Anda ular:
— Bashorat bo‘lg‘ay, yo Rasulalloh, mundog‘ gumrohlikdan bizni Alloh qutqazib, uning o‘rniga Siz keltirgan Islom dinini ato qildi. Ul butxonada aljigan chol, esi ketgan kampirlardan boshqa hech kim qolmadi. Bu yerdan qaytib borganimizda uni buzib tashlagaymiz, inshaalloh. Uzun yillar unga aldandik, undan ko‘p fitnalar ko‘rdik, — deyishdi.
Anda yana Rasululloh:
— Ko‘rgan fitnalaring eng ulug‘ini bizga gapirib bergil, — dedilar ersa, ular:
— Yo Rasulalloh, o‘tgan yillarning birida qattiq quruqchilik bo‘ldi, yerdan ekin unmay ocharchilik boshlandi. Biz yemagan narsa qolmadi. So‘ngra o‘zaro maslahatlashib qo‘limizdagi bor narsalarimizni sotib, shuning puliga yuz ho‘kiz oldik. Barchamiz yig‘ilishib «Am anas» butimizdan yomg‘ir so‘rab, uning oldiga keldik. Unga atab yuz ho‘kizni qurbon qildik. It-qushlar yesin deb, o‘zimiz qarab turdik. Yo‘q esa, ulardan ham biz muhtoj edik. Shu soatdan boshlab yomg‘ir yoqqani turdi. Shundoq ko‘p yog‘dikim, tuyalarimizning to‘qimlari yomg‘ir suvi bilan ko‘mildi. To‘qchilik boshlanib, ocharchilik ko‘tarildi. Ana, «Am anas» butimiz yomg‘iryog‘dirdi, tilagimizni berib, bizga ne’mat yetkuzdi, — deb quvonchlik bilan tarqashdik. Undan ko‘rgan fitnamizning ulug‘rog‘i shu edi. Qaysi bir vaqtlarda o‘zaro janjallashib qolsak, uning oldiga borur edik. Foyda ziyonimizga hukm chiqarib gapirur edi, — dedilar.