YAMOMA O‘LKASINING AMIRI HAVZA IBN ALIGA YUBORILGAN NOMA
«Bismillahir rohmanir rohiym.
Ila Havza ibn Ali, Salamun ala manit-taba’al xuda, Va’lam anna diniy sayazharu ila muntahol xuffi val xofiri. Faaslim taslam va aj’allaka ma tahta yadayka».
Ma’nosi: «Allohning payg‘ambari Muhammaddan. Ali o‘g‘li Havzaga. Hidoyat topganlarga salom. Bilgilkim, Islom dini inson qadami yetgan yerlarni o‘z hukmiga olgay. Islom diniga kirgil, qo‘l ostingdagi narsalarga o‘zingni ega qilg‘ayman, salomat bo‘lursan».
Bu nomani yetkizgil, deb Hazrati Salitga buyurdilar. U kishi ersa Havzaga keltirib topshirdi. Yamoma o‘lkasi Makkadan o‘n olti kunlik yo‘l edi. Uni o‘qib ko‘rib, uzoq o‘ylab ketdi. Oldida Shom tarafidan kelgan nasoro ulug‘laridan bir kishi o‘ltirgan edi. Bu ersa Havzaga:
— Agar bu nomadagi so‘zni qabul qilur ersang ko‘p yaxshi bo‘lg‘ay. Chunki Iso payg‘ambar bashorat berganki, oxirzamon payg‘ambari arabdan chiqqay. Oti Ahmad, Allohning elchisidur, deb Injilda yozilmishdur. Agar unga iymon keltirur ersang, podsholigingni sendan olmag‘ay, — dedi.
Yana hazrati Salit:
— Ey Havza, seni podsho qilib, bu davlatga ega qilgan, kimsalarning suyagi go‘rda chirimish, o‘zlari esa tamug‘da azob tortmoqdadurlar. Haqiqatda Allohga iymon keltirib, taqvo yo‘lini tutgan kishilar tuganmas davlat egalaridur. O‘zing o‘ylab ko‘rgil, sening aqlingdan boshqalar foydalanib, ko‘plari davlat topmishlardur. Agar uning foydasi o‘zinga tegmas ersa, sen uchun bu qanday armon bo‘lg‘ay? Bu noma ersa seni eng yaxshi ishlarga buyurg‘ay, barcha yomon narsalardan qaytargay. Yolg‘iz Allohgagina ibodat qilmoqqa amr qilur. Nafs, shayton yo‘li, buzuqchilik ishlardan seni qaytarur. Alloh amrini qilar ersang, jannatga kirarsan; shayton buyrug‘ida bo‘lsang, do‘zax azobida qolursan. Agar bu so‘zni qabul qilsang, barcha yaxshiliklarni ko‘rgaysan, umidlik ishlaringga erishib, qo‘rqinchlik ishlardan qutulgaysan. Yo‘q esa bir kuni kelur, o‘rtadan parda ko‘tarilur, o‘shanda haqiqat ko‘z bilan ko‘rilur, — dedi.