Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379574 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 67 68 69 70 71 72 73 74 B


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:05:32

BANI SA’LABA QABILASINING ELCHILARI

Bani Sa’laba qabilasi ersa, Rasulullohni ko‘rmay turib o‘z yerlarida iymon keltirgan kishilar edi. Raislardan to‘rt kishini elchi qilib Rasulullohga yubordilar.
Madinaga kelgach, to‘g‘ri masjidga kirishib, Rasululloh bilan ko‘rishdilar. Shu chog‘da Hazrati Bilol qaysi bir namozga takbir tushirmoqchi bo‘lib turgan edi.
Anda ular:
— Yo Rasulalloh, biz ersak siz bilan ko‘rishmay turib butun qabilamiz bilan hammamiz iymon keltirdik, ular o‘z tomonlaridan bizni elchi qilib yubordilar. Hijrat qilmagan kishilar o‘z yurtida iymon keltirganlari bilan Xudo oldida qabul bo‘lmagay, degan so‘zni siz aytgansiz deydilar. Bu qanday ishdur, shul to‘g‘rimi? — deb so‘radilar.
Rasululloh:
— Islom yo‘lida bo‘lsanglar, unga to‘sqinlik yo‘q ersa, qaysi joyda tursanglar ham uning ziyoni yo‘q¬dur,— dedilar.
Shu bilan bir necha kun turishib, Islom asoslarini o‘rganishgandan keyin, o‘z yerlariga qaytmoqchi bo‘lishdi. Bularning har biriga besh uqiya kumush hadya berib, qaytmoqqa ruxsat qildilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:05:44

BANI SA’D ELCHILARI

Bani Sa’d qabilasidan Nu’mon nomli bir kishi shundog‘ rivoyat qilurkim:
— Qabilamizdan bir necha kishilar bilan Rasulullohga elchi bo‘lib keldik. U chog‘da arab xalqi ikki sinf bo‘lmish edilar. Bir qismi ersa o‘z ixtiyoricha Islomga kirib, mol-jonlariga omon topmish edi. Islomni qabul qilmagan ikkinchi qismi qo‘rqinch ostida qolmish edilar. O‘z yerimizdan chiqqanimizcha to‘g‘ri kelib, Madina shahri ichiga kirdik. Masjid eshigi oldiga kelganimizda qarasak, bir janoza hozir turmishdir. Rasululloh kelib janoza namozini masjidda o‘qidilar. Biz ersak bir joyda bu namozga qatnashmay qarab turdik. So‘ngra namozdan bo‘shagach, bizga qaradilar. Bizni chaqirib:
— Qaysi qabiladan bo‘lursiz? — deb so‘radilar.
— Bani Sa’d Huzaymdan bo‘lurmiz, musulmon erurmiz, — dedik.
— Andoq ersa, bu o‘lgan birodaringiz janozasiga nechuk qo‘shilmadingiz? — dedilar.
Anda biz aytdik:
— Yo Rasulalloh, sizga bay’at bermasdan ilgari mundog‘ ishlar joiz bo‘lmagay, deb o‘yladik.
Rasululloh aytdilar:
— Qaysi joyda iymon keltirur ersangiz, to‘liq musulmon bo‘lursiz. Butun Islom hukmi sizga lozim bo‘lg‘ay.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:05:53

 So‘ngra barchamiz qo‘llarini tutib, bay’at topshirdik va qaytib o‘z o‘rnimizga keldik. Ichimizda eng kichik yosh bir kishimizni qo‘shxonamizga qo‘yib ketgan edik, xiyol o‘tmay ortimizdan odam yuborib, Rasululloh bizni qaytarib keltirdilar. Bu yosh kishimiz ilgarilab kelib, Rasulullohga bay’at berdi. Biz ani taqdim qilib:
— Yo Rasulalloh, bu kishi ichimizdagi eng kichigimiz va xizmatchimizdur, — dedik.
Anda Rasululloh:
— Sayyidilqavmi xodimuhum, ya’ni bir qavmning raisi, u qavmning xizmatchisi bo‘lur. Alloh unga barakot bersin, — deb duo qildilar.
Shu onda duolari qabul bo‘lib, barimizdan Qur’onni yaxshi o‘qidi. Unga kun sayin qilgan ishlari barakotlik bo‘ldi. Muni ko‘rib, Rasululloh uni namozda bizga imom qildilar. Yosh bo‘lsa ham aqli va axloqi ortiq bo‘lganlikdan qabilamiz ustiga uni amir qo‘ydilar. So‘ngra har qaysilarimiz bir necha uqiya kumushdan hadyalar olib, o‘z yurtimizga qaytdik.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:06:07

BANI FAZORA QABILASINING ELCHILARI

Bani Fazora qabilasidan o‘n necha kishi elchi bo‘lib kelmish edi. Raislari esa Horija ibn Hisn degan kishi bo‘lib, ozg‘in tuyalarga minib kelgan edilar. Chunki bir necha yillardan beri bularning yerlarida yom¬g‘ir bo‘lmay, qahatchilik balosi hukm surmoqda edi. Rasululloh bilan ko‘rishganlaridan keyin, ulardan hol so‘radilar.
Anda raislari:
— Yo Rasulalloh, bizning yurtimizga yomg‘ir yog‘may, bek qahatchilik bo‘ldi. Chorva mollarimiz qirilib, xotin-bolalarimiz och qoldi. Duo qiling Rabbingizga, bizlarga yomg‘ir bersin, Rabbingizga sizni shafei’ keltirdik, sizga Allohni shafei’ qildik, — dedi.
Rasululloh muning bu so‘ziga ajablanib:
— Subhonalloh, sening bu so‘zing qandoq bo‘ldi? Men Allohga shafe’ bo‘lsam yarashur. Alloh menga qandoq shafe’ bo‘lur, bu ersa adabdan tashqari so‘zdur. Ulug‘lik, azamatlik, yolg‘iz Allohga yarashur, — dedilar.
Bu so‘zni aytguvchi odam ersa, o‘zlarini qanday qattiq og‘irchilikka qolganliklarini Rasulullohga bildirmoqchi edilar. Och kishidan aql chiqmas degandek, o‘rinsiz so‘z qilsa ham, Rasululloh uni kechirdilar. So‘ngra ularning holiga yarasha aytdilarkim:

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:06:16

 — Sizlarga suyunchilikdur. Mehnat kunlari tugadi, najot vaqti keldi, Alloh kulib turadi, — dedilar ersa, bular ichidan bir a’robiy turib:
— Mundog‘ kulib turgan Allohdan sira ajramaylik, — dedi.
Rasululloh uning so‘zidan kulib, darhol minbarga chiqib, qutlug‘ qo‘llarini eng egiz ko‘tardilarkim, qo‘ltiq oqlarigacha (taglarigacha) ko‘rindi. Boshqa vaqt¬larda ersa, mundoq odatlari yo‘q edi. So‘ngra ushbu duoni o‘qidilar:
«Ey bor Xudoyo, rahmat suviga bizni serob qilgil. O‘lgan yerlaringni tirgizgil, chanqoqlikda qolgan bandalaringni, hayvonlaringni yomg‘ir suvi bilan qondirgil. Yerlardan insonlar uchun ekinlar unsin, hayvonlar uchun o‘tlar o‘ssin, yaylovlar ko‘paysin, yoqqan yomg‘ir barcha yerni qoplasin, tez yog‘sin, keng yog‘sin, foydalik bo‘lsin, ziyoni bo‘lmasin. Kelgan yomg‘ir biz uchun rahmat bo‘lsin. Azob-mehnat bo‘lib, uylar buzilmasin, mol-jon g‘arq bo‘lmasin, botrog‘ yog‘sin, — dedilar.
Anda ansor sahobalardin Abu Luboba degan kishi o‘rnidan turib:
— Yo Rasulalloh, xirmonlarimizda yoyilgan xurmolarimiz ko‘p edi, — deb uch yo‘l aytgach, Rasululloh:
— Yo Rabb, tezroq yog‘dirgil, Abu Luboba xirmonini suv bossin. Izorini yechib xirmonda suv kirgan teshiklarni u bilan to‘ssin, o‘zi yalang‘och qolsin, — dedilar.
Bu duoni qilib bo‘lishlari bilan Sal’a tog‘i ortidan chiqib, bir parcha bulut paydo bo‘ldi. Osmon o‘rtasiga kelganida ko‘k yuzini bulut qoplab, shunday yomg‘ir yog‘gali turdikim, shanba kundan boshlab yoqqan yomg‘ir kelgusi shanba kunigachalik to‘xtamasdan yog‘di.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:06:24

 Abu Luboba qarasa, Payg‘ambarimiz deganlaridek xurmo xirmonini suv qoplab oqizgudek bo‘lib turibdur. Shoshilganidan yalang‘och bo‘lib, boshqa narsa topishga ulgurmay kiyimlarini yechib, suv teshiklarini to‘sgali turdi. YOg‘in ko‘pligidan kishilar zerikkudek bo‘lgach, boyagi yomg‘ir so‘ragan kishi yana keldi:
— Yo Rasulalloh, yomg‘ir ko‘pligidan, sel yurib, yo‘llar buzilishga boshladi. Qatnov ishlarimiz qi¬yinlashdi, — dedi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqdilar ersa, duoga qo‘l ko‘tarib:
— Yo Rabbiy, endi ustimizga yog‘masdan, tog‘-cho‘llar, qirlarga, o‘tloq-yaylov, to‘qaylarga yog‘sin, — deyishlari bilan Madina ustidan bulutlar so‘kulib, atrofga tarqala boshladi.
Rasululloh qayoqqa qarab ishorat qilsalar, bulutlar shu yoqqa yugurishar edi. Uzoq-yaqin Madina atrofida yomg‘ir yog‘magan hech bir yer qolmadi. Bir oygacha yog‘ingarchilik bo‘lib, hamma joydan qahatchilik ko‘tarildi.
Bu ulug‘ mo‘jiza ersa, necha minglab Arabiston xalqining ko‘z oldida bo‘lib o‘tgan bir karomatdur. Mundan boshqa ham mo‘jiza to‘g‘rilik Payg‘ambarimizdan bizga yetgan so‘zlarning barisi haqdur. Bularning bo‘lib o‘tganligini hech kim gumon qila olmagay. Chunki bunday xabarni «mutavotir xabar» deydilar. Bu ersa ishonishlikda ko‘z bilan ko‘rgandek bo‘lur. Yolg‘on chiqishi mumkin bo‘lmagan xabarlarni mutavotir deb aytiladi. Buning misoli shulki, Makka shahrini borligiga dunyoda ishonmagan musulmon yo‘q. Ko‘pchilikning bergan xabarlariga binoan, ko‘rgan-ko‘rmagan hammasi barobar munga ishonadilar. Shunga o‘xshash Payg‘ambarimizning mo’jizalari ham yuzlab, minglab ko‘pchilik ichida bo‘lganligidan buning xabarini beruvchilar ham ko‘pchilikdur. Bunga ishonuvchilar ersa, o‘z ko‘zim bilan ko‘rmadim, deb Makka shahrining borligiga ishonmagan kishilar kabi bo‘lurlar. Aqli o‘zida odamning shunday deyishi mumkin emasdur.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:06:36

BANI ASAD QABILASINING ELCHILARI

Bani Asad qabilasidan bir jamoa kishilar elchi bo‘lishib Madinaga kelishdi. Bular ichida arab qahramonlaridan Ziror ibn Azvar degan odam ham bor edi. Shom, Iroq fath qilinishida bu kishining ko‘rsatgan qahramonliklari xalq og‘zida doston bo‘lib, tarix kitoblarida yozib qoldirilmishdur. Elchilar Rasululloh bilan ko‘rishgali to‘g‘ri masjidga kirishib, Payg‘ambarimizni ko‘rgach, salom berdilar. Alardan birovlari turib, o‘zlarining iymon keltirganliklarini bildirish uchun Rasululloh oldilarida shahodat aytib, kalima o‘qidi.
So‘ngra ul:
— Yo Rasulalloh, biz o‘z ixtiyorimiz bilan iymon keltirdik. Boshqa arablardek siz bilan urush-talash qilmadik. Qahatchilik kunlarda, qorong‘u tunlarda uzun yo‘llarni bosib keldik, — dedi.
Bularning aytgan so‘zlari ersa, Xudoga xush kelmagani uchun ushbu oyat nozil bo‘ldi:
«Yamunnuna alayka an aslamuv, qul la tamunnuv alayya Islamakum, balillohu yamunnu alaykum, an hadokum lil-iyman in kuntum sodiqina».
Ya’ni, «Bular musulmon bo‘ldik, deb minnat qilurlar. Ularga aytgil, musulmon bo‘lganlaringizni menga minnat qilmanglar. Agar haqiqatda iymon keltirgan bo‘lsangiz, sizlarni Islom diniga hidoyat qilgani uchun Alloh minnat qilsa bo‘ladi», demakdur.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:06:44

 Shu oyat nozil bo‘lgach, bularga berilgan tanbeh bosh¬qalarga ibrat bo‘ldi.
So‘ngra ulardan birovi turib:
— Yo Rasulalloh, Islomdan ilgari rivojda bo‘lgan Ayofat, Kahonat, Zarbulhaso — ishlarining hukmi Islom shariatida qanday bo‘lur? — deb so‘radi.
Anda Rasululloh:
— Islom dinida mundoq ishlar yo‘qdur, bularga yo‘l qo‘yilmagay, — dedilar.
Islomdan ilgari arablar odati shundoq erdikim, bir ishni qilaymi-qilmaymi deb ikkilanib turgan kishi ertalab tong otmasdan ilgari borib, uyasida yotgan qushni topib hurkitur edi. Agar qush o‘ngga qarab uchsa ishim o‘ngaldi deb, u ishni qilur edi, agarda so‘lga qarab uchsa, u ishdan saqlanur edi. Ayofat ma’nosi shudir.
«Kahonat» folchilik, «zarbulhaso» tulga tortishdur. Bu ikkovi ersa o‘z ichimizda hali bordur. Kelajakdagi yoki o‘tmishdagi g‘ayb ishlarni Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Agar bu ish Payg‘ambarlardan yoki avliyolardan ko‘rilar ekan, bu ham Xudo tomonidan bildirilib, birinchisi, mo‘jiza bo‘lib, ikkinchisi, karomat deyilur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Men dunyodan o‘tganimdan keyin vahiy to‘xtalib, g‘ayb eshigi yopiladi. Magar menim yaxshi ummatlarimning ko‘rgan tushlari ersa, to‘g‘ri bo‘lganlikdan kelajakdagi g‘ayb ishlaridan xabar beradi, — dedilar.
So‘ngra bu elchilar Madinada bir necha kun turishib, din hukmlarini o‘rganishib, so‘ngra Rasulullohdan ruxsat olib, o‘z ellariga qaytdilar. Raziyallohu anhum.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:06:57

BANI UZRA QABILASINING ELCHILARI

Bani uzra Yaman viloyatida yashaydigan arablar qabilasidan edi. Bulardan o‘n ikki kishi elchi bo‘lib Madinaga keldi. Rasululloh bilan dastlab ko‘rishganlarida johiliyat zamonidagi odatlaricha salomlashdilar.
— Qaysi qabiladan bo‘lursiz? — deb Rasululloh ulardan so‘radilar.
Anda ularning raislari turib:
— Yo Rasulalloh, biz Bani Uzra qavmidan bo‘lurmiz, uzoq tursak ham sizga qarindoshligimiz bordur. Sizning beshinchi bobongiz Qusay ibn Kilobning inisi Rizoh ibn Robiyaning avlodi erurmiz. O‘shal zamonda Makkaga hukmron bo‘lgan Xuzoa, Bani Bakr qabilasi bilan Quraysh raisi bobongiz Qusay urush qilganida biz kelib yordam berganmiz. Ularni Makkadan haydab, bobongiz Qusayni Baytullohga biz ega qilganmiz, — dedi.
Bu ish ersa o‘shal zamonda bo‘lib o‘tgan arablar o‘rtalaridagi hammaga ma’lum, mashhur voqea edi. Bu so‘zlarni aytishga ham haqlik edilar. Shuning uchun ularni Rasululloh tasdiqlab, boshqa elchilardan ortiqroq hurmatladilar.
Bu elchilar avval ko‘rishganlarida musulmoncha salom bermaganlik uzrini bayon qilib, aytdilar:
— Biz ersak shu kungacha ota-bobolarimiz dinida erdik. Bu ishni anglagach, Islom diniga kirish uchun butun qavmimiz tarafidan vakil bo‘lib, birinchi kelganimizdur. Endi siz Alloh tomonidan yuborilmish payg‘ambar bo‘lsangiz, bizni qaysi ishga buyurursiz?

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:07:07

 Anda Rasululloh aytdilar:
— Barcha olamni yaratgan yolg‘iz Allohgagina ibodat qilursiz, yer yuzi insonlariga meni Alloh taolo payg‘ambar qilib yubordi. Ularga Xudoni tanitib, haq yo‘lni ko‘rsatgali keldim. Din yo‘lida aytgan so‘zlarimga ishonib, menga iymon keltirursiz.
— Yana nima ish qilurmiz? — deb so‘radilar.
— Toza tahorat bilan kuniga besh vaqt namoz o‘qursiz, bularning har birini o‘z vaqtida ado qilursiz. Yana har yili bir oy Ramazon ro‘zasini tutarsiz. Boy kishilar nisobga yetgan mollaridan chog‘aylarga zakot bergaylar. Umr ichida bir yo‘l haj qilib, Baytullohni ziyorat qilg‘aylar, — dedilar.
Shunda alar darhol shahodat aytishib, iymonga musharraf bo‘ldilar.
Yana Rasululloh ularga:
— Mendan keyin ko‘p zamon o‘tmagay, butun Shom viloyati ummatlarim qo‘lida fath bo‘lg‘ay. Qaysar Hiraql Shomdan qochib Rum shahrining qal’asiga kirib bekingay, — deb kelajakdagi bo‘lgulik ishlardan xabar berdilar.
Hazrati Umar zamonida Rasululloh aytganlaridek bo‘ldi.

Qayd etilgan