Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380132 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:51:07

Payg‘ambarimiz bu so‘zlarni aytib, to‘xtashlari hamon bir kishi turib:
— «Ey bani falon, buning so‘ziga quloq solmanglar, bu esa bizdin chiqqan bir buzuq kishidur, ota-bobolarimizdin qolgan dinlaringizni tashlamanglar, buning keltirgan diniga kirar bo‘lsangiz Lot, Manot, Uzzo butlaringizdin judo bo‘lursiz. Buning keltirgan ishida biror yaxshilik bo‘lsa edi, barchadin burunroq aning dinini biz qabul qilur edik. Chunki biz Quraysh xalqi buning qabilasidurmiz, men ersam, buning amakisi Abu Lahabdurman» — deb u ham nizo qilur edi.
Shundoq qilib, Payg‘ambarimiz qaysi qabila ustiga borib, alarni dinga da’vat qilsalar, so‘zlari tamom bo‘lish barobar, bu ham yuqorigi so‘zlarni aytib, rad qilar edi. Bani Hanifa, Bani Omir, Kinda, Bani Kalb va boshqa nurg‘un (ko‘p) qabilalar Mino tog‘ida yig‘ilgan edilar. Bularning ichida hammadin ortiq qo‘pollik ila javob qaytarganlari Bani Hanifa qabilasi edi. Abu Bakr Siddiq xalifalik davrlarida Musaylama Kazzob degan yolg‘on payg‘ambar shul qabiladin chiqib, ko‘p qon to‘kilishlarga sabab bo‘ldi. So‘ngra Payg‘ambarimiz Bani Omir qabilasi ustiga keldilar. Alarning raislaridin Bayhar ibn Faros nomlik bir kishi turib:
— Ey Muhammad, biz seni qandoq o‘z himoyamizga kirita olgaymiz, sen Quraysh qabilasidin ajrab chiqishing hamon, arablar seni tirik qo‘ymaydilar. Shundoq bo‘lsa ham senga iymon keltirsak, bu ish qo‘lingga kirgandin so‘ngra, hukmronlik bizda bo‘lishiga ahd qilsang, senga iymon keltirib, diningga tobe bo‘lur edik, — dedi. Anda Payg‘ambarimiz:
— Alloh taolo meni payg‘ambar qilib, butun xalq ustiga yubordi, alarga o‘zini tanishtirib, haq dinni o‘rgatishga buyurdi. Endi mening vazifam ersa, shu zahmatni ado qilishdur. Hukumat kimning qo‘lida bo‘lishi aning irodasiga bog‘liq. Ko‘pchilik xalq ixtiyoridadur, — dedilar. Anda ul kishi:
— Agar biz iymon keltirib seni himoyamizga olur bo‘lsak, butun arab xalqi tomonidan otilmish o‘qlarga ko‘ksimizni nishon qilgan bo‘lurmiz. So‘qish kunlarida yengish yoki yengilish har ikki tomonning ehtimoli bordur. Biz yenggan taqdirda hukumat ixtiyori bizda bo‘lishi albatta lozimdur. Yo‘q ersa, bu ishga bizning hech hojatimiz yo‘qdur, — deb bular ham rad qildilar. Bulardin yana boshqalari Bani Avs, Bani Sulaym, G‘asson, Bani Muxorib, Fazora, Bani Nazr, Murra, Uzra mana shular qatorlik bir muncha qabilalar qoshiga kelib, alarga o‘zlarini tanitgan so‘ngida dinga da’vat qildilar. Lekin hech birlaridin iymon umid qilurlik javob eshitilmadi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:51:18

Payg‘ambarimiz qirq yoshga to‘lgan chog‘larida pay¬g‘ambarlik vahiyi keldi. So‘ngra o‘n uch yil Makkada turdilar. Har yili haj mavsumida Arabiston atrofidan turlik qabila arablari haj qilmoq uchun Makkaga yig‘ilar edilar. Mana shu kabilar orqalik dinga qilgan da’vatlari butun Arabiston o‘lkasiga tarqalgan edi. Har bir yig‘in majlislarda Payg‘ambarimizning so‘zlari bo‘lmay qolmas edi. Lekin Quraysh qabilasi arablar orasida eng ortiq darajada obro‘-hurmatga ega bo‘lganlikdin, boshqa arablar bularni xotir qilishga majbur edilar. Qurayish xalqining iymon keltirmay turishlari boshqalarga ham ta’sir qilur edi. Va shu yili arablar ichida atoqlik Bani Bakr ibn Voil qabilasi raislaridin bir nechalari haj qilmoq uchun Makkaga kelgan edilar. Buni onglab, Payg‘ambarimiz Abu Bakr Siddiq bilan ikkovlari o‘rtada rasmiy so‘zlar aytilgandin so‘ngra, Pay¬g‘ambarimiz alarni dinga da’vat qildilar. Anda raislari Horis turib:
— Ey Muhammad, biz bo‘lsak ko‘p yillardan buyon Eron podshosiga fuqaro bo‘lib kelgan edik. Lekin shu kunlarda oramiz buzildi. Endi o‘rtamizda qonlik bir urush chiqishi ko‘z oldimizda turibdur. Mana biz bu ishdan ko‘nglimizni tinchitsak, qaytib kelib, sen aytgan bu ishning chorasini ko‘ramiz, — dedi.
Alarning deganlaridek, o‘z ellariga qaytganlaridin keyin, ko‘p fursat o‘tmasdanoq ikki orada dahshatlik bir urush qo‘zg‘oldi. Zukor degan joyda arab va ajam qo‘shinlari to‘qnashdilar. Shu chog‘da arab askar boshlig‘i aytdikim: «Ey xaloyiq, bizning bu urushimiz qo‘rqinchlikdur. Makkadin payg‘ambarlik da’vosi ila chiqqan odamning oti bizning urush shiorimiz bo‘lsin, shuning sharofatidin g‘alaba qilgaymiz, deb umid qilurman», degan so‘ngida shu nom bilan sado qichqirib, hujum boshlashga amr qildi. Askarlari ham «Muhammad» sadosi bilan urushga kirdilar. Bu ismi-sharif tufaylidin dushmanlarni yengib, alar ustidin g‘alaba qozondilar. Shul «Zukor» urushi bo‘lsa, arablar oldida ulug‘ tarixiy sharafga egadur. Chunki o‘z zamonasida eng kuchlik hukumatlardin hisoblangan Eron askarini o‘z fuqarolari ko‘zga ilmagan arablar birinchi navbat yengishlari edi. Bu ulug‘ shonlik zafar butun Arabiston o‘lkasiga tarqaldi. Shul munosabat bilan alarning shoirlari fasohat, balog‘at maydonida ko‘p musobaqa qildilar. Bu urushga qatnashgan qabilalar haqida fahru mubohat qilishib, hisobsiz she’rlar aytildi. Ammo haqiqatda esa shundog‘ to‘liq qurollangan ulug‘ bir podshohlik askarlarining ko‘zga ilmagan bir necha arab qabilalari tomonidan tor-mor bo‘lishi Payg‘ambarimizning mo’jizalari edi. Shuning uchun bu xabarni eshitganlarida: «Mening ismim hurmatidan zafar topdilar», deganlari rivoyat qilinur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:51:27

Yana shu haj mavsumi kunlarida Shaybon qabilasining bir necha raislariga uchrashdilar. Alar ichida eng atog‘lik arabning so‘zamol, chechanlaridin bo‘lgan Mafruq ibn Amr nomlik bir kishi bor edi. Hazrati Abu Bakr Siddiq bilan u kishi Islom dini to‘g‘risida uzoq so‘zlashdilar. So‘ngra Payg‘ambarimizga boqib: «Ey Muhammad, bizlarni qaysi ish qilishga da’vat qilursan?» dedi. Aning javobida Rasululloh shu oyatni o‘qidilar:
«Inalloha ya’muru bil adli val ehsoni vaiytoi zil qurba va yanha anil fahshon val munkari val bag‘y, yaizukum laallakum tazakkarun».
Ma’nosi: «Alloh taolo bandalarini har ishda adolat qilishga va alarni bir-birlariga yordam berishga, qarindosh-urug‘lar o‘z oralarida siylai-rahmni uzmasga buyurdi. Yana har bir buzuq ishlardin va barcha zulm-xiyonatlardin bandalarini qaytardi», demakdur.
Haqiqatda esa Alloh taolo bu oyat bilan bandalariga ikki dunyolik foyda-ziyonlarini bayon qilib, Islom dinining asoslarini ochiq ravishda ko‘rsatdi. Butun shariat hukmlarini, Islom axloqlarini shundoq qisqagina bir oyatga sig‘dirdi. Zohirda bu oyat oz ko‘rinsa ham, o‘tgan mujtahidlarimiz bundin ming turlik ma’no chiqardilar. Ulug‘ olimlardin biri bo‘lgan Al-Izz ibn Abdusalom yolg‘iz shu oyatdin chiqargan masala ustida katta bir kitob yozmishdir. Har ikki dunyoga yetarlik nasihat so‘z izlagan mo’minlar agar shu oyat hukmiga amal qilsalar, kifoyadur. Yana maqsadga kelaylik.
Payg‘ambarlik bilan so‘zlashmoqda bo‘lgan Mafruq ibn Amr yuqorigi oyatlarni eshitib, hayron bo‘lib turdi. So‘ngra: «Ey Muhammad, sening bu o‘qiganlaring yer usti so‘zlariga o‘xshamaydur. Chunki inson so‘zlarining shevalari bizga ma’lumdur», deb taajjubda qoldi. Bu kishi shunchalik hidoyatga yaqinlashib kelgan chog‘ida, qabila raislaridin Honi’ ibn Qubaysa nomlik kishi Payg‘ambarimizga qarab: «Ey Quraysh sayyidi, sening bu so‘zlaringni yaxshi ongladik, biroq buning javobini bu joyda bergani bo‘lmaydi. Chunki bosh-oyog‘i bilinmagan shu o‘tirishimizda o‘z dinimizni tashlab, sening diningni qabul qilar bo‘lsak, oldi-orqani o‘ylamagan shoshqin kishilardin hisoblanib qolurmiz» deb so‘zni to‘xtatdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:51:36

So‘ngra Rasululloh bulardin foyda chiqmasligini bilib, boshqa qabilalarga o‘tdilar. Qabiladin qabilaga yurib, shundoq der edilar: «Bilinglarki, men Tangri tarafidin yuborilgan elchidurman, ul meni butun xalqiga haq dinni o‘rgatish uchun yubordi. Aning tarafidin kechaligi kunduzgidek yorug‘ bir din kelturdim, har kim o‘z ixtiyori ila iymon keltirur bo‘lsa, qandoq yaxshi saodatdur. Yo‘q esa, mening ilgimda (qo‘limda) hech qandoq majburiyat yo‘qdur. Ma’lumdurki, elchilar vazifasi keltirmush xabarlarini xalqqa yetkazishdur. Endi shu xizmatni ado qilgunimcha dushmanlar hujumidin meni saqlar bo‘lsangiz, Alloh amrini bandalariga yetkazur edim, Xudo tarafidin ustimga yuklangan shu xizmatni ado qilishimda yordam qilgan bo‘lur edingiz».
Shunchalik ko‘p qabilalardin birortasi ham so‘zlarini qabul qilmadi. Balki, «o‘z qavmini tuzata olmagan bir kishi boshqalarni nechuk tuzata olsin?» degan so‘zlar bilan ta’na qildilar. Bu ulug‘ davlatni Alloh taolo ularga nasib qilmadi. Shuning bilan Payg‘ambarimiz Mino tog‘i ostida Jamratul Aqaba degan joyga keldilar. Bu yerda madinalik Xazraj qabilasidan bir to‘p kishilar o‘tirishgan edi. Qaysi qabila ekanlarini alardin so‘radilar. Birovlari turib: «Xazrajdin bo‘lurmiz» dedi. Endi bilmak kerakkim, Madina shahrida burundin beri makon tutib kelgan ikki urug‘ arab qabilasi bor edi. Birini, Avs, ikkinchisini, Xazraj, der edilar. Bu ikki qabila aslida bir otadin tug‘ilgan og‘a-inilar bo‘lsalar ham, bulardin tarqalgan bolalari ikkiga ayrilib, hamisha urush-talash o‘rtadan uzilmas edi. Yana, Madina atrofida o‘tirgan yahud toifasidin Bani Qaynuqo’, Bani Qurayza, Bani Nazir qabilalari bor edi. Bular ittifoqda, arablar esa ixtilofda bo‘lganlikdin, ko‘pincha urushlarda alar g‘olib kelur edilar. Payg‘ambarimizning vujudi shariflari tufaylidin, eng so‘ngi urushlarida arablardin yengila boshladilar. Shu chog‘da aytur edilarkim: «Qarab turinglar, bu yaqinda oxir zamon pay¬g‘ambari chiqadi. Hammadin ilgari biz unga iymon keltirgaymiz, ana shu vaqtda sizlardin hech kishini qoldirmay o‘ldirgaymiz», deb. Mana ularning shu so‘zlari Madina arablarining yodidin chiqmagan edi. Yuqorida aytilgan joyda Payg‘ambarimizga yo‘liqishib, o‘zlarining madinalik Xazraj qabilasidin ekanliklarini bildirdilar. Anda Rasululloh alar oldida o‘tirib, o‘zlarini tanitgandin keyin, dinga da’vat etdilar. So‘zlariga hujjat keltirib, Qur’oni karimdin bir necha oyat o‘qidilar. Buni onglashlari bilan, iymon nuri dillarini yoritdi, bir-birlariga qarab aytdilarkim, «yahudlar aytgan oxir zamon payg‘ambari shul bo‘lgay erdi, yana ular bizdin bu ishda o‘zg‘unlik qilib ketmasunlar, bu erning aytgan so‘zlari, ko‘rsatgan yo‘llari barchasi to‘g‘rilik ekandur», deyishib hammalari iymonga barobar musharraf bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:51:55

Islom tarixida eng ulug‘ o‘rin tutgan, birinchi navbatda iymon keltirguvchi madinalik sahobalar qu¬yida nomlari yozilmish zotlar edi:
1. As’ad ibn Zurora
2. Avf ibn Horis
3. Rofi’ ibn Molik
4. Qutba ibn Omir
5. Uqba ibn Omir
6. Jobir ibn Abdulloh
Payg‘ambarimizning ansor sahobalaridin eng avval iymon keltirguvchilar shu olti kishidur. Bu zotlar tarix yuzasida ulug‘ ahamiyatga ega bo‘lganlikdin har joyda otlari yozilmishdur. So‘ngra alar: «YO Rasulalloh, biz Madina xalqi — Avs, Xazraj nomida ikki qabiladurmiz. Yuz yildin beri o‘zaro adovatimiz uzilmay, o‘rtamizda urush-talashlar bo‘lib, ko‘p qonlar to‘kilmoqdadur. Agar sizning sharofatingizdin oramiz ittifoqqa kelib, barobar xizmatingizda bo‘lsak, arab ichida sizdin azizroq kishi bo‘lmagay», dedilar. Shuning bilan bu olti nafar odam Madinaga borgandin so‘ngra o‘z qavm-qarindoshlarini Islom diniga da’vat qilmoqchi bo‘ldilar. Va kelasi yili haj mavsumi bahonasi bilan Madinadan chiqib, yana shu joyda ko‘rishmakka va’da berib qaytdilar. Shundog‘ bo‘lib, Madina arablari shu yildan boshlab, ya’ni Nubuvvatning o‘n uchinchi yilidan Islom diniga kirishga boshladi. Va’dalari bo‘yicha ikkinchi yili o‘n kishi Xazrajdin, ikki kishi Avsdin bo‘lib, ja’mi o‘n ikki odam hajga keldilar. Bularning nomlari quyidagilardur.
1. As’ad ibn Zurora
2. Avf ibn Horis
3. Muoz ibn Horis
4. Rofi’ ibn Molik
5. Zakvon ibn Qays
6. Uboda ibn Somit
7. Yazid ibn Sa’laba
8. Abbos ibn Uboda
9. Uqba ibn Omir
10. Qutba ibn Omir — bular Xazraj qabilasidan edilar.
11. Abul Haysam ibn Tayyihon
12. Uvaym ibn Soida — bu ikkovlari Avs qabilasidan edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:52:05

Bu kishilar ham Minoga kelib, Aqaba degan avvalgi o‘rinda iymonga musharraf bo‘lib, barchalari Payg‘ambarimizga bay’at berdilar. Alarning bergan ahd-paymonlari shulardin iborat edi:
1. Alloh taologa hech narsani sherik qilmaslik.
2. Zinodin, o‘g‘rilikdin, yolg‘on so‘zlamoqdin, bo‘hton qilishdin o‘zini saqlashlik, gunohsiz go‘dak bolalarni o‘ldirish odatini tashlashlik, Payg‘ambarimizning buyruqlariga qarshi chiqmaslik.
Agar o‘z ahdlariga vafo qilsalar, Xudo roziligi bilan jannat davlatini topgaylar. YOki ahdlarini buzar bo‘lsalar, ishlari Xudoga topshirilur. Avf qilsa yoki azob aylasa, aning ixtiyoridur. Payg‘ambarimiz yuqorigi o‘n ikki odamdin shu ravishda bay’at olgandin so‘ngra, alarga Qur’on ta’lim berish, Islom asoslarini o‘rgatish uchun makkalik sahobalardin ikki kishi qo‘shdilar. Birisi Mus’ab ibn Umayr, yana biri Abdulloh ibn Ummi Maktum edi. Lekin bu ishlarning barchasi Makka mushriklaridin yashirincha ishlanmoqda edi. Mus’ab ibn Umayr Madinada As’ad ibn Zurora uyiga tushdi. Bu zot bo‘lsa, birinchi navbatda borgan olti kishining biri bo‘lgandek, ikkinchi safarda borgan, bay’at topshirgan o‘n ikki sahobaning biri edi. Madinaga kelgandin keyin Mus’ab ibn Umayr Payg‘ambarimizning topshiriqlaricha, Avs, Xazraj qolmishlarini dinga da’vat qilishga kirishdi. Bir kuni Madina bo‘stonlarining birida As’ad ibn Zurora boshliq bir necha mo’minlar birga o‘tirib edilar, yiroqdin kelayotgan ikki odam ko‘rindi. Alar Avs qabilasining raislaridin, biri Sa’d ibn Mu’oz, ikkinchisi esa Usayd ibn Xuzayr bo‘lib, shu yoqqa qarab kelmoqda edilar. Bu kelishlariga sabab shu edikim, bu ikkovi o‘zaro o‘tirib gapirishdilar:
— Xabaring bormi, payg‘ambarlik da’vosi ila Qurayshdin chiqqan kishi tomonidin ikki odam kelmishdur. Agar buni qo‘yaversak, sodda ko‘ngillik go‘l kishilarimiz va yosh bolalarimizni yo‘ldan chiqargaylar. Endi bu ish ulg‘aymasdin ilgari, albatta, oldini olishimiz kerak, — deb Usayd ibn Xuzayr qurol taqinib yo‘lga chiqqan edi. Kelayotib, alar o‘tirgan bo‘stonga qarab burildi. As’ad ibn Zurora ko‘rdikim, Usayd ibn Xuzayr qurollik holda kelayotir, anda Mus’ab ibn Umayrga qarab:
— Bu kelguvchi kishi o‘z qavmining raisidur, buning Islomga kirishi ko‘p kishilarga sabab bo‘lur, Xudo yo‘lida tortinmay, haqiqatni ochiq bayon qiling,— dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:52:13

Shungachalik, u ham yetib keldi. Alarga qarab g‘azab bilan:
— Bu qanday ishdurkim, sizlar kelib yosh-yalanglarimizni buzdinglar, bir necha soddadil kishilarni yo‘ldan chiqardinglar. Agar sizlarga bosh kerak bo‘lsa, bu ishdan qo‘l tortib, o‘z yeringlarga ketinglar, — dedi. Anda Mus’ab:
— Biroz sabr etib o‘tiring, siz ila bu haqda so‘zlashaylik, eshitib ko‘ring, agar rozi bo‘lgudek ish bo‘lsa, qabul qilursiz. Yo‘q ersa, siz degandek qilaylik, — dedi.
So‘ngra Mus’ab ibn Umayr Islom asosini unga bayon qilib, Qur’oni karimdan bir necha oyat o‘qidi. Buni eshitgan hamon hidoyat topib, iymon nuri ko‘nglini yoritdi. Bu ham shu holda shahodat aytib, Islomga musharraf bo‘ldi. So‘ngra u kishi:
— Yana bir kishi bordur, agar ul iymon keltirar bo‘lsa, u chog‘da bu ishga hech kim qarshilik qila olmas edi. U ham bo‘lsa Sa’d ibn Mu’ozdur, — dedi. Bu kishi esa Usayd ibn Xuzayrni oldinroq yuborib, o‘zi qolib, xabar kutmoqda edi. Yuborgan yo‘ldoshi yo‘l topganligini onglab, achchig‘i ila alar ustiga keldi. Biroz o‘tirib, achchig‘i bosilgandin so‘ngra Mus’ab bir necha oyat Qur’on o‘qib, Alloh amrini unga anglatdi. Tavfiq yor bo‘lib, bu ham darhol iymon keltirdi. So‘ngra bu kishi o‘z qabilasiga qaytib borib, katta-kichik bari xalqni bir joyga yig‘di. Alarga qarab, so‘radi: «Sizlar meni kim deb bilursiz?» Har tomondin: «Siz bizning raisimiz, sayidimiz» degan tovushlar ko‘tarildi. «Shundog‘ bo‘lsa, bilinglar, men Muhammadga iymon kelturdim, u keltirgan Islom dinini qabul qildim. Bu dinga kirmagan kishilar bilan so‘zlashmakni o‘zimga harom qildim», dedi. Bu so‘zni onglagach butun qabila xalqi: «Sen qaysi dinga kirgan bo‘lsang, biz ham shu dindadurmiz», deb qichqirdilar. Shuning bilan butun shahar ichida Islom nuri kirmagan uy qolmadi. Ikki odam bosh qo‘shgan joyda Islom so‘zi bo‘lur edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:52:21

Shunday bo‘lib, birinchi bay’at yili o‘tdi. Kelasi haj mavsumida Madina arablaridin muslim, mushrik aralash hajga bormoqchi bo‘lib, Madinadan ko‘p kishilar chiqdi. Ular ichida din o‘rgatish uchun Makkadin borgan Mus’ab ibn Umayr ham bor edi. Hammalari Makkaga keldilar. O‘tgan yili bay’at bergan mo’minlardin bir nechalari maxfiy ravishda Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishdilar va: «Yo Rasulalloh, Madina shahrida Islom dini kirmagan uy qolmadi, siz bilan ko‘rishmagan ko‘pchilik mo’minlar bilan ikkinchi bay’at berishga keldik» dedilar. Rasululloh bu so‘zni ong¬lab, suyunganlaridan muborak yuzlari yarqirab ketdi. O‘tgan yili bay’at qilgan joylari «Jamratul Aqaba»da shu kechalab ko‘rishmakka va’da berdilar. Bay’at uchun chiqar chog‘larida: «Uyquda yotganlarni uyg‘otmanglar, g‘oyiblarni kutmanglar», deb alarga tanbeh berdilar. Negakim, bu ishlarning barchasi u vaqtning oqimiga qarab, yashirin ravishda ishlanmoqda edi. Quraysh mushriklari agar bu ishdin xabar topsalar, bor kuchlari bilan qarshi turishlarida hech shak-shubha yo‘q edi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz: «Dunyodagi eng ulug‘ ishlarni bajarish uchun sir saqlash kerak», dedilar. YOlg‘on, aldov bu ikkovi ersa, Islom shariatida harom qilingan bo‘lsa ham, urush kunlarida o‘rni kelar ekan, dushmanga qarshi qo‘llanishiga ruxsat qildilar. Hatto ba’zi joylarda unga buyurdilar. «Maslahat kutilgan yolg‘on so‘z, fitna chiqargan rost so‘zdin yaxshidur». Payg‘ambarimiz o‘zlari bosh bo‘lib dushmanga qarshi chiqqan safarlari — yigirma yettita edi. Tabuk safaridin boshqa hech birida qaysi tomonga yurishlarini, kimlar ustiga borishlarini ochiq aytmadilar. Balki dushmanni g‘aflatda qoldirish uchun maqsadni yashirib, aksini shuhrat qildilar. Buning ustiga «Al harbu xud’a», ya’ni «urushda hiyla kerak», degan so‘zlari ila ummatlariga siyosat sirini anglatdilar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:52:29

Shundoq qilib, Payg‘ambarimiz topshiriqlaricha, kechadin bir hissa o‘tib, el uyquga kirganda, Xudo, payg‘ambar oshiqlari — mo’minlar birlab, ikkilab, yotgan o‘rinlaridin yashirin ravishda chiqdilar. Chunki bularning ichida hali iymonga kelmagan mushriklar ko‘p edi. Bu ishlarni ulardin sir saqlashga buyurilgan edilar. Shuning bilan ilgari-keyin bo‘lib, yetmish uch kishi, tayin topgan o‘ringa yig‘ildilar. Bularning oltmish ikkisi Xazrajdin, qolgani Avsdin edilar. Bulardan boshqa Asmo, Nusayba nomlik ikki ayol kishi ham bor edi. Bular yig‘ilishib, biroz xayol o‘tgandin so‘ngra, Payg‘ambarimiz amakilari Abbos bilan shu joyga keldilar. Amakilari hali dinga kirmagan bo‘lsa ham, bu ishlardin xabardor edi. Og‘asining o‘g‘li Payg‘ambarimizga alarning bergan bay’atlarini, qilgan ahd-paymonlarini aniq bilish uchun kelgan edi. Shuning uchun Abbos so‘z boshlab:
— Bu o‘tirgan qarindoshim o‘g‘li Muhammaddur, biz uni bu kungacha qasd qilgan dushmanlaridin asrab keldik, bu haqda har qancha og‘irchiliklar bo‘lsa, ko‘tardik. Endi kelajak kunlarimizda ham eng so‘ngi kuchimiz boricha uni himoyat qilmoqchi bo‘ldik. Biz har qancha qilsak, yana buni ko‘ngli sizlarni suyub, sizlar bilan bo‘lishni tilaydi. Buni yaxshi o‘ylanglar, agar bu ishning uddasidin chiqar bo‘lsanglar, ul chog‘da sizlar bilan bo‘lsin, yo‘q ersa, qavmi qarindoshlik yeri, o‘z ichimizdan qo‘zg‘olmasin, aning hurmati o‘z qavmi oldida bek ulug‘dir, — dedi. Anda bu so‘z javobiga bay’atchilar vakili Xazraj qabilasi sayidlaridin Baro ibn Ma’rur turib:
— Allohning oti ila ont eturman, bu o‘ltirganlardan ko‘nglimizda to‘g‘rilikdin, vafodorlikdin o‘zga hech narsa yo‘qdur. Tilimiz, dinimiz birlikda turib, berajak va’damiz shuldurkim, molimiz, jonimizni yo‘lingizda fido qilmoqqa barimiz tayyormiz, — degan edi, qolganlari ham: «Tayyormiz, yo Rasulalloh, o‘zingiz uchun, Rabbingiz uchun nima tilar bo‘lsangiz, bizlar barchamiz shunga va’da berurmiz, tilaganingizcha siz bizdin ahd oling, vafo qilurmiz, dedilar. Anda Payg‘ambarimiz:
— Rabbim uchun olur ahdim shulki, yolg‘iz Allohga ibodat qilursiz, aning sherigi yo‘q, yo‘ldoshi, tengdoshi yo‘q deb bilursiz, ammo o‘zim uchun bo‘lsa, men qachon sizlarga borganimda meni dushmanlardin himoya qilishinglarni shart qilurman, o‘z oilangizni qandoq saqlar bo‘lsangiz, meni ham shundoq saqlashinglarga sizlardin ahd olurman, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:52:37

Bularning ichida qabila raislaridin Abul Haysam ibn Tayyixon otliq bir kishi bor edi. Ul turib:
— Yo Rasulalloh, Quraysh qabilalari bilan oramizda urush-talash qilmaslikka ahdlarimiz bordur. Biz bugundin boshlab, alar bilan bo‘lgan ahdimizni uzishimiz kerak edi. Biz shundoq qilsak, ish qo‘lga kelgandin so‘ngra, o‘z el-yurtingizni eskarib, bizni tashlab ketmaysizmi? — dedi. Anda Payg‘ambarimiz tabassum bilan anga qarab:
— Balki qonimiz, jonimiz bundin so‘ngra sizlar bilan birgadur, — degan ma’noni ifoda qilib, «Addamu, addam al-hadmu, al-had-m» iborasi ila alarni qondirdilar.
Mana shu so‘zlar so‘ngida bu muborak ulug‘ bay’at boshlandi. Bu o‘rinda birinchi bay’at bergan kishi — otiga muvofiq — As’ad ibn Zurora edi. Yana bir rivoyatda aytilur. Yuqoridagi so‘zlar o‘tgandin keyin Payg‘ambarimiz bay’at olishga qo‘l cho‘zdilar. Anda As’ad ibn Zurora Rasulullohning qo‘llarini to‘sib turib:
— Ey Yasrib (Madinaning ilgarigi oti) ahli, uzoq o‘ylab, cho‘nqur payqab qaranglar, andin so‘ng bu ishga kirishinglar. Allohning haq payg‘ambari deb, biz bu kishiga iymon keltirdik, uni butun dushmanlaridin qo‘riqlashga ahd qilmoqchi bo‘ldik, demak, bu ishimiz butun arab xalqiga qarshi chiqmoqdur. Oqu qora insonlar bariga maydon o‘qimoqdur. Agar bu ish boshlanur ekan, qilichlarimiz qinidin sug‘urilur, urush maydonlarida boshliqlarimiz o‘ldirilib, qonlarimiz to‘kilur. Endi oldimizdagi bu qadar og‘irchiliklarni ko‘tarib, bularga chiday olsangiz, ul chog‘da Rasululloh qo‘lini olsangiz na ulug‘ sharafdur. Agar yuqorigi xatarlardin qo‘rqib, saqlanur ekansiz, u holda bu ishni qoldiring, Alloh oldida uzrimiz qabuldur, — dedi.

Qayd etilgan