‘ bo‘lsin, — deb duo qildilar. Yana unga ham hadya berdilar. Shu bilan ular ham o‘z yurtlariga qaytishdi.
Shu yili Rasululloh hajga borganlarida, bu o‘g‘ilning yo‘ldoshlarini ko‘rib qolib, ul bolani so‘radilar, ul ersa bu yili kelmagan edi. Ular aytdi:
— Yo Rasulalloh, bu yerdan borgach, ul bolaning holi o‘zgardi. Shunday qanoatli kishi bo‘ldikim, agar dunyo xazinasi xalq ichida bo‘linur bo‘lsa, unga qarab qo‘ymagay, — dedilar.
Anda Rasululloh:
— Andog‘ bo‘lsa umid shuldurki, u kishining ajali yetdi ersa, xotirjamlik bilan ko‘ngli bo‘linmasdan dunyodan ketgay, — dedilar.
Bir kishi turib:
— Yo Rasulalloh, ko‘ngli bo‘linib o‘lgan kishi qandog‘ bo‘lur? — dedi.
Rasululloh aytdilar:
— Inson ko‘ngli dunyo ishlariga bog‘lanib, oxirat ishlaridan parvosiz bo‘lsa, g‘aflat bosib, o‘lim yodiga kelmagay. Mundog‘ odamlar ko‘nglida Alloh muhabbati ham bo‘lmag‘ay. Agar shundog‘ odamga ajal yetar ekan, dunyosining qaysi bir chuquriga yiqilib o‘lsa Alloh ham, unga parvo qilmagay, — dedilar.
Rasulullohning bu so‘zlari ersa, butun inson olami ichra ibratli so‘zdir.
Rasululloh vafot topgandan keyin iymon, ko‘ngillariga yaxshi o‘rnashmagan arab qabilalaridan bir nechalari dindan qaytib murtad bo‘ldilar.
Ana shu chog‘da Islom dini haqida so‘zga chiqib, Xudo va Rasulullohni yod qilib, o‘z qavmiga shu o‘g‘il o‘tkir bir va’z qildikim, shuning ta’siri bo‘lib, ulardin hech kim dindan qaytmadi. Raziyallohu anhu.

Qayd etilgan