Anda Abu Bakr Siddiq:
— Yo Rasulalloh, buni aytgan so‘zini eshitmadingizmi? — dedilar.
— Eshitdim, lekin kundoshlik ustida gapirgan xotinlar esa, so‘zning o‘y-chuquriga qaramaydilar, — dedilar Rasululloh.
Bu safarda Rasululloh bilan Abu Bakr Siddiq ikkovlari qo‘shdosh (birga) edilar. Makka yo‘lida Arj degan joyga karvon kelib yetdi. Ertalab turganda qarasalar, oziq-ovqat yuklangan tuyalari yo‘q. Bu tuya esa xizmatchi qulning qo‘lida edi.
— Tuyang qani? — deb so‘rasalar:
— Kechadan beri izlab topolmadim, — dedi.
— Bir tuyani kutolmay, yo‘qotib o‘ltirgan qanday kishisan? — deb Abu Bakr Siddiq qulni qamchi bilan urdilar ersa, Rasululloh:
— Manovi ehromlik kishining qilayotgan ishini ko‘ringlar? — deb, boshqa gapirmay kulimsirab qo‘yib, haj safaridagi kishilarga bu xildagi ish durust emasligini bildirdilar. Sahobalardan ba’zi birlari eshitib darrov taom tayyorlab, Rasululloh oldilariga keltirishdi. Abu Bakr Siddiq ersalar, tuyalari yo‘qolgani alamiga achchig‘lanib o‘ltirgan edilar:
— Ey Abu Bakr, o‘zingni ko‘p koyitma. Har ish sen bilan biz aytgandek bo‘lavermaydi, munga sendan ko‘proq bu o‘g‘il xafadur. U yo‘qolgan taom o‘rniga Xudo undan yaxshirog‘ini yetkizdi, kelgil, — dedilar Rasululloh.
Shu orada Safvon ibn Mu’attal yo‘qolgan tuyani yuklari bilan topgan ekan, yetaklab kelib, chodir oldiga cho‘ktirdi. Bu odam askar ortida yuradigan chindovul bo‘lib, esdan chiqqan, qolgan, yo‘qolgan narsalarni yig‘ib yurish uning vazifasi edi.
Anda Rasululloh:
— Ey Abu Bakr, yuklaringni qarab ko‘rgilchi, yo‘qolgan hech narsa bormi? — dedilar.
— Yo Rasulalloh, bari narsamiz tugal ekan, yolg‘iz suv ichib yurgan bir idishimiz yo‘q, — deganida xizmatchi o‘g‘il:
— U narsa menda, mana, — deb ko‘rsatdi.
Bu yerdan chiqqach, yurib o‘ltirib bir necha kun ichida Makkaga yetib, tushga yaqin shahar ichiga kirdilar. Rasulullohning dastlabki qilgan ishlari Baytullohni tavof qilish bo‘ldi. Ka’bani yetti marta aylanib, tavofni tugatgandan keyin Maqomi Ibrohimda ikki rakat tavof namozini o‘qib, so‘ngra zam-zam qudug‘idan suv ichdilar. Quduqdagi suvga og‘izlarini chayqab, yana uni qaytarib zam-zam qudug‘iga to‘kdilar. Quduqdan suv tortib bergan kishi amakilari hazrati Abbos edi.